«NE BUDI»

0
535

hikoya

Noyabrning o‘rtalariga kelib, osmonning qovog‘i ochilmay qoldi. Goh ezmalanib yomg‘ir maydalaydi, goh tevarak-atrofni oppoq tuman qoplaydi. Ko‘cha bo‘yida devdek ko‘krak kerib turgan chinorlar bargidan chilp-chilp etib ustingizga suv tomchilaydi. Shahar doshqozon kabi qaynaydi: shovqin, tutun…

 Darslarimni tugatib, beshinchi qavatga —  ijara uyimizga kirib kelganimda Bektemir sabzi to‘g‘rab, oshga unnayotgan ekan. U radioni balandlatib qo‘ygan, tashqaridagi havoga mos ravishda oshiqning o‘z sevgilisini yomg‘irli sayrga chorlayotgan qo‘shiq yangrayapti.

-Keldingmi, shoir,-dedi  Bektemir ming‘illab qo‘shiqqa jo‘r bo‘larkan.-Oxirgi dars qanday o‘tdi? Bobojonim ortimdan rosa javragandir-a?

U shunday deb huzurlanib kuldi. Bektemir bugun oxirgi darsga kirmay, boshi og‘riyotganini bahona qildi-yu indamay uyga ketdi. U adabiyotshunoslik fani o‘qituvchisi — oltmishlarni qoralagan Saidov bilan familiyasi bir xil ekanligidan, orqavarotdan uni «Bobo»,deb aytardi. Bektemir bilan bundan atigi ikki yarim oy avval institutning tarix fakultetiga o‘qishga kirgach, tanishib qolgandim. Institut yotoqxonasida bo‘sh joy qolmagach, o‘rtada pul tashlab, ijaraga uy topishga majbur bo‘lgandik. Bektemir Parkentning tilni yoradigan uzumlari bilan tanilgan so‘lim bir qishlog‘idan. 

-Rustam kelmadimi?-so‘radim ust-boshimni almashtirgach.

-Keldi. Bozorchaga chiqardim. Karam salat opkelsin. Bilasanku, salatsiz osh yeyolmayman,-dedi Bektemir qozondan shig‘alab chiqayotgan yog‘ tutuniga achishgan ko‘zlarini uqalab.

Rustam safimizga oktyabrning boshlarida qo‘shildi. U institutimizning ingliz filologiyasi fakultetida o‘qirdi. Bekobodlik bu yigitcha bilan tezda chiqishib ketdik. U ham men kabi kitob jinnisi: Artur Konan Doyl, Jek London, Agata Kristilarni o‘qiydi. Gohida indamay chiqib ketadiyu, kunbo‘yi ko‘cha sang‘ib, kechqurun bir sumka eski-tuski kitoblarni ko‘tarib keladi.

-Babulyalarning qulog‘iga tepib, mana shuning hammasiga yuz so‘mgina berdim,-deb maqtanib qo‘yishni kanda qilmaydi.

Xullas, uch oy ichida Bektemir, Rustam va men ertaklardagi uch og‘ayni botirlardek bo‘lib qoldik. Bektemir ovqat tayyorlasa, men uylarni supurishga tushaman. Rustam pollarni artsa, Bektemir xonalarni shamollatadi. Bunaqa inoqlikni kim ham orzu qilmaydi, deysiz.

Rustam kirib kelganida ust-boshi shalabboligidan yomg‘ir kuchayganini bildik.

-Osmonning bir cheti yirtilib qolganmi, deyman. Havodan qor isi kelayapti,-dedi u suvga tushib, shalabbo bo‘lgan mushukdek  silkinarkan.-Zontikning ham beli sindi.

U qo‘lidagi sumkani uzatarkan, ichida non va mayda-chuydalarga ham yomg‘ir tomchilari  sachraganini bildim.

Ovqatlanib bo‘lgach, Bektemir va Rustam odatdagidek  sigaret tutatgani  balkonga chiqishdi. Men esa vag‘illayotgan radioni o‘chirdimu karovatimga yonboshlab, qo‘limga kitob oldim. Derazaga tirs-tirs etib yomg‘ir tomchilari uriladi. Yengil shamol derazadan ko‘rinib turgan chinor barglarini o‘ynaydi. Ko‘zlarim kitobda-yu xayolim qishlog‘imga qarab uchdi. O‘tgan hafta qishloqqa borganimda otam:«Ish ham tiqilib ketdi. Uyda yo‘qliging bilinayapti, o‘g‘lim. Komil ukang bir o‘zi ulgurmayapti hech biriga»,degandi. Komil juda kamgap bola-da. O‘nta gapirsangiz, yarimtagina javob qaytaradi. Ha-yo‘qdan nariga o‘tmaydi. Onamga tortgan: u ham bor dardini ichiga yutib yuraveradi.   «Qiynalib ketding-a, ukam»,desam, «Yo‘q», deb yer chizib o‘tiribdi. Qishloqda ish tugamaydi: birini bitirsang, ikkinchisi chiqaveradi. G‘o‘zapoya o‘rish, jo‘xori poyasini bog‘lash, daladan pichan tashish, o‘tin g‘amlash, molu qo‘ylarning tagini tozalash kabilar ham katta bir ish. Ikki haftada bir marta uyga borganimda belni mahkam bog‘lab, yordam beraman.

Kuz oxirlay borgani sari qishloq odamlari yanada g‘ayratlanib ketadi. Qorli kunlar kelmay turib, daladagi bor-budini yig‘ishtirib olish tashvishi hammani birdek harakatlantiradi. Xayollarim kaptardek uchib, qishlog‘imga ketibdi, Rustam va Bektemirning kirib kelganini ham sezmabman.

-Shoir, yomg‘ir qorga aylandiku,-dedi Bektemir g‘arch etib, qo‘lidagi olmadan tishlarkan.-Ertaga o‘qishga borolmaskanman. Onam bechora: «Kurtkangni ola ket», deb qancha tayinlovdiya.

Men ishonqiramay deraza pardasini tortib, beixtiyor tashqariga mo‘raladim. Darhaqiqat, osmondan erinibgina oppoq qor parchalari tushayapti. Bektemirku, qishlik kiyimlarini uyida unutib qoldiribdi. Men-chi? Bolaligimdan ota-onamga: «Falon narsa obering», deyishga jur’at qilmagan bola edim. Shu fe’lim haligacha bor. Chunki ota-onamning topgani ro‘zg‘ordan ortmas, mening Toshkentda kechadigan bir-ikki haftaligim otamning bir oylik maoshini o‘pqondek yutardi. Har gal uyga borganimda ota-onamning yuzlaridagi ajinlar quyuqlashib borayotgandek tuyulaveradi. Mehribonlarim ko‘z oldimda qarib borayapti. Yo‘qchilik yomon. Mana, aksiga olib, otamning cho‘ntagi bo‘m-bo‘shligida qor yog‘ib turibdi-ku. Eh, mulla Kozimboy, endi nima qilasan.

Tongi soat beshlarda eshik qo‘ng‘irog‘ining asabiy jiringlashidan uyg‘onib ketdim. Ko‘zlarimni uqalab chiqqunimcha Bektemir kerishib eshikni ochdi. Ostonada jigarrang telpagini bostirib kiygan otam turardi. Qo‘lida katta qora sumka, yomg‘ir aralash qor ostida uzoq yurgan,shekilli, ust-boshi hilvirab turibdi.

-Assalomu alaykum, ota,-dedim shosha-pisha uning qo‘lidagi zildek sumkani olarkanman. 

-Axiyri yetib keldim-a, xudoyim o‘zingga shukr, -dedi otam chuqur xo‘rsinib. So‘ng iljayib qo‘ydi. Nazarimda, uning peshonasidagi ajinlar yanada ko‘paygandek edi.

-Kiring, amakijon,-dedi Bektemir otam bilan qo‘shqo‘llab salomlasharkan. -Charchamasdan keldingizmi?

-Rahmat. O‘qishga ketadigan vaqtlaringga ulguray, deb tungi soat ikkida yo‘lga chiqvordim,-dedi otam boshidagi telpagini yechib.

 Birpasda choy damlab, dasturhon yozdik. Oshxonada stol atrofiga jam bo‘lib, nonushta qildik.

-Kechasi qor yog‘a boshlaganini ko‘rib, qishki kiyim obermaganligim esimga tushdi,-dedi otam piyolada issiq choy xo‘plab. -Komil ukangga aytib to‘rt qopgina sholini aravaga orttirdimu shartta  Soli tegirmonchinikiga bordim. Tegirmonchida pul uzilmaydi. Onang sumkaga mayda-chuydalar joylab berdi. Markazgacha yuradigan avtobuslar soat tonggi  oltidan chiqadi. O‘qishga kechikmagin, deb piyoda yo‘lga chiqdim. Hayriyat, markazdan Toshkentga yuradigan avtobusga ulgurdim.

Sumkada hovlimizda yetilgan yong‘oq, mayiz va kechki tarvuz chiqdi. Erinmagan sodda  otam-ey, qishloqdan tuman markazigacha o‘n kilometr masofani  piyoda bosib o‘tibdi-yu, sumkada tarvuz ko‘tarib olganini qarang. 

-Toshkentga yetishim bilan Ippodromga qo‘ndim. Egning va oyog‘ing meniki bilan bir xil-ku. Senga kurtka va poyabzal oldim.  Kiyib ko‘r-chi. Mos tushsa keragov,-dedi otam sumkani titkilarkan.

Mos kelmay o‘libdimi, darrov kiyib oldim. Lekin otamni yarimtundan yo‘lga chiqib, qor-yomg‘irda ivib kelishiga sababchi bo‘lganimdan andak hijolat tortardim. Buni sezdi, shekilli, otam yelkamga qoqdi:

-O‘ylanma, o‘qishdan boshqa narsani kallangdan chiqarib tashla. Institutga kiraman, deb va’da berganding. Harakat qilib, o‘qib niyatingga yetding. Endi bizam imkonimiz yetguncha qo‘llab turmasak bo‘lmaydi.

-To‘g‘ri-kuya, o‘zingizni qiynashingizni istamasdim,-dedim yerga qarab.

-Nega qiynalarkanman. O‘ylanma, o‘g‘lim!

Ko‘chaga chiqayotganimizda  otam cho‘ntagimga bir dasta pul solib qo‘ydi. «Pulim bor», deganimga ham unamadi.

O‘sha kuni kechgacha qoru yomg‘ir kechib, necha kilometr masofani piyoda bosib o‘tgan  otamning mahzun qiyofasi ko‘z oldimdan sira ketmadi. Tongda qo‘l berib ko‘rishayotganimda kaftlari qadoq bosib, g‘adir-budir bo‘lib ketganligi yaqqol bilingandi. Yaxshi o‘qishim kerak! Shu onda o‘zimga qat’iy so‘z berdim.

Men o‘sha chog‘larda yoshlar orasida qaysi liboslar urfda-yu, qaysi poyabzalni ko‘proq kiyishlari haqida o‘ylamagan ham ekanman. Ota-onamning qanday kiyimni olib berishga qurbi yetsa, shunga shukr qilib ketaverardim. Shu kuni yangi qishlik kurtka va poyabzalni kiyib, kechgacha sovuq nimaligini sezmadim. Balki otamning mehr taftidanmikan, bilmadim.

Darsdan so‘ng institut  kutubxonasiga o‘tib, kechgacha mutolaa bilan mashg‘ul bo‘ldim. Tramvaydan tushgan vaqtimda atrofni qorong‘ulik qoplab ulgurgan, qor allaqachon tingan bo‘lsa-da, tanani junjiktiradigan sovuq edi. Yonimdan bir yosh bola old tarafiga savat o‘rnatilgan velosipedni g‘izillatib  o‘tarkan, dimog‘imga issiq nonning isi urildi. Shu damda qornim juda ochganligini his qildim. Tushlikda institut  bufetida ikkitagina kartoshkali somsa yegandim, xolos. Sovuq havoda odamning qorni tez ochadi.  Beshinchi qavatga ko‘tarilgungacha odatdagidek  hansirab qoldim. Eshikni past bo‘y, qisiq ko‘zli, soqollari tikandek o‘sib ketgan qirq yoshlardagi notanish bir kishi ochdi. «Mehmon, shekilli»,deya o‘ylab ichkari kirdim. Mehmon na salom, na alik olmay, og‘zidagi sigaretni chuqur tortib, oshxonaga kirib ketdi. U maykachan bo‘lganidan qo‘llaridagi  ajabtovur tatiurovkaga ko‘zim tushdi.

Xonamga o‘tib ketayotganimda vannada kimdir cho‘milayotganini sezdim. Yo Rustam, yoki Bektemir bo‘lsa kerak. Kiyimlarimni almashtirib, oshxonaga kirib kelganimda boyagi kishi stulga cho‘kkancha sigaret tutatib o‘tirardi.  Qozonda esa biqirlab sho‘rva qaynayapti.

-Boshqalar  qani?-dedim qozon qopqog‘ini ochib ko‘rarkanman.

Qisiqko‘z bir dam javob bermay turdi-da, erinibgina:

-Rustamchik do‘ka-xlebga chikib kitdi,-dedi buzuq lahjada.

Uning so‘zlaridan o‘zbek emasligini tushundim. U og‘zidan tutun chiqarib, rohatlangancha ko‘zlarini yumdi. Uning surbetligidan andak jinim qo‘zigan bo‘lsa-da, indamadim. Xonamga kirib ketdimu divanga cho‘zildim. Ko‘zim bir zumga ilingan ekan, Bektemirning kirib kelganini sezmabman. U stulga horg‘in cho‘kdi.

-Bek, anovi kishi kim?-so‘radim yonboshlab o‘tirib olgach.

-Bilmasam. Rustam yetaklab keldiku. Qo‘shnisi bo‘lgan  ekan,-dedi Bektemir ovozini pasaytirib. -Bir hafta avval qamoqdan chiqqanmish. Rustam ko‘chadan topib olibdi. Aytishicha, bitta ulfati bilan ichib o‘tirib, mastlikda sherigini pichoqlab qo‘yganmish. Shunga to‘qqiz yil o‘tirib chiqibdi.

Ustimdan sovuq suv quygandek bir seskanib tushdim, yuragim uvushdi. Boya uyga kirib kelganimdayoq dag‘al muomalasidan ko‘nglim nimanidir sezgandi. U odamning biz bilan bitta joyda tunashi — uyimizda qachon portlashi noma’lum bombani saqlab o‘tirishdek gap.

-Bek, bunaqasi ketmaydi. Kecha qamoqdan chiqib kelgan odamni uyimizga qo‘yishimiz noto‘g‘ri ish,-dedim tez-tez gapirib.

-Shuni Rustamga tushuntir o‘zing,-dedi Bektemir bamaylihotir. -Foydasi yo‘q. Boya aytdim unga. Meni tushunish o‘rniga: «Mehmonimni sig‘ishtirmayapsan», deb xafa bo‘layapti.

Bu orada Rustam kirib keldi va ovqat tayyor bo‘lganligini aytdi. Nailoj, o‘zaro gaplashib olishni ovqatdan keyinga qoldirdik. Oshxonaga kirganimizda, mehmon og‘zida sigaret tutatib, oyog‘ini chalishtirib o‘tirgancha, ichi bo‘sh kosaga berilib buxanka non to‘g‘rardi. U bizning kirganimizga e’tibor bermasdan, o‘z ishi bilan mashg‘ul edi. Rustam qozonni ochdi-yu, sho‘rva isiga rohatlanib:

-Oh, bay-bay-bay, sho‘rvamisan sho‘rva bo‘ldi-da o‘ziyam. Bunaqa sovuq havoda achchiqqina sho‘rvaga nima yetsin,-dedi boshini silkitarkan. -Valera aka, bir kosagina ichsangiz bo‘lardi. Harqalay issiq ovqat odamga quvvat bo‘ladi-da.

Mehmon unga qaramasdan beparvo ohangda:

-Mani ovqatim mana shu bo‘pqolgan,-dedi u kosasiga imlab. -Anovini obervor endi.

Rustam chaqqonlik bilan stol tagida turgan bir shisha vinoni olib unga uzatdi. Mehmon vino qopqog‘ini tishlab ochdi va qulqullatib non to‘g‘ralgan kosaga quya boshladi. Men bu manzarani ham hayrat, ham ijirg‘anish bilan kuzatib turibman. U o‘z ishini ishtiyoq va tamshanish bilan bajarar, qo‘lidagi qoshiqni kosa ichida aylantirib, non va vinoni aralashtirardi. Biz bir so‘z demasdan uning harakatlarini kuzatib o‘tiribmiz. Valera (boya Rustam unga shunday murojaat qildi, adashmasam) lablari bir titrab, qoshiqda non va vino aralashmasini og‘ziga sola boshladi. U ilk yutumdan nafsi orom olib, ko‘zlarini yumdi. Shunda uning ikkala ko‘zining ustida — qosh va kipriklar o‘rtasida ham tatiurovkasi borligini bildim. Qovoqlari ustiga  o‘rischalab: «Ne budi», deb yozilgan bo‘lib, u ko‘zlarini yumsagina ko‘rinarkan.  Valeraning mashg‘ulotini ko‘rib ishtaham bo‘g‘ildi. Bazo‘r xo‘rillatib sho‘rva ichishga tutindik. Ko‘zlaridagi tatiurovka qanchalik kulgili tuyulmasin, bu qo‘rqinchli odam bilan bir tom ostida turish shunchalik vahimali edi. Nima yeb, nima ichganligimni ham bilmayman.

Dasturhon yig‘ishtirilgach, Rustamni narigi xonaga yetakladim. Bektemir ham ortimdan ergashdi. Uch og‘ayni botirlar gapni nimadan boshlashni bilmay turardik. Oxiri Bektemir so‘z qotdi:

-Qisqasi, Rustam, akaxoning to‘g‘ri kelmaydi bizga. Boya o‘zingga aytuvdim. Yana takrorlayapti, deb jahling chiqmasin tag‘in. Kozim ham shu fikrda!

Rustam bir nuqtaga tikilib o‘tirarkan, kulimsirab qo‘ydi. Uning kulgisida: «Mening hurmatim yo‘q ekan-da», degan gap yashiringanini fahmlab turardim.

-Nimasidan qo‘rqayapsizlar, tushunmayapman?-dedi u o‘rnidan turdi-da  deraza tokchasiga suyandi. -Bir beozor odam. Mening qo‘shnim bo‘lib yashagan.

-Qo‘shning bo‘lsa, nega Bekobodga ketmayapti?-dedim men ham gapga qo‘shilib.

-Qamalib ketganidan keyin xotini va bola-chaqasi uyini sotib, Rossiyaga ko‘chib ketgan,-dedi Rustam astoydil achinish bilan. -Tushunsang-chi axir, do‘stim.

-Ahvolini qara, Rustam,-dedim otdan tushsam ham egarga osilib.-O‘g‘irlik-po‘g‘irlik qilib, boshimizga balo bo‘ladi buning. Vaqt borida, jo‘natib yubor uni. Klava xola yurish-turishimizni ko‘rgani tekshirib kelib qolsa, hammamizni ketimizga tepib haydaydi.

Rustam endi yalingansimon ohangga o‘tdi:

-Hayotda ezilgan bir odam-da. Parvo qilma, senu menga zarari yo‘q. Tavbasiga tayangan allaqachon. Buning ustiga uzoq qolmaydi. Ish qidirayapti. Ishga joylashgan zahoti kvartira topib chiqib ketadi. Shunchaki, hozir na puli, na boshpanasi bor. Sal qo‘llavoraylik, do‘stlarim! Tyotya Klava kelgudek bo‘lsa amakim, deb tanishtiraman. Qo‘rqmalaring!

Rustam ikki oyog‘ini bir etikka tiqib turib olgandi. Nachora, yoqasidan bo‘g‘ib hayday olmaymizku.

-Lekin o‘n kundan ortiq qolmaydi,-dedi Bektemir ko‘rsatkich barmog‘ini chiqarib. -Bir ishkal chiqarsa, ayb senda bo‘ladi.

Shunday qilib, qanchalik oyoq tiramaylik, Rustam o‘z bilganidan qolmadi — yaqinda qamoqdan chiqqan qo‘shnisi Valerani ijara uyimizda olib qoldi. Ko‘nglim bo‘shligi bor-da. Mening o‘rnimda boshqa odam bo‘lganida Valerasiga qo‘shib, Rustamniyam haydab solgan bo‘lardi. «Ezilgan, hayotda ro‘shnolik ko‘rmagan odam», deb tinmay takrorlayotgan bo‘lsa-da, Valera bu ta’riflarga sira mos tushmasdi. U ertalab o‘qishga ketayotganimizda uxlab yotar, kechqurun horib-charchab kirib kelganimizda esa ko‘zlarini ishqalab eshikni ochardi. U uzzukun boshini yostiqdan ko‘tarmasdi. Uning ovqati ham, ichimligi ham o‘sha — vinoli bo‘tqa edi. Tabiiyki, Valeraning bir tiyin puli yo‘qligidan vinoni Rustam olib kelardi.

Ikki-uch kun ichida uyimiz vino va sigaret isi anqiydigan qovoqxonaga aylandi-qoldi. Bizning norozi nigohimizni sezib yursa-da, Rustam o‘zini bilmaganga olardi. Har kuni kechki ovqatdan keyin Bektemir ikkimiz bir so‘zsiz  o‘z xonamizga kirib ketamiz.  Rustam oshxonada allamahalgacha Valera bilan gaplashib o‘tiradi. Bu daydi odam uni sehrlab olgandek edi.

Kunlar o‘taverdi. O‘qishga, uyga, hafta oxirida qishloqqa borib — kelib yuraverdim. Lekin Valera biz turgan uydan ketishni xayoliga ham keltirmasdi. Qo‘ynimizda ilonni saqlayotgandek hadiksirab yurardim. Dekabrning boshlarida quyosh charaqlab, qalin kiyimlarimizni bir muddat yechishga to‘g‘ri keldi. O‘sha kuni haftaning seshanbasi edi. Kechqurun uyga kelsam, xonalar ivirsib, narsalar alg‘ov-dalg‘ov yotar, Rustam va Bektemir esa bir so‘z demasdan eshik oldida o‘tirardi.

-Militsiyaga xabar berish kerak,-dedi Bektemir uzoq jimlikdan keyin.-Pullarim, kiyimlarim, paypoqlarimgacha opketibdi nomard.

Masala menga oydinlashgandek bo‘ldi. Demak, qo‘rqqanim — o‘sha xodisa bo‘lgan. Shosha-pisha kiyim javonimni ochdimu jahldan o‘krab yuboray dedim. Otamning jazirama issiqda dalada mehnat qilib, topgan hosilini sotib, shuning puliga olib bergan kurtka-yu telpagim, pullarim yo‘q edi.

-Biroz kutaylik,-sukunatni Rustam buzdi.-Balki bu Valera akaning ishimasdir? Keyin militsiyaga aytganing bilan o‘g‘rini topib berishi dargumon.

Asabim qo‘zidi:

-Haa, to‘g‘ri aytasan, sening o‘sha akang farishtaning o‘zi. Unda ayb yo‘q,-dedim achchiq kesatib. Yig‘lamoqdan beri holatda edim.-Rustam, men bir oddiy dehqonning bolasiman. Mening otam boyvachcha emas. Bor-budini sotib, meni kiyintirgandi. Shuni tushunasanmi-yo‘qmi.

-Do‘stim, bilaman, bilaman. Lekin ozgina sabr qil. Men bu odamni juda yaxshi bilaman. O‘g‘ri, muttaham emas. Balki mastlikda nima qilganini bilmay qolgandir. Kutaylik,-dedi Rustam ko‘zlari javdirab.

Lekin «tuhmatdan qamalib chiqqan», «palagi toza» Valera izsiz ketdi. Qish endi kirgan, yilt etgan oftobli kunlar aldamchi edi. Sovuq kunlar hali oldinda bo‘lib, mening oldimda vaziyatni otamga tushuntirishdek og‘ir vazifa turardi. Ammo har safar uyga kelganimda ukam Komil bilan bir etikni almashib kiyib yurgan otamni ko‘rganimda, tilim tanglayimga yopishib qolardi. Yo‘q, aytolmayman. Kunlar shu zaylda o‘taverdi, men esa havo sovusa-da, kostyumda yuraverdim. Uydagilarga «Toshkent iliq bo‘lgani» sababli qishloqning ayozidan «bexabar qolganimni» ro‘kach qildim.

Bir kuni Bektemir bir gap topib keldi: allaqaysi bozorda ozgina kiyilgan paltolarni arzonga sotisharmish, arzimagan pulga yaxshi kurtka berarkan.

Bektemir bordi, men borolmadim: otam uydagi sholini so‘nggi donasigacha sotib, yangi kurtka olib keldi.

Valerani unutib yubordik. Garchi, anchagacha Rustamdan arazlab yurgan bo‘lsam-da, vaqt o‘tib gina-kuduratlar unutildi. 

Fevralning bulutli kunlaridan birida, institutimiz oldida men  Valerani ko‘rdim. Darsimiz tugab, asta ko‘chaga chiqdim. O‘quv dargohimizga yaqin joyda bozor borligidan bu atrof doim gavjum bo‘lishiga ko‘nikib ketganmiz. Yo‘lning narigi tomonida odamlar ko‘pligiga e’tibor bermasdan o‘tib ketgan bo‘lardimu militsiyaning ham borligi qadamimni shu tomonga burdi. Ko‘cha yonidagi ariqcha bo‘yida bir odam qonga belangancha yuztuban yotardi.

-O‘libdi.

-Alkash, shekilli.

-Shofyoram tormoz berishga kechikibdi.

-Birdan yo‘liga chiqqandir-da.

Qulog‘imga odamlarning gaplari eshitilar, men esa jonsiz yotgan murdaning egnidagi moshrang kurtkadan ko‘zimni uzolmasdim. Ha, bu  otam yarimkechasi qorli izg‘irinda ancha yo‘lni piyoda bosib, menga yetkazib keltirgan qadrdon kurtka edi. O‘sha, murda biz kamchiqim talabalarni dog‘da qoldirgan Valera edi. U ko‘zlari yumuq yotar, peshonasidan oqqan qon qovoqlaridagi tanish tatiurovka — «Ne budi» yozuvini berkita olmagan edi. Darhaqiqat, u niyatiga yetgandi — endi uni hech kim uyg‘ota olmasdi.

                                                        Otabek YO’LDOSHEV

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting