Rauf Parfi xotirasiga

0
728

DO‘STIM RAUF PARFIGA BAG‘ISHLANGAN UCH SHE’R

1
Sochilib yotibdi, garchand, yiroqda
Pistoni chaqilgan g‘amlar uyumi;
Garchand biz baxtlimiz so‘lim qirg‘oqda,
Ortdadir tashnalik, sahro samumi
Va lekin yangilar dardni eski may,
Yodlarni har lahza turtib uyg‘otar:
Yillar ezib o‘tdi sira seskanmay,
Orzu maydonida jasadlar yotar…

2

O‘zimizni anglab-anglamay,
Sukunatdan paydo bo‘lamiz.
O‘zimizni anglab-anglamay,
Suronlarga shaydo bo‘lamiz.

Bo‘ron bo‘lib, hayqiriq bo‘lib,
Umrimizni olg‘a qistaymiz;
Burgutmasmiz, orzuga to‘lib,
Lekin nechun parvoz istaymiz?

Bu savolga topmasdan javob
Sukunatga singamiz bir kun.
Bizsiz chiqar oy bilan oftob,
Bizsiz yashar kim shod, kim nigun.

Goh avlodlar chorlashlariga
Bir zum quloq tutmoqlik uchun,
Yulduzlarning porlashlariga
So‘zsiz qo‘shiq bitmoqlik uchun

Sukunatdan uchib chiqamiz
Oq tulporda, oppoq kiyinib.
Armonlarni quchib chiqamiz
Ma’yus kulib, ma’yus kuyunib.

Bamisoli laylatulqadr,
Yarim tunda oqib o‘tamiz;
Biz – besabr, ufq – besabr:
Oppoq tongga singib ketamiz…

3

      Ufq. Ufq. Uf=f!
                                        Rauf Parfi

Men seni sog‘inib chaqirdim,
Do‘stim Raufjon: «Rauf!»
Javob bermadi hech kim.
Jim. Jim. Jim.
O‘z yukidan o‘zi egilgan bog‘lar,
Shamolsoz,
chapakboz yaproqlar –
Jim.

Ikkinchi bor chaqirdim,
Do‘stim Raufjon: «Rauf!»
Javob bermadi hech kim.
Jim. Jim. Jim.
Umrlarni ezgan cho‘yan chanoqlar,
Tuproqqa belangan yosh=yosh chaqmoqlar –
Jim.

Uchinchi bor chaqirdim,
Do‘stim Raufjon: «Rauf!»
Javob bermadi hech kim.
Jim. Jim. Jim.
Daryosidan adashgan baland qirg‘oqlar,
Kecha bulbulman degan bugungi zog‘lar –
Jim.

So‘nggi bora chaqirdim,
Do‘stim Raufjon: «Rauf=f=f!»
Shunda lov etdi ufq,
o‘chdi chiroqlar
Javob berdi bir silkinib
Bulutbosh tog‘lar:

«Ha! Uf! Ha=a! Uf=f!»
Rauf?!
(Sen tog‘miding, do‘stim, kechir, bilmabman!)
«Ha! Uf! Ha=a! Uf=f!
Uf=f=f!»

Abdulla SHER

***

So‘ng

Quyoshda yaltirar yashil yaproqlar,
Tebransa, uzilsa meni dard bo‘ylar.
Sevilgan bog‘larda bo‘lmas titroqlar,
Ularni yashnatar she’r, qo‘shiq, kuylar.

Bu vijdon, bu imkon, yurak jarangi,
Yer osti, yer usti imdod so‘raydi,
Uchinar bir she’rxon kelgan ohangdan:
Shoirki, qushlarga saboq berardi…

Ko‘ngil koshonasin quyoshi chiqar,
Va botar, ovutar shoir umrini.
So‘zga aylangani ash’or, kitoblar,
Kitob ham eslatar ko‘ngil to‘rini.

Bu sehr, ziyoni kech bilsa netar
Tunda daraxt bo‘ylab chiqqan chumoli.
Neki ko‘kni ko‘zlar, shavqu g‘arq o‘tar,
Uni olib chiqqan bo‘lar xayoli…

Darbadar shamollar kezinar nechun,
Farrosh ham supurar shoir yuragin –
Yaproqlar har yerda yurak shaklinda,
Farroshga yurakning bormi keragi?!

Turg‘un zamonda ham maqsadi HURLIK
Bo‘lgan yurak mehri hech kasni urmas.
Illo, unib chiqar mardlik, botirlik,
Nur bo‘lmasa soya ergashib yurmas…

U adab olamin so‘nmas quyoshi
Va birday yoritar tunni ham kunni.
Sirli olamlardan uzoq ketolmas
Qay mehr tark etsa bu dangu dunni.

Quyoshda yaltirar yashil yaproqlar,
Tebransa, uzilsa meni dard bo‘ylar.
Sevilgan bog‘larda bo‘lmas titroqlar,
Ularni yashnatar she’r, qo‘shiq, kuylar.

Rauf Subhon

***

AYTING, RAUF PARFI…

Hamma yoq to‘zigan.
Hamma yoqda kuz.
O‘zgarib ketgandek olamning tarhi.
Bir his bor, yorishmas nechundir ul his,
Ne u, Rauf Parfi?
Ayting, Rauf Parfi.
Mana, olis tonglar tobora yaqin,
Mana, tungi namlar tobora bisyor.
Qarang, Rauf Parfi, nechundir-nechun
Og‘zimizda go‘yo qonning ta’mi bor.
Balki shafaq ta’mi,
Balki jon ta’mi…
Jilmayib qo‘ydingiz balki xastahol.
Evrular betinim yulduzlar sham’i,
Ovozlarni olib ketmoqda shamol.
Shomlar ayvonni tark etgimiz kelmas.
Kuz – oltin. Shohona xayollar suramiz.
Tushlar yorug‘dir-u… lekin bir nafas
Yorishmas, yorishmas nimadir bir his.
Balki o‘tayotgan umrdan malol.
Qaqnusday sezamiz o‘lim sharpasin.
Bir uchqun vasvasa, bir uchqun xayol,
Bir uchqun muhabbat…
Ehtimol
Ichimizda bordir xo‘rlangan odam,
Ufqimizni botmas quyoshday yopar.
O‘sha bo‘zlatardi balki Sizni ham.
Yolg‘on baxtiyorlik uni yupatar.
G‘ozlar shovqinidan chayqalar havo.
Teraklar shildirar.
Kuz – bayram, kular…
Nechun goho, shoir, ul shov-shuv aro
O‘lik chiqqan uyning jimligi kelar…

Nodira Afoqova

Rauf Parfiga…

Tashqarida qoldir quyoshni,
Bu kulbada yolg‘iz qolaylik.
Qani boshga qo‘yginchi boshni,
Ko‘zlarni chirt yumib «olaylik».

Muhabbat ne? Yengil iztirob,
Kuydirguvchi dardlardan so‘zla.
Senda alam degani bisyor,
Ana, aytib turibdi ko‘zlar.

Yigirma yil kimga talpindim?!
Tanitib ber Hakni shu fursat.
Muzlarda isintir kalbimni,
Yong‘inli daryolarni ko‘rsat!

Jon behuzur, ruhimiz sarson –
Dovullarga uchragan kema.
Ketmakdamiz bu holda qayon?
Ibtido ne? Intiho nima?»

Jon vaqtincha qafasdagi qush,
Ruh – uyurin izlayotgan ot.
Ko‘rgan-bilganlaring bari tush,
O‘lim haqda o‘ylardir hayot».

Jontemir Jondor

***

Rauf Parfi xotirasiga

Ming yilki, suronlar turar Turonda,
Ming yilki, sudralar zanjirband hurlik.
Ming yilki, orzular gullaydi qonda,
Ming yilki, hurlikday tuyilar xo‘rlik!

Ming yilki, do‘mbira chaladi ruhim,
Ming yilki, bog‘larda nolavash — haqqush!
Ming yilki, yulduzlar qizg‘anar cho‘g‘in,
Ming yilki, seskanar, uyg‘onolmas tush.

Ming yilki, shamollar bo‘ronday kuchli,
Ming yilki, to‘fonlar qarshi dengizga.
Ming yilki, to‘lolmay o‘rtanar bo‘shliq,
Ming yilki, yo‘l yo‘qdir sho‘rlik ildizga.

Ming yilki, tufroqning bag‘ri o‘yilgan,
Ming yilki, yig‘laydi Vatan – o‘ynaymiz.
Ming yilki, ko‘zlarga millar quyilgan,
Ming yilki, hatto bir ingrab qo‘ymaymiz.

Ming yilki, suronlar turar Turonda,
Ming yilki, botirlar nomiga o‘chmiz.
Ming yilki, kelajak qizda-o‘g‘londa,
Ming yilki: “Birlashsak biz katta kuchmiz”.

Ming yilki, maqtansak kim ham tinglaydi,
Ming yilki, cho‘qqiga chiqdik ham, tushdik.
Ming yilki, qalbimda bir kuy ingraydi,
Pusinar ovchidan cho‘chigan qushdek.

Ming yilki, qabrlar gulga chulg‘anar,
Ming yilki, tik turar ul Sohibqiron.
Ming yilki, o‘liklar sim-sim to‘lg‘onar,
Ming yilki, barhayot bir da’vat – uyg‘on!

Ming yilki, suronlar turar Turonda…

Bahodir BAHROM

***

ARMON

Kim bilsin,
nimalar kechar ko‘ngildan?..
Kim bilsin,
ertaga kimmiz, nimamiz?..
Sukunat suvratin his etib dildan,
kelgin, dunyolardan kechib ketamiz…
Ummonlar chayqalib,
Shamol tinmagan,
daryolar mavjlanib oqqan zaminda,
tunlar oy nurini qadrin bilmagan,
ortiqcha ekanmiz, dunyoi-dunga…
Kelgil,
osoyishta hislaring bilan…
Kelgil,
dardlarimga malhamlar ulab.
Axir yuragimning qulfi bittadir,
axir bittadirman,
yonyapman, gurlab…
Kim bilsin,
samoviy durkun hislarim,
shu zaylda oqyotgan sirlarim nedir?..
Ortimdan yig‘larmi, shoir so‘zlarim?!
Yig‘larmi, shoirlik qilgan she’rlarim?..
Kim bilsin,
ertaga kimmiz, nimamiz?..
Balki, dunyolarni qucharmiz erkam,
balki, koinotdan bong berar bir So‘z,
balki, yulduzlarga uchamiz beg‘am…
Balki, yer ostidan panoh topgaymiz…
Senmi, sochlarimni silagan mayin…
Senmi xotirimga botgan tig‘larim…
Kim bilsin, umr ham o‘tgani sayin,
unutilib ketar,
balki so‘zlarim…
Kunduz samolarni bezagan quyosh,
va bog‘lar bag‘rini salqinlatgan yel,
bir lahza,
bir lahza kechagiday yosh,
men quvib yetmagan,
kapalakday kel!

Orifjon Komil

***

Ustoz Rauf Parfi xotirasiga

Bir shoir yashadi, ketmoq istadi,
Bizlarga baland bir minor qoldirib,
O‘zi girdob uzra sho‘ng‘idi ilkis.

Baland edi minor, quloch yetmasdi,
Qaragan ko‘zlarni vahma bosardi,
Bosh ham aylanardi, agar bosh bo‘lsa.

Shoirning qo‘llari kissada befarq,
Yombilar, javohir yo‘lga sochilgan,
Lekin so‘z axtarib daydidi shoir.

Umri shunday o‘tdi, qidirganini
Topolmay qiynaldi oxir bezidi,
O‘zini girdobga uloqtirdi u.

Xasni ham yutolmay qiynalgan girdob,
Shoirni bag‘riga oldi bemalol,
Sir-asror mujassam ojiz tanani.

Dunyoni o‘zida jamlagan shoir
Indamay dunyodan ko‘zini yumdi.

Rustam EMIN

***

Bu yurt bag‘ri g‘am-qayg‘u bori,
Kunduzlari farq etmas tundan.
Bor edi bir darvesh shoiri,
Bugun qoldi ayrilib undan.

Yetti qavat yer borar zaxlab,
Osmon tinmay to‘kar yoshini.
Shoirini sevgan daraxtlar,
Yashar mangu egib boshini.

Dilga joylab Vatan yodini,
Ozodlikning timsoli so‘ndi.
Kuylarmikan elning dardini
Biror shoir uningdek endi.

Shoirlik kasb emas, qismatdir,
Dard, alam bor har bir harfida.
Samodagi turnalar hatto,
Vido aytar Rauf Parfiga!

Hasanboy G‘oyib

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting