Allomaxon Xakimova. She’rlar

0
877

Qachonlardir,
kimnidir,
yo‘qotganmisiz?
Shunchaki jim,
sokin,
sababsiz…
Yuragingiz to‘kib poyiga
va lahzada usiz qolgansiz.
Qachonlardir yonib hislarda,
Zulmatlarni yoritganmisiz.
Qahratonning qahr qa’rida,
Qolganmisiz, yolg‘iz, adoqsiz?!
Qachonlardir ko‘ngil huvillab,
Zor qaqshatib ojiz ruhingiz,
Yonayotgan olov deb o‘ylab,
Va so‘ngida adashib, essiz.
Yo‘qotganmisiz,
kimnidir izsiz,
Shunchaki jim…
sokin va hissiz…

***

Sentyabr — seningdek beqaror,
Goh kulib turadi, gohida mahzun.
Mezonlari uchar seningdek beor,
Gohida tentirab, gohida beun.

Quyoshi jilmayar sendek afsusda,
Nurlari betizgin, yolg‘on arg‘amchi.
Shamollari esar borliqni yulqib,
O‘zingga o‘xshagan ayyor, aldamchi.

Sentyabr tonglari ko‘nglingga uyqash,
Ba’zan junjiktirar, ba’zan erkalar.
Tunlari yuraging tubiga o‘xshash,
Xotirjam, hayqirib vidolar aytar…

Shomlarga inadi behol tuyg‘ular,
Zo‘rg‘a olganicha so‘nggi nafasni.
U ham senga o‘xshab aytolmay ketar,
Borlig‘ini yoqqan otash hasratni.

Sentyabr — sen kabi qadrdon menga,
Kuzakning eng totli ibtidosidir.
Ruhimga kirganu huddi seningdek,
Bevafo ko‘nglingning in’ikosidir.

Sentyabr — seningdek beqaror, hissiz,
Mavhumliklar aro uzoqliklarda.
Sentyabr — meningdek ojiz va essiz,
Sensiz yasholmagan mingta kuzakda…

Sizga…

Nega tushlarimga kirmaysiz yonib?!..
Oppoq tonglarimga kulib boqmaysiz.
Nega yasholmayman men sizga qonib,
Yuz ming tomirimda ishqdek oqmaysiz?!

Ayro manzillarda mudom chalkashib,
Nihoyasi men bo‘lgan joy topmaysiz.
Ming ishvalar jilvasiga adashib,
Mendan o‘zga bir ko‘ngilga yoqmaysiz.

Mag‘rur boqqan nigohingiz yetadi,
Maysalarga, osmonlarga, tog‘larga.
Nega malham bo‘lay demaysiz,
Yuragimda qop-qoraygan dog‘larga.

Nega hanuz izlarimdan qolmaysiz,
Milyon yillar meni izlab, axtarib.
Dunyo yaralgandan beri kutaman axir,
Tushlarimga kiray demaysiz yonib?!..

Onamga…

Ona… ko‘zlaringiz ko‘kka o‘xshaydi,
Bulutsiz, tip-tiniq, pokiza tusda.
Sizga boqsam, ko‘nglim yayraydi,
Sevaman men sizni har bitta hisda!

Ona… ko‘zlaringiz mavjlanar sokin,
Ne sirlar yashirin nigohingizda.
O‘ylasam, jizillab achishar yurak,
Men sabab emasmi armoningizga?!

Ona… ko‘zingizda ba’zan xavotir,
Bu nedan darak deb, o‘yga tolaman.
Agar ko‘zlaringiz nogoh yosh to‘ksa,
Yuragim to‘xtaydi, ado bo‘laman.

Ona… ko‘zlaringiz rangida dunyo,
Har qatrasi nurga belangan.
Sizni buncha yaxshi yaratmish Xudo,
Jon tomirim sizga ulangan!

Ona… ko‘zlaringiz halovat menga,
Tomirimda oqqan baxtning aksidir.
Borligingiz taskin butun umrimga,
Poyingiz Jannatning ostonasidir!

***

Hanuz-hanuz yaralandim,
Baland qoyalarga urdim to‘sh.
Yur ketaylik yuragim, dedim,
Dunyo qolsin izimizdan xush.

Tog‘u toshlar tomon qochdim-u,
Tovonim qonatdi toshlari.
Harsanglarda parchalandim-u,
Dengizdayin oqdi yoshlarim.

Faqat yondim, yashamadim,
Baxtlar uzoq kuttirdi.
Ko‘nglim qonab yaralandim,
Zulmatlar toliqtirdi.

Tuproqlarni jim tirnadim,
Qon qotdi barmoqlarimda.
Unsiz, so‘zsiz yig‘laganimcha,
Umr bo‘yi so‘yladim qissa.

U bir qissa alvon rangida,
Bedor tunlar yozilib, bitgan.
Yolg‘iz otgan tonglar bag‘rida,
Afsonaga aylanib ketgan…

Qadarlarda sarsona kezdim,
Adashib zo‘r savdolarida.
Baxt-ku, deya o‘ylaganlarim,
Sarob bo‘ldi sahrolarida.

Ko‘zlarim ochdim-u, zulmatni ko‘rdim,
Bahor deya kuzakni ko‘rdim.
Ufqqa cho‘kkan shafaq rangida,
Yonib bitgan yurakni ko‘rdim…

***

Bizlar Yerning odami emas,
Jahongashta sayyoralarmiz.
Mehr izlab, bir ko‘ngil istab,
Dunyosida ovvoralarmiz.

Sarson-sarson tuyg‘ular g‘ayur,
Ko‘ngil ishi sira bitmaydi.
Yuragingning sochilib yotgan,
Parchalarin hech kim termaydi.

O‘ylanasan, xayol surasan,
Muztar bo‘lib boqasan giryon.
Sabab izlab devona ko‘ngling,
Ingrab yotar tuyg‘ular bir yon.

Cheksiz-cheksiz osmonlar uzra,
Isyon etgan tuyg‘ularingni,
Qafasidan ozod etgin-u,
Kengliklarda qutqargin uni!

Kengliklarda qutqar ruhingni…!!!

***

Suratingga qarayveraman,
Har nuqtada qotar nigohim.
Ko‘zlaringni yaqinlashtirib,
Qorachiqqa aylanar ko‘zim.

Suratingga qarayveraman,
Garchi u jim, so‘zlamasa ham.
Nigohingni tutmoq bo‘laman,
Nigohimni anglamasa ham.

Suratingga qarayveraman,
Yod bo‘lgandir hattoki soyang.
Eshitilar o‘tmish qa’ridan,
Shivirlagan yolg‘on hikoyang.

Suratingga qarayveraman,
Olg‘a bosmas umrim kunlari.
Aytgin qachon ortda qoladi,
Sen bor bo‘lgan sensiz kunlarim…

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting