SAHNADA
Paranjini yirtib otganman,
Buzilgandir qancha qoliplar.
Bu usti-bosh, bu libosimda
Meni o‘ldiradi toliblar.
Axir keldim boshni tik tutib,
Kimgadir qasd qilganday shahdam.
Bitta o‘zim chiqdim ko‘chaga
Tushib turgan soyam — nomahram.
O‘qqa tutmas ular sahnani,
Sahnaki, voh, pardasi bordir.
Ular nishon qiladi mani,
Bu johillar har nega qodir.
Sovuq kunlar hali oldinda
Qon ketadi tuproqqa singib!
Oq orzuli oydin qizlarning
Diplomlarin yoqib isingin…
She’r aytaman ko‘ksimga urib,
Va o‘zimcha qalbim o‘rtarman.
Ayni damda o‘sha yoqlarda
Paydo bo‘lishga qo‘rqarman.
Mohitobon kabi,
G‘avg‘o Tobon kabi
Shaydo bo‘lishga qo‘rqarman.
Chanqab turgan tolib oldida
Daryo bo‘lishga qo‘rqarman,
Charchab turgan tolib oldida
Bo‘yra bo‘lishga qo‘rqarman,
Mayda bo‘lishga qo‘rqarman,
Hadya bo‘lishga qo‘rqarman.
Xatto o‘ylab ko‘rish ham dahshat.
Amudan bir sakrab o‘tmoqlik.
Bunda qolish xavfsiz baribir
Meni bir zum tark yetmas hadik:
Ammo bunda qolmoq ham og‘ir,
Qolmoq — emas xatardan holi.
Men ayolman — qayerga bormay
Sirligicha qolar ahvolim?
To qiyomat,
Dars o‘tar hayot —
Tolibaman…
NAYMON ONA NOLASI
(“Asrga tatigulik kun” romani)
Jo‘lomonov, Jo‘lomon,
Jo‘lomonjon, bo‘l omon!
Nahotki tanimading?!
Sening onang bo‘laman.
Azroilni yiqqanman.
Ingrab, zo‘rg‘a tuqqanman.
Oting shunga Jo‘lomon.
Seni jo‘lda tuqqanman.
Jun deb ketganing yo‘qku.
Un deb ketganing yo‘qku.
Bolam, xun deb ketgansan,
Dun deb ketganing yo‘qku!
Yoqut bo‘ladi debman.
Barqut bo‘ladi debman.
Qachon mening farzandim
Manqurt bo‘ladi debman?
Gul gul bo‘lmay qoldi.
Yo‘l yo‘l bo‘lmay qoldi.
Bolam, qaytmay qo‘yaqol.
El el bo‘lmay qoldi.
Bolam menga tashlandi.
Shundan ko‘zim yoshlandi.
Meni yutib yuborsin
Sario‘zak dashtlari.
Dushman quvladi. Qochdik.
Dushman qochdi. Quvladik.
Bolam, bir kun keladi
Asrga tatigulik.
Jo‘lomonov, Jo‘lomon,
Jo‘lomonjon, bo‘l omon!
Qaytsang, faqat xalqqa qayt,
Olomonga jo‘lama!
FOTOKO‘RGAZMADAN KEYIN
Bu dunyoning ko‘rgazmalarin
Ko‘zlarimga xato ko‘rgizma!
Bugun san’at galereyasi
Tashkil etmish fotoko‘rgazma.
Kimga nima? Bilmadim. Yurak
Chok-chokidan sitilgan edi.
Bunda surat ko‘rdim: ayolning
Og‘izlari tikilgan edi.
Pardoz go‘zal qilgan yuzingni
Qani endi yoshing bilan yuv.
Farang xonim buning o‘rniga
Jurnalistga berar intervyu:
“Juda yuksak baholash mumkin
Muallifning mahoratini…”
Men maqtovni eshitganim yo‘q,
Faqat… taqdir haqoratini.
Ko‘rgulik deb o‘qibman, uzr!
Ko‘rgazma deb bitilgan edi.
Bunda surat ko‘rdim: ayolning
Og‘izlari tikilgan edi.
Shu og‘izga ko‘kragin tutib
Ona sutin ichirmaganmi?
Shu tikilgan lablar qachondir
“Sevaman” deb pichirlaganmi?
She’r so‘raysiz. Daftarlarimning
Varaqlari titilgan edi.
She’r so‘raysiz mendan… O‘sha kun
Og‘izlarim tikilgan edi.
MALIKAI TURANDOT
Malikai Turondodim,
Qayerlarga ketib qolding?
Mening sarkash xayolimni
O‘zing aytgin, netib olding?
Malikai Turondodim,
Qani bergin, uchta savol.
Er yigitlar javob bergay,
Bersang, bergin yuzta savol!
“Tog‘dan tushgan ohular kabi
Bir el bordir qizlari ko‘hlik.
Bir el bordir erlari o‘qli,
Bir el bordir erlari ohli,
Yana xafa bo‘lib qolmagin,
Yigitlari dog‘uli, do‘qli.
Malikai Turondodim,
Eshit mani suron, dodim.
Turon — ohim, Turon — dodim!
Usiz emas biron dodim.
Ko‘hlik qizlar qayga ketdi?
Qayga ketdi o‘qli erlar?
Qayga ketdi ohli erlar?
Qaydan keldi qiron, dodim!
Bu daraxtlar emas daraxt,
Dushmanga tegmagan o‘qlar.
Jang payti sanchilib yerga
Ming yildan so‘ng ko‘karganlar.
Ko‘hlik qizlar yorsiradi.
O‘qli erlar yurtsiradi.
Kelinglarey, deb chaqirsam,
Yotsiradi, yotsiradi.
Malikai Turondodim,
Eshit mani suron, dodim.
Turon — ohim, Turon — dodim!
Usiz emas biron dodim
Malikai Turondodim,
Ertakdan chiq,
Bo‘y-bastingni
Bir ko‘rib qo‘ysinlar toki.
Ertakdan chiq,
Endi bu xalq
Ertaklarga ishonmaydi.
*”Malikai Turondod” — italiyalik yozuvchi Karlo Xotssining shu nomdagi ertagi. Malikai Turondod tannoz xitoy malikasi bo‘lib, uning uchta savoliga javob topolmagan qancha yigitlarning boshi ketgan. Cho‘lpon qilgan tadqiqotlarga ko‘ra, ertak voqealari «Haft paykar»dan olingan.
YeTTI KUNLIK YO’L
1
Shiroq kezib yurar dashtlarda,
Xavfni sezib yurar dashtlarda,
Yovni yengish uchun qulog‘in,
Burnin kesib yurar dashtlarda.
Biram xunlik dunyolarida,
Biram xunuk dunyolarida
Yetti kunlik yo‘lga chiqmoqda
Bu besh kunlik dunyolarida!
Qumlarga qon tomib boradi,
Qumlar qonga qonib boradi.
Butun boshli yov lashkarini
Ergashtirib, yonib boradi.
Dilni yegan buyruq berildi.
“Hiyla” degan buyruq berildi.
“Darrov tutib makkor cho‘ponni
Qiyna!” degan buyruq berildi.
Qancha shoh-u ayonlar keldi,
Yovlar, o‘q-u kamonlar keldi.
Shiroq bilan chiroqqa butkul
Ehtiyojsiz zamonlar keldi.
Shiroq kezib yurgan dashtlarda –
Bugun beda, burgan dashtlarda.
Qo‘ylarini boqar cho‘ponlar
Yovni Xudo urgan dashtlarda.
2
Kitobni muqova asragan kibi
Choponni asraydi choponning ipi.
Ko‘klam bu dashtlarni so‘rog‘lab keldi,
Shunda bolaladi cho‘ponning iti.
Qo‘ylarni himoya qilishsin deya,
Bo‘rilar bag‘rini tilishsin deya,
Kesdilar itlarning quloq, dumini
Tutgan joylarini yulishsin deya!
Itlar katta bo‘lsa xurishadimi?
Bo‘rilar bilan teng urishadimi?
To‘ralari bilan qo‘ralarini
Endi qo‘riqlashib yurishadimi?
Haqiqat izlab o‘ng-so‘lingni kezgin,
Yaqinroq bo‘lsin deb yo‘lingni kesgin,
Beg‘amlik qulog‘in, loqaydlik burnin
Kesgin! Kesolmasang, qo‘lingni kesgin!
Qonxo‘r bo‘rilarni yegan usullar,
Eling uchun yasha degan usullar,
Nahot qo‘y boqishga yarasa, nahot!
Bobolarim yovni yenggan usullar?
Shiroq kezib yurar dashtlarda,
Xavfni sezib yurar dashtlarda…