Bibi Robia’ Saidova
Hikoya
Yonida dadasi bilan onasining yo‘qligini ko‘rgach, karovotdan ehtiyotkorlik bilan tushib eshikka qarab yurdi.
-Dado‘-o‘-v.
-Iya, dadish qizi uyg‘onibdi-ku. Qani, kelsin-kelsin. Endi bitta oppa qilaylik-chi.
Xadicha otasining bo‘ynidan mahkam quchoqlab oldi. Ota qizini har bag‘riga bosganida yuragi jajji yurakning urishiga quloq tutar va zavqlanib butun vujudiga aytib berardi.
– Oh-oh-oh. Har kuni kuzatib qo‘yadigan mehribonim mani, – bugun maosh olishi yodiga tushib, – xo‘sh, senga nima olib kelay? – dedi. Ammo ayolining hayrat qalqqan nigohidan ijara puli yodiga tushdi. Bergan savolining tirnog‘i bor edi, ichini tirnadi. Javobdan qo‘rqdi – yelib kelayotgan moshina hozir uni bosib ketadigandek his qildi o‘zini. Qizi bu savolni birinchi marotaba eshitayotgandi, tushunmay goh onasiga, goh dadasiga jovdirab boqdi.
– Dado‘-o‘-v. Bugun quyos boy payti keling. Men malika bo‘laman, siz taxtimga chiqayasiz. Keyin eytak aytib beyasiz.
Ibratning ilojsizlik titratgan vujudi kutgan javobning yo‘qligidan taskin topdi.
-Elkangizga chiqaraverib o‘rgatib qo‘ydingiz-da. Ovqat paytida ham taxtimga chiqaman deb, sizni tinch qo‘ymayapti.
-To‘g‘ri-da, malikalarga mos munosabatda bo‘lish kerak.
-Bo‘ldi, kelaqol qizim, dadajon ishga kech qolmasinlar.
-Dado‘-o‘-v, – deb Xadicha otasini yana bir mahkam quchoqladi-da, onasi tomonga intildi.
-Xo‘p, mayli. Yaxshi o‘tiringlar. Xayr qizim, meni kutgil va men qaytarman.
Paytdan foydalangan g‘ashlik barcha ko‘ch-ko‘ronini olib Ibratning yuragiga o‘rnashib oldi. U borgan sari og‘irlashib borardi. Bekatga bazo‘r yetib oldi. “Qizim bechora, boshqa bolalarga o‘xshab menga nima olib kelasiz?” demaydi. Kelganimda, ketayotganimda faqat bag‘rimga otiladi. Hayotni erkalashlarimizu ertaklardan iborat deb o‘ylasa kerak… Uh, qanaqa ota bo‘ldim-a, qizimga biror narsa olib berolmasam. Faqat ijara puli, ijara puli. Ustiga-ustak u qurg‘ur maoshdan katta…”. Shu xayollar og‘ushida osmonning ko‘z yoshlarini temir qoshlari bilan artib kelayotgan tanish avtobusga chiqdi. Kimga qaramasin hammaning nigohida “nima olib kelay” deganida qizining hayrat ila boqqan nigohlari balqib turgandek tuyulaverardi. O‘zini jazoga loyiq insonday his etdi. Kimdandir gap eshitgisi, kimdandir kaltak yegisi keldi. Topdi: ishga kechikibroq borsa, izzattalab boshlig‘i bu xohishini ro‘yobga chiqaradi. Talabalik paytlaridan ko‘ngil yoradigan sirdoshi bo‘lgan bobosi yodiga tushdi va keyingi bekatda tushib qoldi.
Qo‘lini shahd bilan ko‘targan, yuzida qat’iyat, ishonch balqib turgan bobosining haybatli jussasiga yaqinlashdi. Yuzlariga, qo‘llariga, mingan otiga uzoq tikildi.
– Eh, Temur bobo, dardlashgani yana keldim. Siz butun bir saltanatni boshqargansiz, men esa bitta oilani tebrata olmayapman. Bechora ayolim oylab go‘sht nima ekanligini bilmaydi, bilmaganini bildirmaydi ham. Qishloqdan jo‘natishgan olmaqoqiyu, turshaklar, qoq nonlar bilan o‘zini aldaydi, yaxshisini esa bizlarga asraydi. Yuzidagi qon ham bu yo‘qchilikka chiday olmay qochib ketyapti. Eh, Gulyuzim, gul yuzim. Hech qursa, menga uni olib bermayapsan, buni yegim kelyapti, qo‘lim pul ko‘rmayapti deb ta’na qilsang, janjal ko‘tarsang bo‘lmaydimi? Shunda sal yengil tortardim. Sen esa buyuk azobni ravo ko‘rasan – vijdonim bilan yolg‘iz qoldirasan. Qizim ham senga o‘xshab boryapti…uh, nima qilay, bobo? Siz ham jimsiz…
Ishxonadan gap eshitishga yetarlicha fursat o‘tdi. Piyoda yetib borsa, yana nur ustiga nur.
– E, qonunni buzsa bo‘larkan-ku, mulla Ibratullo. Lekin xavotirlanmang, boshliq bilganlari yo‘q, — deb kutib oldi sherigi.
Ibrat hamkasbining ko‘zlariga tikildi, “Menda ham qachonlardir shunday kayfiyat bo‘larmikan? Ham xayol, ham ko‘ngil, ham qorin to‘q. Yuz xotirjam, quvnoq, tashvish yo‘q” degan o‘y o‘tdi.
-Ha, mulla do‘st, bugun sal g‘alatiroqmisiz? Menga uyingizni o‘margan o‘g‘riday qarayapsiz?
Xurrambek ko‘zlarida ma’yuslik qalqib turguvchi Ibratni doim kuldirishga harakat qilar, unga va ijodiga ich-ichidan hurmati cheksiz edi.
Ibrat savolga javob bermadi. Uning xayol daryosida boshqa fikrlar suzib yurardi: “Obbo, har ertalab qo‘ylarni sanaganday xodimlarini sanab ketadigan boshliqqa kelib-kelib bugun nima jin urdi ekan-a? Baribir bir ilojini qilishim kerak. Bo‘lmasa bu g‘ashlik meni ado qiladi”. Xonasidan chiqib to‘g‘ri boshliqning oldiga kirdi.
-Xo‘sh, nima gap? – dedi boshliq ko‘zini uymalanib yotgan hujatlardan olmay.
-Nusrat Samadovich, haligi… ishga hozir keldim. Kechikib qoldim-da.
-Xo‘sh, boshqa takrorlanmasin. Ishim ko‘p, yana gapingiz bo‘lmasa ruxsat.
Bu suhbatning guvohi bo‘lgan g‘ashlik Ibratning ustidan qah-qahlab kuldi. Kechikkanlarni soatlab urishib ma’ruza o‘qiydigin xo‘jayindan ham ish chiqmadi. Xonasiga qaytdi. Sherigining yuragiga tegadigan gap aytib, g‘ijjillashmoqchi bo‘ldi-yu, ammo birovning dilini og‘ritmaslik kerak, deb o‘rgatilgan tarbiya bunga yo‘l qo‘ymadi.
-Darvoqe, mulla Ibratullo. Jiring-jiring, mulla jiring berishyapti. Hisobchiga uchrang.
Ertalabdan beri yuragini iskanjasiga olgan dushmani bilan ko‘rishadigan fursat yetdi. Borib maoshini oldi. Na o‘ziga, na xotiniga, na farzandiga ta’timaydigan pullarni qattiq qisdi va ularga qashshoqlik tamg‘asini bosayotgan ham mana shu qog‘ozlar ekanidan g‘azablanib stolga uloqtirib yubordi.
-Ibratilla, tuzukmisiz? Nima bo‘ldi? Boyagi gaplarimdan ranjidingizmi yo?.. Bilasiz-ku, sizga hurmatim baland. O‘tkir qalamingiz bor. Boshingiz ko‘tarib yurishga arziydi. Menikini qarang, dum-dum, – deb xoxoladi. Ibratning o‘yga cho‘mgan nigohlarida o‘zgarish ko‘rmagach, hamdardlik bilan dedi: – Yordam kerak bo‘lsa aytavering, tortinmang.
Ibrat qilgan qilig‘ini nima deb oqlashni bilmay, “shunchaki o‘zim” deb tabassum qilishga urindi.
Vaqt ham og‘iroyoq ayolday imillab o‘tdi. Bulutga yonboshlagan quyosh uni qizining yoniga eltish uchun kuta-kuta ketib qoldi. Lahzalar bugunni simirib tugatdi. Oyoqlar majolsiz tanani tanish yo‘llar sari sudradi. O‘sha ko‘chalar, o‘sha daraxtlar, o‘sha do‘kon.
-Uf, dadasi. Buncha ziqnasiz, bira to‘lasi besh kilo go‘sht olsak bo‘lardi. Bilasiz-ku, o‘g‘lingiz go‘shtxo‘r. Indinga yana do‘konga chiqib o‘tirmasdik.
Qulog‘iga kirishga ulgurib qolgan bu tantiq so‘zlar Ibratni to‘xtatdi. Aravachadan qappaygan qator to‘rxaltalarni moshina yukxonasiga joylayotgan gavdali kishining yonida yonoqlari, lablari, tirnoqlari qip-qizil yosh juvon chiroyli tovusning ovozi bilan javrardi. Ibrat ularga bir oz tikilib turdi, so‘ng “E, jin ursin ijarasini ham”, dedi-da shahd bilan do‘konga kirib ketdi. Ko‘p o‘tmay qo‘lida uchta to‘rxalta, yuzida tabassum bilan qaytib chiqdi. Endi qadamlari yengil, uyi tomon parvoz etar, atrofga birinchi marotaba ko‘rayotgandek zavqlanib boqar, eng asosiysi, yuragidagi g‘ashlik g‘oyib bo‘lgandi. Ayniqsa, olgan banani xotinini qay ahvolga tushirishini o‘ylab yanada quvondi.
Qo‘ng‘iroq chalindi. Gulyuz odatdagiday beg‘am ayol kabi tabassum bilan eshikni ochdi.
-Mana senga olam-olam gul. Bularni ko‘rib hushingdan ketib qolma yana. Oylik olgandim, – deya Ibrat bozorliklarini namoyish qilib turgan ikki qo‘lini baland ko‘tardi.
Gulyuz ilon chaqqanday chinqirib yubordi va bolasi uyg‘onmasligi uchun yig‘isini quchoqlagancha oshxonaga yugurgiladi. Ibrat qo‘rqib ketdi:
-Nima gap? Qayering og‘riyapti?
-Axir… nimalar qilib qo‘ydingiz, dadasi?..
-Nima qildim? Tushuntiribroq gapirsang-chi!
-Axir… axir shu oyligingizni kutib o‘tirgandik-ku. Qizimizga dorilarini olishimiz kerak edi. Ahvoli yomonlashyapti. Bu yoqda ijarachi xotin… – dedi yig‘lamsirab.
-Jin ursin, nima esimdan chiqdi dedim-a. Sen ham har kuni eslatib tursang bo‘lmaydimi? Axir kallamda mingta xayol. Mayli, qolganiga olib kelaman. Ro‘yxatni ber. Eshikni qulflab qol, – dedi-da ko‘chaga otildi.
Ko‘cha boshidagi dorixona baxtiga hali ochiq ekan.
-Yaxshimisiz, mana bu dorilar bormi?
-Xo‘sh, uchtasi bor, qolgan ikkitasi yo‘q. Birinchisi ampula, 86 000 so‘mdan. Bitta qutida beshta bo‘ladi. Kun ora bir oy olishingiz kerak ekan. Sizga uchta quti yetadi.
-Hozircha bir quti ola qolay.
-Xo‘p, mana, – sotuvchining barmoqlari kalkulyator tugmalari ustida yugurdi, – 430 000 bo‘larkan. Ikkinchisi…
-Shoshmang-shoshmang. Hozirgina 86 000 dedingiz-ku.
-Men donasini aytdim, aka.
-Shu uch-to‘rt tomchi chiqadigan narsa shunchami?
-Xafa bo‘lmang-u, qolgan dorilaringiz bundanam qimmat.
Ibrat alamzadalikdan bozorlik qilgani uchun, qizining ahvolini unutgani uchun o‘zini la’natladi. So‘ng vaqtincha uch dona olib turishga qaror qildi. Dorixonachi yigit qolgan yana ikkita dorini ham xomcho‘t qilib berdi. Kutilmagan bu narxlar Ibratning yuragiga tig‘dek sanchildi. Qo‘l-oyog‘i kesib tashlangandek his qildi o‘zini. Pullari boshqa dorilardan ikkita donadan olishgagina yetdi. Cho‘ntagi darrov huvillab qolganidan xo‘rsinib qo‘ydi.
-Aka, bular og‘ir kasallikka qarshi dorilar. Shuning uchun qimmatroq-da, – Yigit ro‘parasidagi kishini chorasiz ahvolga solgani uchun o‘zini aybdordek his qildi. – Kimingiz kasal edi?
Ibrat ko‘zlarida injiqlik qilib tashqariga intilayotgan yoshlarini qoshini chimirib orqaga qaytardi. Bir yutinib qo‘ydi-da:
-Qizim, – dedi ohista va eshik tomonga yo‘naldi.
Yigit dorilarning narxlari belgilangan qog‘ozga darrov bir nimalar yozdi-da:
-Aka, aka! To‘xtang. Mana bu yuz mingingizni olib qo‘ying, – dedi shosha-pisha pulni uzatib.
-Sadaqangizga zor emasman, uka! – dedi jahl bilan Ibrat.
-Yo‘q, tushunmadingiz, aka. Boya sizga eski narx bo‘yicha aytib yuboribman, mana bu ustidan chizib yozilganlari arzonlashtirilgan yangi narxlar. Ishonmasangiz, mana ko‘ring.
Ibrat ishonqiramay yaqinlashdi. Goh qog‘ozga, goh yigitga qaradi. Joyiga qaytishga intilib turgan pullarni ikkilanibgina oldi.
-Aybga buyurmaysiz, aka. Ertalabdan buyon odam. Bosh ham shishgan, adashtirib yuboribman. Bu pulga boshqa dorisini sotib olishingiz mumkin. Mayli, Alloh shifo bersin.
-Rahmat, uka, – Ibrat ojizligini sudragancha tashqari chiqdi.
“Endi qaysi dorixonaga borsam ekan? Aytgancha, uch bekatcha narida bor edi-ya. Yopilib qolmasidan ulguray”. U xayolidan-da ildamroq yugurgilab ketdi. Ahyon-ahyonda nafas rostlamoqchi bo‘lar, ammo qulog‘iga qizalog‘ining og‘riqli yo‘tali eshitilar va yana yugurardi. Bir alpozda dorixonaga kirdi.
-Mana bu dorilaringiz bormi?
-Ro‘yxatning oxiridagisi bor, bunisi yo‘q. 120 000 so‘m.
-Jon aka, 100 000 ga bering. Keyinroq qolganini tashlab ketaman…
-Menga qara, ichivolganmisan? Bu sanga bozormas savdolashadigan. Ololmasang tuyog‘ingni shiqillat.
G‘ururi Ibratni tashqariga itarib yubordi. Tishi-tishiga bosildi… Yonidan o‘tib ketayotgan qizdan yana qayerda dorixona borligini so‘radi. U sal naridagi ko‘cha ichkarisini ko‘rsatdi. Ibrat najot eshigi tomon intildi. Keksalikni opichlab olgan ko‘zoynakli ayol izlangan dori borligini aytdi. Ibrat ichida avval Xudoni yordamga chaqirdi-da, keyin narxini so‘radi.
-93 000 so‘m.
Quloqlariga ishonmay qayta so‘ramoqchi bo‘ldiyu, ammo nimadandir cho‘chidi.
-Bolam, bunisini ko‘p qidirasizov. Internetdan izlab ko‘ring. Ham qimmat, ham kamyob dori, topilishi qiyin.
“Hozir baribir yetmaydi. Ertaga Xurrambekka iltimos qilaman, internetni yaxshi tushunadi. Pul ham toparman. Hozircha shularni tezroq berib turaylik”. U malikasining oldiga shamoldek yelib ketdi.
Gulyuz eshikni ochdi. Ibratning yuzidagi ter tomchilari ham hansirayotgandek edi. U ichkari kirdi.
-Darrov qo‘shnini chaqir, ukolini qilib qo‘ysin. Shuncha kun yutqazganimiz yetadi. Dorilarini ham ichirishni boshla.
Otasining ovozini eshitib ichkari xonadan Xadicha qichqirdi:
-Dado‘-o‘-v, dado‘-o‘-v.
Uch-to‘rt qadam tashladiyu majoli yetmay o‘tirib qoldi. Ibrat kirib qizini ko‘tarib oldi. Bag‘riga mahkam bosdi. Yuzini yuziga qo‘yib, ko‘zlarini yumdi.
-Iya, malikam, bir qoshiq qonimdan keching. Taxtingizga chiqarish yodimdan ko‘tarilibdi, – deb yelkasiga mindirib, ayolining oldiga olib bordi, – qani tezda hazrati oliyalariga ta’zim bajo keltir.
Xadicha qiqirlab kular, yo‘tal esa shu shirin kulgudan ayrimlarini o‘g‘irlab olardi.
-Avval bir shartim bor. Malikamiz mana bu doridan ichsinlar. Xoppa, mana bo‘ldi, – deb astoyidil ta’zim qildi. – Hazrati oliyalari va qirol hazratlari, endi dasturxonga marhamat qilinglar.
Dasturxon avvalgi kunlarga nisbatan bag‘ri to‘laroq bo‘lgani uchun kerilib yotardi.
-Dado‘-o‘-v, – Xadicha taxtidan tushib stolga yaqinlashdi, – bu nima? – Yo‘tal ham o‘sha narsaga qiziqib yana keldi. Ibrat qizini tizzasiga oldi-da piyoladagi sutni o‘zi ichira boshladi.
-Bu banan, qizim. Maymunchalarning sevimli mevasi. Sut ichib bo‘lgin, yeb ko‘ramiz, xo‘pmi?
-Yo‘q, – burnini jiyirdi qizi, – maymunlayni naysasini yemayman. Manam maymunga aylanib qoyaman.
Er-xotin bir-birlariga qarab miriqib kulishdi.
-Maymunlar ham sut ichadi, sen ham ichyapsan. Lekin mana o‘zgarganing yo‘q-ku. Kel, bo‘lmasa bunday qilamiz. Birinchi onangga yediramiz, agar maymunga aylanmasa, keyin sen yeysan. Kelishdikmi? – deb bananning yarmini xotiniga majburlab yedirdi. Xadicha onasini qutqarib qolmoqchi bo‘lganday qattiq quchoqlab oldi. Volidasining ko‘zlariga qarab-qarab turdi. O‘zgarish yo‘q. Qolgan yarmini burniga yaqin keltirib hidlab ko‘rdi, tilini bir-ikki tekkizib ozgina tishladi. Sekin-asta qolganini yeb qo‘ydi. Birdaniga dadasiga yalt etib qaradi:
-Dado‘-o‘-v, sizga qolmadi-ku?
-Nimalar deyapsiz, malikam? Men har kuni ishxonada yeyman, – dedi dadasi ma’yus jilmayib turgan xotiniga qaramay.
Dasturxonga duo qilishlari bilanoq, qo‘shni xotin chiqib emlab ketdi. Bir umr ko‘tarishga tayyor qo‘llar Xadichani joyiga ohista yotqizdi.
-Dado‘-o‘-v, anavi eytakni aytib beying, – dedi Xadicha sog‘ingan insonini kutganday ko‘zlari yonib.
Otasi qizi takror-takror eshitishni xohlaydigan ertagini boshladi:
– Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim emas, yaqin zamonda aqlli, quvnoq bir qizcha bo‘lgan ekan. U dadasi bilan onasini juda ham yaxshi ko‘rar ekan. Odamlarga ham mehribon qiz ekan. Onasi unga mazali ovqatlar pishirib berarkan. Dadasi esa unga kitoblar, o‘yinchoqlar olib kelarkan, bog‘larda sayr qildirar ekan. Kunlardan bir kuni qizcha ko‘chada o‘ynab uyiga kirsa, burchakda dadasi bilan onasi xafa bo‘lib o‘tirishgan ekan. Nima bo‘lganini so‘rash uchun yonlariga yaqinlashibdi. Qarasa, ularning sochlariga oq tushgan, yuzlariga ham ajin o‘rmalagan ekan.
— Dado‘-o‘-v, ajin mana bumi? – Xadicha yuzlarini burishtirib ko‘rsatdi. Ibrat tabassum bilan uning yaltirab turgan peshonasidan o‘pdi.
-Ha, esingda ekan. Keyin qizcha ularni yupatibdi. Yoshliklarini qaytarib olib kelishga va’da berib, uyidan chiqib ketibdi. Oradan kunlar, kunlar ketidan tunlar o‘tib o‘sha qizcha go‘zal malikaga aylanib qaytib kelibdi. Yonida katta ko‘zgu ham bor ekan. Ko‘zguni avval onasiga, so‘ng otasiga qaratibdi. Birdaniga onasi avvalgi yosh, kelishgan holatiga, dadasi baquvvat, ko‘rkam qiyofaga kiribdi. Keyin ular uzoq yillar baxtli-saodatli, shod-xurram hayot kechirishibdi.
— Dado‘-o‘-v, dado‘-o‘-v, – otasining yengidan tortdi Xadicha. – O‘sa qizchaning oti nima?
Bu savol birinchi marotaba berilishi edi. Ibrat qizining kulib turgan nigohlarida katta bir ilinj balqib turganini ko‘rdi.
-U qizchaning ismi Xadicha edi. O‘sha malika sensan qizim!
-Uyye, – qizcha quvonganidan chapak chalib yubordi. Ammo chapakdan ko‘ra yo‘tali balandroq eshitildi. – Oyii, oyii, esittizmi? U men ekanman. Muncha katta bo‘lay, men ham malika bo‘b qaytib kelaman. Faqat ko‘jgu bilan biyga ko‘pala banan ham opkelaman silayga.
-Hechamda. Hech qayerga ketmaysan. Chunki hozir ham malikasan, bizning malikamiz. Bizga hech narsa kerak emas.
Aytilayotgan so‘zlar Xadichaning qulog‘iga kirolmay halak bo‘lar, ko‘zlari shiftga qadalgan, xayollari esa uni allaqachon o‘sha ertak ichida sayr qildirib yurgandi. Ibrat hammasini ko‘rib turganday boshqa gapirmadi. Qizining mayin sochlarini silarkan qo‘lining dag‘allashib qolganini his qildi. Malika uyquga ketdi. Xotini sekingina uni oshxonaga undadi:
-Dadasi, uy bekasi yana keldi. Sizni kutib-kutib ketib qoldi. Ibrat bilan endi jiddiy gaplashmasam bo‘lmaydi, dedi.
-Qo‘yaver, shunaqa qilib qo‘rqitmoqchi bo‘ladi-da. Uyini ko‘tarib ketmaymiz-ku, to‘laymiz-da. Sen hech narsani o‘ylama. Yana bitta dorisi qoldi, ertaga shuni ham topishga harakat qilaman. Sen ham charchagandirsan. Borib damingni ol. Mening yozadigan narsam bor.
Gulyuz jajji holiga kasallikning ayovsiz zarbalariga bardosh berayotgan dilbandining oldiga ketdi. Ibrat dahliz derazasidan boshini chiqardi. Ruhi chiqib ketgudek chuqur xo‘rsindi. Ro‘parasidagi o‘ziga o‘xshab atrofni jim kuzatib turgan daraxt ham bolalaridan xavotirda. Chunki kuzning yozga shivirlayotganini eshitib qolgandi…
Tong ko‘rishish uchun qulochini keng yozib kelganida uyidan Ibratni topa olmadi. Ibrat odam va shovqin qaynayotgan bozorda goh unisining yukini ko‘tarib moshinasiga, goh bunisining yukini uyiga olib borib berardi. O‘zidan avval qorni ko‘zga tashlanadigan, ikkita yengil sumkani ko‘tarishni o‘ziga ep ko‘rmagan kishining yukini mashinasiga eltib berar ekan, uning telefondagi suhbatini eshitib qoldi:
-Vannaning kafelini olib tashlanglar. Naqshi yoqmadi, ayt, boshqachasidan qo‘yishsin. Nima? Qayoqqa ketib qolishadi? Injiqmishman? Yoqsa shu, yoqmasa katta ko‘cha. Boshqa usta topaman, – deb kaftidan ikki barobar keladigan telefonini hamyoniga soldi.
-Kechirasiz, gapingizni eshitib qoldim. Usta kerakmidi? Shu ishingizni men qilib bera qolay. Sifatini ko‘rasiz, keyin pulini to‘laysiz.
U Ibratni boshdan oyoq ko‘zdan kechirdi:
-Bo‘pti. Narxini kelishib olaylik, metr kvadratiga o‘n mingdan beraman, – dedi.
Ibrat bunaqa ishning ko‘cha bahosi ikki-uch baravar qimmat ekanligini bilsa ham rozi bo‘ldi.
-Aka, shoshilinch bo‘lmasa oltidan keyin ishlasam, boshqa ishim ham bor edi.
Qorinboy aftodahol bir yigitning shartiga ko‘nishni o‘ziga or deb bilayotgan bo‘lsa-da, bunaqa arzon narxga boshqa usta topa olmasligini o‘ylab rozi bo‘ldi.
Ishda qog‘oz unga, u qog‘ozga termulib o‘tirar, qo‘li qalam olishni istamas, kallasi yana qanday qilib qo‘shimcha daromad topish o‘ylari bilan g‘ujg‘on edi. Orada sherigiga internetdan o‘sha dorini topib berishini iltimos qildi. Tushlik vaqti bo‘lgach, ko‘chaga chiqib dorixonalarni izlay ketdi. Hammasida bir xil javob: “Yo‘q”. Qaytishda eshigining jimjimador chiroqli yozuvlari o‘ziga imlab turgan, oynalari kum-ko‘k, zamonaviy uslubda qurilgan yangi dorixonaga ko‘zi tushdi. Ularga ham qog‘ozni ko‘rsatdi.
– Ha, bor.
Ibrat o‘zida yo‘q quvonib, yaratganga shukronalar aytdi.
– Shundan berib yuboring. Narxi qancha?
Javobni kutarkan “Ishqilib pulim yetsinda, yetmasa ikki yo uch dona olib turarman”, degan o‘y izzilatdi.
– 1 300 000 so‘m. Bir oyga ikkita quti olishingiz kerak ekan. 2 600 000 so‘m bo‘ladi.
– Nima? Nimalar deb aljirayapsan? Vijdoning bormi?
– Qo‘lingizni oling yoqamdan, menga nega baqirasiz? Bu yerda sotuvchiman xolos. Qurbingiz yetmasa menda nima ayb?
Beixtiyor sotuvchining yoqasiga qo‘l yuborganidan uyalib qoldi. Yigitdan kechirim so‘radi. Uch donasini alohida hisoblab aytishini iltimos qildi.
– Yo‘q, bu dorini bo‘lib sotishga ruxsat berilmagan. Donaga berolmayman.
Ibrat aylanib ham, o‘rgilib ham yalindi, ilojini qila olmadi. Bir qutisini olishi uchun ikki oy ishlashi kerak. Tubsiz jarlikka qulab tushar ekan, ichidagi dardli xayqiriqni hech kim eshitmadi. Yo‘lda sovuq shamol odamlarni haydab chiqargan xiyobonga kirdi. Uyquga ketgan o‘rindiqqa o‘tirdi. Boshini oyoqlari orasiga oldi. Unsizgina tomayotgan yosh tomchilaridan yer yana yomg‘ir yog‘ishni boshladi degan xayolga bordi…
Og‘ir qadamlar bilan ishga qaytgach, to‘g‘ri boshliqning oldiga kirdi.
-Nusrat Samadovich, bir iltimos bilan kelgandim. Qizimning mazasi yo‘q, davolash uchun pul kerak bo‘lyapti. Shunga… ikki oyligimni bir qilib bersangiz…
-Meni Alibobo deb o‘ylayapsiz chog‘i. Men ham sizga o‘xshab oylikka yashaydigan insonman. Davlatdan esa Ibratjonga ikki oyligini oldindan to‘laylik, deb iltimos qilib bo‘lmasa… Endi buyog‘i bir ilojini qilarsiz..
Ibrat boshqa gapirmadi. G‘ururiga yana tosh otildi. Eshikka yaqinlashganida “Ibrat” degan chaqiriq yangradi. Yuragi yilt etgan umid bilan o‘girilib qaradi.
-Bu safar ham kechirdim. Boshqa kech qolmang. Hammamizda ham oila bor, tashvish bor. Lekin davlatning ishi – ish… tushundingiz-a?
G‘azab, alam va chorasizlikdan chora topolmay xonasiga kirdi. Sherigi internetdan qidirib, faqatgina u dori boyagina Ibrat umidini qoldirib kelgan dorixonada borligini aniqlabdi.
Ish vaqti tugashi bilanoq tashqariga otilayotgan Ibratni Xurrambek to‘xtatdi, cho‘ntagiga pul tiqdi.
-Mulla Ibratilla, oling. Yonimda bori, bu yerda uch yuz ming. Kerak bo‘lib qolar.
G‘ururining rad etishga majoli qolmagandi.
-Rahmat do‘stim, – dedi-yu bag‘riga bosdi, – albatta qaytaraman.
So‘lib borayotgan umid guliga bu do‘stlikdan qayta jon kirdi.
Bozorda kelishilgan manzilga shosha-pisha yo‘l oldi…
Kafel terish ishlari ancha siljidi. Tun uyquga ketganida uyiga kirib keldi. Qizini sog‘inganini his qildi. Kutilmaganda eshikni ijarachi kampir ochdi-da, uni tashqariga sudradi:
-Sen bala mindan qachib yuripsenmi? Mana, hazirgacha seni kuttim. Minga qara, yendi seryozniy aytam. Ush kun ichinda pulimdi bermeseng, veshleringni chiqarib tashliymen. Balangdi dip shuncha bikledim.
-Xo‘p, xo‘p, xola, harakat qilaman…
Uzoq davom etgan tahdid va va’da bahsidan ikkovlari ham charchashdi.
— Endi kech bo‘lib qoldi, bugun shu yerda qolaqoling. Farzandlaringiz ham xavotirlanishayotgandir, telefon qilib qo‘yamiz, – dedi Ibrat.
-Yo‘q, kitamen, – kampir og‘ir xo‘rsindi. – Balalarimga min imas, pul kirek.
Kampir “xayr”ni nasiya qilib qorong‘ulikka singib ketdi…
Quyosh silab-siypalab Ibratni uyg‘otdi. Ertaroq turib bozorga bormagani uchun o‘zini koyidi. Xotiniga aytishdan foyda yo‘q, hech qachon uning uyqusini buzmaydi. Nonushta qilayotib kecha hech narsa tatimay qornining ustidan g‘alaba qozonganini o‘ylab, kulib qo‘ydi.
Yana o‘sha yo‘l, o‘sha bekat, o‘sha avtobus, o‘sha ilojsizlik bilan ishga yetib bordi. Miyasida bir-biriga navbat bermay qalashib yotgan tashvishlar o‘zlariga o‘xshamagan boshqa fikr kirishiga yo‘l qo‘ymayotgan edi. Shu sababli bo‘m-bo‘sh dasturxonday oppoq qog‘oz ham bag‘ri to‘lishini kutib yotardi.
Boshliq bugun kichik yig‘ilish qilib, yuqoridagilar chaqirgan katta majlisda ishtirok etishini, u yerga hammani ham aytmasliklarini, ish vaqti tugamaguncha hech kim ketib qolmasligi kerakligini qayta-qayta takrorladi. Ibrat taqdirning yordamidan minnatdor bo‘ldi. Boshlig‘i ketishi bilan u ham jo‘nadi. Bugun ertaroq borib kafelning chalasini bitirib haqini olishi kerak.
Qorinboy haqini kelishilganidan ham kamroq berdi. Oy uni yupatib uyiga kuzatib bordi. Birga ekanliklaridan baxtiyorlik va mehr balqiydigan o‘sha tabassum bilan ayoli eshikni ochdi.
-Dadasi, qishloqdagilar qo‘ng‘iroq qilishgandi. Siz bilan gaplashmoqchi ekanlar.
Tirikchilik ancha vaqtdan beri yaqinlaridan uzoqlashtirib qo‘ygandi. Yuz-qo‘llarini yuvib olgach, sog‘ingan ovozlarni eshitish uchun yodidan chiqib ketay degan raqamlarni terdi:
-Assalomu alaykum, dadajon. Yaxshimisizlar? Sog‘-salomat yuribsizlarmi? Ha, rahmat, biz ham shu shaharning shovqinida oqib yuribmiz. Men ham sog‘indim sizlarni…
-Bolam, kecha onangning tushiga kirgan ekansan. Ibratjonimga nimadir bo‘ldi deb yig‘lab yuribdi. Qiynalmayapsanmi? Yana “yo‘q” deysan-a? Shaharning yuki, ro‘zg‘ori og‘ir bo‘lishini koshki bilmasam. Xullas, bolam, kelin bilan nabiramizni qishloqqa jo‘nat. Yaqinda amaking sizlarnikiga borgandi-ku, hammasini aytdi. Sal oyoqqa turib ol, keyin yuboramiz ularni. Qishloqda shaharingda yo‘q toza havo bor. Xadichaga foydasi ham bo‘lar. Kelin bilan maslahatlash. Paysalga solma. Mayli, o‘g‘lim, tinch bo‘linglar.
Go‘shakni qo‘ygach, chuqur xo‘rsindi. Dardlari bir ko‘tarilib tushdi. Oshxonada kuymalanib yurgan xotinini xayolchan kuzatdi. Keyin asta borib, lablarini cho‘chchaytirgancha uxlayotgan qizchasiga tikildi. Yuzlariga kuz o‘z yaproqlari rangini chizayotgan, kichikroqligidagi lo‘ppiligidan asar ham qolmagan malikasini shirin tushlar allalayotgan edi. Ibrat burnini yaqinlashtirdi-da, qizalog‘ining yuzlaridan, bo‘yinlaridan to‘yib-to‘yib hidladi. Beg‘uborlikning sehrli ifori butun vujudini tebratib yubordi.
Ovqat suzildi. Er-xotinning o‘rtasida sukunat suzdi. Ibrat gap boshladi:
-Gulyuz, sabring, muhabbating uchun ming rahmat senga. Eng baxtli er men, eng baxtsiz xotin sen bo‘lsang kerak dunyoda, – deb jilmayarkan tomog‘iga nimadir kelib tiqildi. Biroz davom etgan ismsiz sukutdan so‘ng davom etdi: – Ertaga qishloqqa, ota-onamning oldilariga ketasizlar. Mendan ko‘ra yaxshiroq qarashadi sizlarga. Sen ham o‘zingni ancha oldirib qo‘yding. Bir-ikki kun ichida anovi dorisini jo‘nataman. Sal sharoitni to‘g‘irlab, qo‘shimcha ish topay, qaytib kelasizlar. Malikamizni ehtiyot qil.
Gulyuz yig‘lab yubordi:
-Dadasi, jon dadasi, siz ham biz bilan keting. Yuring, birga ketaylik. Toshkentingizning toshlari og‘ir ekan. Axir siz ham qiynalib ketdingiz-ku.
Bu yig‘i Ibratning yuragiga to‘kilib tushardi.
-Qizimga ishonaman, u menga o‘xshagan irodali, senga o‘xshab yig‘loqi emas, – deb xotinining burnidan chimitlab qo‘ydi, – Ko‘rasan, albatta sog‘ayib ketadi. Hali bizni orqasidan yugurtirib yuradi…
Istar-istamas tong otdi. Ketish uchun hozirlik ko‘rilgan. Hali vaqt bo‘lsa-da, Ibrat yo‘l oldidan to‘yib olishi uchun qizining boshini silab uyg‘otdi. Nonushta qilishayotganda ham quchog‘idan qo‘ymay erkalab o‘tirdi. Diydor rishtasini uzguvchi fursat yaqinlashdi. Bugunning lahzalari yeldek uchib o‘tar, Ibrat ularni ushlab qolishni, to‘xtatishni juda istardi. Mana, sog‘inchlar tug‘ilguvchi vokzal. Ibrat vagonga chiqib, ularni joylashtirgach, qizini bag‘riga qattiq bosdi. Yuz-ko‘zlaridan o‘pdi.
— Dado‘-o‘-v, nega yig‘layapsiz? Yi-yi qilmang, dado‘-o‘-v, – deb Xadicha jajji qo‘lchalari bilan otasining yuzlarini artdi. – Dado‘-o‘-v, men malikaga aylanib qaytib kelaman, ko‘jgu obkelaman,– deb dadasining bo‘ynidan qattiq quchoqlab oldi.
“Kuzatuvchilar, vagonni tez tark etinglar, poyezd yuryapti” degan ovoz yuraklarni hapriqtirdi.
-Mayli, Gulyuzim. Tez orada ko‘rishamiz. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Malikam, onangga qarab yur, to‘polon qilmasin. Seni juda yaxshi ko‘raman, – deb Ibrat qizini qayta-qayta bag‘riga bosdi-yu yugurgilab tushib ketdi. Gulyuz qizini ko‘tarib derazadan qaradi. Poyezd bir uvvos tordi-yu sekin jildi. Ibrat qo‘lini silkitgancha poyezd bilan birga yugurdi. Xadicha ko‘z oldida g‘oyib bo‘layotgan otasini ko‘rib jajji qo‘llarini uzatgancha “dado‘-o‘-v, dado‘-o‘-v” deb chinqirib yig‘lay ketdi. Gulyuz ham yig‘lar, yetib olishga harakat qilib yugurayotgan eri ham yig‘layotganini his qilib yuragi battar ezilardi. Poyezd Ibratning tanidagi jonni, hayotidagi mazmunni olislarga olib ketdi…
Birdaniga osmon yo‘qoldi. Daraxtlar, odamlar, yer, butun koinot ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Dunyoda yolg‘iz o‘zi qoldi. Yo‘lovchi cholning yo‘talgan ovozi eshitildi-yu yana hammasi jonlandi.
“Nega bunchalar ojizman? Nega bu ahvolga tushyapman? Axir oilamni urushga emas, ota-onamning, qadrdon qishlog‘imning bag‘riga jo‘natdim-ku. Menga nimalar bo‘lyapti o‘zi? Endi shalpayib o‘tirmasdan pul topish kerak”. O‘zi bilan o‘zi hasratlashib bozorga yo‘l oldi.
Bozorda nonini yarimta qilayotgani uchun goh aravakashlarning qarg‘ishiga qolsa, goh ish talashib mardikorlar bilan mushtlashishgacha bordi. Goh birovning uyida g‘isht tersa, goh kimlarningdir jo‘mragini tuzatib qo‘li pul ko‘ra boshladi.
Tun to‘shagan qora gilam uzra sudralib uyiga qaytarkan, pullarini xomcho‘t qildi: “Yana ikki kun ishlasam, yetar ekan. Keyin yana pul topib qolgan dorilarini jo‘nataman”. Beixtiyor eshikni taqillatdi. So‘ng bugun yolg‘iz kutguvchisi yolg‘izlik ekanligi yodiga tushdi, kalitini cho‘ntakdan chiqardi. Shu kunlarda tez-tez shikoyat qilayotgan qornini yupatgandek silab qo‘ydi. Jismu jonini so‘rgan horg‘inlik to‘shagi sari yetaklayotganda ko‘zi stol ustidagi qog‘ozga tushdi: “Dadasi, qorningiz ham ochib ketgandir. Sovutgichda manti bor. O‘zingizni ehtiyot qiling”. Sog‘inch yuragidan o‘rmalab o‘tdi. “Eh, Gulyuzim, ketar chog‘ingda ham meni o‘ylabsan-da”. Tanovvul qilib bo‘lgach, charchoq zo‘ridan tomirlari ham uyquga ketdi.
Ko‘zini ochganida havo shu qadar tund ediki, tong yoki kun ekanligining farqiga borolmadi. Singan qopqog‘i pul bog‘lanadigan rezinka bilan mahkamlangan, ovozi bazo‘r chiqadigan telefonining soatiga qaradi, endigina tong pardasini ko‘targan ekan. Unga imkon eshigini ochgan bozor tomon yana yo‘l oldi. Shamol bilan bulut quyoshni talashib o‘zaro janjallashib qolishgan, shu sabab har ikkisining ham avzoyi buzuq. Sovuqning zahi sochni ham qaltiratadigan darajada.
Bugun mardikor “xaridor”lari anchayin siyrak. Shomdan keyin o‘zidan boshqa hech kim qolmadi. Ertaga Xurrambekdan yana qarz so‘rashga qaror qildi. Aksira-aksira uyiga qaytdi. Bu safar uni tashqarida uymalanib yotgan ko‘rpa-to‘shaklari kutib oldi. Eshik esa og‘ziga qulf osilgan bo‘lsa ham bu ishni kim qilganini aytib berdi. Nihoyat qat’iy belgilangan muhlat tugagandi. “Shuncha kutganingiz uchun ham rahmat, Raya opa”, deb pichirlab qo‘ydi. Bu dunyoda duch bo‘lgan yagona do‘sti Xurrambekka ming istihola bilan qo‘ng‘iroq qildi:
Allo, yaxshimisiz? Bir iltimos bilan qo‘ng‘iroq qilayotgandim. Haligi… ko‘chmoqchi edim. Shunga vaqtinchalik boshqa joy topgunimcha, haligi.. ikki-uch kuncha narsalarim siznikida tursa maylimi? Rahmat, do‘stim, rahmat. Nima, o‘zingiz moshinada kelasizmi? Ovora qilar ekanman-da, – deb manzilini shosha-pisha tushuntirdi.
Do‘stini kutib olish uchun ko‘cha boshiga chiqmoqchi bo‘lib o‘girilganida oyog‘i qattiq narsaga qoqilib ketdi. Qarasa, beshik. Ibrat qizini ko‘rganday quvonib ketdi. Xadichani shu beshikda ulg‘aygan damlari kino tasmasiday ko‘z oldidan o‘ta boshladi. Cho‘kkalab olib beshikni siladi. Unda hali ham qizining yig‘ilari, kulgulari yotardi. Gulyuz bilan tunlari navbatma-navbat tebratganlari, bog‘lab qo‘yilganda Xadichaning o‘zi iplarini yechib, beshikdan osilib tushganlari, unda yotib munchoqday ko‘zlari bilan atrofni hayratla kuzatganlari, dadasiga g‘udranib allanimalar aytib berganlarini eslab kuldi. Anchadan beri xumori tutayotgan iforni qidirib, burnini beshikning to‘shagiga yaqinlashtirdi. Havo yetmayotganday entikib-entikib nafas oldi. Boshini qo‘ygancha qizini ko‘rish uchun ko‘zlarini yumdi. Shu payt telefonidan xasta musiqa ovozi yangradi. Tanish raqamlarni ko‘rib quvonib ketdi. Hozir qizining “Dado‘-o‘-v”sini eshitadiyu vujudini yoqayotgan sog‘inch olovini bir oz pasaytirgandek bo‘ladi.
-Allo, allo… puf-puf. Gapiringlar…onajon, sizmisiz?
-Bolam, bolajo-o-onim… qizalog‘ingni berib qo‘ydik…
Ibratning tili aylanmay qoldi, sezimlari uni tark etdi. Yerga yuztuban yiqildi. Zulmat ichra sanoqsiz yulduzlar atrofini o‘rab oldi. Ular sekin-asta yig‘ilib qizining chehrasiga aylandi. Qizi “Dado‘v” deb qo‘llarini cho‘zgancha qiqirlab kulardi. Birdaniga ko‘zlaridan yosh chiqib ketgudek darajada yo‘tala boshladi. Shu zahoti yulduzlar yana sochilib, qizi ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bu manzarani ko‘rgandek osmon, shamol, oy, daraxtlar – bari-barchasi yig‘ladi. Ruhi iztirobga chidolmay tanani tark etmoqchi bo‘ldiyu otani bu ahvolda tashlab ketishga ko‘zi qiymadi. Bir muddat o‘zini bilmay yotdi. Hushiga kelgach, birdaniga “yo‘q, yo‘q” deb qichqirgancha atrofidagi narsalarni uloqtira boshladi, yerning bag‘riga mushtladi. Sapchib o‘rnidan turdi-da u yoq, bu yoqda yotgan toshlarni olib, osmonga qarata ota boshladi: “Nega? Nega? Javob ber, nimaga u? Kuching shu kichkinagina qizchaga, mening xasta qizalog‘imga yetdimi? Jon kerak ekan, menikini olmaysanmi? Mana senga, mana. Xudo bo‘lsang, shunchalik qudratli bo‘lsang, ko‘rin ko‘zimga! Javob ber! Senda yurak, vijdon bormi?! Mana senga, mana, mana!” toshlari tugagach beshikning oldiga yugurib bordi va qattiq-qattiq tebrata boshladi:
-Alla, qizim, allayo. Uyg‘on, qizim, allayo. Jonim qizim, allayo. Yolvoraman, qaytgin qizim, allayo, – deb beshikni quchoqlagancha o‘kirib-o‘kirib uzoq yig‘ladi.
Majol uni tark etgan bo‘lsa-da tashqariga chiqmagan faryodlariga suyanib o‘rnidan turdi, yuzini yomg‘irga tutdi. Xudoni qidirdi. Topolmagach, ko‘cha muyulishidagi mayxonaga qarab yo‘l oldi. Bor puliga to‘yib-to‘yib ichdi. So‘ng ixtiyorini oyoqlari izmiga tashladi. Osmonga qarab hayqirdi:
-Ko‘rdingmi, men ichdim. Endi sendan qo‘rqmayman! Sen hech kim emassan menga! Eshityapsanmi?
Ibrat gandiraklagancha unga hayrat bilan boqib turgan yo‘lni bosib-bosib yurdi. To‘satdan to‘xtadi-da, qo‘llarini qovushtirib tizzaladi. Jiqqa yoshga to‘lgan ko‘zlarini yana osmonga qadadi va yig‘i aralash iltijo qildi:
-Jon Xudojon! Ey, parvardigorim! Yolvoraman, malikamni qaytarib ber… Kechir meni. Tavbamni qabul qil! Nima so‘rasang beraman, nima qil desang qilaman. Boshqa ichmayman. O‘zing rahmdilsan, qudratlisan. O‘tinaman, faqat qizalog‘imni qaytar menga… Mana qara, meni yuragim kattaroq, dukkilashini eshityapsanmi? Xudojon, xo‘p de, qizimning yuragi o‘rniga olaqol!..
Sado bo‘lmadi. Oyoqlari o‘rnidan turg‘azib yana qayergadir olib keta boshladi. Mana, nihoyat ular to‘xtadi. Anduhdan xam bo‘lib qolgan boshini arang ko‘tardi. Ro‘parasida bobosi – Amir Temur turardi.
-Bo-bo! – chinqirib o‘zini haykal tomon otdi. Tirmashib-tirmashib, osilib-osilib bazo‘r otning ustiga chiqdi. Amir Temurning belidan ushlagancha oyoqlarini silkitib hayqira boshladi, – Haydang, bobo! Ketdik bu dunyosidan! Otga qamchi uring, bobo! Bu shavfqatsiz dunyoning ustidan bosib-bosib o‘ting, bobo! Yanchib-yanchib o‘ting, bobo! Qizimning oldiga tezroq boraylik, bobo! U qorong‘ulikdan qo‘rqadi. Hayyu-huyt! Qani, ketdik, shamolday uchaylik bobo!..
Ko‘zini ochganida o‘zini mahkamada, qo‘llariga kishan solingan holda ko‘rdi. Biqini og‘riqdan ingrar, yuzi ko‘karganini yashirishga harakat qilar, qo‘llarining shilingan joylari zirqirar, boshi mix qoqishayotganday azoblanardi.
-Ha, chavandoz, o‘zingga keldingmi? Eplasang ich-da, so‘tak! Xullas, jamoat tinchini buzganing uchun ma’muriy javobgarlikka tortilasan. Mana telefon, u-bu yaqiningga xabar berishing mumkin, – dedi yashil formadagi kishi ko‘zlarini olaytirib. Telefonni ko‘rib onasining kechagi qo‘ng‘irog‘i yodiga tushdi. Birdaniga qichqira ketdi:
-Qo‘yib yuboring, meni tezda qo‘yib yuboring. Qizim, qizalog‘imni so‘nggi yo‘lga kuzatishim kerak. U meni kutyapti. Iltimos. Albatta qaytib kelaman, keyin nima qilsangiz qiling.
-Ko‘p valdirama. Senga o‘xshagan piyonistalar qizi uyoqda tursin, onasini ham sotishga tayyor.
-Hozir-hozir. Mana, hozir qo‘ng‘iroq qilaman, – deb raqamlarni aylantirdi. Butun vujudi quloqqa aylanib javob kuta boshladi. – Alo, alo… Xurrambek, men Ibratman. Hozir sizdan boshqa najotkorim yo‘q. Qanday qilib, bilmadim mahkamaga tushib qolibman. Iltimos, jon do‘stim. Meni shu yerdan olib keting. Tezda qishloqqa jo‘nashim kerak. Qizim… qizim vafot etdi, – Odam Atoning tomog‘iga bug‘doy tiqilib qolganday u ham har qancha yutinmasin iztirob tomog‘idan o‘tib ketolmadi. Boshqa gapira olmadi. Go‘shak ham, Ibrat ham joyiga qaytdi.
Ko‘p o‘tmay Xurrambek otasi bilan kirib keldi. Ichki ishlar xodimiga allanimalarni tushuntirishdi. Boya piching otib o‘tirgan xodim oldiga yugurib keldi-da, darhol kishanlarini yecha boshladi:
-Ukajon, bunchalik kamtar bo‘lmang. Ertaroq aytmaysizmi Davron akaning jiyanlariman deb. Uzr, bizdan o‘tibdi.
Xurrambek yugurib Ibratning bag‘riga otildi. Hamdardligini aytib, ta’ziya bildirdi. Salom-alik qilishgach, darrov moshinaga o‘tirishdi.
-Do‘stim… o‘zi sabr bersin. Kecha yuklaringizni olib ketdim. Sizni topolmay hayron bo‘lgandim. Xudoning ishlarini tushunishga biz bandalar ojizlik qilamiz…
Pora-pora bo‘lgan yurak nidolari bilan maraka o‘tdi. Ibrat qizi bilan birga o‘zini ham ko‘mib keldi. Endi unda faqatgina qiyofa qolgandi xolos.
Bir necha kunlar o‘tgach o‘sha ruhsiz tana yana shaharga qaytdi. Xurrambeknikidan ko‘ch-ko‘ronini olib, qadam qaytmas bo‘lib qishloqqa ketishga ahd qilgandi.
Ishxonasiga kirdi. Hamma Ibrat bilan quyuq ko‘rishar, uzundan uzoq ta’ziya bildirishardi. Xurrambek quchoq ochib kutib oldi. Hol-ahvol so‘ralgach, shosha-pisha gap boshladi:
-Do‘stim, Xudoning irodasiga ojizmiz… Sog‘ligingizni asrang. Haligi… hozir bu gapni aytishning mavridi emas. Lekin… ikki kundan beri boshliq oyog‘i kuygan tovuqday pitirlab qolgan. Hadeb sizni so‘raydi. Oldiga bir kirib chiqing, yo‘q demang.
-Ishdan boshqa olinadigan narsam qolmagan. Olsa ishimni olar. O‘zimning ham niyatim shu, – deyishi bilanoq boshliqning o‘zi kirib keldi.
-Ibratjon, bormisiz, ukaginam?, – deb Ibratni dast ko‘tarib tushirdi. – Aytgancha, hamdardman. Eshitib rosa yig‘ladim. Yangangiz ham hozirgacha yig‘lab yuribdi. Ha mayli, Xudoning ishida. Kimdir o‘ladi, kimdir qoladi. Tobingiz yo‘q ko‘rinadi? Shifoxonaga olib boraymi?
-Tezroq gapiring. Nima demoqchisiz?
“Ho, o‘dag‘aylashini qaranglar. Demak, eshitibdi-da ”, boshliq ichidan zil ketdi.
-Xo‘p-xo‘p, – boshliqning ovozi yanayam mayin tortdi, – Xo‘-o‘-sh, Ibratjon, sizning ilmiy ishingizni, maqolalaringizni Xurrambek bildirmay internetga tashlab yurgan ekan. Tepadagilarning nazari tushib, sizning yondashuvingiz ma’qul bo‘libdi. Kechagi majlisda mendan sizni obdon surishtirishdi. Og‘zim charchaguncha sizni maqtadim. Xullas, yaqinda bo‘shagan vazir o‘rinbosari lavozimiga sizni tayinlashmoqchi. Boshingizga humo qushi qo‘ndi, Ibratjon. Chin dildan tabriklayman! Endi sizning soyayi davlatingizda yuramiz-da. Har zamonda qo‘llab tursangiz bo‘ldi. Ularga shaharga qaytganingizni aytgandim. Ertaga qabul belgilashdi. Haligi kostyum-shim, galstuk deganday… Maoshingiz ham ancha yuqori bo‘ladi. Darvoqe, mana bu so‘raganizning ikki baravari. Kerak bo‘lib qolar, – deb uch bog‘lam pulni Ibratning qo‘liga tutqazdi. U pullarga tikildi. Ichida olov qaynadi, alam qaynadi. Ko‘zlarida yosh qaynadi. Ichki bir nido “Qizimning qotili shular”, deb hayqirdi va pullarni bor kuchi bilan uloqtirib yubordi. Xonadan chiqib zinalardan uchib tushayotganida telefonidan o‘sha xasta ohang taraldi… O‘sha mash’um xabarni yetkazgan o‘sha raqamlar.
-Allo, bolam, tuzukmisan? Joning sog‘ bo‘lsin, o‘g‘lim. Bir xabarni aytay degandim. Yana ota bo‘lar ekansan, bolam. Kelinimizning uch oylik homilasi bor ekan. Olguvchi ham, berguvchi ham o‘zi. Bardam bo‘l, o‘g‘lim…
Ibrat qanday qilib bobosining ro‘parasiga kelib qolganini bilmay qoldi. Amir Temurning ko‘zlariga tikilgancha hayqirdi:
-Bobo! U so‘zining ustidan chiqdi. Malikam qaytib kelyapti!.. U qaytyapti.
Ona shamol cho‘kkalagan ko‘yi yelkalari silkina-silkina yig‘layotgan yigitni boshlaridan silab ovuta boshladi.