Mariya Makayya. She’rlar

0
648

Mariya Makayya — Kosta-Rikalik shoira.  Angliyadagi Oksford universitetining adabiyot yo‘nalishi magistri. AQSHning Vermont shtatidagi Middlbari kollejida adabiyot bo‘yicha ilmiy darajaga ega bo‘lgan. Birinchi she’riy kitobi «Harakatsiz shamol» Kosta-Rika universiteti tahririyatining 2019 yilgi she’rlar tanlovida hakamlar hay’ati tomonidan ma’qullangan va 2020 yil nashr etilgan.

Otamning o‘limi

(My father’s death)

Umr- hikoyadir, o‘lim-gapning tugashi

Hayotda bo‘ynimga tushgan gunoxlarimning

Eng kattasidir bu misralarni yozishim

Meni kechir, ma’zur tutgin, yolvorgum senga  

Kechira olmasang esa juda kech bo‘lar…

…Otam boshqalardek omonatini topshirdi

Gospital karavotida. Jannat terida

Cho‘mildi qushniki kabi dumaloq boshi

Nafasi titratdi tanasin  xuddi shamol

Qup-quruq xazonni ko‘kka ko‘targaniday…

Eh, qanchadan qancha  o‘tli, otashin kuzni

Birga o‘tkazgandik  Vermont shtatida bizlar

Yarim tunda ertaknamo shaharlar aro

Qizil Ferrarida muzdek havoni kesib.

Otam hayqirgandi qo‘llarini oynadan

Chiqargancha yelda barmoqlarin o‘ynatib:

-Gapning dangali shu: qanday go‘zal-a hayot?!

Umidim bor shunday qolishiga toabad!

Ro‘yo edimi bu?.. Oqshom cho‘kkandi… Xona

Derazalari berk holda sarg‘ish yog‘duni

Sovutqich shovqinin, tibbiy jihozlarning

Qizil hamda yashil ranglarini, zontlarni

Asrardi astoydil go‘yo liana misol.

Nafasi uzoqdagi go‘dak yig‘isiga

O‘xshardi… umrining oxirgi onlarini

Chirmardi umidsizlikka (viqorli jahl).

Ammo ular boshning har bir qimirlashida

 Quvilgancha yomg‘ir tomchilari singari

Singib ketardilar sahna tumaniga

Katta narsaning bir qismiga aylanishib

Yengil tin olardilar tepalik ortida

Izg‘irin kunlarda quyosh botishi yanglig‘.

Oxirgi fosforli tomchi umidsiz holda

 Sirg‘alib tushdi tog‘ qoyalari bag‘ridan

Bu aks etdi uning qip-qizil nuqta sari

Tikilgan ko‘zlarining qorachiqlarida:   

— Men bir tilak so‘radim, suyukligim, qaragin

Mana o‘sha tilak… Qanday go‘zal quyosh botishi!

Va u  qisib qo‘ydi  qo‘limni… Uning qo‘li

Choyshabning ustida harakatsiz yotardi

Qo‘rqinchli barmoqlar solib yurakka hadik.

Meni tutgan qo‘llar tug‘ilganimdan buyon

Ular tutishmaydi endi hech qachon qayta

Bu oniy lahza o‘ldirardi meni ham

(Mushkul tasvirlash uning zafarin hozir)

Bunga yo‘l qo‘ysam kechirmasdim o‘zimni

Munosib bo‘lmasdim otam xotirasiga.

Sog‘ayishimga shu so‘zlar yetarli bo‘ldi

Va otdi subhidam…

Marvarid

(The pearl)

Seni asragandim xuddi marvariddek

Oh, tanamdagi eng qimmatbaho og‘riq

Bu sodir bo‘lmasdi to‘kib tashlamasam

Qo‘rg‘oshin bo‘lagi kabi ko‘z yoshlarni.

Bo‘lganimda seni ko‘rishga muyassar

So‘nggi marta telba olomon ichida

Davlat kasalxonasi yo‘lagidagi

Zambilda…Tush edi, tush edi, tush edi.

Xonadoningdasan go‘yoki haliyam

Mehmonxonadagi divandan shaharni

Tomosha qilyapsan yopiq derazadan…

Senga g‘amxo‘r bo‘lgum irkit xazinadek

Marvarid qatlami bilan himoyalangan

Xuddi bizlar birgadek dunyoda hamon

Kulgu nafasimda  betashvish jonlanar.

Kerak edi bezovta qilmasligim seni

Ham qilmasligim o‘liming muhokamasin

Sen tish orasiga qadalgan urug‘san

Yaxlit so‘z yo mutlaq haqiqatdan yiroq

Isming-chi samodan qulab tushgan uchoq

(O‘zimga ilindim buni qanday, yo Rab).

Tez zada bo‘laman qamrasa jazava

Boisi sen yo‘qsan bor bo‘lib nogahon

Tug‘dirasan menga dahmaza lahzalar

Qo‘lim yetmas senga mayl bildirgan onim

Tuyulgum ahmoqdek gar izsiz seni

Yo‘qotsam labirintim burchaklarida. 

Yuzim jimirlaydi, yuqqan infeksiya

Sen ishga tashnasan pana yeringda ham

Meni ohista yeb bitirasan senga

Ra’yim yo‘qligi uchun, zolim chuvalchang.

Bu razil dunyoda yurdim shu taxlit

Oylar mobaynida ko‘rinib go‘ldek

Bor narsani mechkaydek qilib tanovul

Va har safar bo‘m-bo‘sh  qolib… qolaverib.

Ingliz tilidan Sherzod  Ortiqov tarjimasi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting