Mirzohid Muzaffar. She’rlar

0
610

Yo‘q,
yuragimning duk-duki emas,
sen aytyotgan kuchli urishi —
Ular — senli tuyg‘ularimning
Yuguryotgan qadam tovushi.
Sen o‘ylama,
his ham qilmagin,
faqat yashab turgin bul lahza
va sog‘inchim gullagan sayin
uni hidla…
bunda hech narsa
sen o‘ylaganchalik emasdir,
Yer — aslida yonayotgan she’r,
Osmon — mening ko‘zimda asir.
His qilganing muhabbat hammas,
nafratdir u,
qaydan bilasan?
Nom hech neni bildirmas aslo,
bari nisbiy,
bari qiyosan…
…shunday qilib,
anglagil buni,
xushyorlik bu —ishqning mastligi.
Balki endi anglagandirsan,
ko‘ksimdagi yurakmasligin…

***

Mayli,
ne qilsang qil,
rozidirman men,
roziman, olovga tashla loshimni.
Jazola,
aybliman qoshingda albat,
soching kabi qora kun sol boshimga.
Roziman,
azoblab rohatlan meni,
jonim og‘riqlarning vatani bo‘lsin.
Qiynagin jimgina,
ko‘zimga qarab,
iltijo qilmiram shafqat deb, shafqat…
Aylagil umrimni beburd va harob,
qayg‘ular bag‘ishla ko‘ngilga…
faqat
meni qiynayotgan vaqtingda ey yor —
ko‘zim tegrasini aylabon benur,
dardlarga mubtalo etganda ming bor,
meni sevib turgin,
meni sevib tur…

***

Tunlarni
tunlarga uladim betin,
tunlarni
tutamlab titradi tanim.
Ayni dam…
hayotga og‘ir botadi
mening
er ustida
yashayotganim.
Garchi bu umrimning lahzalaridan
dildagi orzular serobroq erur
va yaxshi kunlarning umidi ila
ko‘ksimdagi shamlar taratadi nur.
Turasan jonimga ko‘zingni tikib,
yoding yodim ichra izg‘ir beqo‘nim.
Ey
ruhimga qo‘rquv niholin ekib
o‘zi qurityotgan telbavash o‘lim.
Qachongacha yo‘lim to‘smoqchisan, ayt,
kelyapman, deb aldab qo‘yasan tokay?
Sen bilan erkakcha hisoblashaman,
faqat…
shu she’rimni tugatib olay…

faqat shu she’rimni tugatib olay…

***

Ey dil,
xabarim bor zabun holingdan,
seni qiynayotir og‘riqsiz og‘riq.
Men ketib boraman Haq xayoli-la
mangulik yo‘lida…
qo‘llarim bog‘liq —
sajdalar qilaman Arshga yukunib.
Sen esa dardsizsan,
nega —
ne uchun?
Ketaman osmonga besas to‘kilib —
ruhimda unadi iforiy junun.
Yo Haq,
shakkok tutma sendan Dard so‘rsam,
qizg‘onma Iztirob to‘la ziyoni.
Ko‘nglimga yoding-la tushgan bir qatra
qayg‘uga almashgum ikki dunyomni.
Dardsirab daydiyman o‘zimda o‘zim,
siyratim sog‘inchdan kiymishdir rido.
Ochiq ekanida bu tashna ko‘zim
jannatiy bir g‘ussa nisor et, Xudo!
Manglayim tufrog‘-la aylaydi suhbat,
sukunat sirimni ochadi — hadsiz.
Yashamoq mumkinmi axir, O‘zing ayt —
bu ulkan ko‘ngilda ilohiy dardsiz…

***

Ko‘zingdagi yoshda she’r eriyotir —
misra tomar ruhim hilvatlariga.
Dard tajassum etar ko‘zingdan oqqan
yoshning bir lahzalik jilvalarida.
Sen…
bir lahzaga to‘xtab qolar vaqt.
Rohila ishq chulg‘ar qalbimning tuyg‘u
qadami yetmagan yerigacha…
va
siyratimga singiy boshlar shaffof bir qayg‘u.
Shu payt…
men sahro,
sen yomg‘ir bo‘lasan, gulim,
har bitta qatrangdan yashnay boshlayman.
Sochimdan to tirnoqqacha jununga to‘lib,
seni sevgan ondan yashay boshlayman…

***

Erk yodi singari xaroba vujud
yaqinlashib so‘rar mendan –
lahaddan:
Ayt, sening ham ketging keladimi hech,
bu Ketmoq istagi nomli shahardan?
Sharpalar sukutin yelkalab borgum,
izlarim mavhumdir – yitgan, to‘zg‘igan.
Ruhimni chorlaysan,
men esa bu dam
bir poklik izlayman hirschil ko‘zingdan.
Bir poklik izlayman,
bari noravo,
bilasan, azaldan qulga xosdirman.
Ishon, lek shubhalan,
bil, lek bildirma –
azobi yolg‘onu ohi rostdirman.
Har tomchida o‘zin fosh qilgan dengiz
va ko‘rmoq istagan o‘z ko‘zin rangin…
Men shunday muztarib,
sen shunday zarif
hilvatda olingan bo‘salar yanglig‘…
Boshim urib bordim Gunoh poyiga,
qarg‘ishlar umrimni otdi komidan.
Vale meni topding,
ishqing – intiqom,
osmoniy talvasa izdihomidan.
Qasamlar ichasan Havvo nomi-la,
ay, mening xayolim Odamda kezar.
Og‘u tutqazasan jonning jomida,
ichaman,o‘lmasman, dilni shu ezar.
Sezurman,
Isrofil suri zanglamish,
yo‘qsa men borman-ku,
qani Qiyomat?
Ket endi,
kelmog‘ing kutilgan baxtdir
va lekin ketmog‘ing – eng ulug‘ omad.

Sharpalar sukutin yelkalab borgum…

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting