(hikoya)
Qahvaga yetarlicha shakar solinmabdi. Uni shakari oz miqdorda, achchiqroq qilib ichishga azaldan ko‘nikmaganim bois bu menga yoqmadi. Bir pasda norozilik ifodasi sifatida peshonamni tirishtirdim, qovoqlarim solindi. Ofitsiantni imlab oldimga chaqirib, qaytadan bir finjon qahvaga buyurtma berdim.
-Shakari ko‘proq bo‘lsin bu safar,- dedim unga yo‘g‘on ovozda o‘zimcha tanbeh bergandek.
Oradan bir necha daqiqa o‘tib, u imillab keldi-da, uzr so‘ragancha stolim ustidagi qahvani yangilab ketdi. Bu gal totli qahvadan ho‘plab, nihoyat ko‘nglim joyiga tushdi. Kayfiyatim ko‘tarilib, yuzimga qon yugurdi. Almisoqdan qolgan qo‘l soatimga, g‘ala-g‘ovurli bozorga taqlid qilishni boshlagan kafe ichiga va deraza orqali yomg‘irga bo‘kkan ko‘cha manzarasiga ichki qoniqish bilan nigoh tashladim. Na ichkaridagi g‘ala-g‘ovur, na tashqarida chelaklab quyishda davom etayotgan kuz yomg‘irining shashti kayfiyatimga mone’lik qiloldi.
Narxi ommabop bo‘lgan, ko‘rimsiz kafe derazasi ortida qaynayotgan va shovqindan boshi chiqmayotgan ko‘chaga yotqizilgan asfaltga xuddi qal’ani qamal qilishga otlangan qo‘shindek samodan yomg‘ir tomchilarining yopirilib kelib urilib, mayda-mayda bo‘laklarga bo‘linib ketishini qiziqish aralash uzoq kuzatdim. Ko‘cha o‘rtasida, oxirida, hatto muyulishida bir xil vaziyat hukmron edi. Go‘yo dasturlangandek taassurot uyg‘otadigan turli o‘lcham, rang va ko‘rinishdagi odamlar boshlarini qo‘llari yordamida pana qilishib yoki boshlari uzra soyabon ko‘tarishib, o‘nlab rusumdagi mashinalar esa to‘xtovsiz signal chalib yoki motori g‘uvillab xuddi biror narsadan quruq qolgandek, shoshilgancha birin-ketin ko‘z oldimda u yoqdan bu yoqqa lip-lip o‘tishar, saflarini go‘yo oxiri yo‘qdek tuyular, qo‘yib bersa shu yerda ularni bir umr kuzatib o‘tirsam ham harakatlarida turg‘unlik ro‘y bermaydiganga o‘xshardi.
Shu-shu kafeda ancha qolib ketdim. Yaratganning rahmati va barakoti sifatida doim qarshi olinadigan yomg‘ir hadeganda tinavermadi. Boya uning muvaqqat vajohatiga ro‘para bo‘lib, shalabbo ahvolda shamollash xayolidan cho‘chib bu yerga jon saqlash uchun o‘zimni urgandim. Ichkarida baayni men kabi yomg‘irga allergiyasi bor xo‘randalar uning tinib qolishini tishlarini tishlariga qo‘yib kutib o‘tirishardi. Ko‘p o‘tmay shiftiga eski qandillar osilgan zalda bo‘sh stol deyarli qolmadi. Qisqa fursat davomida ko‘chadan yopirilib kirgan yoshu-qari birdek ularni egalladi. Kafedagi xo‘randalar yangilariga almashmas, ular biri mudrab, boshqasi o‘zaro gap sotib, orada oldilaridagi ichimliklardan ho‘plab yoki yeguliklardan tamaddi qilib qimmatli vaqtlarini o‘tkazishar va orada yomg‘ir tingan-tinmaganini aniqlash uchun deraza tomonga qarab qo‘yishar, hatto ba’zilari erinmasdan uning oldiga kelib ketishardi.
Qahvamni ichib tugatganimda, nogahon bir keksa ayol eshik oldida gandiraklab paydo bo‘ldi. Ostonada atrofga parishon alpozda bir qur alangladi, nazarimda band qilingan stollarni birma-bir ko‘zdan kechirdi. Endi tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan odamdek ortiga o‘girilib chiqib ketay deb turganda ilkis menga ko‘zi tushdi. Qarshimdagi stul bo‘sh turganini payqagach, mayda qadam tashlagancha men tomon yurdi. Qarshimga kelib to‘xtadi. U oltmish yoshlardagi, sochlari oqargan, ko‘zlari kirtaygan, yuzi son-sanoqsiz ajinlardan tirishib-burishib ketgan, lekin istarali ayol edi. Usti-boshi ham rosa uringan, xaroba ko‘rinishi uzoqdan uncha ko‘zga tashlanmasa-da, yaqin masofadan azbaroyi yaqqol bilinardi.
-Professor, qahva ichyapsizmi?- dedi u tomdan tarasha tushgandek qilib va izn so‘rab o‘tirmay ro‘paramdagi stulga cho‘kdi.
Menimcha, yoshim bir joyga borib qolgani, oqargan sochlarim, ustiga ustak ko‘zoynak taqib olganim va bo‘ynimdagi chiroyli, qizil hoshiyali bo‘yinbog‘ sabab u shunday xulosaga kelgandi. Balki, shunchaki taxmin qilgandir. Nima bo‘lgan taqdirda ham “u professor ekanimni qayerdan bildi”, degan savolni hayajonlanib yoki bu bir buyuk kashfiyotdek o‘zimga o‘zim bermadim. Buni tasodif va yuqoridagi ichki mantikka yo‘ydim.
-Ichib bo‘ldim,- dedim uni xushlamaygina.
U baribir meni hayratda qoldira oldi. Bir harakat bilan oldimdagi finjonni yulqib oldi-da, xira ko‘zlarini unga yaqin olib borib, ichiga obdon nazar soldi.
-Qahva yuqisiga qarab fol ochsa bo‘ladi,- dedi u bir kutilmagan qo‘polligi bois hayratdan yoqamni ushlab o‘tirgan menga , bir yana finjon ichiga tikilib.- Bu meni qo‘limdan keladi. Yoshlik paytimda bir yahudiy ayoldan o‘rganganman. Shu-shu qariiyb qirq yildan beri ehtiyoj tug‘ilsa fol ochaman. Xizmatim uchun ko‘p so‘ramayman. Arzimagan choy-chaqa yetadi.
-Shartmas,- dedim uning taklifidan ensam qotib, boshimni beixtiyor chayqarkanman.- Men folga umuman ishonmayman.
-Qo‘rqoq odamlar ishonishmaydi,- u nogoh miyig‘ida kulib qo‘ydi.- Ular bu qo‘rqoqliklarini mo‘rt e’tiqodlari bilan andavalashadi.
-Shu yerda tashhis qo‘yishda adashdingiz,- dedim undan norozilik ifodasi zohir bo‘lgan ko‘zlarimni olib qochib, vazmin tarzda yomg‘irni kuzatishda davom etarkanman- Men g‘irt ateistman.
U mazkur sovuq iqrorimdan o‘zini noqulay his qilmadi. Aksincha, sir boy bermay, misoli mikroskop orqali ko‘rayotgandek bir ko‘zi yumuq, ikkinchisi ochiq holda finjon tubini tekshirishini qo‘ymadi.
-Ateistlar ham ba’zida folga ishonib turishlari zarar qilmaydi,-dedi orada ming‘irlab.
-Siz bilan bahslashish niyatim yo‘q,- unga bosiqlik bilan hujumga o‘tdim.
-Siz tez orada yaqin insoningizdan ayrilasiz,- dedi u finjondan ko‘zini olib, menga achinish aralash boqarkan.- O‘zingizdan ancha yosh inson haqda ketyapti bu yerda gap. Uzr, ko‘rganimni aytyapman. Qahva yuqisi shuni bashorat qilyapti.
Men shunda o‘zimni tutolmay bexos kulib yubordim. Istehzo bilan boshimni qimirlatib kuldim. Endi u hayrat bilan menga boqdi.
-Adashdingiz,-dedim unga nihoyat kulishdan to‘xtab o‘zimni qo‘lga olarkanman.- Roppa-rosa bir yilga. Men yaqin insonimni allaqachon yo‘qotib bo‘lganman.
U finjonni qo‘lidan qo‘ymay o‘tirar, chamasi unga qarab fol ochishni davom ettirish-ettirmaslik xususida bosh qotirardi. Men negadir mana shu arzon kafeda, shu o‘zim kabi keksa va mushtipar, ehtimol muhtojlik sabab kalta mulohazalari bilan o‘zini kulguli ahvolga solayotganini xayoliga ham keltirmayotgan ayolga anchadan beri yuragimni qiynab, og‘riq bergan va uyqusizlikka giriftor qilgan azoblarimni so‘zlab bergim, u bilan ichimni tirnab kelayotgan dardimni bo‘lishgim keldi. Gohida shunday bo‘ladi: g‘irt begonaga yuragimizni to‘kib solish istagi qarshisida ojiz qolamiz.
-Uning ismi Nuriddin,-dedim stul chetiga qo‘llarimni tirab olib.- Mening o‘g‘lim.
-Lekin, o‘g‘lingiz tirik,-dedi ayol finjon ichiga yana bir marta nazar tashlab olgach.
-To‘g‘ri, tirik,-dedim unga va yarim chin, yarim hazil ohangda cho‘ntagimdan qo‘l telefonimni chiqarib ko‘rsatdim.-Faqat bir yildan beri u shu qurib ketgur telefon ichida. Hayotda emas.
Ayol hech nimaga tushunmay angrayib qoldi. Buni ko‘rib telefonimni titkilab, kerakli narsani topgach, uni ayolga yaqin yerga surdim.
-Mana hozir ekranda o‘g‘lim ko‘rinadi. Ana ko‘rindi. Menga o‘xshaydi-a? O‘xshaydi. G‘irt ota o‘g‘il. Yuz-ko‘zi ko‘proq o‘xshaydi. Fe’l-atvoridan ko‘ra. U ajoyib loyihachi, poytaxtda, kattakon tashkilotda ish yuritadi.
Telefon ekranida o‘g‘lim ko‘rinib, u shosha-pisha gapira boshladi.
-Ota, kechiring meni. Oldingizda xijolatdaman. O‘lay agar, meni ma’zur tuting. Tug‘ilgan kuningizga bora olmadim. Ishlarim ko‘payib ketdi-da. Nima qilay? Aks holda, Toshkentdan Farg‘onaga uchib borardim… Anchadan beri yangi investitsion loyiha ustida ishlayapmiz. Xorijlik investorlar bilan bir guruhda. Men o‘sha guruh yetakchisiman. Shunga desangiz, ish boshimdan oshib yotibdi. Yigirma to‘rt soat emas-u, shunga yaqin ishlayapman kunda. Hatto, bosh qashlagani vaqt yo‘q. Dam olish kuni ham apil-tapil bo‘lib o‘tib ketyapti. Nasib qilsa sizni ko‘rgani Yangi yil arafasida keliningiz va nabiralaringizni olib boraman.
Men ko‘rsatkich barmog‘imni ekranga ohista tegizib, telefon ichidagi ketma-ket joylashtirilgan video papkalarning ikkinchisini ochdim.
-Yana bir marta uzr, ota. Yangi yilni ham siz bilan kuta olmadim. Ochig‘i, afsusdaman. Garchi sizni sog‘ingan bo‘lsam-da, vaqt masalasida bu gal ham ojiz qoldim va ilojim bo‘lmadi. Nasib bo‘lsa Navro‘z bayramida sizni ko‘rgani albatta boraman Doimgidek keliningiz va nabiralaringizni olib. O‘zingizni ehtiyot qiling. Sovuq tushib qoldi. Kuzakning salqinida shamollash hech gapmas.
Uchinchi video joylashgan papkani ochganimda o‘g‘lim bu safar bahorgi kiyimda telefon ekranida gavdalandi.
-Qo‘qqisdan malaka oshirish uchun Moskvaga ketadigan bo‘lib qoldim. Ikki haftaga. Navro‘z bayramida oldingizga boraman deb bergan va’dam ustidan chiqa olmadim. Kechiring meni. Yozda qanday bo‘lmasin mehnat ta’tiliga chiqaman va kechiktirmay Farg‘onaga boraman. Diydorlashamiz nasib bo‘lsa. Keliningiz va nabiralaringiz ham sizni sog‘inishgan.
Shundan so‘ng telefonni o‘chirdim. Uni stol chetiga ohista qo‘ydim.
-Yozda keldi deb o‘ylaysizmi?- dedim ayolga sinchkovlik bilan ko‘z tashlab.
-Menimcha, yo‘q,-dedi u za’faron yuzi xomush tortarkan boshini chayqab.
Men “to‘g‘ri” degandek bosh irg‘ab tasdiqladim. Keyin oraga sukunat oraladi. U ham, men ham o‘z xayollarimiz bilan bo‘lib, bir-birimizni unutdik. Men qo‘l telefonimdan ko‘zimni olmay o‘tirdim. Shunda telefonni kim ixtiro qilganini xotirladim. Aleksandr Bell, deb o‘yladim bir zumda ixtirochini topib. U o‘z vaqtida telefonni ixtiro qilib, insoniyatning mushkulini osonlashtirgan va taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgandi. Ammo vaqti kelib, uning kashfiyoti ota-onalarni bolalaridan ayirishini hech kim, balki uning o‘zi ham taxmin qilmagan bo‘lsa kerak. Shunga qaramay biz yashayotgan asrda barcha narsa bo‘lishi va ro‘y berishi mumkinligini inobatga olsak, o‘g‘limni hayotdan telefon ichiga ko‘chgani tabiiy holdek qabul qilinadi. Yigirmanchi asr odami bo‘lgan mendek qariyani bunga ko‘nikishi xiyol qiyin kechayotgani hech kimga qiziq emas, istehzoga qorishgan isyoni esa qaysarlik va mijg‘ovlik sifatida baholanadi.
O‘zimga kelgach, qarshimdagi ayolga diqqatimni qaratdim. U hamon o‘z xayollari puchmoqlarida sarson, hatto qimr etmasdi. Bunday keksa ayollar shaharning mashriq tomonidan tortib mag‘ribigacha har qadamda uchraydi. Ular arzimas miqdordagi nafaqalarini o‘n to‘rt kunda ishlatib bo‘lishadi. Keyin amallab kun kechirish uchun eski kitoblar oldi-sotdisi bilan yoki ko‘cha-ko‘yda fol ochib, choy-chaqa ishlab topishadi va navbatdagi nafaqa kunigacha ochlikdan o‘lib ketmay, bazo‘r yetib olishadi. Shularni xayolimdan o‘tkazib va yuz-ko‘ziga yana bir bor tikilib, unga daf’atan rahmim keldi va ofitsiantni chaqirib, ayol uchun bir finjon issiq qahva bilan shirin kulchalarga buyurtma berdim.
-Axir, men sizga hech qanday xizmat ko‘rsatmadim bunga arzirlik,- dedi ayol ikki yuzi qizarib darhol e’tiroz bildirarkan.
-Ko‘rinib turibdi,-dedim uni nigohim bilan tinchlantirib.-Sizni ham yo o‘g‘lingiz, yo qizingiz telefon ichiga tushib qolgan.
O‘rnimdan turib, kafeni tark etayotganimda ayol meni esidan chiqargancha ofitsiant olib kelgan issiq qahvadan yutoqib ho‘plab, shirin kulchalarni tanovul qilishni boshlab yuborgandi. Sho‘rlikning qorni rosayam och edi. Hatto, bo‘yniga dastro‘mol tutib olishni ham yodidan chiqargan, shu tufayli qo‘lidan qo‘ymay ichayotganida qahva ustiga to‘kilar va plashchiga dog‘ bo‘lib o‘rnashib qolardi.
Tashqarida esa yomg‘ir hamon tinmagan, chelaklab quyishda davom etardi. Unga allergiyam borligi tufayli kafedan chiqqach, bir muddat eshik oldida qaqqayib turib qoldim. Ichkariga qaytib kirib ketgim va nima qilib bo‘lsa-da, uning tinishini xuddi boshqalardek sabr bilan kutib o‘tirgim keldim. Ammo, sustlashgan xotiram birdan ishlab ketib darrov fikrimdan qaytdim. Hali zamon telefon ekranida o‘g‘lim yana ko‘rinish berishi va meni tabriklashi yashin tezligida miyamga urdi. Chunki bugun mening bayramim- o‘qituvchilar kuni edi.
-Yashasin, yigirma birinchi asr!- dedim soyabonni boshim uzra baland ko‘tarib, trotuar bo‘ylab ketarkanman.- Toshkentdan Farg‘onagacha uch yuz ellik kilometr-u, biroq masofa haliyam olis.
2021 yil, sentyabr
Sherzod Ortiqov