1954 yil 15 yanvarda Targu-Mureu (Transilvaniya) shahrida tug‘ilgan. Buxarestda kutubxonashunoslik va badiiy tarjima yo‘nalishida tahsil olgan. 1994 yilda «AB-ART» nashriyotiga (Bratislava) asos soladi va shundan beri ana shu nashriyotda direktor sifatida faoliyat yuritadi. Vengriya Yozuvchilar uyushmasi, Yevropa Fanlar Akademiyasi, San’at va Xatlar Akademiyasining a’zosi. Parij – Eminesku Akademiyasi, Ruminiya Yozuvchilar uyushmasi, Vengriya PEN-klubi, Slovakiya Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar, San’at va Xatlar Akademiyasi faxriy a’zosi. O‘ndan ortiq she’riy to‘plamlar muallifi va yigirmadan ortiq she’riy va badiiy kitoblarning tarjimoni sifatida Attila F. Balaz ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
Xotira
(memento)
Charchagan tana,
otashda qurigan
qotil erkalashlar…
kaftimizdagi chiziqlarda esa —
ayriliq shaklining quyuq izlari…
Go‘zallik ovi
(The hunt for beauty)
Vaqt osilib turadi – muallaq!
Soatlar egilgan qo‘l bilan.
Kalit-la panjara to‘sar bir odam
U nurdan chiziqlar kesadi…
bo‘shliqdan go‘zallik sizib chiqadi
va tasvir birlashadi
nigohda.
Villonning bo‘yinbog‘i
(Villon’s nectie)
Lablaring titraydi
o‘sha payt,
Villon yoki Attila Jozefdan
she’r o‘qishga kirishgan chog‘ing.
Ko‘zlarin termular olisga,
Go‘yo g‘azablangandek,
Yo meni unutgandek.
Rashk uyg‘onadi…
Buzilgan uyaga qaytmoqlik kutar,
haydalgan qushlar.
Qorong‘u osmonda
go‘yo projektor tasviridek
Villon arqon sozlaydi
yaralangan bo‘yni uzra…
Qora farishta
(black angel)
Kimki bo‘ron ostiga
tushib qolgan bo‘lsa biladi:
o‘zgarish qaytar eski holiga
bir vaqtning o‘zida
bir nuqtada bo‘ladi
vaziyat, holat…
Tezlikdan aylanar boshing.
Charchaysan
bedor
va agar atrofga tashlasang nazar,
o‘zingni topasan
ayni shu vaziyatdan.
Bo‘ron aylanasi shafqatsiz.
Faqat yurak
Bo‘lishga urinar boshqa ritmda.
faqat tutun ko‘tarilar tartibsiz,
faqat mo‘rt shamol uchiradi qumni
ko‘zlaringga…
Ildizlargagina emas hatto yopishgan,
Yetar jarlikdagi yorliqlarga xabarnomalar.
Telba o‘lim raqsi va soyalar
murosaga kelishar yorug‘lik ila,
yo‘lga chiqish…
yo‘llar tugashi-yu
boshlanishida…
Topishing mumkin barcha narsani –
noutbuking ekranida.
Sen topolmaydigan yagona narsa
qidiruv tugmasida.
Sen voz kechgan xayollar esa
yo‘lda…
Taqdirga tan bergansan,
qo‘l uzatasan qora farishtaga
Qo‘lindan kim ham tutar
cho‘l o‘rtasida.
Qo‘llarimni cho‘zib qolaman
(I turn sand in my fingers)
Siniq xotiralarga qorishaman…
O‘zimni tutaman deyarli farqsiz
yod etmoq ilinjida
aynan yo o‘xshash hislarni.
Barmoqlarim titraydi, boqsam.
To‘xtayman shu bois…
Tanimga ruh bermoq bo‘laman
Qum to‘latib barmoqlarimga…
Kaftimda qoladi quruq chiqindi.
So‘ng chiziq chizaman
yana qumlarga,
va yana o‘chirib tashlayman behol…
ko‘ngil siniqlarini qanday tuzatish mumkin?!
qanday tartibga solish mumkin…
tartibning o‘zida tartib bo‘lmasa.
va borliq qulasa,
teng ikkiga bo‘linib…
tartib – ko‘rinmas to‘r asli
himoyasiz.
Uni qayta yaratmoq – so‘roq ostida.
Toshga yozilgan keskir –
Mening nomimmi asli?
Nommi bu o‘zi yoki
Sen voz kecholmaydigan
keraksiz kiyim…
Toshbaqalar tuxum ochgandek shoshib-
Xavfsiz to‘lqinlarda tebranadi so‘z.
Ulkan nafs ularni yutar beayov
Biroq…
Biroq saqlab qolar ayrimlarini
Hayot-o‘lim uchqunida
uchgan go‘zallik.
Ingliz tilidan Nigora Muhammad tarjimasi
Xotira
(memento)
Charchagan tana,
otashda qurigan
qotil erkalashlar…
kaftimizdagi chiziqlarda esa —
ayriliq shaklining quyuq izlari…
yaxshi tarjima!
e’tirozim qotil erkalashlar…
erkalash qotil bo‘lmaydi — hissiyot bor so‘zni tarjimonni o‘zi topar degan umiddaman!