XAZINALI UY

0
686

hikoya

   Xadicha ishidan barvaqtroq chiqdi. Birrovga bozorga kirib, ro‘zg‘orga ul-bul xarid qildi. Uyga yetib kelishi bilan shoshib, kiyimini alishtirdi. Ildam harakatlar bilan kechki ovqatga unnab ketdi. Uning kayfiyati chog‘ edi. Oxirgi paytlarda kichik sexi ancha daromadga kirib, ishlari yurisha boshlagandi. Ayniqsa, bugun haddan ziyod katta buyurtma oldi. Shu sabab hamma ishchilariga ertaroq ruhsat berdi-da, o‘zi ham barcha ishlarini yakunlab tansiqroq taom tayyorlash maqsadida uyiga shoshildi. Oshxona devoriga ilingan radiodan yoqimli ohangda qo‘shiq yangrar, ayol o‘ziga tanish bo‘lgan joylariga qo‘shilib, xirgoya qilardi. U ko‘tarinki ruhda fayzbop dasturxon tuzashga kirishib ketdi. Bir-bir xonadon egalari tashrif buyura boshlashdi. Eng avval o‘g‘li Siroj keldi. U har gal kech keladigan onasiga hayronlik ko‘zlari bilan boqib turardi.

   — Kiyimingni alishtirib chiq. Hademay dadang bilan ukalaring ham kelib qolishadi. Keyin ovqatlanamiz,– dedi nigohini dasturxondan uzmay kamchiliklarni chamalab.

   Ostonadayoq Davronning dimog‘iga xushbo‘y hid uruldi. Ishtahasi ochilib, bir yutinib qo‘ydi. Hadicha ochiq chehra bilan erining istiqboliga oshiqdi:

   — Ovqat tayyor. Suzaveraymi, dadasi?– dedi nim tabassum hadyalab.

   — Albatta. Juda ochiqdim.

   Bog‘chadan kelgan ikki qaqajon egizaklari dadasining qo‘lidan chiqib, Xadichaning etagiga yopishishdi. Bir fursat o‘tib kechki ovqatda hamma jamuljam bo‘ldi. Har safargidek suhbat mavzusi ota-onasining ishlari ustida ketdi. Siroj kattalarning ish to‘g‘risida gaplashishlarini yoqtirmasdi. Oz bo‘lsa-da, o‘ziga e’tibor berishini istardi. U bir onasiga, bir dadasiga qaray-qaray, og‘iz juftladi:

   — Dada, nega bizning uyda xazinalar yo‘q?

   Kutilmaganda berilgan savolga  Davron uncha tushunmadi:

   — Bu nima deganing, o‘g‘lim? Hamma narsamiz bor-ku, shular bizning xazinamiz-da,– deya ayoliga zimdan qarab qo‘ydi.

   — Yo‘q, ular xazina emas. Axir, bizda Risolat xolaning uyidagi xazinalar yo‘q-ku!

   Xadicha o‘g‘lining gapidan tutoqib ketdi:

   — Men senga nima degandim? U uyga qadam izi qilmagin, devdimmi?!

   Siroj piqillashga tushdi:

   — Nima bo‘libdi, borsam? Baribir bizning uyda…– o‘pkasi to‘lib gapirolmay qoldi.   O‘rnidan turdi-da, xonasiga kirib ketdi.

   Davron xotiniga «Sirojga nima bo‘lgan», deganday nigoh tashladi. Xadicha yelka qisdi.

   Odatda Xadicha mahalla boshidagi o‘sha uyga o‘g‘lini borishini ta’qiqlab qo‘ygandi. Bir u emas, mahalladagi ko‘pchilik u xonadondan nari yurishni afzal bilardi.

   …Ayni qishli-qirovli kunlarning birida ancha yillardan beri qarovsiz va kimsasiz hovliga bir ayol ikki farzandi bilan ko‘chib keldi. Bir muddat o‘tib, yangi qo‘shni–  Risolatning kichik tarjimai holi ayonlandi. Ya’ni, ko‘ngil qo‘ygan yigiti bilan qochib turmush qurgani, o‘ylamay bosilgan qadamining oqibatida otasi tomonidan oq qilingani, ota-onadan ustun qo‘yilgan muhabbatidan xiyonat ko‘rgani, sarsonlikda yurib-yurib shu joydan qo‘nim topganidan barcha xabar topishdi. Boshida hamma unga achinish bilan qaray boshlagandi. Fursat o‘tib qo‘llaridagi oq dog‘lardan ogoh bo‘lishdi-yu, «qarg‘ish urganda», deb o‘zlarini olib qocha boshlashdi.

   Hadicha idishlarni yuva turib, o‘g‘lining gapini o‘yladi.

«Xazinasi bor deganda, nimani nazarda tutdi»,-shivirladi u o‘ziga o‘zi. Ko‘z oldiga yillar to‘zoniga bardosh berolmay sekin-asta to‘kilib borayotgan uy gavdalandi.

   — G‘alati,– deb qo‘ydi ichida ensasi qotib.

    Siroj sinfining a’lochi o‘quvchilaridan biri edi. Barcha fanlarni o‘zlashtirishga harakat qilar, o‘tkir zehni, kuchli bilimi bilan boshqa bolalardan ajralib turardi. Ayniqsa, uning ko‘ngli kitob shaydosi edi. U ko‘p bor dadasiga ham, onasiga ham «kitob olib bering», deb zorlangan, biroq istagi bajo keltirilmagandi. Shu sabab har kuni yashirincha Risolat xolaning oldiga shoshar edi.

   U bir kuni maktablar aro o‘tkazilgan «Adabiyot bilimdoni» tanlovida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Beg‘ubor qalbi shodlikka to‘lib-toshib, maktabdan chiqiboq yo‘lini onasining ishxonasi tomon yo‘l soldi.

   Onasi ishlaydigan xona eshigini ochdi-yu:

   — Oyi, «Adabiyot bilimdoni» tanlovidan birinchilikni oldim,– dedi sevinchdan ko‘zlari porlab.

   Uzun stolni o‘rab olgan odamlar yalt etib unga qarashdi. Siroj hammaning e’tibori o‘ziga qaratilganidan duv qizardi. Xadicha o‘g‘lining qilig‘idan o‘ng‘aysizlanib, «xonadan chiqib ket», deganday imo qildi. «Doim shunaqa», deb o‘yladi ichida Siroj. So‘ng qanday tez kelgan bo‘lsa, shunday xonani tark etdi.

    Oradan ikki kun o‘tib Xadicha o‘ta zarur yumush bilan uyiga kelayotganda, ko‘cha boshidagi tanish uy oldida bir gala bolalar ichida Sirojni ko‘rib, mashinasini to‘xtatdi. Shahd bilan mashinadan tushdi-yu, bolalar ortiga panalagan o‘g‘lini qo‘lidan tortqiladi.

   — Shu yerda qolaman, oyi,– deb yolvorsa ham Xadicha parvo qilmay, Sirojni mashina o‘rindig‘iga o‘tqazdi.

   — Xadicha, bu nima qilganingiz? O‘ynasa, o‘ynabdi-da!– dedi Risolat kuyunchang ohangda.

   Hadichaning kerik qoshlari birdan chimirildi. Qarshisidagi ayolga boshdan oyoq razm solib, kinoyali kuldi:

   — Bolam, sizning uyingizda nima qiladi?– dedi zardali ovozda, so‘ng keskin burildi-da, mashinani shitob bilan haydab ketdi.

   Siroj eng noyob narsasidan ayrilganday, yoshli ko‘zlari bilan ortda qolgan Risolatga qarab-qarab qo‘yardi. U uyga borganda onasidan dakki eshitishini his etib qaltirab ketardi.

   Xadicha o‘g‘lini oldiga o‘tqizvolib rosa koyidi:

   — Qaytib u ayolning oldiga ham, uyiga ham bormaysan! Eshitdingmi? Yana takrorlasang, dadangga aytaman.

   Siroj boshini quyi solgancha, oyog‘i uchida yer chizardi:

   — Boraveraman,– dedi past ovozda.

   — Qulog‘ingga gap kiradimi-yo‘qmi, sen bolani-a?

   Dadillik bilan onasiga boqdi:

   — Sizlar baribir tushunmaysizlar. Dadamning ham, sizning ham vaqtingiz yo‘q bizlarga,– dedi ovozini balandlatib.

   Xadicha achchiq ustida o‘g‘liga tarsaki tortib yubordi.

   Siroj bir necha kun onasi bilan xafalashib yurdi.

    Haftaning oxiri shanba kuni edi. Xadicha ish stolida horg‘in, kayfiyatsiz holda o‘tirar, asablari tarang edi. Kutilmaganda uning qo‘l telefoni sado berdi. O‘ylar ummoniga g‘arq bo‘lgan ayol bir seskanib tushdi. Shoshilmay ko‘k tugmani bosib, qo‘ng‘iroqqa javob berdi:

   — Allo. Eshitaman.

   Telefon ortidan o‘g‘lining ustozi Sanobar opaning quvonchli ovozi eshitildi:

   — Tabriklayman, Xadicha. O‘g‘lingiz «Adabiyot bilimdoni» degan keng ko‘lamda olib borilayotgan tanlovning viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallab, diplom bilan taqdirlandi. Respublikaga yo‘llanma berildi.

   Xadicha dovdirab qoldi:

   — Rostanmi, rostanmi?!– dedi shoshib.

   — Ha, Siroj eng iqtidorli o‘quvchilardan biri. Ayniqsa, kitobga mehri bo‘lak.

   Negadir aloqa uzilib qoldi.

  «Kitob»,– dedi u o‘zidan o‘zi bo‘shashib. O‘g‘lining ko‘p bora «kitob olib bering», deganlari yodiga tushdi.

   U o‘g‘lining yutug‘idan masrurlanib, darhol uyiga yetib keldi.

   Ichkaridan uni eri qarshi oldi.

   — Siroj qani?– dedi Xadicha nafasi bo‘g‘ilib.

   — Qo‘lida qandaydir qog‘ozni olib, «hozir kelaman dada», deb ko‘chaga chiqib ketdi. Tinchlikmi?– dedi ayoliga xavotirli boqib.

   Xadicha darrov fahmladi. Ostonadan qaytib, ko‘chaga chiqdi-yu, ko‘cha boshidagi uy tomon qadamini tezlatdi. U darvoza oldida Risolat va o‘g‘liga duch keldi. Xadicha gapirishga og‘iz juftlagan ham ediki, Siroj uning qo‘lidan tortqiladi:

   — Yuring, oyi, sizga bu uyning xazinasini ko‘rsataman.

   U ixtiyorsiz ravishda o‘g‘lining ortidan yurdi. Siroj boshlab kirgan xonaga qadam bosdi-yu, qotib qoldi. Uzun zalda uy bo‘yi baravar javonlarda did bilan terilgan kitoblar turar, xona o‘rtasida esa bir nechta bolalar berilib mutolaa qilib o‘tirishardi.

   Siroj onasiga qarab, «ko‘ryapsizmi», deganday ularga ishora qildi:

   — Men sizga aytgan xazinalar shu, oyi,– dedi asta shivirlab…

               Dilafro‘z To‘ychiyeva

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting