YOZ QO‘ShIG‘I

0
1311

hikoya

Sovitqichning sharofati bilan saraton taftini his etmaygina Toshkenti shahri azimdan Navoiyga, undan osha qishlog‘imgacha yetib keldim. Men o‘tirgan mashina to‘ppa-to‘g‘ri bozor ostonasiga kelib to‘xtadi. Haydovchi odamlar va ko‘cha savdo rastalarini bahona qilib, bir oz masofa qolgan uyimgacha eltib qo‘yishdan bosh tortdi. Men shunisiga ham rahmat aytib, garchi norozi bo‘lsam-da, u bilan yumshoq ohangda xayrlashdim.

Har chorshanba kuni qishlog‘imizda bozor bo‘lardi, men buni unutib ham qo‘ygan ekanman. Daf’atan bozor shovqini ko‘p narsalarni eslatdi.

Odamlar orasidan hech kimni turtib yubormaslikka urinib o‘tib borarkanman, juda tanish, jarangdor, bir oz asabiy ovozni eshitdim. Shundoq yonginamga o‘girildim: tovush egasi traktor tirkamasi ustida qovun-tarvuz sotayotgan, oddiy kiyingan, yuz-ko‘zi oq ro‘mol bilan to‘silgan, chaqqon harakatli bir qiz edi. Men joyimda qoqqan qoziqdek tik qotdim. Nahot u?! Ko‘zlarini ko‘rmoqchi bo‘ldim. Ammo uning men bilan zarracha ham ishi yo‘q, o‘z yumushlari bilan band edi. Hamon tarvuzlarini maqtar, qo‘li-qo‘liga tegmasdan savdo qilardi…

O‘shami? Bo‘lishi mumkin! Axir u cho‘pon qizi edi, otasining lalmikor katta yerlari bor edi, o‘zi ham bolaligidan bu erkak ishi, bu ayol ishi deb ajratib o‘tirmasdi.

Ayni damda ishonchim komil ediki, bu – o‘sha qiz. Men uning ovozini hech qachon unutmaganman. Sepkilli, quyoshda qoraygan, shamolda kuzgi qovunlardek taram-taram bo‘lib yorilib ketgan yuzlarini, qovjiragan maysalar singari sariq, patila sochlarini unutishim mumkindir, biroq uning ovozini unutolmayman. Bu xuddi yoqimli tushga o‘xshaydi. Tongda nimani ko‘rganingni aniq aytib berolmaysan, nimalar sodir bo‘lganini eslolmaysan ham, lekin uning yoqimli hislari tanangni hali tark etmagan bo‘ladi.

Men ham uni nimaga unutolmasligimni bilmayman, shunchaki, bolaligimni eslasam, dastavval uning ovozi yodimga tushadi… Yoz, saraton, uzumzor bog‘lar-u boquvdagi qo‘ylarimiz va… u – Zarnigor keladi ko‘z oldimga…

U bilan otalarimiz do‘st edi. Yerlarimiz bir joyda – chegarasini ikkala taraf ham bilmaydigan va aniqlash shart ham bo‘lmagan darajada yaqin edik. Edik…

Men unga nisbatan nimani his qilganimni aniq bilmayman. Hatto hozir – odamlar bilan gavjum bozorda – uning qarshisida undan ko‘zimni uzolmay tikilib turgan chog‘imda ham nimani his etayotganimni ta’riflab berolmayman.

U men uchun sir edi. Sirliligi shunda ediki, kichik jussasiga mos bo‘lmagan baland va jo‘shqin ovozi bor edi. Shu bilan birga, bu ovoz men umrimda eshitgan eng yoqimli, jozibali, agar ta’rifim mos tushsa, allalaguvchi ovoz edi. Alla – uxlatadigan bir xil ohangdagi qo‘shiq. Insonning ilk qo‘shig‘i. Mening ilk qo‘shig‘imni Zarnigorgacha a’lo darajada kuylab bo‘lishgan edi. Zarnigor esa inja, hammadan yashirgan nafis hislarimni ilk bora allalab uyg‘otgan edi. U juda chiroyli kuylardi. Aqlim hamon bovar qilmaydi: u singari musiqa maktabi nimaligini bilmay o‘tgan, ota-bobosidan baxshi chiqmagan cho‘pon qizda bu qadar iste’dod qayerdan paydo bo‘ldi ekan?! Men uning qo‘shiqlarini eshitish uchungina u qo‘y haydagan tomonga ortidan qo‘ylarimni haydab ketaverardim. Uning kuylashiga xalal berib qo‘ymaslikka urinib, ko‘zga tashlanmaslikka tirishardim. Chunki u faqat odamlar yo‘q joyda, keng dala-dashtda kuylardi.

O‘sha paytda uning qo‘shiqlari sarkash shamollar, qo‘ylarning baland-past ovozi bilan aralashib o‘zgacha bir hissiyot paydo qilardi menda. Dunyoda shu ovozlardan bo‘lak hech nima qolmasdi men uchun. Hozir ham qulog‘im uning ovozidan bo‘lak hamma narsani rad etib turar, ammo endi uning zabonidan hayot, tirikchilik qo‘shiqlari boshqacha ohanglarda yangramoqda edi…

U yerda qancha turib qolganimni bilmayman. Bir payt qarasam, Zarnigorning ro‘parasida hamon unga tikilgancha turardim. Xaridorlar kamaygani bois endi u e’tiborini menga qaratdi:

– Keling, aka, tarvuz beraymi yo qovun? Keling kelishtirib, arzongina qilib beraman. Nechta olasiz o‘zi? – dedi u xaridorlarga takror va takror aytayotgan gapining bir so‘zu ohangini ham o‘zgartirmasdan. U mendan ancha balandda edi, xuddi tomoshabinidan balandda turguvchi teatr aktrisalari yoki san’atkorlar kabi. “U sahnalarga qanchalik yarashgan bo‘lardi-ya…” o‘ylayman shu tobda. Axir uni odamlar eshitishganida edi, hozirgi uncha-muncha qo‘shiqchilarni tan olishmasdi. Mana, o‘zim qancha kuy-qo‘shiqlarni tingladim, “manman” deganlarining jonli konsertlarida ham bo‘ldim, axir meni hech biri lol qoldirolmadi-ku… Axir men Zarnigorning sehrli ovozida yangragan asl qo‘shiqlarni tinglagan kamsonli odamlardan biri edim.

Zarnigor endi menga e’tibor bermay o‘z ishida davom etardi. Men esa uning harakatlarini kuzatib, odamlar bilan tarvuz narxi ustida ming so‘m uchun talashayotganini eshitib, aytgan narxiga sotolsa, quvonib ketishini, xaridor so‘ragan narxga ko‘nsa, qandaydir g‘amgin tortib qolishini ko‘rib, xo‘rligim kelardi. U uchunmi yo o‘zim istamagan sohada o‘qib, umrimning eng gullagan davrlarini yelga sovurayotgan o‘zim uchunmi bu his, bilmadim… Tarqoq xayollarimni qovun-tarvuzlariga xaridor chaqirayotgan Zarnigorning baland ovozi o‘ziga keltirdi:

– Kep qoling, arrrzongina, shirringina tarvuzlar bor!

Mohira Eshpo‘latova

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting