Obid Qo‘ldosh. Badialar.

0
805

Singish

Tun.
Qishning qilichdek keskir shamoli derazaga yo‘lning narigi betidagi daraxtlarning tuproqqa aylangan ildizlarini sochardi. Bu uy egasining halovatini buzdi. U hali o‘ttiz yoshga to‘lmagan bo‘lsa-da, sochlariga oq oralagan, qorindor, peshonalarini o‘rgimchak to‘rini eslatuvchi ajin “bezagan” kimsa edi.
Odam tashqaridagi tinimsiz shovqindan bezovta bo‘laverganidan axiyri bo‘yinbog‘ini yechdi. Derazaga yaqinlashdi. Qanchalik tikilmasin, uning ko‘zlariga oynaga urilayotgan tuproq-ildizlar ko‘rinardi, xolos. Odam tashqaridagi chiroqni yoqdi. Birdan uning ko‘zlari yo‘lning narigi betidagi daraxtlarning ildizini yeyayotgan maymunlarga tushdi. Ular alohida-alohida to‘da holida bo‘lsa-da, negadir barchasi tik turganida ham qaddi egikday tuyulardi. Qo‘llarining kaftlari esa juda katta: bu qo‘llar bir-biriga urilaverganidanmi, kaftlar go‘shtdor emas, eniga hayratlanarli darajada keng edi.
Chiroq yorug‘i tushgach, hayvonlar qorong‘ulik qa’ridagi daraxtlar sari chopqilab ketishdi. “Ular yorug‘likdan qo‘rqar ekan,” deya ildizlari kamayib qolgan, tanalarining yarmi qurigan daraxtlarga mahzun boqdi, Odam.
Yana shamol turib, tuproqqa aylangan ildizlarni deraza ko‘ziga urdi. Odam shundagina tuproq qizg‘ish, qon rangida ekanligini ilk bor payqab qoldi. “Odatda tuproq qo‘ng‘ir tusda bo‘lardi-ku, nega qizil, nega ehtiros rangida?..”
Shu kundan Odamning halovati buzildi. Kechqurunlari uxlolmay, yorug‘likni ko‘paytirish, quyosh nurlarini to‘g‘ri taqsimlash haqida o‘yladi. Ammo sahardan ishga otlanarkan, uning bu fikrlari tarqab ketar, yana bo‘yinbog‘ini qattiqroq siqar, shimini har kungidan tekisroq, silliqroq qilib dazmollashga urinardi.
Oradan oylar, yillar o‘tdi. U endi ildizni, qip-qizil tuproqni va maymunlarni ham deyarli unutgandi.
Ammo oxirgi o‘n oy ichida uning oyoqlarida maymunlarnikidek tuk o‘sa boshlagandi. Negadir yurishi, ayniqsa, qaddi bukchaygani ham o‘sha — tungi maymunlarga o‘xshab qolayotgandi. Shunda birdan daraxtlarga tikildi. Nahotki?! Ularning yarmi qurib qolgan, tanalarida esa maymunlar o‘zlarining tilida nimalardir deb, tinmay chiyillashar, iloji boricha daraxtning eng yuqorisiga ko‘tarilishga urinishardi.
Odam ularni kuzatarkan, unga maymunlarning qaysi birining ovozi baland chiqsa, o‘sha o‘zi osilib turgan daraxtning uchiga chiqishi osonroq kechayotgandek tuyuldi…
Odam shu kuni ishga kechikib borgani uchun tashkilotdagi Katta odamlardan dakki eshitdi. Uni ba’zan soqolini olishni unutadigan, oq ko‘ylak uyoqda tursin, hatto bo‘yinbog‘ taqmaydigan, odmigina kiyimi bilan Kattalarning zaxarxandalariga sabab bo‘ladigan Kimsa bilan tenglashtirishdi.
Bu gapdan qattiq ta’sirlangan Odam bo‘yinbog‘ini yanada qattiq siqdi. “Yaxshi, yaxshi,” degan ovoz eshitildi. Yoki unga shunday tuyuldimikin… Oxirgi vaqtlar Odam faqat qog‘ozlar va raqamlarga tayanib, ish ko‘rganidanmi, u xotirasidan nolirdi…
Umr bir maromda o‘tib borardi. Biroq, endi Odamning qo‘llarini ham jun bosgan, kaftlari eniga hayratlanarli darajada kengaygan, tanasi esa maymundan aslo farq qilmasdi. Shuni inobatga olmaganda, uning qorni va cho‘ntagi to‘q, uyida yigirma yilga yetadigan oziq-ovqat zaxirasi ham bor edi.
Dabdurustdan Odamning xayoliga: “Yuzim ham maymunbashara bo‘lgan bo‘lsa-ya!” degan fikr keldi. Chunki u mehnat ta’tiliga chiqqani uchun uch kundan buyon soqolini qirtishlamagan, to‘g‘rirog‘i, ko‘zguga qaramagan, lekin bo‘yinbog‘ini yanada qattiqroq siqishni kanda qilmasdi.
Odam uyining eng chekkasida joylashgan hammomga borib, o‘sha yerdagi oynaga qarashga erindi. Ko‘cha tomondagi derazaga yaqinlashib, beeixtiyor tashqarining chirog‘ini yoqdi. Shu onning o‘zida ko‘chaning narigi betidagi bittagina hali tanalari to‘liq qurimagan daraxt ustidagi maymunlardan biri yugurib tushib, deraza qarshisiga keldi. Bu juda tez sodir bo‘ldi. Yoki Odamning xotirasi pand berdi – bu unga shunday tuyuldimi, xullas ikki maymun bir-biriga termilib turardi.
Ularning birgalashib, yo‘l chetidagi eng oxirgi daraxt ildizini yeb tugatishlariga hozircha deraza xalaqit berayotgandi, xolos…

ROBOT ODAM

Insoniyat uqubatlarining kishanlari idora qog‘ozlaridan yasalgan.
Frans KAFKA

Uch oy ichida ilk bor kun bo‘yi tabiat qo‘ynida bo‘ldim. Daraxtlarning mehribon ekanligi, oqibati haqida o‘yladim. Qo‘l telefonimni daryoga otganim yodimdan ko‘tarilib, har 10-15 daqiqada qo‘limni cho‘ntagimga tiqaman. Robot odamni eslatib turuvchi telefondan qutulganimga hali ham moslashib ulgurmadim, shekilli.
Robot odamni onasi ko‘zoynak bilan tuqqan. Har kuni 10 soat kompyuter olidida o‘tirganidan, faqat yuqoridan kelgan topshiriqlarni bajarganidanmi, uning yuzida tiriklik alomati yo‘q. Lekin turli jadvallarni to‘ldirishni qoyillatadi.
Uch oy ichida Robot odamdan birorta yangi g‘oya eshitmadim. U tashkilotda boshliq o‘rinbosari bo‘lsa-da, buyruqlarni bajarishga o‘rganib qolgan. Har doim mening g‘oyalarimga xavotir bilan qarar va “Bu haqida buyruq yo‘q,” — derdi shosha-pisha.

Daraxtlarda his-tuyg‘u bor deb hisoblayman. Ba’zan Robot odamni ishxonamiz qarshisidagi balxi tut bilan taqqoslayman. Va bir paytning o‘zida yig‘lagim va kulgim qistaydi.
Qabulxonadagi kotibani kompyuterda qarta o‘ynayotgan yoki qaysidir qimmatbaho libosini maqtayotgan holdagina ko‘rardim. Hali ham kotibaning obro‘si Robot odamdan baland turishini tushunolmayman.
O‘tgan uch oy ichida birorta she’r yozolmaganimni, faqat allaqanday jadvallar to‘ldirganimni, hisobotlar yozganimni eslasam, o‘kirib yig‘lagim keladi.

Daraxtlar…
Archaning yam-yashil ekanligini siri nimada? Balki mevali daraxt emasligidadir. Tashqi ko‘rinishi chiroyli narsalarning ko‘pchiligi foydali bo‘lmaydi.
Lekin daraxtlar…
Ularni odamlardan ko‘proq yaxshi ko‘raman. Shu paytgacha birorta daraxt meni aldamadi, birorta daraxt bergan hosilini yoki soyasini minnat qilmadi. Ayniqsa, majnuntolni yaxshi ko‘raman. Hayoli daraxt. Uning sochlari uzun. O‘zini Yaratgan zotga ta’zim qilishni, vositalarga emas, maqsadga sano aytishni biladi.
Bir kuni boshliqning haydovchisi Robot odamga “Siz mo‘ylov qo‘ysangiz, yarashar ekan,” — dedi. Robot odam bir muddat sehrlangandek turdi-da, “buyruq…” — dedi va jimib qoldi.
Haydovchi tirjaydi.
Ertaga ijarachi bilan hisob-kitob qilishim kerak. Keyin qishloqqa — daraxtlar eng ko‘p joyga qaytaman.
Daraxtlar meni sog‘ingan. Men esa Robot odam va uning hisobotlarini sog‘inmasam kerak…

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting