ULKAN QANOTLI MO‘YSAFID

0
702

Gabriel Garsia MARKES

hikoya

Yomg‘ir uch kundan beri sharros quyar, ikkisi o‘rmalab uyga kirayotgan qisqichbaqalarni bazo‘r uddalardilar; tayoq bilan urishar, keyin Pelayo suvga botgan hovlini kesib, ularni dengizga tashlab kelardi. O‘tgan tun chaqaloqning issig‘i chiqdi; bu, chamasi, namchil va badbo‘y havodan edi. Seshanbadan buyon olam g‘ussaga cho‘mgandi: dengiz va samo allaqanday ko‘kimtir-kulrang massaga qorishgan; martda qum zarralari uchqundek porlagan plyaj endi loy va chirik mollyuskalardan iborat suyuq bo‘tqaga aylangandi. Hatto tush payti ham oftob juda xira nur sochar, shu bois Pelayo pationing[1] narigi burchagida qimir-qimir etib mungli ingrayotgan nima ekanligini bilolmadi. Faqat juda yaqin boribgina yerga yuztuban yiqilgan mo‘ysafidga ko‘zi tushdi – u tinimsiz turishga urinar, ammo hech uddasidan chiqolmas, ulkan qanotlari bunga yo‘l bermasdi.

Dahshatga tushgan Pelayo kasal go‘dakka malham qo‘yayotgan xotini Elisenda qoshiga yugurdi. Ikkisi loyda ag‘anab yotgan mahluqqa tikilib dong qotdilar. Ko‘rinishidan gadoyga o‘xshardi u. Bir-ikki tutam soch yalang kalla suyagiga yopishgan, og‘zida deyarli tishi qolmagan, umuman, uning qiyofasida salobatdan asar ham yo‘q edi. Yarim pati yuliq ulkan qarchig‘ay qanotlar hovlining o‘tib bo‘lmas balchig‘iga botgandi. Pelayo va Elisenda uni shunchalar ko‘p va diqqat bilan tomosha qildilarki, nihoyat g‘alati turqi-tarovatiga o‘rganib qoldilar, sal bo‘lmasa u ikkisiga qadrdonlaridek tuyuldi. Shunda ular so‘z qotishga jur’at qildilar, u allaqanday tushunuksiz lahjada dengizchilar kabi bo‘g‘iq tovushda javob qaytardi. Ko‘p o‘ylamay, g‘alati qanotlarni o‘sha zahotiyoq unutgancha, uni dovul mahali halokatga uchragan allaqaysi ajnabiy kema matrosi degan qarorga keldilar. Har ehtimolga yer tagida ilon qimirlasa bilguvchi qo‘shni xotinni chaqirdilar. Qo‘shni xotin bir qarashda ularning taxmini noto‘g‘ri ekanini aytdi.

-Farishta-ku bu, – dedi u ikkisiga. – Go‘dakka shifo yetkazsin uchun yuborishgan chog‘i, ammo bechora juda qariligidan bunaqa jalani ko‘tarolmay yerga qulab tushibdi.

Ko‘p o‘tmay hamma Pelayoning rostakam farishta tutganidan boxabar bo‘ldi. Har baloni bilguvchi qo‘shni xotin hozirgi farishtalar – bir zamonlar Tangriga qarshi fitna ishtirokchilari bo‘lib, samoviy jazodan qochib yerdan panoh topganini ta’kidlashiga qaramay, birov uni o‘ldirgani qo‘l ko‘tarishga jur’at qilmadi. Pelayo kunning qolgan yarmini qo‘lida har ehtimolga deb tutilgan arqon bilan oshxona derazasidan uni kuzatdi. Kechga borib esa farishtani loydan chiqarib, tovuqlarga qo‘shib katakka qamadi. Tun yarmidan o‘tib yomg‘ir tugaganiga qaramay, Pelayo va Elisenda qisqichbaqalar bilan kurashni davom ettirardilar. Sal o‘tmay chaqaloq ko‘zini ochib ko‘krak tilanib big‘illadi – issig‘i butkul tushgandi. Shunda ikkisining ham mehri iyib ketdi, o‘zaro farishta uchun sol yasashga, chuchuk suv va uch kunga yetgulik oziq-ovqat berib, uni to‘lqinlar ixtiyoriga topshirishga kelishib olishdi. Biroq saharlab patioga chiqib qarashsaki, deyarli butun qishloq ahli shu yerda edi: hamma tovuq katak qarshisida to‘dalashib farishtani tomosha qilishar, xuddi bu samoviy maxluqot emas, hayvonot bog‘idagi bir jonivor kabi tap tortmay simto‘r teshiklaridan non bo‘laklari tashlashardi.

Soat yettilarda g‘ayrioddiy xabardan hayajonga tushgan padre Gonsaga yetib keldi. Bu mahal katak atrofini yanada obro‘liroq tomoshabin o‘rab olgandi – endi hamma tutqunning ertasi haqda so‘zlashardi. Soddadil, go‘l kishilar uni Zamin alkaldi[2] etib tayinlashadi deb ishonishardi. Mulohazakor ayrimlar esa uning toleyiga hamma janglarda zafar qozonuvchi general bo‘lish yozilgan deb taxminlardilar. Ba’zi xayolparastlar esa odamlarning qanotli va donishmand zotini yaratish uchun uni nasldor sifatida saqlashni maslahat qildilar, emishki bunday odamlar koinot intizomi bilan shug‘ullanadi. Padre Gonsaga ruhoniylikdan avval daraxt kesuvchi ishchi bo‘lgandi. Simto‘rga yaqinlasharkan, shosha-pisha katexizis[3]dan bilganlarini yodga oldi, so‘ng ushbu zaif erkakni yaqindan ko‘rmoq istab tovuq katak eshigini ochishni so‘radi. Dong qotgan tovuqlar orasida farishtaning o‘zi ham ulkan nochor qushni eslatardi. U qanotlarini oftobga tutgancha burchakda, saharda oldiga tashlangan nonushta qoldiqlari hamda tezak orasida o‘tirardi. Padre Gonsaga tovuq katakka kirib u bilan lotinchasiga so‘rashganida befarq, parda qoplagan nigohini bazo‘r ko‘tarib, o‘z lahjasida allanarsalarni ming‘irladi. Qavm ruhoniysi ushbu maxluq Tangri Taolo tilidan bexabarligi, Uning xizmatchisini izzat qilishni bilmasligida allaqanday noxushlik borligini his qildi. Diqqat bilan qararkan, bu soxta farishta juda-juda odamzodga o‘xshashi namoyon bo‘ldi: undan anqiyotgan sayoqlik isiga chidab bo‘lmas, qanotlarida parazitlar g‘ujg‘on o‘ynar, katta patlarini zamin shamoli barbod qilgan va umuman, uning tilanchini eslatuvchi qiyofasi oliy farishtalik rutbasiga hech rost kelmasdi. Padre Gonsaga tovuqxonadan chiqib jamoatga laqmalikning ziyonlari to‘g‘risida qisqa va’z o‘qidi. U iblisning ko‘ngilchan jonlarni aldamoq niyatida niqob kiyishdayin yaramas odatidan ogoh etdi. Alal-oqibat padre rost aytadi, qirg‘iy va samolyot o‘rtasidagi farqni anglashda qanot muhim unsur emaskan, farishtani tanishda ham biror ko‘mak berishi dushvor. U baribir yepiskopga maktub yo‘llashga so‘z berdi. Yepiskop o‘z navbatida primas[4]ga, primas esa Rim papasiga yozadi – yakuniy qaror yuqoridan kelsin uchun shunday qilish kerak. Unga nima, xatni olib ko‘radi, qaror chiqaradi-qo‘yadi!

Uning ehtiyotkorlik borasidagi chaqirig‘i unumsiz tuproqqa singidi. Tutqun farishta haqidagi xabar shunchalar tez tarqadiki, bir necha soat o‘tib patio bozorga aylandi, oxiri har daqiqa uyni vayron qilishi mumkin bo‘lgan olomonni miltiq nayzasi bilan haydasin uchun askarlar chaqirishga to‘g‘ri keldi. Tinimsiz axlat yig‘ishtiraverib Elisendaning beli og‘rib ketgandi, keyin xayolida yaxshi g‘oya tug‘ildi: pationing atrofini to‘siq bilan o‘rab, farishtani ko‘rgani kelgan har bir ziyoratchidan besh sentavodan olish kerak. Odamlar naq Martinikadan kelardi. Bir safar uchar akrobati bor sayyor sirk keldi. Akrobat vizvizlab olomon ustidan uchib o‘tdiyu, birov unga nazar solmadi, chunki uning yelkasida farishtaning emas, ko‘rshapalak qanoti bor edi. Butun Karib ko‘rfazidan noumid bemorlar shifo istab yog‘ildi, bular orasida go‘dakligidan yurak urishini sanab, oxiri sanog‘idan adashgan bechora ayol; yulduzlar shovqinidan ko‘ziga uyqu kelmaydigan yamaykalik jafokash; har tun turib kunduzlari qilganlarini buzadigan oyparast va boshqa xavfsizroq kasallar bor edi. Zaminni titroqqa keltiradigan bunday qiyomat o‘rtasida Pelayo va Elisenda doim toliqish his etsalar-da juda baxtiyor edilar. Bir haftaga qolmay uydagi hamma to‘shaklarni pulga to‘ldirdilar, farishtani ko‘rish istagidagi ziyoratchilar navbati esa ufqqa qadar cho‘zilgandi.

Farishta atrofidagi voqealardan mamnun emasdi albatta. Ziyoratchilar uning boshpanasi eshigiga qo‘yib tashlagan jinchiroq hamda shag‘amlardan shunaqangi isib ketgandiki, tovuq katakda qulayroq joy topish niyatida nuqul aylanardi. Avval-boshda unga kamfara kristallari berishdi. Farishtalarning asosiy yemagi shu, deb har balodan boxabar qo‘shni xotin aytgandi. Ammo u ziyoratchilar keltirgan boshqa mazali nonushtalar qatori ularni ham rad etdi. Hamma buni o‘zicha taxminlardi, kimdir buni chindan ham farishta ekaniga yo‘ydi, boshqalar qariligiga. U faqat baqlajon ikrasi totinardi. Uning g‘ayritabiiy fazilati – sabr-toqati edi shekilli, ayniqsa tovuqlar qanotida urchigan parazitlarni tutmoq niyatida cho‘qilab, mayib-majruhlar jarohat ustiga bosish uchun patini yulgan, taqvosizlar esa yaxshilab tomosha qilmoq uchun turishini istab tosh otgan ilk kunlari bu yaqqol ko‘ringandi. U bir martagina – buzoqlarni tamg‘alaydigan uzun temirni qizdirib yoniga bosishgandi – g‘azabdan tutaqib ketgandi; u uzoq payt qimir etmay yotganiga odamlar o‘lib qolmadimi deb tekshirib ko‘rishgandi. U o‘z tilida nimalardir deb qichqirgancha irg‘ib-silkinib o‘rnidan turdi, ko‘zlari yoshga to‘lib tovuq go‘ngi va oy changidan quyun ko‘targancha bir necha bor qanot qoqdi, shunda odam ichini yaxlatib yuboradigan shiddatli shamol narigi dunyo nafasidek tuyildi. Ko‘pchilik buni g‘azabdan emas, odatiy og‘riq reaksiyasi deb hisoblasa ham, shu voqeadan so‘ng uni ko‘pam bezovta qilmaslikka tirishdilar, negaki hamma uning sokinligi nafaqadagi serafim[5]ning pildirpisligi emas, bosilgan bo‘ron sukunatining aynan o‘zi ekanini anglab turardi. Tutqunning tabiati borasidagi oliy ta’birni kutarkan, padre Gonsaga engiltak qavmini qaytarmoqqa behuda urinardi. Ammo Rimdagilar shoshilinch degani nimani anglatishini bilishmasa kerak. Kelgindining kindigi bormi-yo‘qmi – aniqlashtirishga, uning so‘zlarida oromiy tili bilan bog‘liq biron-nima uchramadimi, shunga o‘xshagan yana nechtasi o‘tkir to‘g‘nag‘ich uchiga jo bo‘lishi mumkin, mabodo bu bor-yo‘g‘i qanotli norveg bo‘lib chiqsa-chi, degan safsatalarga vaqt saflanardi. Agar Tangrining o‘zi qavm ruhoniysining azoblariga nuqta qo‘ymaganida mufassal maktublar, ehtimol, asrning yakuniga qadar u yoqdan bu yoqqa borib kelavergan bo‘lardi.

O‘sha kunlari Karib qirg‘oqlarida sang‘iydigan yarmarka atraksionlaridan bittasi qishloqda bo‘ldi. Bir martagina ota-onasining gapini ikki qilgani uchun o‘rgimchakka aylanib qolgan ayol – noxush tomosha edi. O‘rgimchak-ayolni tomosha qilish farishtani ko‘rishdan arzonroqqa tushardi, bundan tashqari yoqimsiz qiyofasi haqida istagancha savol berish, ilohiy jazo muqarrarligi borasida biror shak-shubha bo‘lmasligi uchun ayolni unaqasigayam, bunaqasigayam tomosha qilishga ruxsat bor edi. Bu – ma’yus qiz boshiga ega qo‘ydek keladigan jirkanch o‘rgimchak biyi edi. Olomon jahannamdan chiqqan bu ajinaning qiyofasidan emas, o‘rgimchak-ayol musibatining ikir-chikirlarini hikoya qilarkan, o‘sha g‘amgin haqqoniyatdan hayratga tushishardi. Bir kuni, o‘shanda u kichkina qizcha bo‘lgan ekan, ota-onasining irodasiga qarshi raqs tushgani uyidan chiqib ketibdi. Tuni bilan o‘yinga tushib, o‘rmon ichidan o‘tgan so‘qmoqdan uyiga qaytar mahali dahshatli momaqaldiroq samoni ikkiga bo‘libdi va ko‘zni qamashtiradigan yashin chaqnab, qizni o‘rgimchakka aylantiribdi. U faqat har-har zamon marhamatli kishilar og‘ziga tashlaydigan go‘sht qiymasi guvlachalari bilan oziqlanardi.

Zamin haqiqati va Tangri jazosini mujassam etgan bunaqangi mo‘jiza, tabiiyki, oddiy jonlarni nazariga ham ilmagan takabbur farishtani oradan ko‘tarishi kerak edi. Bundan tashqari, odamlar mish-mishlarida ko‘pchib-ko‘chib yurgan ayrim karomatlar unga aqliy norasolikka nisbat berardi. Masalan, shifo istab uzoq-uzoqlardan kelgan so‘qir qariyaning ko‘zi ochilmadiyu, ammo jag‘idan uch dona yangi tish o‘sib chiqqanmish; falaj kishi oyoqqa turib ketgani yo‘q-ku, sal bo‘lmasa lotereyasidan yutuq chiqarkan; moxovning esa yarasidan kungaboqar o‘sib chiqqanmish. Bularning hammasi muqaddas karomatlardan ko‘ra achchiq istehzoga tortar, bu oxir-oqibat farishtaning dovrug‘iga dog‘ tushirdi. O‘rgimchak-ayol paydo bo‘lgach esa uni butkul unutdilar. Mana shunda padre Gonsaga aziyatli bedorlikdan butkul qutildi hamda Pelayolarning patiosi uch kunlab jala quygan, xonalarda qisqichbaqalar izg‘igan o‘sha kunlardagidek ovloq bo‘lib qoldi.

Uy egalari taqdirlaridan nolimasdilar. Yiqqan-tergan pullariga balkoni, bog‘i bor ikki qavatli kengish uy qurdilar; qishda qisqichbaqalar kirmasin uchun uyning poydevori baland edi, yana farishtalar uchib kirmasin deb derazalariga panjara o‘rnatdilar. Pelayo shaharcha yaqinidan quyonxona orttirdi va algvasil[6] vazifasidan butunlay voz kechdi. Elisenda esa o‘ziga uzun poshnali loklangan tufli hamda o‘sha paytlarda aslzoda senoralar yakshanba kunlari kiyadigan, oftob nurida jilvalanib ketadigan ko‘pdan-ko‘p shoyi ko‘ylaklar sotib oldi. Xo‘jalikda hech e’tibor qilinmaydigan yagona joy tovuq katak edi. Bir-ikki marta tozalab, ichkarida mirra[7] yoqqan bo‘lishsa-da, bu farishtani o‘ylab emas, och arvohdek yangi uyning burchak-burchaklariga kirayotgan sassiq isni yo‘qotish niyatida edi. Go‘dak yurishni boshlagach, avvaliga ular uning tovuq katakka yaqin yo‘lamasligiga ko‘z-quloq bo‘ldilar. Bora-bora badbo‘yga ko‘nikkach, barcha qo‘rquvlari yo‘qoldi. Xullasi, bolakay hali sut tishlari tushmay turib ilma-teshik simto‘rning ochiq joylaridan bemalol katakka kiradigan bo‘ldi. Farishta boshqalar kabi unga ham ro‘yxush qilmas, ammo bolalarcha shafqatsiz qiliqlariga ko‘ppakka xos sadoqatla chidash berardi. Suvchechak bilan ikkisi bir paytda kasallandi. Bolani davolagan shifokor farishtani ko‘zdan kechirish imkoni oldida o‘zini tiyib tura olmadi va uning yuragi juda zaif ekanini, yana buyraklari ham hech narsaga yaramasligini ko‘rdi – qanday tirik yurgani qiziq. Biroq shifokorni ko‘proq qanotlarning tuzilishi hayratga solardi. Mutloq odam tanasida ular juda tabiiy qabul qilinar, nega boshqa odamlarda bunday qanot yo‘qligi esa sirligicha qolaverardi. Bola maktabga chiqa boshlaganida oftob va yomg‘ir katakni batamom yiqitdi. Endi ozod farishta quvvatdan qolgan oyparast kabi u yon-bu yonga sandiroqlab yurardi. Uni yotoqdan supurgi bilan quvib-solishga ulgirmay, o‘sha zahoti oshxonada oyoq ostida o‘ralashganiga guvoh bo‘lishardi. U bir paytning o‘zida bir necha joyda bo‘la oladigandek tuyular, uy egalari u uyning har burchagida o‘zini takrorlab ko‘payadi degan gumonga bora boshladilar. Bechora Elisenda esa farishtalarga to‘la bu jahannamda yashash chinakam azob ekanini aytib qichqirardi. Farishta shunaqa kuchdan qoldiki, zo‘r-bazo‘r taomlanardi. Parda tushgan ko‘zlari endi hech nimani farqlamas, jihozlarga qoqilib zo‘rg‘a suralardi; qanotida esa cho‘ltoq bir necha patlari qolgandi xolos. Pelayoning unga rahmi kelib, odeyalga o‘rab ayvonga eltdi, shundagina ular bir paytlar mahalliy baliqchilar sohildan chiqarib olgan qariya norveg kabi farishtaning ham tuni bilan isitmalab bosinqiragani payqadilar. Pelayo va Elisenda hazilakam vahimaga tushib qolmadilar, axir hatto oqila qo‘shnilari ham farishta murdasidan qanday qutilish yo‘lini bilmasdi. Ammo farishtaning o‘lish hali xayoliga kelmasdi: o‘sha mashaqqatli qishni o‘tkazib ilk oftobli kunlarda tuzala boshladi. Begona ko‘zdan yashirinib bir necha kun qimir etmay patioda o‘tirdi, dekabr boshida uning ko‘zlari avvalgi shaffofligiga qaytib yorishdi. Yangi kafan ilishni istagan qari qushning patlari kabi qanotlarida yana uzun va ravon patlar o‘sib chiqdi. Aftidan, farishtaning o‘zi ushbu o‘zgarishlar boisini yaxshi bilar va boshqalardan astoydil yashirardi. Bir safar, boshqalar eshitmaydi degan xayolga borib, yulduzlar ostida dengizchilar qo‘shig‘ini xirgoyi qildi.

Bir kuni ertalab Elisenda nonushta uchun piyoz to‘g‘rarkan, xuddi dengizdan esgan kabi to‘satdan oshxonaga shamol yopirildi. Derazadan qaragan ayol farishtaning zamin ustidagi oxirgi daqiqalariga guvoh bo‘ldi. U shunday qovushmay, epsizlik bilan parvozga urinardiki, beo‘xshov sakrab qo‘zg‘alarkan, o‘tkir tirnoqlari bilan tomorqani qayta ag‘darib tashladi, oftob nurida xira yaltiragan ayvonni esa qanoti zarbalari bilan yiqitib yuborishiga sal qoldi. Nihoyat u ko‘tarila boshladi. Tomlarga tegib ketay-tegib ketay deb o‘zining qari qarchig‘ayniki kabi ulkan qanotlarini zo‘r berib qoqarkan, posyolkaning so‘nggi uylari ustidan uchib o‘tdi. Shunda Elisenda u uchun ham, o‘zi uchun ham yengil tin oldi. Elisenda piyoz tugab, farishtaning o‘zi ham ko‘rinmay qolguncha uning ortidan tikilib qoldi. Endi u ayol hayotiga to‘siq solmas, shunchaki dengiz ufqidagi xayoliy nuqtaga aylangandi.

Rus tilidan Alisher FAYZULLAYEV tarjimasi


[1] Patio – Ispan, Lotin Amerikasida usti ochiq, ayrim joylari devor, parda, panjara va shu kabilar bilan o‘ralgan ichki hovli.

[2] Alkald yoki alkayd – o‘rta asrlarda Ispaniya va Portugaliyaga oid administrativ va harbiy mansab, keyinchalik Rekonkistalar davriga kelib qala qo‘riqchilari qiroli sifatida ishlatila boshlangan.

[3] Katexizis – diniy aqidalarning savol-javob tarzidagi qisqacha bayoni.

[4] Primas – diniy ulamo.

[5] Serafim – nasroniylar mifologiyasida olti qanot etib tasvirlanuvchi farishta.

[6] Algvasil – sud va tribunallarning farmonlari bajarilishini nazorat qiluvchi quyi mansab.

[7] Mirra – xushbuy smola turi va shunday smola beradigan daraxt.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting