Orzumurod NURMATOV. She’rlar

0
715

HAYOT ERTAGIDA…

Hayot ertagida men bir yo‘lovchi,

Sevgi daraxtidan uzilgan qalbman.

Kutish poyezdiga to‘lov to‘lovchi,

Parcha qog‘ozlardan tuzilgan qalbman!

Hayo ertagida men bir gadoman,

Yolvorib so‘rarman visol – baxtimni.

Aslo taslim bo‘lmas, tolmas adoman,

Unutilgan qalbga qurdim taxtimni.

Hayot ertagida men bir savdogar,

Baxtga oshna bo‘lgan sotaman dardim.

Visol keldi deya men solsam-da jar

Uning o‘rniga ham sog‘inch tutgum jim…

Hayot ertagida men bir kemachi

Lek unda bir o‘zim yuraman kezib.

Qaytmas yo‘lovchimni hamon kutgancha,

Teshilgan kemamda yuribman suzib!

Hayot ertagida hamma yo‘lovchi…

***

Meni Senga etmaslik o‘ylari o‘ldirar

va qaytarar senga yetgan xayollar-

qaytguncha!

Isming pirchirlayman…

labim kuydirar –

hali lablaringga yetmasdan shuncha!..

Isming dudog‘imdan ketmas,

Qiziq –

bo‘sa ta’mi kabi.

Xayolimga og‘irlik qilar tasviring…

yurakda talvasa – Istak va Og‘riq

Dilga qadaladi ulg‘aygan Siring.

Axir,

men kimni Sog‘indim shuncha yil?

izladim bir og‘ir Sevinch

Dilda tomir otgan Kimning ismi-

yurakda charsillaydi Kuy…

Sen emasmi?!

Mening hech narsam yo‘q xayoldan bo‘lak

va hamma  narsa-Sen haqingda o‘y!

***

Og‘riq berar kemtik qovurg‘am

jontalabdir qolgan qismiga…

Garchi, umr

o‘zim uchun bo‘lsa-da

Taqdirimni berdim Ismingga!

Oh… bunchalar og‘irdir Sevgi

Oh, bunchalar dahshatli sevinch…

Bir on termulmoq

umrdir ming bor

Termulaman ta’qiqni buzib,

olmay tan! —

Berilgandek Yashashga imkon

yana qayta o‘lim oldidan…

Axir,

Sevgi sabab dunyo yaralgan!

Sevgi sabab, balki, tugaydi…

Kelgandayman seni izlab dunyoga

Balki, tug‘ilmoqni million yil kutdim!

Tomir otib borar Isming qalbimda

qo‘shilib bormoqda

tomirlarimga!

Sen deb o‘lmoq uchun dunyoga o‘tdim!..

Seni sevib qoldim – qalbim og‘ridi…

Seni sevib qoldim – gulladi taqdir!

***

Shamollarni berkitar dunyo…

Jarayon romanini o‘qib

Yo‘llar berkinadi nigohlarimdan,

Tumanlik cho‘kadi ko‘zim o‘ngida.

Faqat daraxtlarning shiviri yonar

Uzoqdan ko‘ringan nurning so‘ngida…

Men esam joyimda suraman xayol,

Xazonlar sarg‘ayib bunda yo‘l boshlar.

Go‘yo armonlarim meni eltgudek

Shiddatli shamolga, ular-qardoshlar!

 “Bo‘ysunmoq g‘avg‘odan olib chiqar” der,

Odam nega yashar? ilmiy izohlar!..

Asli dunyo tuman – faqat yo‘l bitta

Ular-chi “bo‘ysun” der, qo‘yar tuzoqlar.

Bildimki, tumanlik ichra o‘y surib

Tutqun qilinarkan insonlar asli-

Odamlar ichiga… ayro yashashdan,

Qolarkan bir chetda haqiqat vasli!

Ko‘ziga to‘ldirib tumanning rangin

Bo‘ysunib yasharkan insonlar mag‘rur…

***

O‘sha sovqotgan ko‘zlar

Netayki, yasholmayapman, chog‘i…

Sezimlarim sezmas o‘zini!

Lipillagan xayol chirog‘i

Bir chetda yotgan dilning

yoritolmas zangli yuzini!..

Kechasiz, ertasiz, bugunsiz qoldim

Shunchaki yashash deb atalgan choxda!

Osmon maydalanib ko‘zimga kirgan,

Yerning changidaman xayolsiz, soxta…

O‘marilgan o‘yni joylab o‘yimga

O‘zim baxtli sanab kelgan ekanman.

Yillar qulayverdi, sitilgan dildek

O‘zim o‘zimga sanchilgan tikanman!..

Ha, men o‘zisiz qolgan bir yurak!

Shamollarda faqatgina ovozim bordir.

Kulmagan kulgum-da bo‘g‘zimda toshdek

So‘qir ayriliqda yongan tanamda

qondarim oqmoqqa tomirim tordir!!!

Netayki, yasholmayapman chog‘i..!

***

Necha yilki yashar edi

Tunlar ichra u tinchgina.

Uni bir kun erk boshladi,

Tong qo‘yniga… xayol – zina!

Boqdi, shunda ko‘zlarini

Qamashtirdi tongning nuri…

“Oh, bu – azob” dedi inson

Yondi aqli va shuuri.

“Bu turishda ko‘zlarimdan

Ayrilaman, bu kerakmas!”

Qaytib ketdi orqasiga

Ko‘zlarini asrasa bas!..

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting