Salmon Rushdiy, ingliz yozuvchisi
hikoya
19… yillarning birinchi yarmida Shrinagar qish uyqusidan mast bo‘lib yotgan payt ko‘chalarda ayovsiz izg‘irin kezib yurardi. Go‘yo bu izg‘irinning vujudi bor ediyu, bu vujud unga suyaklarni shishadek chirs-chirs sindirish uchun berilgandek edi.
O‘sha tun ko‘cha daydilarining ko‘zu-yuzi faqat sovuqdan emas, balki qo‘rquvdan qizarib ketgan bir yigitga tushdi. Yigit shaharning eng isqirt va unutilgan ko‘chasidagi atrofi qalayi panjara bilan o‘ralgan yog‘och kulba qarshisiga kelib to‘xtadi. Uning qaddi bir tarafga egilgan, xuddi bir turtsang, qulab tushadigandek ko‘rinardi. Yigit bo‘g‘iq va ojiz, biroq jiddiy ovoz bilan saslandi:
– O‘g‘rilarning o‘g‘risini qayerdan topsam bo‘ladi?
Ko‘chaning o‘zi kabi isqirt uch-to‘rt bedorlari Atta ismli bu yigitni boshqa bir tor va qorong‘u ko‘chaga boshlab borishdi. Yuzlari ko‘rinmagan bu bedorlar Attani yangi so‘yilgan tovuqning qoni hali sovib ulgurmagan tuproqqa yuztuban yiqitishdi va bu kichik sayohatga yigit ahmoqlarcha olib chiqqan pullarni olib, uning o‘zini o‘lasi qilib do‘pposlashdi.
Tun quyuqlashib borardi. Ismsiz kishilar Attaning bexush tanasini ko‘l yoqasiga olib kelib, xalq tilida Shikora deb atalmish uzun va tor qayiqqa o‘tkazishdi-da suvning tugash nuqtasiga olib borib tashlashdi. Endi Atta Shalimar bog‘lari tomon uzangan yo‘l boshida qonga belangancha ham sovuqdan, ham tutqanoqdan dir-dir qaltirab yotardi.
Tongotarda xuddi o‘sha joydan kahrabodek yarqiragan qayiq o‘tayotgandi. Qayiqda gul tashigan qayiqchi titrog‘i to‘xtagan Attaning oniy qimirlashidan yuzaga kelgan shovqin sabab bu yerda kimdir borligini sezib qoldi. Sho‘rlikning tirikligini burun kataklari kengayib-torayotganidan bildi va yigitdan qayerda yashashini so‘radi. Xushiga qayta boshlagan Atta alahsiragan ko‘yi uyining manzilini aytdiyu yana xushidan ketdi. So‘ngra qayiqchi uni ming mashaqqat bilan qayig‘iga o‘tkazdi va aytilgan manzilga qarab yo‘lga tushdi. Uning yo‘li sohilning boshqa tarafiga, katta imorat joylashgan boylar ko‘chasi tomon yo‘nalgandi.
Qishda ochilgan gullarni tashib tirikchilik qiladigan qayiqchimiz eshkakni katta mukofot umidida g‘ayrat bilan eshardi. Nihoyat, u Attaning uyida. Uni ikki ayol: yuzi kaltakdan momataloq bo‘lib ketgan bo‘lsada, hamon go‘zalligi shundoq bilinib turgan qiz – Attaning singlisi va ko‘zlari jiqqa yosh, so‘lg‘in kampir, ya’ni Attaning onasi qarshi oldi. Ikkisida ham chil-chil singan bebaho chinni kabi qo‘rg‘oshindek og‘ir bir ruh bor edi. Singlisi Attani ko‘rganzahoti qichqirib yubordi. Xonadonning katta farzandini gul to‘la qayiqda olib kelishganini ko‘rgan ona ham qiziga qo‘shilib uvvos soldi.
Darhaqiqat, qayiqchiga uning o‘zi umid qilganidan ham kattaroq mukofot berib jo‘natildi. Endi bu qoracha gulfurush do‘stimiz hikoyamizda boshqa eslanmaydi. Uni bemalol unutishingiz mumkin.
Atta faqat sovuq yo tutqanoqdan emas, balki bosh suyagining darz ketishidan ham qattiq titray boshlagandi. U mana shu darz sabab komaga tushib qolgani keyinroq ayon bo‘ldi. Eng yaxshi va tajribali shifokorlar ham jimgina yelka qisib jo‘nab ketishardi.
Qizig‘i shundaki, ertasi kun shaharning eng isqirt va unutilgan ko‘chasida kutilmagan mehmon paydo bo‘ldi.
Humo ismli bu mehmon badbaxt Attaning singlisi
edi. U ham akasi kabi bo‘g‘iq va jiddiy ovozda so‘radi:
– O‘g‘rilarning o‘g‘risini qayerdan topsam bo‘ladi?
Pana-pastqamda o‘tirgan tullaklar, ko‘chaning o‘zi kabi unutilgan istiqomatchilari bundan avvalgi yigitning savoliga qanday kulishgan bo‘lsa, qizginaning so‘rog‘iga ham xuddi shunday javob berdilar.
– Kecha bittasi keluvdi. O‘g‘rini izlab o‘z boshiga o‘zi g‘avg‘o orttirdi. Senlarga nima kerak o‘zi?
Faqat, bu safar qiz gapning jonini bittada sug‘urdi:
– Shuni aytib qo‘yayki, na hamyonimda pul, na qulog‘u barmog‘imda bironta qimmatbaho taqinchoq bor. Meni o‘g‘irlab garov puli ham so‘rayolmaysiz. Holbuki, merosdan mahrum etilganim sabab otam men uchun birovga bir tiyin tutqazmaydi. Bu yerga kelmasdan avval qayerga ketayotganimni politsiya komissariga yozib qoldirganman va komissar muovini men bir kunga yo‘qolib qolgudek bo‘lsam, yozgan xatimni komissarning o‘ziga ochib o‘qittiradi. Shuni unutmangki, butun ko‘chaga o‘t qo‘yib bo‘lsada menga qo‘l urganlar jazolanishi tayin.
Qizning uzoqni ko‘ra olganidan ko‘cha ahli taajjubga tushdi. Biroz o‘tib, atrofni tomoshatalab bekorchilar to‘dasi o‘rab oldi. Komissar sohibning jiyani sanalmish bu sohibjamolga g‘ing deydigan ahmoq bormikan?
Uni tor va qorong‘u ko‘chaga qadar olib bordilar. Ko‘cha ichkarilagani sari qorong‘ulashib boraverardi. Xuddi atrofga birov qora tutun puflayotgandek, muhitni chidab bo‘lmas zimiston o‘z hukmga olayotgandek edi. Qizning ko‘zi eski eshik qarshisida o‘tirgan kampirga tushdi. Humo bir nuqtaga tikilib o‘tirgan kampirni kuzata turib, uning so‘qirligini sezdi. Ro‘parasida yana bir eshik ochildi. Bu xona hozirga qadar ko‘rgan butun qorong‘uliklardanda qorong‘uroq edi. Qiz mushtlarini qattiq siqib, yuragiga sekinroq ur, deya tinmay yolborardi. Ostonada turib, ichkariga tikildi.
Zimiston xonaning burchaklarini shamdan taralayotgan o‘limtik shu’la yoritib turardi. Kampirning kishibilmas tashqaridagi yo‘qlikka singishib ketishi qizni ichkariroq kirishga undadi. Humo birdan tanasiga tegib ketgan nimadandir qo‘rqib, beixtiyor qichqirib yubordi va shu zahotiyoq o‘zidan g‘azablanib, lablarini qonatgudek tishlab jim bo‘ldi. Ichida homila yanglig‘ o‘sib kelayotgan qo‘rquvining birdan to‘lg‘oq azobi yanglig‘ unga vasvasa solishidan cho‘chib bezovta bo‘lar va ichida jahl bilan bilgan butun duolarini qayta-qayta takrorlardi. Biroz o‘tib, chuqur nafas oldi-yu tanasiga ingan hotirjamlikdan rohat tuydi va o‘ziga oldinda yana qanday dahshatlar kutayotgani haqida o‘ylashni taqiqladi.
Boya Humoning o‘takasini yorgan narsa sham lipillab turgan xontaxta edi, xolos. Xontaxta ortida esa unga hali juda ko‘p qo‘rquvlarni xadya etajak tog‘dek barzangi kishini ko‘rdi.
– O‘tiraqol, – past, biroq buyruq ohangida saslangan manziratdan so‘ng Humo keyingi taklifni kutib o‘tirmay darhol qariyaning qarshisiga cho‘kdi. Barmoqlarini to‘xtovsiz qisirlatgancha o‘zini hotirjam suhbatga tayyorladi:
– O‘ylashimcha, men izlagan o‘sha mashhur o‘g‘rilar o‘g‘risi siz bo‘lasiz, shundaymi?
Qariya o‘rnidan qalqdi. Bu safar uning devordagi ulkan gavdasi titrab ko‘rinardi. U bir — ikki gapirdi. Humoning bu gaplardan tushungani shu bo‘ldiki, butun shaharda ro‘y beruvchi jinoyatlar aslo tasodifan emas, balki aynan mana shu xonada rejalashtirib, pishitib qilinar va bu xonada hukm berilmagan o‘g‘irlik yo qotillikni amalga oshirgan odamlarga jazo ham aynan u tomonidan berilarmish.
O‘g‘rilar o‘g‘risi undan rejalashtirilgan o‘g‘irlik borasida kengroq ma’lumot berishini, nimani va qanday o‘g‘irlash kerak, buyurtmadan boshqa narsalarni olib chiqish ham mumkinmi yo yo‘q, olinajak haq, birdan kutilmagan hodisa bo‘lsa kim javobgar, puldan tashqari mukofot ham bormi va nihoyat o‘g‘irlikdan maqsad nimaligi haqida so‘rab surishtirdi.
Oxirgi savolni eshitar eshitmas Humo o‘zini qo‘lga olib, buyurtmachiga hos qat’iyat bilan dedi:
– Nimani maqsad qilganim bu mening shaxsiy ishim. Qo‘shimcha masalalarni faqat va faqat o‘g‘rining o‘zi bilan kelishaman. Pulidan xavotir olmang. Ortig‘i bilan to‘lanadi!
– O‘ylashimcha, siz bu shaharda odamlarni o‘g‘rilar bilan ta’minlaydigan agentga o‘xshash odamsiz. Adashmadim, shundaymi? Mening sizdan talabim shuki, shahardagi eng ojiz, biroq hech narsadan, hatto Tangrining g‘azabidan ham qo‘rqmaydigan o‘g‘rini topib berishingiz kerak. O‘g‘riga qancha to‘lansa, siz ham xizmatingiz uchun shuncha haq olasiz. O‘sha qo‘rqmas o‘g‘rini topib bering menga. Boshqa hech kim kerakmas!
Kimdir oq moychiroqni yoqdi va Humo qarshisidagi yuzida arabcha Sin harfiga o‘xshash chandig‘i bor barvasta qariyani ko‘rdi. Humo unga arvohni ko‘rgandek tikilib qoldi. Bolalikdagi qora tushlarini esladi. Atta va Humoning enagasi bolalar sho‘xlik qilmasin, deya ularni shunday qo‘rqitardi:
– Iloyo yana gapga kirmasalaring, ikkovingniyam o‘g‘rilarning o‘g‘risi Shayx Sin qorong‘u xujrasiga olib ketib, qamab qo‘ysin!
Yuzida arabiy qilichdan qolgan chandig‘i shundoq bilinib turgan bu oqsoqol jinoyat olamida butun o‘g‘rilarning piri edi.
– Bu ishni mendan boshqa hech kim epini keltirib uddalolmaydi.
Qizning ensasi qotdi. U xotirasida qayta jonlangan bolalik qo‘rquvlarini bo‘g‘ib, qariyaga yaqinlashdi va sochlari oppoq o‘g‘riga bu tahlikali uchrashuvga boshqa iloji qolmagani bois chiqqanini shivirlab tushuntirdi.
– Bir daqiqani ham qo‘ldan boy bermasligimiz kerak, – so‘zida davom etdi Humo, – shu sabab hech narsani yashirmasdan, hammasini sizga ro‘y — rost aytib beraman. Agar hikoyamni oxirigacha eshitgandan keyin ham qaroringizdan qaytmasangiz, ish bitgach sizga xizmat haqqiddan tashqari olgan pulingizdan-da ortiq qilib mukofot ham beraman.
Oqsoqol bosh irg‘ib, elka silkitgancha chekkaga “chirt” etkazib tupurdi. Endi hikoyani Humoning og‘zidan eshitamiz.
* * *
Naqd olti kun avval o‘ziga to‘q sudxo‘r Hoshimning uyida tong har kungidek kutib olindi. Yuz-ko‘zidan mehr ufurib turgan ona erining oldiga chilim olib kelib qo‘ydi va er-xotinning doimgidek dilkash suhbati davom etayotgandi. Hoshim o‘zi to‘plagan molu dunyoni e’tiqodi emas, balki hayotga nisbatan buyuk muhabbati va hurmati orqali topganini ko‘p aytguvchi edi. Uning odmi va ayni damda shinamgina uyida eng qashshoq odamlarni, undan pul qarzdor kichik sarmoyadorlarni ham aziz mehmondek hurmat-izzat bilan qarshi olishardi. Albatta, sudxo‘r o‘z nomi bilan sudxo‘r. Hoshim bergan pulining ustiga yuzda o‘ttiz foiz ustama qo‘yardi.
– Men kishilarga pulni hurmat qilishni o‘rgataman. Agar ularning ko‘ngli puldan sovib, xonavayron bo‘lgudek bo‘lsa, men ham, sizlar ham och qolamiz. Bizning tirikchiligimiz odamlarning boylikka bo‘lgan hurmati, hirs emas, aynan hurmati sabab o‘tib turibdi.
Sudxo‘r va uning xotini bolalari Atta bilan Humoga boriga qanoat, hurfikrlik va bardavom iymon sohibiga aylanish sirlarini bot-bot ta’kidlab turishardi. Bu borada ham Hoshimning o‘z qarashlari bor edi.
Chilim va choy bitgach, oila bir-biriga xayrli kun tilab tarqalishdi. Biroq, oradan bir-ikki soat o‘tar o‘tmas, xonadonning billurdek nozik sakinatiga darz ketib, lahzada chil-chil bo‘ldi. Endi oila a’zolarining na kechagi baxtli kunlarini qaytarishga zarracha umidi, na kelajak kunlardagi yorug‘likka zig‘irdek ilinji qolgandi.
Sudxo‘r bir-ikki ishini bitirib kelish uchun shikorasini hozirlayotgan vaqti shikora va sohil o‘rtasidaga suvda yiltirab ko‘ringan kumushrang narsaga ko‘zi tushdi.
Qimmatbaho matohdir deb olgan narsasi tuxumsimon shisha bo‘lib chiqdi. Lekin, baribir uning atrofi kumush suvi bilan hallangandi. Hoshim diqqat bilan boqa turib, shisha ichida odamning sochi borligini ko‘rdi.
Shishani xaltasiga solib, sherigiga rejalari o‘zgarganini aytdi va uyiga, o‘z xonasiga ravona bo‘ldi. Shishani yaxshilab o‘rganib chiqqach, sudxo‘r Hoshim tushunib yetdiki, qo‘lidagi qimmatbaho kumush tuxum ichidagi sochlar o‘sha muqaddas payg‘ambarga tegishli ekan. Zotan, u bu sochlar Hazratbol ibodatgohidan o‘g‘irlab ketilganida qandoq dod-faryod ko‘tarilganidan juda yaxshi xabardor edi. Bu faryodlar butun vodiyni larzaga solgandi.
Katta ehtimol bilan o‘g‘rilar aholining yig‘i-sig‘isi, siyosiy chiqishlari, muqaddas duolar orqali o‘zlarining qayerda ekanliklarini bilib qolishlari mumkinligi va oxiri ham odamlar, ham Tangri tomonidan berilajak jazodan qo‘rqib, shishani ko‘lga otishgan. Davring keldi, sur begim deb qo‘shiq boshlagan Hoshim endi sochlarni ibodatgohga qaytarib ham xalqning, ham davlatning hurmatiga sazovor bo‘ladigan edi. Lekin, birdan ichiga shayton o‘rlab, miyasiga boshqa fikr nashtardek sanchildi.
Xonaning to‘rt devoriga bir qaragan odam Hoshimning antiqavorlarni to‘plash odati borligini bittada tushunardi. Billur javonlarda Shrinagarning mashhur Gulmarg bog‘laridagi kapalaklar yanglig‘ nozik ishlangan qilichlar, ularning orasida shimoliy Hindistonda yashovchi odamxo‘r qabila Nagovlarning zamzama atalmish g‘aroyib qurolining asl nus’halari, ayni paytda fil suyagidan ishlangan tuya haykalchalari, olis O‘rusiyadan keltirilgan kumush samovarlar, sandal daraxtidan yasalgan, odatda bolalarni cho‘miltira turib, ularga o‘ynash uchun beriladigan xushbo‘y hayvon shakllari turardi.
– Olib borib bersam, – dedi Hoshim o‘ziga o‘zi, – riyokorlik bo‘lmasmikan? Qimmatbaho buyumlarni muqaddas bilib, ularga sajda qilishdan payg‘ambarmizning o‘zi qaytargan emasmi?! Buni uning o‘zi ham istamagan bo‘lardi!
Bir lahzada kumush tuxum qarshisida bosh egib duo o‘qiyotgan badbaxt kimsalarni ko‘z oldiga keltirdiyu, g‘azabi qo‘zg‘adi.
– Agar bu sochlarni kerakli joyga qaytarsam, din muxlislarining oldida o‘z vazifamni ado qilgan bo‘laman, lekin Tangri mendan rozi bo‘larmikan? Albatta, meni bu buyumning diniy emas, ma’naviy qiymati qiziqtiradi. Men bunga qaray turib, uning nodir va betimsol go‘zalligidan zavqlanishim mumkin. Qisqasi, menga tuxum kerak, payg‘ambarning sochlari emas. Amerikalik millionerlar dunyoning to‘rt tarafidan shunga o‘xshash bebaho ashyolarni olib kelib, saroylarining ostidagi yerto‘lalarda saqlashadi. Ha, mening holatimni faqat ulargina tushunishlari mumkin. Men bu nafosatdan ayrilolmayman.
Hech bir antiqavor ishqibozi o‘zining yig‘ib – terganini birovga ko‘rsatmay turolmaydi. Hoshim ham shunday totli hislar og‘ushida to‘plamidagi yangi durdonani o‘g‘liga ko‘rsatdi. Garchi sudxo‘r o‘g‘lidan bu topilma haqida hech kimga hech narsa demasligi haqida so‘z olgan bo‘lsa ham, Atta o‘ziga uncha ishonmasdi. Ayniqsa, oilasining bugungacha ko‘rganlarini o‘ylagach, Attaning jim yurishi qiyin masala edi.
Kumush tuxumni ilk bor ko‘rganida Atta otasidan ijozat olib, xonadan chiqib ketgandi. Hoshim esa hamon betimsol topilmasiga bitmas – tuganmas hayrat bilan qaragancha oromkursida o‘tirardi. Sudxo‘rning tushlik qilmasligini uydagi hamma yaxshi bilgani uchun uni kechki ovqatga qadar hech kim bezovta qilmadi. Biroq, oqshom sohibini kechki ovqatga chaqirish uchun kirgan xizmatkor Hoshimni boya Atta chiqib ketayotganida qanday o‘tirgan bo‘lsa, joyidan qimir etmay hamon tuxumga tikilgancha yoyilib o‘tirganini ko‘rdi. .
Sohib istalgan payt o‘z – o‘zidan otilib ketishi mumkin bo‘lgan zambarakka o‘xshardi. Harom yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan tuxumning ichidagi Tangri g‘azabi sizib chiqib, Hoshimning tanasiga singishib ketgandek go‘yo.
Xizmatkorning yordami bilan xontaxta yoniga keldi va shu payt uy ichida chindan “portlash” bo‘ldi. Boyagi zambarakdan ilk bor o‘t ochildi.
Hoshimning basharasi qahrdan ko‘kariblar ketgan, ichidagi kin olovidan sachragan uchqunlar rafiqasi va bolalarini so‘z shaklida kuydirardi:
– Hayot emas, jahannamning o‘zi! Bu uyda kim xo‘jayin?! Yo‘qotlaring bu madaniyat-padaniyatlaringni. Riyokorlikdan boshqasiga yaramaysanlar! Hammang nomussizsan! Hammang! Ha honim, nega o‘zingni qo‘rqqanga solib qaltirayapsan? Sendan yashiriqcha uyga nechchi marta boshqa janonlarni olib kelganimni bilmaysanda, a? Ha, sen ahmoq hech narsani bilmaysan. Boshqa ayolni sevishimni, u bilan o‘n yildan beri aloqamiz borligidan ham xabaring yo‘q. Aytgancha, men o‘lsam, merosning faqat sakkiz foizigina senga qoladi, qolgan butun molu dunyom o‘sha ayolniki. Dinda sakkiz foizdan kam ulush berish mumkin bo‘lganidaydi, bundan ham kam narsa tashlab ketardim sen tovuqmiya ro‘dapoga.
G‘azabdan og‘zi ko‘pikka to‘lgan Hoshim endi bolalariga hamla qila boshladi. Ko‘zi Attaga tushgani hamono yanada balandroq qichqirib dedi:
– Sen shunday ahmoq bola bo‘lgansanki. Yaratgan meni sendek befaxm o‘g‘il bilan jazolagan. Hey, sen. Ha sen, Humo. Shaharda yuzingni ochvolib uyoqdan buyoqqa daydiysan. Meni sharmanda qilding. Seni Egam shu qadar farosatdan siqqanki, otam shaharning oldi odami, bu aqlsizligim bilan shahar qizlariga yomon o‘rnak bo‘lmay deb yuzinga parda tortishga ham yetmaydi bu kalta aqling.
Shu soatdan boshlab, rafiqasiga uydan chiqmaslikni buyurdi. Dasturxondagi biron narsaga qo‘l tekkizmay xonasiga kirib ketdi va ichidagi butun gaplarni aytib bo‘lganidan xursand bo‘lib, hotirjam uyquga yotdi. Na dasturxon boshida yum-yum yig‘lagan oilasini, na hayratdan tong qotgan xizmatkorni xayoliga keltirdi.
Ertasi kun Hoshim sahar soat beshda uyg‘ondi, poklanib, boshqalarni ham uyg‘otdi va butun kun davomida ularni ham o‘zi bilan ibodat qilishga majbur qildi.
Tongi chilimdan so‘ng Humo otasining buyrug‘i bilan eshikbonlar uydagi hamma kitobni olib chiqib hovlida yoqayotganlarini ko‘rdi. Sudxo‘rning amri bilan kuniga eng kamida ikki soat hamma muqaddas baland ovozda o‘qishi shart bo‘ldi. Televizor va radio taqiqlandi. Musiqa harom deyildi. Bordiyu uyga Attaning biron do‘sti kelgudek bo‘lsa, Humo xonasidan chiqmasligi kerak – nomahramga ko‘rinish makruh.
O‘sha kundan e’tiboran, uy qayg‘u va zulmat girdobiga g‘arq bo‘ldi. Biroq, hali eng katta falokat oldinda edi.
Ertasi kun Hoshimning yoniga qarz olgan va qaytarish uchun puli yo‘qligi sabab bir necha kun qo‘shimcha muhlat so‘ragani bir kishi keldi. Faqat, bu safar ayb qarzdorning o‘zidan o‘tdi. U Hoshimga muqaddas Kitobda sudxo‘rlik va foizchilik haqidagi “jasoratli” fikrlarni eslatib qo‘ydi.
G‘azabi chunonam qaynagan Hoshim sho‘rlikni ayamay qamchilar, allaqaysi zamonlar hayvon tulumlari ilingan devorlari bo‘ylab uyoqdan bu yoqqa sudrab azoblardi. Baxtsiz tasodifdanmi, xuddi o‘sha kun boshqa bir qarzdor ham muhlat so‘ragani kelib qoldi. Ota uni ham avvalgisidan besh battar siyladi. Lekin, birinchi qarzdordan farqli o‘laroq uning o‘ng qo‘liga ham jiddiy shikast yetdi. Uni o‘z rizqini qiygan murdor sanab, Hoshim devorda iliniq mashhur jangovar qabila bo‘lmish kukrilardan olingan o‘ttiz sakkiz tig‘li pichog‘i bilan qo‘lini kesmoqchi bo‘lgan ekan.
Atta va Humo oilaning yozilmagan yangi qoidalariga amal qilishda juda qiynalishardi. Ha, Hoshim juda chuqurlashib ketdi. Hatto rafiqasi undan qarzdorni nega urganini so‘raganda, bu savol sudxo‘rga yoqmagani uchun ayolni ham o‘lasi qilib kaltaklabdi. Atta onasini himoya qilaman deb o‘rtaga kirganida, otasi uni ham yer bilan bitta qilib tashladi:
– Bugundan boshlab uydagi qonun-qoidani tushundingiz!
O‘sha kun tongacha va uchinchi kun oqshomgacha xonadon
bekasi asablarini jilovlolmay titrab-qaqshab chiqdi. Nihoyat, eriga agar bu
bema’nigarchiliklarini to‘xtatmasa, darhol talog‘ini berishi shartligini ma’lum qildi.
Ayol xonasiga o‘tib, eshikni tambaladi. Tambaning shiqirlagan ovozi tingani zahot
xonasidan o‘kirib-o‘kirib yig‘lagan tovush eshitila boshladi.
Humoning ham sabr kosasi to‘lgan tugul bu kosaning siniqlari allaqachon ichiga sanchilib, azob berardi.
Bugungacha unga mustaqil bo‘lishni o‘rgatgani holda
to‘satdan yuzini yopishini talab qilgan otasining qaroriga qarshi chiqib, chodra ko‘z
nurini zaiflatadi deya javob berdi. Hoshim biroz o‘ylab, uni merosdan mahrum qilganini
va bir hafta ichida uydan chiqib ketmasa, holiga maymunlar yig‘lashini aytdi.
To‘rtinchi kun butun uy dahshat og‘ushiga g‘arq bo‘ldi. xuddi shu kun Atta opasiga
otasining nodir topilmasi haqida gapirib berdi.
Hoshim ikki kallakesarni yoniga olib, qarzini qaytarmayotganlardan pulini undirish
uchun shaharga tushib ketgandi. Oilaning yolg‘iz vorisi bo‘lgani bois otasining g‘azna
kaliti Attaga ham berilgandi. Shundan foydalanib, sudxo‘rning xonasidagi g‘aznani
ochdiyu unga berkitilgan billur tuxumni cho‘ntakka joyladi.
– Balki, uyda yuz bergan oxirgi voqealar meni esdan og‘dirgandir, ammo bir narsani aniq bilamanki, bu sochlar uyimizda ekan, bizga kun yo‘q, – dedi u opasiga qarab.
Humo ukasining aytganiga ko‘nib, tuxumni tezda ibodatgohga qaytarib olib borishini tayinladi. Atta qayiqqa minib, ibodatgohga shoshildi. Ibodatgoh qarshisida yig‘lab dod-faryod qilayotgan mutaassiblarni ko‘rib, qo‘lini cho‘ntagiga soldiyu ichi shuv etib ketdi. Billur tuxum yo‘q. Yigit cho‘ntagidagi teshikni ko‘rib, tuxumning undan tushib qolganini tushundi. Yo Tanrim, dediyu qo‘rquvdan qaltirayotgan qo‘llarini yuziga bosdi. Ammo, hozir ibodatgoh imomiga billur tuxumni topib keltirganini aytganida ham bu ko‘r olomon ichidan sog‘ chiqolmasligini sezdiyu lablariga so‘ngi to‘rt kun ichida ilk bor tabassum yugurdi.
– Biz bu billur matohdan qutulishimiz kerakmidi? Ha! Mana, bu ishni ham la’natining o‘zi bajarib qo‘yaqolibdi.
Shunday dediyu, kayfiyati ko‘tarilib, qayiqqa mindi.
Uyga kirar-kirmas mehmonxonada qonga belanib, chalajon yotgan opasini ko‘rdi. Qo‘shni xonadan onasining piqillab yig‘lagan tovushini eshitdi va opasini ko‘targancha beka yoniga yugurdi. Biroz o‘tib, Humo o‘ziga kelgach barini aytib berdi. Ma’lum bo‘lishicha, ota qayiqda suzib ketayotganida suvda yaltirayotgan billur tuxumni ko‘rgan, uni olgach, bu jin urgur u erda nima qilayotganini, u yerga qanday borib qolganini aniqlaganmish. Atta birdan boshini devorga urib, ho‘ngrab yig‘lay boshladi. Ko‘z yoshlari tinib, umidi so‘ngach billur haqida nimadir uydirish kerakligini o‘ylab, otasining xonasiga yo‘l oldi.
Ertasi kun Humoning yuzidagi momataloqlar tuzala boshladi. Ukasini quchib, qulog‘iga qancha ketsa ketsin, bu tuxumdan qutulish kerakligini pichirlab aytdi va so‘ngi jumlalarni bir-necha marta takrorladi:
– Sochlarni ibodatgohdan o‘g‘irlash mumkinmi, demak bizning uydan ham o‘g‘irlash mumkin! Lekin buni shu qadar ustalik bilan qilish kerakki, hech kim shubhalanmasin. Bizga bone fide – hurmatli, layoqati baland, tajribali o‘g‘ri lozim. Shunday o‘g‘ri bo‘lsinki, na politsiyadan qo‘rqsin, na qarg‘ishdan…
* * *
– Taassufki, davom etdi Humo, – otam uni bir marta yo‘qotib og‘iz kuydirgach, bu matohni ko‘z qorachig‘idek saqlayapti. Bu ham ishni ancha chigallashtiradi. Siz buni aniq bajarolasizmi? – Qiz qarshisida o‘tirgan, yuziga arabcha Sin harfi shaklida chandiq tushgan kishiga qarab so‘radi.
Uzoq sukutdan so‘ng Humo oq moychiroq shu’lasida tiniqroq ko‘rina boshlagan yuz egasidan yana so‘radi:
– Siz qo‘rqmasligingiz va ishni oxiriga yetkaza olishingizga aminmisiz?
Kishi yoqasini tortib, yerga chirt ettirib tupurdiyu, o‘zining na oshpaz, na bog‘bon ekanligini, u hech narsaga avvaldan va’da bermasligini aytdi. Lekin yana aytishicha, qo‘rquv unga butkul begona emish. Xususan, qiz unga ta’riflayotgan bolasiyoq ertaklardan ham hayiqmasligini ma’lum qildi. Ketidan, o‘g‘irlikning sabablariga qiziqdi.
– Ibodatgohga qaytarish uchun qilgan harakatlarimizdan so‘ng otam billur tuxumni yostig‘i ostiga berkitib uxlaydigan bo‘lgan. Kamiga, xonada yolg‘iz o‘zi yotadi. Siz uning xonasiga shunday kirib olishingiz kerakki, otam uyg‘onamasin. Yostig‘i ostidagi buyumni ehtiyotkorlik bilan olib, mening xonamga olib kelib berasiz.
Humo gapini tugatch, kishiga uyning tahminiy chizmasini ko‘rsatdi.
– Ish bitgach, onam va mening butun oltin buyumlarimiz sizniki bo‘ladi. Ishoning, siz bu oltinlar bilan katta davlat qozonasiz, – gapi tugamay ko‘zi yoshlanganini sezdiyu, yakunlash uchun shoshilib dedi, – bugun! Siz uni bugun o‘g‘irlashingiz kerak!
Humo xonadan chiqiboq bor kuchi bilan o‘qchib, qon tupurdi.
Shayx Sin – o‘g‘rilar o‘g‘risi ancha qartayib qolgan, kamiga kasalmand edi. o‘g‘irlikdan topgan mollarini qimorda yutkizib qo‘ygani sabab qashshoq kun kechirardi. Hatto, o‘g‘irlikni boshlagan yillaridagidan ham qashshoq… Uning joyiga nomzod bo‘lib turgan o‘g‘ri esa uni har qachon so‘yib ketishga tayyor. Ayni shu holatda bu qizning unga bildirgan taklifi qariyaga ilohiy tuhfadek tuyulib ketgandi. Qo‘liga tushadigan pulni olib vodiyni tark etishi va chekkaroqdan bir kulba olib, odamlarga o‘xshab o‘limini kutishi mumkin. Sochga kelganda esa na uning o‘zi, na so‘qir xotini unga umr bo‘yi biron marta qiziqishgandi. Xuddi shu bois Hoshimning oilasi va Shayx Sin orasida o‘xshashlik bor edi.
Shayxning farzandlari undan farqli o‘laroq dindor bo‘lib ulg‘ayishgandi. Hatto bir kun Makkada tilanchilik qilish istaklarini aytib, Shayxni g‘azablantirishgandi ham:
– Bema’ni gaplarni yig‘ishtirlaring. Xo‘sh, bir o‘ylab ko‘r, u yerga qanday bormoqchisanlar?
Shayxning oilasida tug‘ilgan bolalar “bu dunyoga xushbaxt hayot uchun kelibdi” deyilardiyu, beshikdayoq majruh qilinar va shu yo‘l bilan kelajakda tilanchilik qilish uchun o‘stirilardi.
Bolalar tilanchilik qilib qorinlarini to‘ydirib yurishni eplashardi. Biroq, Shayxning boshqa rejasi bor. Bir amallab so‘qir kampirini olsayu bu harobadan ko‘chib ketsa. Umrida ilk bor omadi chopdi. Eshigi taqilladi, chorasiz, go‘zal qiz unga o‘g‘irlik taklif qilib o‘tiribdi.
O‘sha tun uydagilar o‘g‘rini kutishardi. Shu sabab dahlizdagi chiroqlarning bari o‘chirildi. Atay o‘g‘ri qiynalmasin deb tun ham doimgidan qorong‘u, ko‘l esa tumanning qalin ko‘rpasiga burkangan, osmon uzra qora, quyuq bulutlar kezib yurardi. Sudxo‘r Hoshim uxlash taraddudida yotog‘iga kirib ketdi. Bu kecha faqat uning ko‘zlariga uyqu sig‘ardi, xolos. Boshqa xonada miyasiga qon quyulib, komada yotgan o‘g‘li boshida uy sohibasi izillab yig‘lab o‘tirardi. Uchinchi xonadagi Humo esa kiyimini ham almashtirmay so‘ngi umidi, tilla sandiqchani bag‘riga bosgancha o‘g‘rini kutardi.
Nihoyat bog‘ tarafdan bulbul chah-chahi eshitildi. Humo zinadan asta, ovoz chiqarmay tushib, yuzida Sin harfi bo‘rtib turgan “bulbul” ga eshik ochdi. Ikkovlari ham dahlizga borguncha bir-birlarining yuziga qaramay borib, belgilangan joyga kelgach, boshqa-boshqa xonalarga kirib ketishdi. Shayx ovoz chiqarmay, ustalik bilan sudxo‘rning xonasiga o‘tdi. Ayni shu payt Humoning unga chizib bergan uy tarxi qanchalik aniqligini tushundi. Hoshim yostiqni quchoqlagancha xurrak otardi. Yostiqni bir tarafga sal surishni eplagach, kumush tuxumni olish qiyin kechmadi.
Shu payt devorning narigi tarafida Atta bir lahza ko‘zini ochib, o‘zini tutdi. Onasi hayratdan dong qotib qolgandi. Qon miyasiga to‘lib bo‘lganidan bo‘lsa kerak. Ehtimol, otasining xonasida nimalar bo‘layotganidan xabar topgan bo‘lishi ham mumkin. Nima bo‘lgan taqdirda ham, biz uning nega xushiga kelganini hech qachon aniq bilolmaymiz.
Atta yotog‘ida o‘tirib, uch marta bir so‘zni takrorladi:
– O‘g‘ri! O‘g‘ri! O‘g‘ri!
Keyin esa joyiga qaytib yotdiyu joni uzildi.
Boshida o‘tirgan onasining ichida qiyomat qo‘pdi. Dod-faryod boshlandi. Bu shundoq faryod ediki, devorning narigi tarafidagi mast uyquda yotgan Hoshimni ham uyg‘otib yubordi. Shayx esankirab qolgandi. Sudxo‘rni urib hushidan ketkazsinmi yo parda ortiga o‘tib yashirinsinmi? O‘yining oxiriga yetmay turib, Hoshim oyoqqa qalqdi va oyoq tarafidagi tortmadan shakar qamish tasviri tushirilgan pichoqni olib, dahlizga yugurdi. Shayx fursatni g‘animat bilib, yostiq ostidagi payg‘ambar sochlari solingan tuxumni oldiyu juftakni rostladi.
Hoshim dahlizga chiqqach, qo‘lidagi pichoqni qorong‘uda uyoqdan-buyoqqa solladi. Hali aniq ko‘rmay turib, pichoqni dahlizning narigi burchagidagi soya egasiga, soya egasining naq yuragiga sanchdi. Keyin esa ko‘zini ishqalab, chiroqni yoqdi. Oila axzolari ichida sog‘ qolgan yagona inson, ona dahlizdagi ikki murdani ko‘rib, aqldan ozayozdi. Shu qadar qattiq chinqirdiki…
Biroz vaqt o‘tib, uning o‘z ukasi, politsiya komissari opasini ruhiy xastaliklar shifoxonasiga, aniqrog‘i jinnixonaga joyladi.
Shayx ish buzildi, deb pichirladi o‘ziga-o‘zi. Biz yuqorida aytgan fojia yuz bergan payt u Humoning xonasiga kirib, oltinlarni olib chiqish va shu yo‘l bilan jonini qutqarishga qaror qilgandi. Derazadan oshib, uyiga qaytgan vaqti kampiriga ishlarning chappasiga ketganini va bir muddat bu yerlardan ketishi kerakligini aytdi. Eri gapini tugatganda ham kampir qilt etmadi. Yuzi qadim ma’buda haykallari qadar tosh qotgan, ifodasiz edi.
O‘sha kecha ko‘tarilgan shovqindan nafaqat xizmatkorlar, balki qotib uxlab yotgan qorovul ham uyg‘onib ketgandi. Avval politsiyaga, ulardan bir ish chiqmagach esa politsiya komissarining muoviniga xabar qilindi. Komissar muovini Humoning o‘lganini eshitib, maktubni ochdi va unda yozilgan gaplarning barini diqqat bilan o‘qib chiqdi. Keyin esa qurollangan askarlari bilan shaharning eng jirkanch, badnom qismiga yo‘l oldi.
Mahallaga yetar-etmas o‘sha yerdagi kallakesarlardan biri muovinning qulog‘iga Shayxning ismini shipshidi. Boshqasi esa Shayxga qochishi kerakligi haqida xabar berdi. Xuddi o‘sha payt bosilgan tepkidan uchgan o‘q to‘g‘ri borib, derazadan endi oshayotgan Shayxning qorniga tegdi. Muovin shu yo‘l bilan ichida ko‘tarilgan g‘azab olovini biroz bostirgan bo‘ldi. Yerga qulagan o‘g‘rining cho‘ntagida kumush tuxum yarqirab turardi.
Payg‘ambarning sochlari politsiya sa’y-harakatlari bilan ibodatgohga topshirilishi borasida Hindiston radiosida eshittirish tayyorlandi. Bu voqedan bir oy o‘tib esa mamlakatning eng taniqli din xodimlari o‘sha ibodatgohga yig‘ilib, bu sochlarning chindan payg‘ambarga tegishli ekanligini tasdiqlashdi. Bugun mazkur nodir va qimmatbaho topilma kuchli nazorat ostida, eng go‘zal ko‘llardan birining sohilidagi ibodatgohda saqlanadi.
Biroq, biz hikoyamizni Shayxning to‘rt o‘g‘li haqida ham ikki og‘iz gapirmay tugatolmaymiz. Ular o‘zlari bilmagan holda o‘sha muqaddas shisha turgan xonadonda bir-necha daqiqa mehmon bo‘lishgandi. Ertasi kun uyqudan hech narsadan bexabar va soppa-sog‘ uyg‘onishdi. Xuddi beshikdalik payti otalari tomonidan majruh qilinmagandek. Bu soppa- sog‘ to‘rt mucha bilan tilanchilik qilish, ortiq imkonsiz. Endi ular xayr so‘rab qoqqan eshiklar ochilmas bo‘ldi.
Ulardan farqli o‘laroq Shayx o‘lgan kun kampirining ko‘zlariga nur indi. U yarqirab ochilgan ko‘zlari bilan umrining oxiriga qadar Kashmir ajoyibotlarini tomosha qilib o‘tdi.
Ingliz tilidan Mirzohid Muzaffar tarjimasi