AXTARISH
Toshlar uchrashdilar biz uchrashmadik
Usmon AZIM.
Sizdan mujda yetkazmay qushlar,
Tonglar otdi, tunlarni kunlab.
“Ishq”, “ishq”, — deya salovat aytar
Yomg‘irlar ham qalbga qo‘ydi lab.
Xijronlarga xosdir og‘rinish,
Tilimdan dard ko‘karib chiqdi.
Etagimdan tutdi sog‘inish
Ko‘nglingizga ko‘nglim ichikdi.
Pinhon kuya otashingizda
Adadsizu sarhadsiz sevdim,
Sehr to‘la qaroshingizda
Oydek balqib, to‘larman devdim.
Chalkashdim-o, ololmay tanib,
Adashtirdi shamollar, yellar.
Xasratu dard tug‘in ko‘tarib,
Ayro tutdi dovullar, sellar,
Kimsiz?
Bilmay ming yil axtardim
Tor tuyildi huvilloq dunyo,
Peshonamga bitilgan visol
Balki, balki… qiyomat kun yo.
Parvosizim, bag‘rim gul, xazon,
Farqi yo‘qmi bahoru kuzni.
Kelmadingiz, yo‘qlamadingiz,
Tuyg‘ulardan tonmagan qizni.
Qonga to‘ldi quyosh chelagi
Qismattog‘ga boshi urilib,
Hijronlarning halinchalagi
Nahot ko‘kda ketsa uzilib.
Sizdan mujda yetkazmay qushlar…
***
Azizim vaqt, etmading shavqat
Yeldim, uchdim, to‘qnasholmadim.
Ko‘kda baytlar o‘qidim ming bor
O‘zim bilan uchrasholmadim.
Otliq bo‘ldim sabrsiz gohi
Yo botinda sabrning asli
Ko‘zlarimda uxladi tonglar
Kelgunicha yomg‘irlar fasli.
Kutdi, ketdi, kutmaganlarim.
Soyday oqdi sehrli so‘zlar
Meni menga olib ketmadi
Ko‘zlarimni unutgan ko‘zlar.
Azizim vaqt, etmading shavqat
So‘zlashmadim, kuylasholmadim
va yer, ko‘kdan izladim ammo
O‘zim
bilan
uchrasholmadim…
***
Zebolikda yetolmaydi hech gul, lola,
Go‘zal edi yetti olam sanamlardan.
Kecha-kunduz sarsariga aytib nola
Topolmadim dong‘i ketgan chamanlardan.
Kim ekan u vasli olis yerdagi moh,
O‘rim-o‘rim kokillari boylanmagan.
Ming oshiqlar huzuriga borgani chog‘
Netong o‘sha bir tamanno aylamagan.
Ul pariro‘y qay makonda olar nafas,
O‘xshaydimu nilufar yo qizg‘aldoqqa.
Yo bag‘riga solinganmi oltin qafas,
Balki tashna u ham mehru bir ardoqqa.
Sog‘inaman binafshalar gullagan payt,
Visolingga yetolmasdan ko‘ngillar kul.
Nechun bog‘u bo‘stonlarga kelmaysan ayt,
Yovvoyi gul!
Yovvoyi gul!
Yovvoyi gul!
***
Fazo. Bo‘shliq. Eski doira
Yuksaklarda ruxning parvozi,
Quyosh sokin, oyda jimjitlik,
«Duk-duk» kelar yurak ovozi.
Dushman shamol kelar eshilib,
Ko‘ngil shami tortar xavotir.
Tiz cho‘kmoqlik — abadiy gunoh,
Yiqilmoq va sinmoq xatodir.
Axir uchma, qayrilmagin deb
Yelkam uzra zirqirar shu yuk
Yo‘q! Dunyodan olib o‘tarman
Bu — men uchun jazodir buyuk!
Faqat darding oqizma ummon,
Faqat bevaqt yog‘magin yomg‘ir,
Bilasanku -egilmoq oson,
Osmonlarga og‘irdan og‘ir…
***
Nega meni tanladi qalam
Olov hislar yoqtirib qoldi.
Mensiz yolg‘iz uxlamadi oy
Yulduzlari ko‘zimdan tomdi.
Bir ilohiy may ila sarhush
Ruh humori tutgan naysonda
Meni kutdi zumradrang bahor
Ko‘hna chashm, billur oshyonda.
Quyosh yanglig‘ chorladi har kun
Sahiy mehr, kumushrang dunyo
Meni vatan etdi o‘lmas Haq
Meni sevdi abadiy ziyo.
Ne oh, sira bermaslar javob
Anduhlarni aritmoq uchun.
O‘ldirdilar tug‘iltirdilar
Meni menga tanitmoq uchun.
Ruhim ko‘kdan tushmas beega
Jismim tuproq bilan qorishiq
Qaqnusdek qalb sig‘maydi yerga
Feruzarang osmonga oshiq.
So‘z to‘lg‘og‘i vulqon harorat
O‘chirolmas tomchidir ummon
Ko‘z yummayin ko‘rayapman tush
Uxlamoqqa imkon yo‘q, imkon!..
So‘zlarim
Tushlaringdan haydama meni,
Suratimni tashlama yirtib
Soxta dardi aldamchi deya
Ko‘zlarimni qo‘yma unutib.
Tushlaringdan haydama meni,
Ishqimga tor osmonu yerlar.
Bunda xijron, ayriliq bilmay,
Unib chiqar yalpizli she’rlar.
Tushlaringdan haydama meni,
Muhabbatni saqlaylik omon
Bizning g‘amlar tiniq, pokiza
Kirlansa gar yig‘lagay osmon.
Tushlaringdan haydama meni
Sog‘inchingni shamollarga yoz!
Olisdan-da ismimni aytsang,
Qulog‘imga keladi ovoz.
Tushlaringdan haydama meni,
Eslab turgin deyman-da, bot-bot,
Unutsang, men yashashim gumon,
Qalbim yulib urgayman faryod.
Tushlaringdan haydama meni!
Suratimni tashlama yirtib.
Soxta dardi aldamchi deya
Bahorgacha qo‘yma unutib!
Qaytgunimcha qo‘yma unutib!
O‘zing kechir
Yiroqlasam, og‘rinma osmon,
Dardimizni oylar bilmaydi.
Men oylarga hech vaqt, hech qachon
Yuragimni bergim kelmaydi.
Qaylardadir intiqmikan baxt
Va lek ko‘ngil sezib-sezmaydi.
Ginalaydi bitta muhabbat,
Yuragimni bergim kelmaydi.
Armonlarda yonganim haqqi,
O‘z-o‘zimdan tonganim haqqi,
Bir o‘limdan qolganim haqqi
Yuragimni bergim kelmaydi.
Ko‘p aytmishlar taqdiri azal,
Ne tong taqdir azal bilmaydi.
O‘zing kechir, ey Buyuk Go‘zal,
Yuragimni bergim kelmaydi.
O‘zing kechir kuyganim uchun,
Kul bo‘lib baxt tuyganim uchun.
Yuragimni bergim kelmaydi
Seni,
seni
sevganim uchun!..
CHEKKADAGI ODAM
Eh, siz, meni tanimaysiz, yo‘q!
Qalbim ezib etmangiz so‘roq.
Menman bir vaqt bilib-bilmasdan
Bemahalda qilgan qo‘ng‘iroq.
Ko‘rmagansiz!
Uchratmagansiz…
….va kim bahor, yozi yo‘q kuzni!
O‘zidan-da yuragi katta
Devonavor g‘alati qizni.
«Menman o‘sha…» deyman pichirlab
fikri — yeru, xayoli — osmon
Nekbinlikni asrar johilman
Men yolg‘onchi odamman yomon!
Dard istagan, sog‘ingan og‘riq
Ming yillarkim yig‘iga zorman
Men ko‘klamda ochilmagan gul!
Men ayozda yog‘magan qorman!
Siz topmagan, o‘qimagan ming
Nomalarim yongan olovda
Aytadigan so‘zim yo‘q sira.
Tuyg‘ularim yotar qirovda.
Kutadursiz, surasiz o‘ylar
Ismim izlab titasiz daftar.
Olib kelar yangi g‘amlarni
Biz haqdagi eskirgan gaplar
Qulog‘im kar, tilim gung mudom
Siyratingiz ilg‘amas ko‘zim
Fidodurman, tutqunman abad
o‘ynayotgan rolimga o‘zim!
Eh, siz meni tanimaysiz hech!
Bir ezgu qush ketmoqda olib
Unga ko‘nglim tuhfa etarman
«Taqdir» degan uzukka solib..
Ex siz meni tanimaysiz xech…