Fursati kelmagan endshpil*

0
156
ko'rishlar soni

esse

Irqchilik haqida gapirish yoki yozishni o‘n to‘qqizinchi asrdan boshlagan durust. Undan oldin ham emas, keyin ham. Zero shu asrdagina bir asr oldin farang diyorida shakllanib, taraqqiy etgan Ma’rifat davrining ta’sir ko‘lami foniy dunyo sarhadlari bo‘ylab keng yoyilgan, buning samarasi o‘laroq, asr boshidan uni insoniyatning ma’naviy qiyofasiga xavf soluvchi katta illat deb tushunish turli millat vakillari ongiga qo‘rg‘oshindek quyula boshlagan va unga qarshi kurashishga bel bog‘lagan insoniyatning shu vakillaridan tashkil topgan gumanistlar qatlami maydonga chiqishiga zamin hozirlagandi.

Olmon shoiri Genrix Geynening bir she’ri bo‘lardi. Unda mustamlakachilar tomonidan kemada majburan Ovro‘poga olib ketilayotgan Afrikalik qullar taqdiri qalamga olinadi. Cheksiz va sinoatli ummonda qullar orasida bezgak tarqab, birin-ketin ular jon berishadi. Saflari kamayadi, kema palubasi o‘likning badbo‘y hidiga to‘lib ketadi. Shunda kema egasi bo‘lgan quldor savdogar ulardagi o‘lim holati xafaqonlikdan degan xulosaga kelib, ularni ommaviy raqsga tushishlariga topshiriq beradi. Kim risoladagidek irg‘ib va sakrab raqsga tushmasa, malaylariga o‘shani qattiq jazolashlarini tayinlaydi. Shu tariqa xasta, ochlikdan sillasi qurigan, chalajon sho‘rlik qullarni musiqaga jo‘r bo‘lib raqsga tushishdan boshqa choralari qolmaydi.

Quldor va qul o‘rtasidagi munosabatlar o‘n to‘qqizinchi asrgacha taxminan shunday ko‘rinishda edi. Yer yuzining qaysi qismida bo‘lishidan qat’iy nazar qora tanli qullar havodan olayotgan nafaslarigacha, soch tolalaridan tortib tirnoqlarigacha oq tanli xojalariga qaram, o‘z iroda va hoxishlaridan tashqarida umr kechirishga mahkum etilishgandi. Ularni go‘yo Yaratgan egam ham esidan chiqargan, ulardagi erksizlik holatiga tabiiy holdek deb qaralib, yaqinlashib kelayotgan yuksak insoniyat tamadduni ostonasida ham ahamiyat berishga arzimas bir cho‘pchakdek qadrsizlik bilan siylangandi.

Irqchilikka qarshi berilgan eng katta zarba 1860-1865 yillar oralig‘ida AQSHda bo‘lib etgan fuqarolik urushi paytida yuz berdi. O‘shanda Qo‘shma Shtatlarning Shimoliy va Janubiy okruglari o‘rtasidagi ayovsiz janglar asosan bir tomondan qora tanlilar gardaniga tushgan, ularning navqiron va mo‘ysafidlarini o‘z ichiga olgan quldorlik tizimini bekor qilish, ularga erkinlik berishni yoqlab chiqish, boshqa tomondan esa bularga qarshilik ko‘rsatish oqibatida ro‘y berib, mamlakat bo‘ylab fuqarolik urushini keltirib chiqardi. Urushda qaysi taraf yutib chiqqani tarixdan ma’lum va bu g‘alaba buyuk shaxs hamda davlat arbobi Avraam Linkolnning joni evaziga qo‘lga kiritilganini ham ko‘pchilik yaxshi biladi.

O‘n to‘qqizinchi asrda jangovar harakatlardan tashqari irqchilik haqida ko‘plab badiiy asarlar ham yozilib, bu orqali unga ma’naviy-ruhiy zarba berish, odamlarning ma’naviyatida unga qarshi immunitetni shakllantirib, tarbiyalash kabi ishlar ham olib borilganidan ko‘pchilik xabardor. Shunga javoban sahifalarida bu illat qoralab yozilgan va muallifi qarashlari  uning ustidan o‘qilgan og‘ir hukmga mengzalgan, o‘z davrining bu illatni ayovsiz ochiqlovchi zalvorli adabiy polotnosiga aylangan, gumanizmga daxldor bo‘lgan har qanday davra yoki muhitda qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilgan kitob — Gariyet Bicher Stou qalamiga mansub “Tom tog‘aning kulbasi” asari nashr qilindi.

Bu asar o‘sha yillari qora tanlilar uchun tom ma’noda Injil yoki Tavrot bilan bir qatorga qo‘yilib, zulmatdagi nur,  qismatlarini o‘zgartiradigan dasturilamal, ularni nihoyasiz jarlik ostonasidan yulqib olib, saodatli erk tomon eltadigan muqaddas yo‘l o‘rnida e’zozlandi.

O‘n to‘qqizinchi asrda bu mavzuda pishiq-puxta qilinib yozilgan yana ikki asar dunyoga keldi. Bular Mark Tvenning “Geklberri Finn” va “Ovsar Vilson” romanlari  bo‘lib, ularda ulug‘ hajvchi to‘laqonli bo‘lmasa-da, har holda qora tanlilar qismati, iztiroblari va qayg‘ulari, orzulari va armonlarini achchiq yumor bilan tragikomedik uslubda tavsirlab, tahlil qilib berdi. Ayniqsa, “Ovsar Vilson” dagi almashtirilgan oq tanli va qora tanli chaqaloqlar tarixi uni o‘qigan istalgan odamni goh kuldirsa, goh yig‘latdi.

Shunga qaramay irqchilik yigirmanchi asrga ham o‘tdi. Jangovar harakatlar ortiga berkingan adolat, adabiy asarlar ortiga berkingan ma’naviyat  katta kuch emasliklari ma’lum bo‘ldi. Avraam Linkoln tanasiga qadalgan o‘qdan o‘lib ketaverdi. Mark Tven ham keksayib, yoshini yashab, omonatini topshirdi. Shunga qaramay xuddi o‘n to‘qqizinchi asr boshida bo‘lganidek, yigirmanchi asr boshida ham insoniyatning ilg‘or gumanistik qatlami yana jonlandi.

Ular Agata Kristi yozgan “O‘nta negr bolasi” asarini irqchilikka xos bo‘lgan nom deya baralla jar solib ta’kidlashdi va qat’iy turib talab qilishgancha “Hech kim qolmadi” degan nomga o‘zgartirilishiga erishishdi. Agata xonim qanchalik taniqli, injiq, o‘lgudek qaysar bo‘lmasin, ularga yon berishiga to‘g‘ri keldi. Asarining tarixiy va mashhur nomi o‘zgardi qo‘ydi. Nashriyotlar bu asarning yangi adadlarini shu nom bilan chop etishdan boshqa choralari qolmadi.

Bu qatlamdan Uilyam Saroyandek dardchil adib yetishib chiqdi va u irqchilik mavzusidagi ixcham hikoyalari bilan atrofidagilarni o‘ylashga, mulohaza kilishga undadi,  kerak bo‘lsa hayratlantirdi va ko‘zlarini yoshladi. Bu qatlamdan Lengston Xyuzdek isyonkor va xassos shoir yetishib chiqdi. U o‘zining latif, betakror va g‘amgin lirikasi bilan irqchilikka qarshi o‘z zamonasining munosib va ulkan ovozi bo‘ldi. Bu qatlamdan Martin Lyuter Kingdek fidoyi huquq himoyachisi yetishib chiqdi. U haddan tashqari ko‘tarinkilik va pafosga yo‘g‘rilgan bo‘lsa-da, o‘zining zahar tomib turgan publitsistik pamfletlari va omma oldidagi ta’sirchan chiqishlari bilan irqchilikning insoniylikka zid tomonlarini hech ikkilanmay fosh etib tashladi. Va nihoyat bu qatlamdan Uilyam Folkner yetishib chiqdi.

Uilyam Folkner yigirmanchi asr jahon adabiyotining yirik vakillaridan biri ekani sir emas. Uning ijodini salmoqli qismini irqchilikka qarshi ichki isyon va faryod egallab turadi. Adib Birinchi jahon urushidan chiqqan “zavol topgan avlod”ning bir qismi edi. Shunga qaramay,  Xeminguey, Tomas Vulf yoki Fitsjeraldlardan farqli ravishda bu mavzuda yozishdan ko‘ra ko‘proq irqchilik xususida yozishga o‘zida ziyodroq moyillik sezdi, bunga o‘sha paytdagi AQSHda yangitdan va zamonaviy ko‘rinishda xuruj qilgan irqchilik sabab bo‘lib xizmat qildi.

Chindan yigirmanchi asrning yarmiga kelib AQSHda irqchilik o‘zining kulminatsion nuqtasiga ko‘tarildi. Mamlakat bo‘ylab qora tanlilarni kamsituvchi qarorlar, farmoyishlar chiqarilishi birovning parvoyiga ham kelmay qo‘ydi. Faqat oq tanlilar uchun mo‘ljallangan kafe, restoran, barlar tashkil qilindi va u yerga qora tanlilarni kiritmaslik siyosat darajasiga ko‘tarildi. Afrika qit’asidan keltirilgan qora tanli go‘daklar qafaslarga solinib, oq tanlilarga ko‘ngilxushlik qilishlari uchun bir mahluqdek ko‘rsatish, ularni sirk yoki hayvonot bog‘idagi hayvondan farqlamaslik odat tusini oldi.

Folkner mana shu og‘riqli yillarda ijod qildi. Uning ikki asari borki, ular irqchilik sari go‘yoki yog‘dirilgan tosh, bitilgan tavqi la’nat va o‘qilgan qoralash dalolatnomasini anglatadi.  Bular “Avgustdagi yorug‘lik” va “Avessalom, Avessalom” romanlari bo‘lib,  har ikkisida irq masalasi global umumbashariy muammo sifatida o‘quvchiga havola qilinadi, qahramonlarning o‘ylari, kundalik turmush tarzi, dunyoqarashlarida bu masala kun tartibiga qo‘yiladi va o‘sha davrdagi Amerikadagi ijtimoiy vaziyatga rang-barang palitrada real chizgilar  beriladi. Bu asarlarida Folkner o‘zining ilk jiddiy asari “Sartoris” romanidagi g‘oyasini yanayam boyitadi. O‘sha asarda Folkner o‘zi o‘ylab topgan makon-Yoknapatofadagi quldor aristokratlarning tanazzulini ko‘rsatgan bo‘lsa, bu ikki asarda kuni kelib butun boshli insoniyatni kabir ma’naviy fojeaga yetaklaydigan irqchilik masalasiga ko‘proq urg‘u beriladi.

Folkner vafot etganiga yarim asrdan oshdi. Yarim asrdan beri u oramizda yo‘q. Biz bilan faqat kitoblari- merosining asosi bo‘lgan irqchilikka qarshi yozilgan asarlari yashaydi. Insoniyat hanuz uni entikib va diqqatini bir yerga jamlab o‘qiydi, ijodini izchillik bilan o‘rganadi, jamoaviy tarzda bo‘lmas-da, har holda targ‘ib qiladi, uning merosi asosida doktorlik dissertatsiyalarini yoqlab, katta-katta monografiyalar yozadi.

Ammo yigirma birinchi asrga kelib ham irqchilik masalasida vaziyat o‘zgarmay qoldi. O‘n to‘qqizinchi asrda buni ma’rifatning taqchilligi, johillikning keng tomir yoygani, asriy feodal tuzum qobig‘ida insoniyatning suyagi qotganligi bilan izohlandi. Yigirmanchi asrda esa bu illatni qisqa vaqt oralig‘ida bo‘lib o‘tgan  jahon urushlari sabab ruhan va jisman majruh bo‘lib qolgan odam bolalarini fikrlash, o‘ylash va tafakkur qilishni istamay, hayotdan yoppasiga lahzalik bahra olishga kirishib ketgani bilan izohlandi. Xo‘sh, yigirma birinchi asrda-chi? Buni nima bilan izohlash mumkin?

Yangi asrga kelib insoniyat har tomonlama taraqqiyotga erishdi. Ong va tafakkur jihatidan ham, ma’naviyat va ahloq jihatidan ham endilikda tamaddunning yuqori cho‘qqisi kuzatilmoqda. Adabiyot va fan bu borada yetakchilikni allaqachon o‘z qo‘llariga olishgan. Lekin irqchilik hamon bor, hamon mavjud. Insonlarni oq va qoralarga ajratish onda-sonda emas, har qanday jamiyat hayotining deyarli kundalik hayotida uchramoqda va ajralmas qismiga aylanib bormoqda.

Shu insoniyat bir paytlar “Tom tog‘aning kulbasi”dagi qora tanli Tom tog‘ani insoniyligi uchun yaxshi ko‘rib qolgan, Mark Tven romanlaridagi tragikomediyaga hayrihoxlik bildirgan,  Agata Kristining  “O‘nta negr bolasi” romani nomini o‘zgartirish lozimligini talab qilgan insoniyatmi?! Shu insoniyat Uilyam Saroyanning kichik hajmdagi gumanistik hikoyalarini o‘qib, ulardagi ojiz va notavon qora tanli bolakaylarga achinib yig‘lagan, Lengston Xyuz she’rlarini o‘qib ta’sirlangan, Martin Lyuter Kingning notiqlik san’ati qarshisida qarsak chalib ruhlangan va nihoyat Folkner bilan birgalikda yostiqdek keladigan romanlarning ichidan irqchilikka yuqori baritonda la’natlar o‘qigan, uni tag-tomiri bilan o‘pirib tashlashni maqsad qilgan, bu balo insoniyatni boshi berk ko‘chaga yetaklashi mumkinligini taxmin va tahlil qilgan insoniyatmi?!

 Gohida shunday ritorik savollarni to‘rtta tomonimga bergim keladi. Mashriqdan tortib Mag‘ribgacha.  Rost, baqirib shunday qilgim keladi. Men yigirma birinchi asrda kechayotgan global ijtimoiy oqimda suzarkanman, ochig‘i o‘zimni tobora pastga cho‘kib ketayotgandek his qilaman. Yopishgani hatto xas topilmaydi yon-atrofimda. Hayratdan ko‘zlarimni katta-katta ochaman. Ehtimol, Folkner ham boqiy dunyodan oyog‘i ostidagi foniy dunyoni kuzata turib hayratlanayotgandir. Menimcha, u qazo qilganidan so‘ng yillar o‘tib, asarlarida ko‘tarilgan bu global mavzu o‘lmasligini tushungan, ammo uning tantanasi bu chirk bosgan zaminda yuz berishi yangi asrda ham qiyin bo‘lishini ko‘ra bo‘lmagan. U bashoratchi adib emasdi, albatta. Bu borada Jyul Vern yoki Uells bilan bellasha olmasdi. Ammo ich-ichidan o‘z oldiga qo‘ygan missiyasi g‘alaba qilishiga ishonardi.

Yuqorida aytganimdek yigirma birinchi asrni kuzatarkanman, irqchilik hanuz yo‘q bo‘lib ketmaganiga guvoh bo‘laman. Oldingi asrlarda qanday holatda bo‘lsa, hozir ham shunday. Davlatlar tomonidan millionlab nusxalarda yozilayotgan qonunlar odamlar tomonidan millionlab yozilmagan qonunlarga, gumanizmning ozchilik tarafdorlari vandalizmning ko‘pchilik tarafdorlariga qarshi kurashib yashamoqda. Qo‘pol qilib aytganda qoralar oqlarga qarshi kurashmoqda. Xuddi o‘tgan asrlarda bo‘lgani yanglig‘. Xuddi Geyne tasvirlagan kemadagi qullar va Tom tog‘aning kulbasi yanglig‘. Xuddi Uilyam Saroyanning juldurvoqi qora tanli bolakaylari, Lengston Xyuz she’rlaridagi og‘riqli satrlarda dunyoga kelgan yetimlikdagi tanho ovoz yanglig‘. Va nihoyat, xuddi Folknerning romanlari yozilgan xayoliy Yoknapatofaning qora tuprog‘i yanglig‘. Bu ketishda tamaddunning gultoji deya paxta qo‘yilayotgan asrimizda ham taxminan o‘tgan asrdagi holat takrorlanadi. Folkner-chi, yutadimi yo yutqazadimi?   

Folkner Birinchi jahon urushida qatnashgan. Oddiy askar sifatida. Urush nimaligini chuqur anglagan, uni insoniyat boshiga solgan kulfatlari-yu uqubatlaridan bir oddiy inson sifatida to‘la-to‘kis xabardor bo‘lgan. Tarixdagi qonli muhorabalardan birini butun dahshati uning ko‘z oldida namoyon bo‘lgan. U ham boshqa millionlab askarlardek kunni kun, tunni tun demay qon kechgan, okoplarda qishin-yozin tong ottirgan, qo‘liga qurol olib janggohga otilgan, boshi va yonidan vizillab o‘tayotgan o‘qlarning jon oluvchi ovozini eshitgan, gumburlagan to‘plardan qulog‘i tom bitgan, tanklarning sudralib kelayotgan qiyofasidan vahimaga tushgan, tepasida quvlashmachoq o‘ynayotgan aeroplanlarni yuragi taka-puka bo‘lib kuzatgan, o‘zidan chetroqqa snayard kelib tushgach, hirillab jon bergan  inson ovozini, uzilgan qo‘llar va oyoqlarni, ochiq ketgan qora ko‘zlarni, inson tanasidan oqayotgan laxta-laxta qonlar-u tashqariga otilib chiqqan ichak-chavoqlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan. Folkner ham askar bo‘lgan, shubhasiz. U urushdan boshqalar kabi jisman majruh bo‘lmay, to‘rt muchasi sog‘ chiqqan bo‘lsa-da, ruhan majruh bo‘lib chiqqan. Qalamkash do‘stlari kabi, boshqa millionlab insonlar kabi. Shunda ham u “zavol topgan avlod” deb atalajak o‘zining avlodidan tubdan farq qilgan, gumanizmga, insoniyatni tanazzuldan olib chiqilishi lozim deb o‘zi o‘ylagan aqidaga sobit qolgan. Fitsjerald majruh ruhini davolash uchun  qahramoni Shovvoz Getsbi siyratiga o‘zini ko‘chirganida, Xeminguey “Quyosh baribir chiqaveradi” asaridagi qaxramonlari bilan xayolan kafelarda aysh-ishrat qilib, buqa janglarida qatnashib yurganida, Remark esa alkogol, sigaret va fohishalardan iborat bo‘lgan  muhit atrofida ertalabgacha sanqiganida Folkner gumanizm haqida bosh qotirib yozuv stolida o‘tirishni o‘z burchi deb bilgan.

U urush yillarida gumanizmni ulug‘lab yozishni allaqachon ko‘ngliga tugib ulgurgandi. U “zavol topgan avlod” vakili bo‘lsa-da, gumanizmni bu xaos ichida ham tantana qilishiga imoni komil edi. Hatto, Ikkinchi jahon urushi boshlanib Gitler boshchiligidagi shovinistlar jahonni bir muddat zir titratishganida ham bu aqidasidan chekinmagandi. Irqchilikka qarshi adabiyot orqali kurashish undagi mana shu aqidaning mahsuli bo‘lib, haftasiga bir necha yuz dollar evaziga Gollivud uchun arzon ssenariylar yozgan payti ham bu missiyasidan voz kechmagan, shu missiyasi uchun bunday qurbonlikka vijdoni zarracha qiynalmay rozi bo‘lgandi. U Gollivud uchun ssenariylar yozardi, u yerda kinoni sanoatga aylantirgan prodyusserlar uning yozuvchilik mahoratini og‘zilaridan bol tomib maqtashardi, ammo u bunga e’tibor qilmas, kecha-yu kunduz shu ulug‘ missiyasi uchun kurashishda davom etar, uni bir kuni tantana qilajagini, odamlar oq va qora tanalaridan qat’iy nazar shu osmon ostida birdamlik, ahillik hamda tinch-totuvlikda yashashlariga ishonardi.

Shu yerda Folknerni yillar etagidan tutib hayotda yashamagan-u, go‘yo u bilan shaxmat o‘ynagandek tavassur qilaman. Aytaylik, hayot oq donalarda, Folkner qora donalarda. Bu ko‘p partiyali o‘yin emasdek, faqat bitta partiyadan iboratdek va o‘sha partiya hali hanuz tugamagandek taasurot uyg‘onadi. Partiya xuddi Alyoxin va Kapablanka o‘rtasidagi tarixiy shaxmat o‘yinga o‘xshab shiddatli va ehtiroslarga boy tarzda kechadi. Qora donadagi piyodalarni urib chiqarayotgan oq donadagi fil, ot, farzin va zobitlar, shuningdek shohning o‘zi ham asrlar davomida insoniyatning qonini zulukdek so‘rib kelgan quldorlar va vandalizm lashkarlariga, qora donadagi piyodalarni himoya qilayotgan qora donadagi shu figuralar esa insoniyatning gumanist qatlamiga o‘xshaydi.

Bu partiya qachon boshlanganini faxmlash mushkul. Balki Folkner ulg‘ayib, katta hayotga qadam qo‘yganida u o‘z ibtidosiga ega bo‘lgandir. Balki, urush yillaridagi va undan keyingi davrning yalang‘och ko‘rinishi bilan sovuq nafasini adib tuygan paytlari u o‘ziga jalb qilgandir. Balki, zavol topgan avlodga qo‘shilmay vatanida boshlangan parokandalikni, uni ichidan yemirilayotganini ijodxonasi derazasi oldida soatlab kuzatib o‘tirganida Folkner unga qiziqish bildirgandir. Har holda, bu partiya Alyoxin va Kapablankanikidan farqli ravishda qisqa muddatda tugamadi, uzoq yillardan beri yakuniga yetmay kelmoqda. Hatto, Folkner qazo qilgach ham. Bu partiya qanchadan qancha hayotning murakkab kombinatsiyalarini, Folknerning unga javoban sitsilyancha yoki ispancha himoyaga o‘xshash himoyalarini, mot qilishga yaqin kelgan shafqatsiz hayot bilan undan mohirona chiqib ketgan ko‘ngilchan adibni ko‘rdi. Ammo yakuniga yetmadi, yutgan va yutqazgan taraf aniqlanmadi, endshpilgacha  Folkner yashamadi. Biroq, uning asarlari shubhasiz yashaydi, hayot bilan bu cho‘zilib ketgan shaxmat partiyasini endilikda ular davom ettirishadi. Endshpilning esa fursati  qachon kelishi ma’lum emas. 

Izoh: Endshpil- shaxmatda o‘yinning yakuniy qismi.

2021 yil, may.

Sherzod Ortiqov

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting