Endar Xoliq Derinja. Hikoyalar

0
109
ko'rishlar soni

Turkiya

Tug‘ilgan kun

Nonvoyxonaga kirganimda, birorta non ko‘rinmadi. Mening eski do‘stim bo‘lgan nonvoy:

— Biroz kutib turasiz endi, akajon. Ikki-uch daqiqada tayyor bo‘ladi, olib chiqaman, — dedi.

Atrofimdagi stulga o‘tirib kutib turarkanman, ichkariga keksa odam kirib kelayotganini ko‘rdim. Uning eskirib ketgan kamzulining chap yoqasi ostida bir medal yaltirab turar va u yurish paytida bir oz oqsoqlanardi.

Salomlashib, novvoyning peshtaxtasiga yaqinlashdi:

— Ruxsat bersangiz, nonlarimni olsam! Egizaklarim och, — dedi.

Nonvoy, chol uzatgan sumkani olib, peshtaxta ostiga egilib, bir kun avval yopilganligi bilinib turgan 4-5 dona nonni u yerdan oldi.

Men bu orada o‘tirishi uchun joyimni o‘sha cholga berdim va peshtaxtaga yaqinlashdim. Nonlarning bir qismining shakli o‘zgargan, suvi qochgan va tosh kabi qotib qolgandi. Men nonvoydan so‘radim:

— Nega unga yangi nonni  kutishi mumkinligini aytmayapsiz? Bir ozdan so‘ng tayyor bo‘ladi, degandingiz-ku!

— U eskirgan nonni o‘zi xohlab oladi. Sho‘rlik juda kambag‘al. Men unga eski nonni yarim narxiga beraman.

— Bu mo‘ysafid kim?

— U koreyalik g‘oziylardan. O‘g‘li va kelini yo‘l-transport hodisasida vafot etganidan so‘ng, u egizak nevaralarini o‘z qaramog‘iga olgan. Ko‘p yillardan buyon ularni boqadi. Ammo maoshi juda oz.

 Nonvoyning gaplarini tinglarkanman, ichim yonayotganini his qildim va kichkina bo‘lsa ham nimadir qilishni xohladim. Shunda novvoyga sekingina dedim:

— Men pulini to‘layman. Hech bo‘lmaganda bugun yangi non yeyishsin.

Nonvoy mening taklifimni qabul qildi. Biroz vaqt o‘tgach, u tandirdagi yangi nondan cholning sumkasiga solarkan, eskirgan nonlarni peshtaxta ostiga qo‘yib, cholga yuzlandi:

— Bugun sizga omad kulib boqdi, amaki. Men sizga nabiralaringiz uchun tort kabi mazali nonlar beraman, — dedi.

Chol bolalarcha mehr bilan quchoqlagan sumkasini ko‘kragiga bosib, eshikdan chiqarkan, menga o‘girilib, dedi:

— ALLOH sizdan rozi bo‘lsin, bolam. Bugun ularning tug‘ilgan kuni edi…

Baxt

Qizaloq, aftidan, juda badavlat oiladan edi. Kaftidagi pul dastasini mahkam ushlab, javonlarni ko‘rib chiqayotgandi. Bu do‘kon shaharning eng katta o‘yinchoq do‘koni. Javonlari hamma qidirgan har bir narsa bilan cheksiz tarzda to‘ldirilgan do‘konlardan. Qizaloq javonlar orasidan o‘tayotganda yo‘laklardan birida to‘xtab qoldi. Uning to‘xtashiga sabab bo‘lgan narsa chiroyli yuzi va shoyi baxmal kiyimi bilan ajoyib tarzda ajralib turgan qo‘g‘irchoq edi. Qizaloq otasiga o‘girilib, qo‘g‘irchoqni ko‘rsatdi.

— Qo‘limdagi pul ushbu qo‘g‘irchoqni sotib olish uchun yetadimi?

 Otasi «Ha» deganday boshini qimirlatib qo‘ydi. U qo‘g‘irchoqni quchoqlab, yo‘lakdan o‘tib, kassa tomon yurdi. Bu orada qizaloq, xuddi o‘zi singari kichik bir bolakayning otasi bilan do‘konga kirib kelayotganini ko‘rib qoldi. Bolakay kalta shim kiygan, ko‘ylagi esa yaxshigina eskirgan edi.

Bolakayning qo‘lida bir necha dollar pul bor edi. U javondagi o‘yinchoqlarning biri oldida hayajonlanib to‘xtadi.

— Mana, men xohlagan o‘yinchoq, dada! — deya qichqirdi u qo‘lidagi pulni ko‘rsatib.

-Etadimi?

Otasining ko‘zlari unga boqarkan, «qo‘lingdagi pul o‘yinchoq uchun yetarli yemas» deganday ishora berdi. Bolakay kaftidagi pullarga qaradi va o‘yinchoqni qaytarib javonga  qo‘ydi. U otasining qo‘lidan ushlab, yo‘lakning oxiriga, bo‘yama kitoblar javoni tomon yurdi.

Qizaloq quchog‘idagi qo‘g‘irchoqqa yana bir marta qarab qo‘ydi. Keyin u bolakay tanlagan o‘yinchoqqa o‘girildi. U quchog‘idagi qo‘g‘irchoqni o‘z joyiga qo‘ydi. Keyin esa bolakay yoqtirgan o‘yinchoqni qo‘liga oldi va otasiga yuzlanib:

— Pulim yetadimi, dada? — dedi.

Otasi yana «Ha» deganday bosh irg‘adi.

So‘ng kassaga borib, pulini to‘lashdi. Qizaloq kassadagi erkakka nimadir deb pichirladi. Qizaloq va otasi bir oz chekkaroqqa o‘tib, kuta  boshladilar. Tez orada bolakay va uning otasi qo‘llarida rang-barang kitob bilan kassaning oldiga kelishdi. Kassir yigit:

— Sizlarni tabriklayman, — dedi hayajonlanib, — Siz bugun minginchi mijoz sifatida sovg‘a yutib oldingiz!

U o‘yinchoq qutisini bolakayga uzatdi.

— Mo‘jiza! — deb baqirdi bola. — Dada, bilasizmi, bu mening eng ko‘p orzu qilayotgan narsam edi!

Ota va o‘g‘il quvonch bilan do‘kondan chiqib ketayotganda, ichkarida qolgan ota qizalog‘iga yuzlanib:

— Qanchalar saxovatpeshasan-a, qizim! Bunday qarorga kelishga seni qanday sabab undadi? — dedi.

— Dada, menga bu pulni onam bilan birga berganingizdan so‘ng, «Seni eng baxtli qiladigan narsani sotib ol» demadingizmi?

— Albatta shunday dedik, shirinim!

— Men ham aynan shunday qildim, dada. Ayni lahzada o‘zimni qanchalar baxtli his qilayotganimni  bilganingizda edi?!

O‘z joniga qasd

1994 yil 23 — martda Ronald Opusning jasadini ko‘zdan kechirgan sud-tibbiyot shifokori uni boshiga tekkan o‘q tufayli o‘ldirgan degan xulosaga keldi. Ronald Opus joniga qasd qilish niyatida, o‘n qavatli binoning tepasidan o‘zini pastga otgan edi. U umidsizligini o‘zi yozib qoldirgan qisqagina xatda izohladi. Biroq, u to‘qqizinchi qavat yonidan o‘tayotganda derazadan otilgan o‘q uning boshiga tegdi-yu, uning hayoti shu o‘q bilan nihoyalandi.

Ko‘p qavatli binoning sakkizinchi qavatidagi deraza atrofida deraza tozalovchilarni himoyalaydigan to‘r bor edi; ammo marhum Ronald Opus na qurolni  ko‘rdi va na ushbu himoya vositasi mavjudligini bildi. Shubhasiz, agar o‘sha o‘q bo‘lmaganida edi, Opusning o‘z joniga qasd qilish harakati muvaffaqiyatsiz yakunlanar; u polga qulamay, sakkizinchi qavatdagi o‘sha himoya to‘riga ilinib qolardi.

 U to‘qqizinchi qavatda yiqilmaganida, va nihoyat o‘sha o‘q bo‘lmaganida, ehtimol, uning o‘lim sababini o‘z joniga qasd qilishdan qotillikka o‘zgartirmagan bo‘lar edilar. Biroqki, Opusning o‘z joniga qasd qilishga urinishining muvaffaqiyatsizligigina prokurorni uning bu ishida qotillik bor deb o‘ylashiga sabab bo‘ldi.

To‘qqizinchi qavatdagi to‘pponchaning o‘qi otilib chiqqan xonada keksa odam va uning rafiqasi yashardi. Ular janjallashishayotgan va erkak ayolni qurol bilan qo‘rqitayotgan edi. U shunchalik g‘azablangandiki, natijada tepkini bosib yubordi, ammo o‘q ayolni chetlab o‘tib, deraza tomonga yo‘nalib, to‘g‘ri borib Opusga tegdi.

Agar biror kishi A kishini o‘ldirmoqchi bo‘lsa, lekin B kishini o‘ldirsa, u B kishini o‘ldirishda aybdor deb topilishi kerak. Prokuror shunday xulosaga keldi. Shunday qilib, to‘qqizinchi qavatdagi mo‘ysafid qotillikda aybdor edi. Bu ayblovga duch kelgan mo‘ysafid ham, uning rafiqasi ham hayratda qolishdi. Chunki u tepkini bosganida, mo‘ysafid ham, uning rafiqasi ham qurol o‘q uzmaganiga amin edilar. Chol uzoq vaqtdan beri bo‘sh qurol bilan xotinini qo‘rqitishni odat tusiga aylantirgandi. Buni xotini ham bilardi, shuning uchun u cholining tahdidiga qarshi turmasdi. Qisqasi, mo‘ysafid o‘z xotinini o‘ldirish niyatida emas edi; u qurolni o‘qlanganligini ham bilmagan. Shunday qilib, Opusning o‘ldirilishi baxtsiz hodisa; quroldan esa tasodifan o‘q otilib chiqqandi.

Tergovni davom ettirish paytida, baxtsiz hodisadan taxminan olti haftacha avval keksa juftlikning o‘g‘li qurolni o‘qlayotganini ko‘rgan guvoh paydo bo‘ldi. Aftidan, keksa ayol moddiy tomondan o‘g‘lini qo‘llamay qo‘ygan, o‘g‘li esa otasining onasini qurol bilan qo‘rqitishga moyilligini bilgan holda, otasining o‘q uzishiga umid qilib, qurolni yashirincha o‘qlagan, chunki onasini qo‘rqitib qo‘ymoqchi bo‘lgan. Uning onasi vafot etadi, otasi qotillikda ayblanadi va davlat o‘g‘liga qoladi.

Vaziyat endi shu darajaga yetdiki, Ronald Opusning o‘ldirilishida keksa juftlikning o‘g‘li aybdor bo‘ldi.

Ayni paytda prokuror oldida yangi burilish paydo bo‘ldi. Tergovni davom ettirishda, so‘nggi olti hafta ichida ota-onasi bir-biriga qurol bilan tahdid qiladigan darajada bahslashmagani va shu sababli onasi o‘lishi mumkin emasligi sababli o‘g‘lining umidsizligi oshgani tushunilgan. Bu, Ronald Opusni 23 — mart kuni o‘n qavatli binodan sakrab o‘z joniga qasd qilishga undadi. Biroq, onasining o‘limi u rejalashtirgani kabi bo‘lmadi, aksincha, to‘qqizinchi qavatdan o‘tayotgan Ronald Opusning hayoti tugadi, chunki otasi bo‘sh deb o‘ylagan quroldan otilgan o‘q uning onasiga tegmay, to‘g‘ri borib, Ronald Opusning boshiga tegdi!

Ish esa o‘z joniga qasd qilish sifatida yopildi.

Turk tilidan Javohir Osmon tarjimasi. ‌‌

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting