Marsiya Batista Ramos. She’rlar

0
209
ko'rishlar soni

Marsiya Batista Ramos— Braziliyalik shoira, yozuvchi va adabiy tanqidchi. She’rlari bir qancha tillarga tarjima qilinib, turli adabiy nashrlarda chop etilgan. 

Afsonaviy muhabbat

(Legendary love)

Barglar shodasi orasidagi

Sen qo‘rquvlaringni bitgan satrlarda

Intiho topgan muhabbatimiz

G‘arq bo‘lgan ko‘z yoshlarga.

Hojat yo‘q endi bo‘salarga ham

Sen tomonga talpingan

Qadamimni yoritgan chog‘ida mayoq

Saqlaganman sirlarsiz pinhon

O‘tmishimni siynam ostida.

Qo‘llaring tutmadi qo‘limdan, e voh

Mustabidlik tantana qilgan

Zulm keng avj olgan kez

Falakni chulg‘aganda yarador bulutlar

Tunlaringda oy sukutga sho‘ng‘ib

(U hanuz sukutda)

O‘rniga boshqasi shivirlaganda.

Bisotingda yo‘q samimiy so‘z nahot?

Shudir asli cheksiz masofa

O‘rtamizdagi sevgi-chi

O‘zginasi teran azobni

Bir paytning o‘zida ifori serob 

Va iforsiz hech narsa kabi.

Nafosatni meros olamiz qaydan?

Men yashiraman qayg‘umni

Yashirib yiqildim mana

Umid qilaman shunda ham

Bo‘lasan deb qalbimga yo‘rgak

Boqaman nogoh bir tushkun alfozda  

O‘ziga xos bo‘lgan toshoyna sari

Va… aylanaman sen uchun

Hech nimaga bir she’rdan bo‘lak.

Xayrlashuv

(Goodbye)

Sen alvido deding

Qanday sukunat

Naqadar yetishmas havo!

O‘rtamizda qolar uqubat

O‘lik bo‘salar-u

She’riy misralarga ko‘chgan so‘zlar

Va bir shingil g‘azab.

O‘zimda qolar

Qo‘rqinchli soyalar qavatidagi

Ipak qurtining xotiralari

Sen hech qachon darak topmaydigan

Yuqumli bo‘lmagan og‘riq.

Tashqarida esar quturgan shamol

Sustlashgan kunlarda bo‘lsa

Gavdalanar parokanda bo‘lgan hayot

Chokidan sirtilgan qalb

Bir paytlar arzirli umidga to‘lgan

Lahzalar, sarhadsiz sog‘inch

Va hech qayerga eltmaydigan yo‘l.

Sira ham qaytmaydi

Pinhona tutilgan muhabbat

Minalangan maydonlar

Masofani cho‘zgani yanglig‘

Aql -chi qiynoqlarda toblanib

Kutadi belgi, ishora xolos…

Men sukunat jumbog‘ida

O‘zimdan o‘zimni ajratarkanman

Bo‘laklarga bo‘lingan nigohing bilan

Yuzimga sepib sho‘rdekkina suv

Xayrlashish uchun chog‘landing shunday

Xayrlashdim shu tarzda men ham

Qisqagina olgancha nafas.

Tirik qolgan

(Survivor)

Dunyoga kelishimdan ilgari

Qazo qilib bo‘lishgandi

Buvim Antuanetta

Buvim Negrita

Bobom Sezario

Buvim Leontina

Bobom Ignasio…

Yetmagandek bular

Xolalarim va amakilarim ham.

Faqatgina men

Tirikman bugun

O‘zimda ifoda etib

Barcha o‘limlar jamlanmasini.

Ingliz tilidan Sherzod Ortiqov tarjimalari

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting