Yulduz O‘rmonova. Yangi she’rlar

0
200
ko'rishlar soni

Bedorlik

Bir go‘zal uyqu ber uyg‘otadigan,

Seni ko‘rmoq uchun ko‘zlarim yumay.

Bir go‘zal tuyg‘u ber kuylotadigan,

Tuproq ostida ham so‘z bo‘lib unay.

Bir go‘zal kulgu ber yig‘lotadigan,

Haqiqiy, tabiiy, samimiy bo‘lsin.

Xudojon, belgi ber Buroq otida*

Borar Ishq yo‘llarim qadimiy bo‘lsin.

Bir go‘zal uyqu ber uyg‘otadigan…

*Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v.ning otlari

* * *

Na o‘qib bo‘ladi, na uqib bo‘lmas,

Goho dahri dunning mubxam xatlarin.

Chin sevgan jim sevar azaldan, bil’aks

Haqiqiy bo‘lmaydi muhabbatlari.

Ishonging keladi ba’zan kimgadir,

Ko‘ksing devoriga bosh urar yurak.

Dunyoning yolg‘oni haqiqiy, biroq

Haqiqiy bo‘lmaydi haqiqatlari…

* * *

Qalbimni, ruhimni ulg‘aytirdi yo‘l,

Tovonim qonadi dovonlar osha.

Kimlarga, nelarga sabr etdi ko‘ngil,

Umr tog‘laridan ko‘kka tirmasha.

Hech kim o‘lgan emas musofirlikdan,

Necha bor bo‘g‘ildim men esa — bilmam.

Hurjunim ortmoqlab ketdim She’r tomon,

Uning tuprog‘ida yashasam gullab…

Qalbimni, ruhimni ulg‘aytirdi yo‘l…

* * *

“Men seni Xudodan so‘rayveraman…”

                                      Zebo Mirzo

Behishtdilim, hajri behishtni

Yuragimdan kurayveraman.

Sen kimlardan kutgan pok Ishqni

Men Xudodan so‘rayveraman.

Daydib yurar xayolan xayol

Ko‘zlaringning qirg‘oqlarida.

Netay, gullayverarkan hayo

Ko‘zlarimning qurg‘oqlarida.

Yuragimning urishi tasbeh,

Yuragimning xonishi takbir.

Tasbeh bo‘lib tizilar isming,

Ko‘ksimga bosh uradi taqdir.

Sohili yo‘q moviy ishq daryo

Oxiri yo‘q og‘riqday tatir.

Garchi diydor yo‘limiz ayro,

Ayroliq yo‘limiz bittadir.

Sen kimlardan kutgan pok Ishqni

Men Xudodan so‘rayveraman…

* * *

Oq-qora yo‘llar chalar ilkis

Barmoqlarning oyoqlaridan.

Klavishlar rang olgan so‘zsiz

Ko‘ngillarning bo‘yoqlaridan.

Chayqaladi sukutda olam,

Notalarda oshiq sog‘inchi.

Manglayidan to‘kiladi sham,

To‘kiladi pianinochi.

Koshki bilsak taqdir notasin,

Klavish gullasa subhu shom.

Hayot kuylarini baxtiyor

Chalarmidik balki o‘shal dam…

* * *

Toshlarga qoqildim yuragim bilan,

Azobi bitmadi, bitguncha bitdim.

Garchi men yutmadim, yutmadim sira,

Hamma g‘oliblikni ichimga yutdim.

Toshlarga qoqildim yuragim bilan,

Yuragim zarbidan toshlar qonlandi.

Ich-ichim yomg‘iru yomg‘irdur biram,

Ko‘nglim tarnovida yoshlar jonlandi.

Toshlarga qoqildim yuragim bilan,

Qog‘ozga naqsh indi barmoqlarimdan.

Qalamday to‘g‘ri so‘z ko‘rmadi olam,

Adashdim ichkari bormoqlarimdan.

Toshlarga qoqildim yuragim bilan,

O‘pgan tuproqlarim bo‘ston bo‘ladi.

Ey azizi g‘anim, ko‘p ham suyunmang,

Yiqilgan makonim osmon bo‘ladi.

Toshlarga qoqildim yuragim bilan…

* * *

Ichikmoqlik mayin ichdim,

O‘zimni izlarman sarxush.

Tor dunyodan oxir kechdim,

Kezar ruhim misli darvesh.

Jonim yo‘qdir talofatsiz,

Onim yo‘qdir malomatsiz,

Ibodat ham halovatsiz,

Kechar har ishim faromush.

Asom qalam, Musom qalam,

Haqdan parcha Nisom qalam,

Shamsu abrinayson qalam,

U qalamni boshqarar ishq.

Yurak ichda nashtar tutar,

Izlar, kutar, izlar, kutar,

Ko‘zyoshimdan chashma bitar,

Tomchilari kumush-kumush.

Qayda bo‘lsa-da mensizning,

Yetti samoga teng hisning,

Ko‘zlarda tubsiz dengizning

Xayoli xush, firoqi xush.

Ko‘rishgaymiz biz albatta,

Ishqdan ko‘ksi siyoh xatda,

Hech bo‘lmasa qiyomatda…

Ey ko‘hna dard, ey sog‘inish…

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting