NOUMID ODAM

0
109
ko'rishlar soni

Arkadiy AVERCHYeNKO

Hikoya

I

Poyezd sekingina joyidan siljidi. Ikki xonalik lyuks vagonga men, do‘stim va notanish odam ketma-ket kirdik va yumshoq o‘rindiqlarga joylashdik: men tashqarini tomosha qilib ketish ilinjida deraza oldiga, qadrdonim Nezapyatkin o‘ng tomonimga, ro‘paramizdagi do‘stimning joyiga esa o‘sha notanish odam o‘tirdi. Bu odamni zimdan kuzatar ekanman, ayyorona ko‘zlari tez-tez derazadan tashqariga qarayotganini, xuddi odamlar orasidan kimnidir izlayotgandek alanglayotganini sezdim.  Egniga bejirimgina qora plato kiyib olgan bu odam, bo‘yniga shundayin ajoyib sharf o‘rab olgandiki, ozg‘inligiga kelishmagan bu ishi bilan u xuddi g‘altakka o‘xshab ko‘rindi ko‘zimga.

Poyezd yurishi bilanoq men o‘z yoqtiradigan jurnalimni ko‘krak cho‘ntagimdan chiqarib oynaga yanada yaqinlashdim va ko‘z yugurtira boshladim.

— Biz o‘z salomatligimizga qanchalik zarar beramiz-a, afsuski buni o‘zimiz bilmaymizda, — so‘z boshladi notanish odam menga tomon yuzlanib.

Unga hayron tikilib, — Eshitaman janob, tushunolmadim, — dedim.

— Ha, mana masalan siz o‘qiyapsiz… Axir bilmaysizmi, harakatlanayotgan paytda nimadir o‘qish ko‘zlarni o‘ldiradi.

— O‘ldiradi?

— Shunday, shunday. Ha, barchangiz janoblar bunga ahamiyat bermaysiz… Bir nemis olimi menga bir safar harakatlanayotgan vaqtda kitob yoki boshqa nimadir o‘qish zarar ekanini aytgandi. Ko‘zlarni bunday qilib sekin-sekin zaharlagandan ko‘ra birto‘la kislota quyib, kuydirgan ma’qul, degandi u. Qalay, yaxshi taklif-a, — iljaydi u.

— Baribir anglay olmadim, o‘qishning zarari nima?

— O‘qishning qanday zarar bor deysizmi? Unda quloq soling. Bilasizki, ko‘zlarimiz linzalari maxsus suyuqlik pardalaridan iborat deylik. Siz harakat paytida nimadir o‘qisangiz u pardalar chayqalish natijasida torayib, quriy boshlaydi, shunda odam ko‘zlarida og‘riqli achishish sezadi. Keyinchalik esa pardalar yoriladi hattoki. Axir bu qanchalik zarar ko‘ryapsizmi? Bir kuni ertalab turganingizda qaraysizki ko‘zlaringiz ko‘rmay qolgan butkul. Bunday paytda sizga tabiiyki hech kim yordam berolmaydi. Masalan, mana siz, ko‘zlaringizda achishish sezasizmi hozir?

— Ha… Shunday shekilli… Sal-pal og‘riq bor, — deya ohista gapni yakunlamoqchi bo‘ldim.

— Ko‘rdingizmi, sizda boshlanib bo‘lgan hammasi, — dedi do‘rillagan ovozini battar do‘rillatib.

So‘ngra birdan jimib qoldi. Men tezlik bilan jurnalni varaqladim, o‘qishni qanchalik istasam-da uning oldida bu ishni qilish bema’niday tuyuldi va gazetani yuqoriga, jomadonlarim yoniga irg‘itdim.

— Ruxsat berasizmi, janob jurnalingizni bir varaqlab ko‘rsam? — so‘radi haligi notanish.

— Mayli, bemalol. Lekin siz ko‘zlaringizga zarar berib qo‘yasizku…

— Ha, havotir olmang, mening ko‘zlarim butkul zararlanib bo‘lgan. Bundan buyog‘iga meni faqat o‘lim zararlay oladi xolos. Chunki, bir tanishim taklifi bilan bir martagina kokain qabul qilgandim. Bir martasi ham yetarli ekan, xumoriga chidab bo‘lmasdi. Buni yo‘q qilish uchun o‘tgan yili yozda Samaraga borib muzlagan daryodan teshik ochib cho‘mildim. Bu mening rayimdan qaytarishiga ishongandim. Yo‘q, aslo. Battar bo‘lsa bo‘ldi, lekin tuzalmadim. Bir safar Petrogradda tashnalikka chidolmasdan o‘lgan odamning cho‘ntagidan sigaretalarni o‘g‘irlab chekkanman hatto, balki bu o‘g‘irlik ham sanalmas, chunki u o‘lib bo‘lgandida…

Bu gaplarni ko‘zlari olayib maroq bilan tinglayotgan Nezapyatkin birdan oh tortib, qo‘llarini boshiga qo‘ydi:

— Yo Xudoyim, qanday dahshat. Giyohvandmisiz?

— Taasufki shunday, hali hamon tuzalganim yo‘q. Bu hastalikda yashirin va davolab bo‘lmas xavflar mavjud. Masalan, siz deraza yonida o‘tiribsiz. U yerdan esa oz bo‘lsa-da sovuqqina shamol kelib turibdi.  Siz “toza havo” atayotgan bu sovuq shamol esa burningiz orqali kirib, to‘g‘ri o‘pkangizga yo‘l olgan. Shundan keyin esa o‘pka tomirlari shamollashi yuzaga keladi, o‘pkada shishlar, yoriqlar paydo bo‘ladi, so‘ngra turli shifo bilmas kasalliklar, masalan, gemoptizi, gemo bir balo, xullasda… Janob, bilingki o‘pka kasalliklari ham gihvandlikdan sira qolishmaydi.

— Nima ham qila olardik, — dedim unga ayni daqiqalarda toza xavoga juda muxtojligimni bildirib, — axir, boshqa qayerda o‘tiramiz?

— Istasangiz o‘rinlarni almashamiz, zarar bo‘lsa menga bo‘lsin, — dedi u qahramonlarcha, Nezapyatkinning joyini ko‘rsatib “keling”, degan ishorani qildi.

— Biroq, sizning o‘pkangiz…

— E, o‘pkamga rahmim kelmaydi, — dedi u gapimni naq o‘rtadan bo‘lib, — u tugab bitgan. Xavotir olmay qo‘yaqoling mendan. Konstantinopol qish kechalarining birida yupqa kurtka bilan ikki kun tashqarida, qahratonda qolib ketganman. Shundan beri o‘pkam hech narsaga yaramay qolgan. Nimayam qilardim. Keling yaxshisi o‘rinlarni almashamiz.

Biz so‘ppayib u o‘tirgan tomonga o‘tdik.

— Bilasizmi marhamatli janob, — dedi do‘stim notanish odamga boshini ko‘tarib, — to‘g‘ri, u mening do‘stim, jonday yaqinim, lekin shunday odam uchun ham men o‘z jonimni, tanamni xavfga qo‘ymagan bo‘lardim.

— Mayli, hech qisi yo‘q, — dedi notanish kishi qurib qolgan cho‘pday qo‘llarini bir silkib.

U derazaga yaqinroq o‘tirib sovuq xavodan chuqur ichiga tortdi, jurnalimni ochib zo‘r qiziqqonlik bilan o‘qiy boshladi

II

Birinchi marta poyezdda nimadir o‘qimasdan ketyapman, anglaganim birgina shu — juda zerikarli. Notanish odam esa maroq bilan jurnal varaqlar, goh-gohida men va do‘stimni ko‘z ostidan kuzatib qo‘yardi. Men bu zerikarli onlarni salgina bo‘lsa-da buzish ilinjida Nezapyatkinga luqmalar otdim:

— Qachon Tfilisida bo‘larkanmiz-a?

— Hali-beri yetib bormasak kerak,  yo‘l uzoq deb eshitganman, — dedi u beparvolik bilan.

— Vaqt o‘tmayotganday tuyulyapti menga, — xo‘rsindimu ko‘zoynagimni yechib, tashqarini ko‘rish uchun deraza tomon qaradim.

— Ha, nimasini aytasiz, juda imillayapti soat millari.

— Bu poyezdmas, aravaga o‘xshaydi ko‘proq, juda-juda sekin yuryapti.

— Nimasini aytasiz, yurayotganmas, sudralayotganga o‘xshaymiz huddi.

— Lekin qara, biz taraflarda hali qish tugamagan bo‘lsayam bu yerlarga bahor kelib qolibdi.

— Ha, to‘g‘ri, — dedi u ham oynadan tashqari qarashga urunib, — anavi daraxtlarning gullaganini qarang, sutday oppoq.

— Ha juda ulkan va chiroyli, — qo‘shib qo‘ydim.

Notanish odam jurnalni yopib menga uzatdi, og‘zini katta ochib esnab, mening yumshoqqina o‘rnimga cho‘zildi.

— Vaqtni tez o‘tishini qarang-a, bir pasda uxlaydigan vaqtim bo‘libdi, — dedi va ko‘zini uni diqqat bilan kuzatayotgan Nezapyatkinga qadadi:

— Bu Rossiyadagi eng yomon yo‘l, shu uchun ham sekin yuryapti poyezd.

— Nimaga? — yana do‘stimning ko‘zlari olaydi.

— Nahot eshitmagansiz? Deyarli har kungi reyslarda poyezdlar to‘qnashuvi sodir bo‘ladi bu yo‘lda.

— Gaplaringiz yolg‘on, — so‘zida qat’iy turdi Nezapyatkin, — agar shunday bo‘lsa nega gazetalarda o‘qimaganman, eshitmaganman shu paytgacha bu haqida?

— O‘zingiz bilasiz, buni yashiradi vokzal rahbariyati, xabar topganlarning esa og‘zini pul bilan moylaydi, chunki shunday bo‘lganini odamlar eshitsa poyezdlarga chiqmay qo‘yishadi. O‘zingiz o‘ylang, qa-a-ancha qurbon bo‘ladi axir bitta halokatda…

— Dahshat, juda dahshatku, — dami ichiga tushgan do‘stim ko‘zlarini menga olaytirdi, — Xudo asrasin.

— Eng yomoni bumas, azizim, eng yomoni, mana, — barmoqlarini vagon devoriga niqtadi, — mana bu vagon devoriga odatda oldan yo orqadan boshqa bir poyezd kelib urilsa, tamom.

— Nima tamom?

— G‘alchamisiz. U poyezd katta tezlikda keladi va bizning poyezdga uriladi, tabiiy holatda qo‘shni devor bizning devorga qapishadi, qo‘shilgan devorlar oyoqlarimizni iyagimizgacha olib kelib yopishtiradi.

— Keyin nima bo‘ladi, keyin? — dedi devor yonidan sal tisarilib battar qo‘rquvga tushayotgan Nezapyatkin.

— Nima bo‘lardi? Masalan, oyoqlaringiz qorningizni teshib ichaklaringizni salla qilib o‘raydi, birato‘la jigaringizni ham sug‘urib tashqariga olib chiqadi. Qarabsizki, sizdan ajoyib munajjimlar teleskopi tayyor. Yana bilasizmi… Bunday paytda odam tabiatning naqadar ojiz bo‘lagi ekanini his qilasiz.

Men ham, do‘stim ham bu gaplarni eshitgandan tushkunlikka tushdik, nafas ham chiqarmasdan qotib qoldik.  

— Bundan omon qolganlar esa, — “omon qolgan” jumlasini eshitib yana uning umidvor so‘zlariga berildik, — bir umr shol bo‘lib qolishadi, ha-ha, shunday, bir tanishim yaqinda olamdan o‘tdi, qaysidir yil xuddi shu yo‘lda shunday halokatka uchragandi.

— Aytingchi marhamatli janob, — xuddi uni ayni shu odam qutqara oladiganday yolvorish ohangida so‘z ochdi Nezapyatkin, — agar halokat paytida odam anavi yo‘lakda turgan bo‘lsa, xavf darajasi qanday bo‘ladi?

— O‘zingiz tasavvur qiling. Men orqa yoki oldidan kelib urilsa, devorlarni qapishtirib, ustimizga qulatadi dedim, demak yo‘lakda devor yo‘q, devor yo‘qmi bu qaysidir ma’noda xavfsiz degani. Men Nouvzevskda bir odamni bilaman. U mana shu yo‘lda yuz bergan halokatlarning birida omon qolganlardan. U qanday qilib sog‘ qolgan deysizmi? Chunki u halokat paytida yo‘lakda bo‘lgan. Familiyasi, adashmasam, Semyonov edi.

Bu so‘zlardan battar qo‘rquvga tushib do‘stim bilan bir-birimizga najot kutib termuldik.

Biz o‘zimizni mard ko‘rsatish uchun uch daqiqa chidab, xonadan chiqmadik. Axiyri o‘zim qaror qildim va: — Oyoqlarim butunlay uvishib qoldi, balki, yo‘lakka chiqib, biroz aylanib kelarman, — deya oyoqqa qalqdim.

— Men ham siz bilan boraman, — Nezapyatkin ham o‘rnidan shoshilib turdi, — sigaret ham chekib kelardim bahonada.

III

Vagon yo‘lagiga chiqdik. Qadrdonim qalin sigarasini lablariga qistirib, menga ham bir dona uzatdi.

— Oling sizam, asablar biroz tinchlanadi, — dedi uyquchan ko‘zlarini ishqalab.

Men sigaretni olmasdan, chekish mumkinmas degan yozuvga ko‘zlarim bilan imladim.

U ishoramga beparvolik qilib, o‘zini bosish uchun sigaretasini olovlatdi:

— Nima deb o‘ylaysiz, u bizni qo‘rqoq deb o‘ylab bo‘ldi shekilli, to‘g‘rimi?

— Ha, menam shuni o‘ylayapman. Har holda uch daqiqa bo‘lsa ham o‘tirdikku, balki unday o‘ylamas.

— Uning aqli joyidamas shekilli, gaplari tuturiqsiz, lekin odamni yuragini yorib yubordi rosa, shuncha narsani bilarkan, lekin o‘limdan qo‘rqmasligiga qoyil qoldim. Balki, u bilan gaplasharsiz o‘rnimizni bersa biroz dam olarmidik, hech qursa o‘n-o‘n besh daqiqa, — dedi va notanish kimsaning nima bilan bandligini ko‘rish uchun xona eshigiga boshini suqdi: — Sizning yumshoq o‘rningizda uxlab yotibdi, — dedi boshini qaytarib.

— Mayli, u yotaversin. Derazaga yaqinroq kel, tashqarini bir qara.

Tashqarida oxiri ko‘rinmas dasht, ora-orada esa bir ikki uy chiroqlari yonib turgani ko‘rinardi.

— Ha, rostan ham bu yerlarning tabiati boshqacha ekan. Janubga oz qoldik chamamda, issiq havo taftini sezyapman.

— Yuragim siqilib ketdi. Ehtimol mana bu oynani ocharmiz. Toza xavo kirarmidi ichkariga.

— Deraza ochilmasa keragov, axir poyezd hali qishki holatdaku.

— To‘xtachi, bir ochishga urunib ko‘ray, — deraza qulfini ocha boshladim.

— To‘xtang, kimdir buni ko‘rib qolsa nima deymiz, axir mumkinmas.

— Dod-voyni ko‘ysangchi, kimdir ko‘rsa biz kelishimizdan avval ochilganini aytamiz.

Deraza qulfi sharaqlab ochilib yuzimizga dasht va bahor havosining salqinligi urildi.

— Qanday ajoyib havo-ya. Senam his qilyapsanmi, qanday musaffo havo. Bu Kavkaz degani do‘stim, Kavkaz.

— Tanga yoquvchi pokizalik.

Tun suratiga mos alfozda olis-olislardan baland-baland tog‘lar ko‘rinar, yer esa sof havodan nafas olayotganga o‘xshab titrab-titrab qo‘yardi.

Ikki soatlarcha tashqariga termulgancha Kavkaz havosidan to‘yib-to‘yib nafas olib, gaplashmasdan turdik. Bu sukunatni orqadan do‘rillagan ovoz buzdi:

— U yerda nima qilyapsizlar? — notanish odam joyidan turib, biz tomonga keldi.

— Sizam sezyapsizmi janob, qarang qanday ajoyib havo, — dedim men.

— Yordam bersangiz, menam mana bu derazani ochsam, keling do‘stim, — meni chorladi keyingi deraza yoniga.

— Mumkinmas janob, — e’tiroz bildirdi Nezapyatkin. — Poyezd qishga moslangan axir, mana bittasini ochdik, hammamizga etadi shu.

— O, Kavkaz. — haligi kishining yana gap xaltasi ochildi, — bir vaqtning o‘zida ham ajoyib, ham o‘limlarga to‘la mamlakat. Men, bu o‘lkani piton iloniga o‘xshataman, chiroyli, ko‘rkam, silab ko‘rging keladi odam, biroq xuddi shu ilonday zaharli, bir chaqsa tamom, til tortmay o‘lasan.

— Nima o‘ladi, kim o‘ladi, tushunolmadim, — angraydi do‘stim.

— Kavkaz, Kavkaz. Axir bu o‘lim ma’budi boshqaradigan o‘lka-ku, nahot bilmaysiz. Masalan, siz deraza qoshida toza havodan hech kimga zarar bermay simirib turibsiz, birdan paq etgan ovoz eshitiladi va yerga qulaysiz.

— Yo tovba, kim bizni otadi axir?

— Ularni kunduzlari aniq ko‘rish mumkin: mahalliy aholi. Axir ikki kun oldingi gazetada, yo‘q, o‘zi davriy nashrlar ko‘p yozishgan bu yerdagi qurbonlar haqida… O‘qimaganmisiz?

— Yo‘q, xabarimiz yo‘q, — deya ikkalamiz ham kapalagimiz uchib, derazadan yiroqlashdik.

— Xullas, yaqinda bir arabistonlik ham derazani ochib huddi shunday deraza yonida turgan. U ham o‘limoldi Kavkazning toza havosidan biroz hidlashga ulgurgan, qayerdandir paq etgan ovoz eshitilgan-u shu yerning o‘zida jon bergan bechora. O‘q shundoq miyasini teshib o‘tgan ekan. Familiyasi Aziyenshtukmi, vallohu alam, Aziyentushmi, xullasda…

— Yo Xudoyim, bu yana qanaqasi bo‘ldi?

— Hayron qolishning keragi yo‘q. O‘q uzish bu yerliklarning qadimdan kelayotgan an’anasi. Qishloqlarda kim ko‘proq odamni mo‘ljalga olib, urib tushirsa, hurmatga sazovor bo‘ladi. Kimki bir oyda o‘ntadan kam odamni nishonga olsa, u oilaga qiz berishmaydi, u oiladan qiz ham olishmaydi.

— Xudo saqlasin. Keling, yaxshisi derazani yopamiz, Nezapyatkin, — dedim talmovsirab.

— To‘xtang, to‘xtang, bu men uchun yaxshi imkoniyat, ajalim balki shu yerliklarning miltig‘ida mudrab yotgandir shu lahzalarda. Mayli, o‘limim evaziga qaysidir oila baxtli bo‘lsin, men roziman. Do‘stlarim, ammo sizlarga bir vasiyatim bor. Agar bugun kunim yetgan bo‘lsa, jomadonlarimni olib, Tifilisiga, Golovinskiy ko‘chasi, 11 uyga eltib bersangizlar, qabul qiluvchi Mixayonko ismli odam. Maylimi?

Avvallari hech qachon o‘zining o‘limini bunday xotirjam kutayotgan va mehr bilan vasiyat qoldirgan odamni uchratmagandim.

Qanchalik uni deraza yonidan ketkazishga urinmaylik joyidan jilmadi. Bilganini qilsin deb ichkariga, o‘z to‘shaklarimizga kirib yotdik.

IV

Xudoga shukr, poyezdimiz talofatsiz, qurbonlarsiz sog‘-omon Tifilisga yetib keldi. Mehmonxonaga borish uchun foytunga chiqayotganimizda o‘sha notanish odamning baland bo‘yli, go‘zal bir ayol bilan quchochlashib ko‘rishayotganini ko‘rib qoldik.

— Safaringiz qanday bo‘ldi, azizim? — dedi uning ozg‘in yuzlaridan o‘pib chiroyli ayol.

— Ajoyib. Har qachongidan ham ajoyib, xuddi sodda va ishonuvchan yo‘ldoshlarim kabi, — dedi u bizni ko‘rsatib, ayol esa bizga qarab mayin jilmaydi, — shunday odamlar hali hamon bor ekan, Rossiya bo‘ylab biletsiz ham bemalol sayohat qilish mumkin.

Nezapyatkin foytun derazasidan boshini olib, joyiga o‘tirdi:

— Uning so‘zlarini chalaroq eshitdim, ammo qarang bizga shuncha yaxshilik qilibam yana bizni ayoliga maqtayapti. Menimcha biz unga ancha xush keldik. Siz ham shunday fikrdamisiz?

Men yelka qisdim:

— Albatta, axir bizdan yomon safardosh chiqmasligi aniq-ku…

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting