Arjumandbegim. Kichik hikoyalar

12
408
ko'rishlar soni

Ro‘molcha

Maktabda darslar tugagan, hammayoq jimjit. Qiz stol ustiga boshini qo‘yib, ko‘zlarini bir nuqtaga qadagancha chuqur o‘yga toldi. «Ko‘rinmas odamga aylanib qolgandekman. Hech kimning men bilan ishi yo‘q. Ertalab nonushta qildimmi, yo‘qmi? Ishim qachon boshlanib, qachon tugaydi? Qayerga boryapman, kimlar bilan ko‘rishyapman?.. Odamzod Yaratganning ijod mahsuli— san’ati. San’at esa e’tibor bilan tirik. Nimani… Yo‘q! Kimni istayapman o‘zi?! Yillar davomida tashna qalbimni sug‘orib kelayotgan mehr daryosi ham ta’msiz tuyilyapti. Nimalar o‘zgardi? Kimdir qo‘limdan mahkam ushlab bag‘riga bosishini va to‘yib-to‘yib yig‘lab dardlarimdan yiroq bo‘lmagunimcha qo‘yib yubormasligini xohlayapman… O‘sha inson kim? O‘zlari bilan ovora bo‘lib meni ko‘rmayotgan yaqinlarimmi yoki… Qaniydi… Qaniydi sukunatimni parchalay oladigan shodlik bo‘lsa! Yo Rabbim…» — xona eshigi ochilib birov kirib keldi.
— Haliyam ketmadingizmi? — so‘radi hamkasb yigit o‘z hujjatlarini javonga joylashtirar ekan.— Iftorlikka ham oz qoldi.
— Nazorat daftarlarini tekshirayotgandim, — qiz stoli ustida turgan daftarlarini tartibga keltirgan bo‘ldi go‘yo.
— Ha, shunaqami, yaxshi, — yigit qizning yolg‘on gapirayotganini payqab, o‘ziga sezdirmay unga sinchkovlik bilan qaradi. — Bilasizmi, ustoz o‘quvchilari uchun tuyg‘ulari o‘ta barqaror, ruhi metindek kuchli shaxs bo‘lib ko‘rinadi. Aslida esa har bir yurakning o‘z kemtiklari bor.
Qiz hayron boshini ko‘tarib yigitga yuzlandi. Ammo tomog‘iga nimadir tiqilgandek bo‘lib, gapirolmay yana ko‘zlarini boshqa tomonga olib qochdi. Yigit qizning stoliga yaqinlashib so‘zida davom etdi:
— Yupatiq hamisha ko‘ngilga malham bo‘lolmaydi. U ba’zan imkonsizligimiz iqroridek tuyilishi mumkin. Oling, — qo‘lidagi narsani qiz tomon uzatdi. — Bundan ortiq sadoqatli sirdoshni topa olmaysiz.
U darrov xona eshigini yopib chiqib ketdi. Qiz kiprik qoqmay miyasidagi javobsiz savollariga bardosh berishga urinardi. Shartta o‘rnidan turdi-yu, ketishga oshiqdi. Eshikka yetgunicha hech qayerga qaramadi. Xonadan chiqib ketar ekan, kimgadir ishongisi keldi, yigit aytgan eng yaxshi sirdoshni ko‘rish uchun orqasiga o‘girildi va beixtiyor ko‘zi yoshlandi.
Stol ustida turgan ro‘molcha go‘yo qizga o‘z quchog‘ini ochgandek turardi…

Xavfsiz yordam

«Topib ber deyapman, bola!»
Bir qo‘li bilan daraxt shoxini o‘ziga tomon tortib turgan Salimning olma uzishga chog‘langan ikkinchi qo‘li qo‘shnining devor oshgan dag‘dag‘ali xitobidan bir zum havoda muallaq qoldi.
ㅡHa, ko‘nglidan o‘tkazdi ㅡ demak, Shokir aka yana ichib olib uyida janjal qilyapti. ㅡ Daraxt shoxini sekin qo‘yvorib, qo‘shni devor yoniga turib oldi.
«Pichoqni tashlang, dada!»
ㅡVoy tavba, ana xolos! ㅡ birdan seskanib ketib yoqasini ushladi. ㅡ Nimadir qilish kerak, lekin nima?
Tortishuv uzoq davom etdi. U goh labini tishladi, goh og‘zini qo‘li bilan berkitdi, goh bosh chayqadi. Lekin yelkasiga og‘ir yuk ortilgan odamday engashgancha qimir etmay eshitib turaverdi.
Yo‘q, Salim ham anoyilardan emas, chorasini topadi. Axir u mahallaning faol vakili! Jamoatchi! Tuyqus xayoliga kelgan fikrdan muammoning yagona chorasini topgan kishiday his etdi o‘zini va sodir etilajak jinoyatga guvoh sifati borib aytadigan gaplarini birma bir o‘ylay ketdi:
«Qotil – Shokir Xudoyberdiyev…»

Ortda qoldirilgan bekat

Ko‘zgudan tushayotgan yorug‘lik qanchalik ko‘zni qamashtirmasin, u yorug‘lik manbaining aksi, xolos.

Maktabga kirayotib, tonggi saflanishni — Uni ko‘rdi-yu, aylanma yo‘l orqali xonasiga chiqib ketdi. Kun bo‘yi unga ro‘para kelmaslik yo‘llarini izladi.
— Tabriklayman, — darslarini o‘tib o‘qituvchilar xonasiga apil-tapil jurnalni qo‘yib chiqar ekan, o‘sha qadrdon ovozdan to‘xtab qoldi. —Tabriklayman, — takrorladi, yigit. — Turmushga chiqayotgan ekansiz…
Qizning yuragi bir zum to‘xtab qolgandek bo‘ldi. O‘zini qo‘lga olishga harakat qilib, nimtabassum bilan zo‘rga og‘iz juftladi:
— Rahmat…- kechagacha hislari va’dalarsiz bog‘langan bu xokisor ikki qalb bugun tamoman bir-biriga begona.
— Bu yangilikni hammadan avval men eshitsam kerak deb o‘ylar edim. Har bir ishingizni maslahatlashardingiz, endi esa qochib yuribsiz?!
Yigitning savolchang ovozidan kesatiqning achchiq ta’mi kelib turardi. Bunday munosabatdan qizning ko‘ngli darz ketgandek bo‘ldi. Ayniqsa, bu hodisaning «Yangilik» deb baholanishi uni esankiratib qo‘ydi.
— Yangilik?!
— Ha, yaxshi yangilik!
— Nima demoqchisiz, — endi unga hammasi farqsiz bo‘lsa ham, yigitning gapini bee’tibor qoldirolmasdi. Yillar davomida ichiga yutgan hissiyotlari qalbini yondira boshladi.
Yigit xayoliga kelgan javobdan orlandi:
— Hech narsa…
— Hammasini o‘zingiz boshlaysiz-u, birinchilardan bo‘lib chekinuvchi ham o‘zingiz bo‘lasiz. Xuddi…
Yigit chidab turolmadi. Qanday qilib kelib qizning bilaklaridan mahkam tutib olganini ikkisi ham anglamay qoldi.
— Meni aybdor qilyapsizmi? Men axir sizni…
Qiz bor alamini to‘plab yigitning ko‘zlariga boqdi:
— Nima meni?!
— Haqqim yo‘q endi… -Yigit qizning qo‘llarini bo‘shatdi-yu, xona eshigi tomon burildi.
— Haqqingiz borida ham indamagansiz… Bir og‘iz so‘z… Insonlarning baxtsizligiga xizmat qiladigan g‘ururingizdan nima naf?! — Yigit javob qaytarmay chiqib ketdi. Qiz yerga tizzalab o‘tirib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
— Sevardim… sevardim… sevaman! So‘nggi so‘zni aytdi-yu, ko‘ngli birdan sovidi. Ortiq ko‘z yosh to‘kishni istamadi. Bir og‘iz so‘zni yillab kutganlari, o‘ziga sezdirmay soatlab tikilganlari, qadamlarini bosib o‘tish uchun ortidan yurganlari… Hammasi bir zum xayolidan o‘tib o‘ziga achinib ketdi. Yuragidagi sevgi o‘rnini nafrat egalladi. Shartta o‘rnidan turdi-da, afsuslanib turgan qarori to‘g‘riligiga qalban ishondi. Xonadan chiqib, o‘zi uchun eng qisqa yo‘ldan dadil qadamlar bilan ravona bo‘ldi.

12 Izohlar

  1. Aslida qisqa hikoyalar o’qishni juda yoqtiraman. Ular qisqa bo’lsada, ma’nosi olam qolaversa, xulosa qilish kitobxon ixtiyoriga havola etiladi. Sizning ham hikoyalaringiz menga judayam yoqdi. Kelgusida bundanda ajoyib ijod namunalarini kutib qolaman.. Muvaffaqiyat yor bo’lsin Ilohim

  2. Juda ajoyib, omad ishlariyizga, hikayalaringiz qandaydir hayotiy, rostan òzingiz guvoh bòkgan yoki sodir bòlgan narsamikan deb òylab qolaman, Ortda qoldirilgan bekat hikoyaga rosa mos tushibdi nomi

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting