O‘shal damlar-qaytmas damlar

0
135
ko'rishlar soni

Nazira as Salom bilan suhbat

Bu yil mustaqilligimizga 30 yil to‘ladi. Yurtini she’rlarida baralla kuylab o‘tgan shoirni eslamoq biz uchun ham qarz, ham farzdir. Bugungi mehmonimiz Muhammad Yusuf nomidagi jamoat fondi raisi, ”Oltin qalam” gazetasining bosh muharriri, Muhammad Yusufga yelkadosh, hamnafas bo‘lgan umr yo‘ldoshi Nazira as Salom bo‘ladi.

-Nazira opa, siz ulug‘ shoir bilan qariyib 20 yil birga yashadingiz. Mana qarangki, Muhammad Yusufning jisman yo‘qotganingizga ham 20 yil bo‘lmoqda. Ayol uchun hayotda suyanch kishisini yo‘qotish katta ruhiy zarba bo‘ladi. Siz yana qaddingizni tiklash uchun kaysi kuch ruhingizga yordam berdi?

-Bilasizmi, otam G‘aybulloh as-Salom mening eng katta qoyatoshim edi. Akajonim-Respublika prokuraturasining bo‘lim boshlig‘i Habibullo Salomov eng katta suyanchig‘im, mehribonim bo‘lgan. Mening onajonim Shahribonu Xotamova fidoyi ona, singlim Gulandom Salomova mening maslahatgo‘yim, mehribonim, sirdoshim. Shuncha suyanchiqlarim bor edi.
So‘ng hayotimda Muhammad aka paydo bo‘ldi. 1992 yilda akajonim bedarak yo‘qolib qoldi. Bunday fojeani uncha-muncha odam ko‘tarolmaydi. Otam-otajonim yarimta yurak bilan sakkiz yilki kutardilar. Ota-onamning qaddi yetti bukilib qoldi. Ko‘zlari jovdirab qoldi. Otam to‘rt tomonga yugurdi. Shunday og‘ir vaziyatda Muhammad aka o‘g‘lining o‘rniga o‘g‘il, haqiqiy farzandlik vazifasini yelkasiga oldi. Men yotib qoldim. Muhammad aka ko‘proq ota-onamning yonida bo‘lishga oshiqar, akamni qayerlargadir borib, so‘rab surishtirar, o‘z uyiga kelganda esa iloji boricha uy yumushlarini ham o‘zi bajarardi. Bolalarimga meni ehtiyot qilishlarini, to‘polon qilmasliklarini tayinlardilar.(bolalarim yosh edida!) Ko‘nglimni avaylar, taskin berishga harakat qilardilar.
Darding olay yorim, aytgil
dardingni,
Tog‘lar ko‘tarolmas sening
dardingni
deb yozgan misralari o‘shanda tug‘ilgan.
Oradan sakkiz yil o‘tib otajonimning yuragi manguga urishdan to‘xtab qoldi. O‘zlari bir umr hayotini bag‘ishlagan Toshkent Davlat universitetining minbarida jon taslim qildi. Men uchun hayot tugagan edi. Universitetdan Muhammad akaga buni xabar qilishdi. Muhammad aka barcha farzandlik burchini ado etdi.
Men esa… Men esa suyangan tog‘im, otajonim bilan qanchalar bag‘rim butun bo‘lganligimni endi his qila boshladim. Bu dardlar bilan yashay boshladim, ammo hali onajonim, singlim, umr yo‘ldoshim ham g‘animatligini tasavvur qilmaganman.
Qarangki, Muhammad aka ham meni tashlab ketdilar… Shunda tushundimki, qiz bola turmushga chiqqach, eng katta tog‘i umr yo‘ldoshi bo‘lar ekan. Men o‘zimni dengizning o‘rtasiga tushib qolgan, suzishni bilmaydigan odamday his qilganman.
O‘zimni tamoman yo‘qotgan edim. Endi har kuni men bilan dardlashadigan, ko‘ksiga bosh qo‘yib yig‘laydigan, har kuni ko‘zingga qarab turadigan, taskin beradigan, qo‘llaringni tutib yetaklaydigan odamim yo‘q edi. Men nafaqat o‘zimni yupatishim, balki bolalarimni boqishim, ko‘nglini ko‘tarishim, taskin berishim, ko‘z yoshini kulib artishim kerak bo‘lgan suyanchiqqa aylangan edim. Bu aytishga oson. Muhammad aka shunday mehribon ota ediki, uning o‘rnini bosib bo‘lmasdi. Men qattiqqo‘l edim. Endi o‘zgarishga majbur edim.
Bolalarimga suyanchiq bo‘lish uchun bor alamlarimni, dardlarimni, ko‘z yoshlarimni ichimga yutib, kulib turishim kerak edi. Yelkamdagi yuk og‘ir edi. Kenjatoyim Madina kechalari yo‘lakka chiqib, o‘krab yig‘laganida uyg‘onishimni tasavvur qilasizmi? Hamisha kulib, xandon otib yuradigan bolalaring gapirmay, ko‘zlari qizarib, bag‘ringga o‘zlarini otishlarini ko‘z oldingizga keltiring. Men o‘zimning o‘ksinishga ham haqim yo‘qligini tushunib yetdim o‘shanda. Bolalarim uxlaganda yoki ular yo‘q joylardagina yig‘lab olishga imkon topardim.
Ammo mening, bolalarimning tushlari bizga taskin bera boshladi. Tushlar ilohiy edi. Bolalarim yig‘lasalar, otasi tushlarida aytar gapini aytib, yupatib keta boshladi. Hatto hayotimizda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildira boshladi. Hali u qo‘shnim, hali bu qo‘shnim, hali singlim, hali onam Muhammad aka tushlariga kirib, qizlari haqida so‘rayotganini aytishar, is chiqarib, yeguliklar tashishardi.
Kunlardan bir kuni Xalq hofizi Sherali aka Jo‘rayev kelib, tushlariga kirib, xabar olishini iltimos qilganini aytganlar. Hatto birmuncha vaqt tirikchiligimizga yordam qilganlar.
Bu juda katta taskin bo‘lgan. Demak Muhammad aka tirik ekan, yonimizda yurar ekan, degan xulosaga kelganman. Qolaversa, ruhini shod qilish, o‘zim uchun taskin topish maqsadida Muhammad Yusuf nomida fond ochdim. Nomi boru o‘zi yo‘q fond bo‘ldi. Ammo mehnat va yana mehnat tufayli men eng og‘ir kunlarimni o‘ylashga, ezilishga vaqt qoldirmadim. Ikki yildan so‘ng fond qoshida gazeta ta’sis etdim.
Shunday qilib hayotimga mazmun kirganday bo‘ldi. Eng muhimi, Muhammad Yusuf tadbirlarida shoirni jondan sevgan xalq bilan uchrashgandagi xalqning mehr-muhabbati meni hayotga qaytardi. Yana bir muhim gap. Shoir vafotiga bu yil yigirma yil bo‘ladi. Hukumatimizning uning nomiga ko‘rsatgan e’tibori bolalarimning, mening ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi. Shoir nomining abadiylashtirilishi, ijodini atroflicha o‘rganilishi yo‘lga qo‘yilishi bolalarimning ko‘nglini ko‘tarib yubordi. Men bularning baridan kuch olib yashayman.

-Ayol sifatida shunday savolni bermoqchi edim. Ayolga nima kerak? Ayol o‘zini qachon baxtli his etadi?

-Ayolga bir chimdim mehr, umr yo‘ldoshining e’tibori va farzandlarining sog‘-salomat ekanligi yetarli, deb o‘ylayman. Muhammad aka meni nafaqat oila bekasi, balki jamiyatda o‘z o‘rnimni topishimni, yaxshi ijodkor sifatida tanilishimni istardi va ijodimga e’tibor bilan qarardilar. Ziyofatlarda vaqt o‘tkazishni xushlamasdi. Mendan ham shuni talab qilardilar. Ijodimga bo‘lgan shunday e’tibordan ko‘nglim ko‘tarilardi. Men juda baxtli yashadim.

-Muxlislar Muhammad Yusufning vatanni ulug‘lovchi shoir sifatida yaxshi ko‘rishadi. Shoirni oilada ota sifatida qizlar tarbiyasida roli qanday bo‘lgan?

-Muhammad akaning bolalar tarbiyasiga qarashlari o‘ziga xos edi. Ularning fikricha, qizlar hech narsaga muhtoj bo‘lmasligi kerak. Shunda ko‘zi to‘q bo‘lib ulg‘ayadi. Qizlar o‘g‘il bolalar bilgan kasblarni ham bilishi kerak. Masalan «Do‘rmon» yozuvchilar bog‘ida dala hovlimiz bo‘lardi. (Muhammad aka vafotidan keyin tezda birovlar egallab olishgan). Biz hovliga kunlar isishi bilan chiqib olardik. Muhammad aka qizlarga mashina haydashni, futbol o‘ynashni o‘rgatardilar. Uyimizda esa trenojyor o‘rnatib olgan va qizlarni mashq qildirar edi.
Qizlarning fe’l-atvoriga qarab muomala qilardilar. To‘ng‘ich Ma’sudamni shifokor bo‘lishini istardilar. U esa telejurnalistlikni tanladi. O‘ziga bildirmay qo‘llab-quvvatladilar. Rahbariga tayinlab turdilar va ishini eplab ketganidan xursand ham bo‘ldilar. Nozimani ko‘proq ayab, erkalab, turli nomlar qo‘yib, goho Paxtaoyim, goho boshqa so‘zlar topib, erkalab chaqirardilar. Kenja Madinaga o‘rgatadigan sport mashqlarida og‘irrog‘ini berardilar. Oilada biror ishga bel bog‘lasalar, qizlarni yig‘ib, fikrini so‘rar, unga qarab xulosa qilardilar. Ammo ulardan ko‘chadagi muammolarini o‘zlari hal qilishlarini, uyga yig‘lab kelmasliklarini talab qilardilar.

-O‘zbek adabiyotida Zarifa Saidnosirova «Oybegim mening» kitobini, Kibriyo Qaxxorova «Chorak asr hamnafas» kitobini yozganlar. Bu xotira kitoblari o‘quvchilarga yozuvchi olamini yanada kengroq ochib bergan. Ularning oila bobida ham barchaga namuna ekanliklari, ulardan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan jihatlar ko‘pligini bilganmiz. Sizda ham ana shunday xotira kitobi yozish fikri tug‘ilmadimi?

-Xotiralarim 20 yildan beri gazeta-jurnallarda, televideniye, radioda e’lon qilib kelinmoqda. Ammo kitob holida chop etish qiyin bo‘ldi. Har safar shu ishga kirishganimda iztiroblar yelkamdan bosaverdi. Nomini «Shoirginam» deb qo‘yganman. Boshlab qo‘yganimga ancha yillar bo‘ldi. Endi xotiram pand bermoqda. Shunga qaramay, shu yil yozib tugatishni niyat qilganman.

-Albatta, barcha muxlislar sizdan shoir xotiralariga bag‘ishlangan kitobni yaratishingizni kutib qoladi. Azim Toshkentda Muhammad Yusufning uy muzeyini tashkil etilsa, barcha adabiyot muxlislariga katta tuxfa bo‘lar edi. Ushbu masalada xarakatlar bormi?

-Muhammad Yusuf nomini abadiylashtirish maqsadida Andijondagi ijod maktabida kichik muzey, Toshkentda Adiblar xiyobonida haykal, Respublika yozuvchilar uyushmasi binosida adiblar muzeyi (albatta Muhammad Yusuf haqida eksponatlar ham bor), Toshkentdagi San’at va madaniyat institutida tashkil etilajak muzey orzularimning ro‘yobidir. Ammo Muhammad Yusufga tegishli bo‘lgan buyumlar, shoirning adabiy merosi, kitob va qo‘lyozmalari, suratlari, videolarining bari kichikroq muzeylarga sig‘maydi. Ularni xalqimiz uchun, shoir muxlislari, yoshlar uchun asrab-avaylamoqdaman.
Muhammad aka bir umr yashab, ijod qilgan Toshkentdagi Pushkin- Salar ko‘chasi 1-uy, 63-xonadonda uy-muzeyini tashkil etish uchun shoir tavalludining 60 yilligi arafasida harakat qildim. Ammo qonunchiligimizda ko‘p qavatli uylarda muzey barpo etishga ruxsat berilmas ekan. Shundan so‘ng ushbu xonadonga Muhammad akaning adabiy merosini, buyumlarini, ish xonasiga joylashtirib qo‘ydik. Boshqacha aytganda, norasmiy muzey tashkil etdik. Rasmiy muzey tashkil etilishidan umid uzganimiz yo‘q. Vaqt-soati kelsa, qilamiz.

-Biz ham ana shunday xayrli ishlar amalga oshsa xursand bo‘lar edik. Albatta, shoirning nomini abadiylashtirish bo‘yicha qilgan xayrli ishlaringiz besamar ketmadi. Ayniqsa, davlatimiz tomonidan 2019 yil “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeniga ega bo‘lishingiz ana shu mehnatlaringizga berilgan bahodir. Xayrli ishlarni davom ettirishda sizga kuch quvvat tilaymiz
Hozir ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsam, Muhammad Yusufning she’rlarini bir birlariga ilinib joylashtirishadi. Demakki, bu she’rlar xali ham xalqimiz tomonidan sevib mutola qilinmoqda. Keling suhbatimizni Muhammad Yusuf she’ri bilan yakunlasak.

Garchi zug‘um qilganlarni yoqtirmadim,
She’r yozdimu bo‘lak ishni qotirmadim.
Tilim turib o‘z tilimda gapirmadim,
Bir eslasam eziladi bag‘ri – dilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Onam “erkam” deb quchganda tunlar yarim,
Erkim yo‘q deb zirqirardi bir joylarim.
Parovozni hansiratgan bug‘doylarim,
Oltinlarim, ma’danlarim, ipaklarim…
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Kimlar uchun biz edik bir badaviylar,
O‘zbekni qon qaqshatganni o‘zbek siylar.
Holimizni qon kuzatdi Yassaviylar,
Topganimiz handalakdek tilim – tilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Sen bo‘lmasang nima bizga silliq she’rlar,
Bu dunyoda tili yo‘qda, dil yo‘q derlar.
Bahoing-ku berib ketgan Alisherlar,
Yuragimning to‘ridagi so‘lmas gulim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Bir qarasam har shevangda ming jilolar,
Har novdangda, har mevangda ming jilolar.
Qodiriylar, Cho‘lponlaru Abdullolar,
Sening qaytgan kuning mening mavlud yilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Hilola Ibrohimova suhbatlashdi.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting