Malohat MIRZAYEVA. She’rlar

0
802

PUSHTI ShAMSIYAM

Tovlanadi qorachiqda billurdayin tomchilar,
Salqin yomg‘ir og‘ushida titray boshlaydi tanam.
Sezayapman mendan gina qilib ma’yus g‘ichirlar,
Eshigimning tutqichida qolgan pushti shamsiyam.

Men yomg‘irni sog‘inganman, sen bo‘lmagin domangir,
Muzday tafti bossin kuyuk yuragimning ohini.
Men chidayman, bor vujudim mayli, ivitsin yomg‘ir,
Faqat, yuvib ketsa bo‘ldi qalbim dilsiyohini.

Yomg‘ir chak-chak sizib tushar sochlarimni paypaslab,
U falakning tarahhumi, udir benazir in’om.
Pushti rangli mehrligim, hech boqmagin arazlab,
Sensiz yomg‘ir ostida men kezmoqchiman bearmon.

Mana yomg‘ir tindi, qalbda quvonch qoldi osmoncha,
Yengil bo‘ldim, tark etgandek bo‘ldi dildan bor alam.
Shodligimga sherik bo‘lib, sezdim menga boqqancha,
Sen ham biroz jilmaygandek bo‘lding, pushti shamsiyam.

Tovlanadi qorachiqda billurdayin tomchilar…
***

SOG‘INSANGIZ

Bosh bir kun tosh yostiqqa yetar,
Ruh to‘tisi tanni tark etar. Muhammad Yusuf


Judolikning zarbidan g‘amga cho‘kmangiz, zinhor,
Oxiratda diydorning borligini bilaman.
Ayriliq o‘tkinchidir, ko‘zyosh to‘kmangiz, zinhor,
Jannatlarda visolning yorligini bilaman.

Bilaman, yoddan chiqar o‘sha anduh, ozorlar,
Ayriliqning yarasi kun kelib bitib ketar.
Fasllar almashadi, qaytar yana bahorlar,
Ko‘zlarga qumin sochgan quyunlar o‘tib ketar.

Necha sahrodan o‘tdim, gulbog‘larni bo‘yladim,
Duch kelgani negadir, makrni maqom bildi.
Ming shukr-ki, alarning yo‘rig‘iga yurmadim,
Va faqat hunarlari sabrimni adog‘ qildi.

Sharros yomg‘ir ovozi erkalaydi ko‘nglimni,
Xayol belanchagida uyquga ketar yurak.
Pastlaydi-yu bulutlar o‘pib qo‘yar qo‘limni,
Endi go‘zal jayronlar tushimga kirar beshak.

Holsizlanib borayapman, tolgandayin vujudim,
Og‘riqlarning cho‘g‘iga lovillaydi bu tanam.
To‘ng azoblar poyiga yiqiladi umidim, Hayhot!
O‘lim malagi mo‘ralaydi darchadan.

Yurak muzlar, sovuqdan yorilar shisha chiroq.
Muz harorat uzganday yetmish ikki tomirim.
Zulmat ichra yotipman, kuy taralar tiniqroq,
Onamdayin allalar shivalagan yomg‘irim.

Gar, sizni tashlab ketsam bu foniy dunyolarda,
Mendan ranjimang, jonim, budir mening qismatim.
Ma’sumgina nigohim sog‘insangiz, agarda,
Osib qo‘ying devorga eng chiroyli suratim.
***

DARAXT

Ne uchun ming yilki turibdi chinor,
U ham goh yolvorar: Yer, qo‘yib yubor!
Shodmonqul SALOM


Nozikkina nihol edim. Qadadilar zaminga,
O‘g‘it berib, suv quydilar mehr bilan ardoqlab.
Quyoshdan nur, yerdan quvvat singib jonu tanimga,
Kunlar o‘tgan sari ko‘kka talpinardim yaproqlab.

Ulg‘ayardim erkalanib fasllarning bag‘rida,
Ko‘z o‘ngimda ulkanlashib borar olam surati.
Mo‘jazgina bir o‘rindiq o‘rnatishgach poyimga,
Sekin anglay boshladim men odamlarning siyratin.

Kun kunora makon qildi o‘rindiqni oshiqlar,
To shom qadar o‘tirishar, tugamasdi izhorlar.
Negadir hech o‘ylashmasdi chimildiqni oshiqlar,
O‘tsa hamki qancha qishu qancha yozu bahorlar.

Tanam uzra bog‘lanardi har aldovdan bir tugun,
Qismat ekan. Guvoh bo‘ldim qancha yolg‘on-yashiqqa.
Kechagina boshqa sahna ko‘rgan bo‘lsam, Eh bugun,
O‘sha suluv karashmalab turar boshqa oshiqqa.

Yillar o‘tar o‘rindiqning buyoqlarin o‘chirib,
Endi mening yaproqlarim za’farondir yashilmas.
Ixlosim ham so‘ndi go‘yo, poyginamda o‘tirib,
Muhabbatdan so‘ylaganlar nazarimda oshiqmas.

So‘zlay desam soqov edim, ichga yutdim barini,
Dardlarimning fig‘oni deb shovulladim ertalab.
Bir o‘tinchim, olib keting o‘rindiqni ko‘chirib,
Yoki meni o‘tin qiling ayamasdan boltalab!
***

Alangaman, otashman.
Bir zamonlar suydirgan,
Yorongulday nozlanib husnim bilan kuydirgan.
Sizni deya toshlarda ungan o‘sha maysaman,
Siz o‘shasiz, ilkimni yolg‘on bilan to‘ydirgan.
Ko‘kka boqib izlayman bulutlardan aksingiz,
Sho‘r ko‘z yoshim quyilsa toshardi daryo, dengiz.
Sog‘inchlardan sitilgan jonga qildim jabr deb,
Nahotki, nadomat-la ezilmasmi bag‘ringiz.
Kuzning g‘amgin poyiga ishq yoyibdi poyandoz,
Xazonlarda suratim ko‘rdim horg‘in, bepardoz.
To‘zim tilay jonimga.
G‘amim yeyar kimim bor,
Sabr qilsam umrimga kelar bahor, kelar yoz.
Qaro tunlar malakday tushingizga kirdim men,
Dilda tug‘yon, Sezdirmay sokingina yurdim men.
Sahroda yomg‘ir kutib qovjiragan chechakman,
Sizni deya umrimni armonlarga qordim men.
Dastaladim gullarni ishq bog‘idan o‘zimga,
Sizni ko‘rsam, bu dunyo joylanardi ko‘zimga.
Mehringizga zor bo‘lib qayrildi-ku ko‘kayim,
Boqmadim, necha izhor uvol bo‘ldi izimda.
Sarg‘aymagan hislarim, g‘unchalaydi urib nish,
Ko‘nglim yayratar hali muhabbat qilib xonish,
Yengilmayman armonga, kuchlidirman,
Harqalay, Toshni yorgan maysaman,
nima bo‘pti kuzu qish!
Alangaman, otashman…
***

YOLG‘ON DUNYo

Qadah so‘zi aytar jilvagar hayot,
Bir chetda mung‘ayib turar orzular…
Shuhrat Orif


Oh, harir libosing buncha chiroyli,
Bunchalar dilbarsan, shirinsan Hayot.
Tonglaring suluvdir, tunlaring oyli,
Go‘zalliging uzra yoyaman qanot.
Ulug‘vor tog‘laring samoga tutash,
Xushovoz qumrilar chorlaydi boqqa.
Nayning ohangidan eriyman sarmast,
Xohish yo‘q bu yerdan aslo ketmoqqa.
Birdan!
Chaqin chaqib qushlar to‘zg‘iydi,
Chang to‘zon ichida qorayar osmon.
Qo‘rquvdan titrayman. Tanam muzlaydi,
Qorong‘i zulmatga boqaman hayron.
Anavi darvesh kim?!
Ridosi janda, Menga o‘qrayadi yovga boqqanday.
Bir vaqtlar seningdek edim, deganda,
Bo‘ldi tovonimdan chayon chaqqanday.
Ko‘z o‘ngimda olam ketdi to‘lg‘onib,
Sahroga aylandi, ko‘pchidi tuproq.
Tush bo‘lsa ketayin tezroq uyg‘onib,
Agar, o‘ngim bo‘lsa, bu qanday jumboq?
Jilg‘alarda suvmas oqayotir cho‘g‘,
Tiz cho‘kdim. Tizzamni kuydirdi zamin.
Shoqollar ko‘zini qilib turar lo‘q,
Go‘yoki, sezganday o‘ljaning ta’min.
Yo Rabbim!
Bir gunoh ish qildimmi yo,
Bu azoblar nechun, sinoat nedan?!
Bir sas keldi:
-Asli yolg‘ondir Dunyo,
O‘tayapsan Sinov Chig‘irig‘idan!
***

MEHMONMIZ
Qo‘noqmiz bir kecha dunyoyi hecha,
Na ishlar kechadur bizdin bu kecha?!
(So‘fi Olloyor)


Aylanar yer gardishi, tong otaru kun botar,
Taqdir bir boshing silab, gohi itdayin qopar,
Kim baxtini boy berib, kimlardir baxtin topar,
Birovga arzanda-yu birisiga yomonmiz,

G‘animatdir bu dunyo, biz dunyoga mehmonmiz.
Oy suzilar samoda, bo‘yi yetgan qizdayin,
Ko‘nglim siniq, yoronlar, siniqqan yulduzdayin,
Yo‘qotgan marvaridim qay manzildan izlayin,

Kimlargadir intiqmiz, kimga esa armonmiz,
G‘animatdir bu dunyo, biz dunyoga mehmonmiz.
Bu dunyoning sinovi, imtihoni mo‘l ekan,
Bir yoni Bog‘i Eram, bir yon sahro, cho‘l ekan,

Gul deganing tikan-u o‘ng deganing so‘l ekan,
Do‘stga nordon so‘zli-yu yovga shirin zabonmiz,
G‘animatdir bu dunyo, biz dunyoga mehmonmiz.
Zumrad bo‘lib ichikdim, uyim ko‘rib kelayin,

Samarqandga sochilgan So‘zim terib kelayin,
Xayollari uloqqan shoirangiz bo‘loyin,
Bitta qayiqqa tushgan yaxlit taqdiri jonmiz,
G‘animatdir bu dunyo, biz dunyoga mehmonmiz.

Ayting, Kim bu dunyodan ketdim, deb so‘rab ketar,
Kecha ko‘rgan insoning bugun tobutda yotar,
E voh, ayriliqlardan yuraging nurab ketar,
Bugun bormiz, ertaga bor-yo‘qligi gumonmiz,

G‘animatdir bu dunyo, biz dunyoga mehmonmiz.
Tun bag‘rini tilkalab yorishtirgan chaqmoqdir,
Umrimiz barq urib so‘ng xazon bo‘lgan yaproqdir,
Har bandaning to‘shagi oxiri sho‘r tuproqdir,

Ketguncha bu dunyoning bog‘idagi bog‘bonmiz,
G‘animatdir bu dunyo, biz dunyoga mehmonmiz.

Aylanar yer gardishi…

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting