QASAM

0
130
ko'rishlar soni

Umar Sayfiddin
(turk yozuvchisi)

hikoya

Men Go‘nanda tug‘ilganman. Yigirma yil davomida ko‘rmaganim bu shaharcha xayolimda go‘yo sarobday tuyilardi. Tug‘ilgan joyimning xayoli bir vaqtlar ko‘rgan tushimga o‘xshardi. O‘sha paytlarda yuzboshi bo‘lgan otam bilan har doim birga o‘tib ketadigan bozor oldidagi masjidni, uning qarshisidagi kichkina, xarob bo‘lgan shodirvonni, ichida minglab yog‘och daraxtlar suzib yurgan daryochani va ba’zan yuvinishga boradiganimiz issiq suvli hammomning chuqur hovuzini eslashga harakat qilaman.
Biroq ko‘p narsalarni eslay olmasdim, oppoq tuman ko‘z o‘ngimga yig‘ilar, xayolimdagi ranglarni o‘chirar va shakllarni yo‘q qilardi… Xuddi uzoq davom etgan g‘urbatdan so‘ng, o‘z Vataniga qaytib kelgan kishi quyuq tuman ostida tug‘ilgan joyining ufqini topib, o‘zi yaxshi ko‘rgan narsalarni uzoqdan ko‘rolmagani sabab qanchalar mahzun bo‘layotgan bo‘lsa, men ham ana shunday qiziqishga, sabrsizlikka o‘xshash og‘riqni his qilardim. Har oqshom sigir va qo‘toslardan iborat podalar o‘tgan changli, toshsiz yo‘llar, qora cherpitsali tomlar, qulab tushadiganga o‘xshagan katta devorlar, kichik yog‘och ko‘priklaru, cheksiz dalalarning barchasi afsuski, shu tumanning ichida hamisha yo‘q bo‘lib, erib ketardi …
Men faqatgina uyimiz va o‘qigan maktabimnigina eslay olaman, xolos.
Katta bog‘… O‘rtasida ko‘shk shaklida qurilgan oppoq bir uy… O‘ng tarafda esa biz doim o‘tiradigan oq pardali xona… Ertalablari onam meni jajji chaqaloq singari derazaning yoniga o‘tirg‘izib, darsimni takrorlatar, sutimni ichirardi. Hovlining narigi tomonidan ko‘rinadigan katta, tuproq rangidagi binoning oynasiz, romsiz bir dona derazasi bor edi. Bu qora tuynuk meni juda qo‘rqitardi. Ovqatlarimizni pishirgan, kiyimlarimizni yuvgan, o‘rinlarimizni tozalagan, otamning otiga yem bergan, ovchi itlarimizga qaragan xizmatchimiz Abil Onaning har kecha bizga aytib bergan qo‘rqinchli, dahshatli va bitmas-tuganmas ertaklaridagi ayiqni qorong‘u derazada ko‘rganday bo‘lardim. Shu vahima bilan ro‘yo tinglash, uni talqin qilishga qiziqishida bo‘lgan bechora onamga har kuni ertalab ayiq haqda tushlar to‘qir, katta, quzg‘unsimon ayiq meni toqqa olib ketganini, o‘rmondagi uyasiga yashirib, qo‘llarimni bog‘laganini, burun va lablarimni yeganini, keyin Bayramich yo‘lidagi suv tegirmonining charxiga uloqtirganini so‘zlab, unga bir necha bor «Inshoolloh, yaxshilikka bo‘lsin» degizardim. Oyim tushimni talqin etarkan, mening kelajakda katta odam, hurmatli bek, buyuk olim bo‘lishimni, menga hech kimning yomonlik qilolmasligini aytib, tasalli bergan vaqt yolg‘on to‘qiganimni unutgan holda, o‘zimni qanchalar baxtli his etardim…
Qaysi ko‘chalardan, kim bilan ketardim? Bilmadim… Maktabimiz bir qavatli, devorlari oqlanmagandi. Eshikdan kirishda usti yopiq hovli bor edi. Oldinroqda kichik, daraxtsiz bir bog‘, bog‘ning orqasida esa hojatxona, tahorat olishda foydalaniladigan, suv bilan to‘ldirilgan jo‘mrakli bochka turardi…
Sinfda esa o‘g‘il bolalar va qizlar aralash o‘tirishar, birgalikda
o‘ynar edilar. Biz «Katta muallima» deb ataganimiz o‘qituvchimizning qo‘llariga xina surilgan, sochlari to‘kilib ketgan, uzun bo‘yli, qari va telbasifat ayol edi. Uning moviy ko‘zlari chaqnar, tumshuq kabi egri, sarg‘ish burni bilan u tuklari to‘kilgan kalxatni eslatardi. Kichik muallim erkak bo‘lib, u katta muallimaning o‘g‘li edi. Bolalar undan sira qo‘rqishmasdilar. O‘ylashimcha, u ham biroz telbaroq edi. Men orqadagi qatorlarda, katta muallimaning eng uzun tayog‘i ham yetmaydigan joyda o‘tirardim.
Qizlar balki sochlarimning och sariq rangda bo‘lgani sababmi, meni doim «Oq Bek» deb atashar, o‘g‘il bolalarning kattaroqlari esa mening ismimni aytib yoki «Yuzboshining o‘g‘li» deb chaqirishardi. Sinf eshigining ochilmaydigan tavaqasida osilgan «keldi-ketdi» lavhasi yassi, jonsiz yuz kabı bizlarga boqib turar, qalin devorlarning shiftga yaqin tor derazalaridan kirgan so‘nik oydinlik to‘xtamay baqirgan, chinqirib kitob o‘qigan bolalarning hech tinmas, shiddatli hayqiriqlari bilan qorishib, yanayam og‘irlashar, loyqalanganday bo‘lib qolardi …
Maktabda faqat bitta jazo turi mavjud edi: kaltaklash… Katta noo‘rin ish qilganlar, hattoki qizlar ham falaqaga yotardi. Falaqadan qo‘rqmagan yoki titramagan bola yo‘q edi. Kichik ayblarning jazosi esa bir-biriga sira ham o‘xshamas, alohida edi. Kichik muallimning og‘ir mushti va katta muallimaning tayog‘i tekkan boshni albatta, shishirardi. Men hech qachon kaltak yemagandim. Ehtimol ular menga yon bosishardi. Katta muallima faqat bir martagina mening yolg‘on gapirganim uchun suyakdor qo‘llari bilan chap qulog‘imni cho‘zgandi. U shu qadar qattiq cho‘zgandiki, qulog‘im hatto ertasi kuni ham qip-qizil bo‘lib lov-lov yonardi. Vaholanki, mening aybim yo‘q edi. Yolg‘on ishlatmagandim. Bog‘dagi tahorat bo‘chkasining jo‘mragi sindirilgandi. Katta muallima bu ishni qilgan aybdorni qidirayotgan edi. Bu ishni qilgan moviy nimchali, qizil belbog‘li, kasalmand, ozg‘in bola edi. Men muallimaga xabar berdim. Aybdor falaqaga yotqiziladigan edi, ammo u aybini inkor etdi. So‘ngra boshqa bir bola chiqdi:
-Jo‘mrakni men sindirdim, uning aybi yo‘q, -dedi. Yerga yotib, chinqira-chinqira kaltak yetadi.
O‘sha payt katta muallima:
-Nimaga yolg‘on gapirib, bu bechoraga bo‘xton qilyapsan? — deb qulog‘imga yopishdi. Yuzini burishtirgan holda, menga achchiq qildi. Yig‘ladim, uzoq yig‘ladim. Chunki men yolg‘on gapirmagandim. Ha, uning jo‘mrakni sindirayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rgandim. Oqshom payti dars tugaganidan so‘ng kaltak yegan bolani to‘xtatdim va unga:
-Nega meni yolg‘onchiga chiqarding? — dedim, — jo‘mrakni sen sindirmading-ku…
-Men sindirdim.
-Yo‘q, sen emas. Men bu ishni boshqa bola qilganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
U ortiq qarshilik qilmadi. Yuzimga qaradi, bir lahza shunday tikilib turdi. Agar muallimaga aytmaslikka va’da bersam, rostini aytadigan bo‘ldi. Men esa darhol qasam ichdim.
-Jo‘mrakni sindirgan bola Ali edi, — dedi, — men buni bilaman. Ammo u juda zaif va kasal. Ko‘rdingmi, u falaqaga dosh berolmasdi. Ehtimol u o‘lgan bo‘lardi. Axir u endigina yotoqdan turdi.
-Lekin nega sen uning o‘rniga kaltak yeding?
-Nega bo‘lardi. Biz u bilan qasam ichganmiz. U bugun kasal, men esa yaxshiman, kuchim bor. Uni qutqarmoqchi bo‘ldim.
Men uni yaxshi tushunmaganim uchun yana so‘radim:
-Qasam deganing nima?
-Bilmaysanmi?
-Bilmayman!
U birdan kulib yubordi. Mendan uzoqlasharkan javob berdi:
-Biz bir-birimizning qonlarimizni ichganmiz. Mana shunga «qasam ichish» deyiladi. Qasam ichganlar esa qondoshga jigarlarga aylanadilar. Ular o‘lgunlariga qadar bir-birlariga yordam berishadi va tashvishli kunlarida bir-birlarini qo‘llash uchun shoshadilar.
Keyin maktabdagi ko‘plab bolalar bir-birlariga qasamyod qilib, qondosh jigarlar bo‘lishganini payqadim. Hatto ba’zi qizlar o‘zaro qasamyod qilishgan ekan. Bir kuni men yangi o‘rganilgan odatni qanday qilishlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Men yana orqa o‘rindiqlarda edim. Kichik muallim tahorat olish uchun tashqariga chiqqan, katta muallim esa bizga orqasini o‘girib, xuddi shilliqurtday asta-sekin ibodat qilar edi. Ikki bola qo‘llarini yog‘och dastali pichoq bilan chizishdi. Ular bu chiziqdan chiqayotgan qonlarni bir-biriga surtishdi. Keyin ular bir-birlarining qo‘llarini shimdilar ham. Qasam ichib qondosh jigarlar bo‘lish…
Bu narsa meni o‘ylashga undadi. Agar mening ham qondoshim bo‘lsa, mening qulog‘imni muallimaga torttirmagan, falaqaga yotar onimda meni qutqargan bo‘lardi.
…Butun maktab bo‘ylab men o‘zimni yolg‘iz, do‘stsiz, himoyasiz his qilardim va bir kuni onamga barcha bolalardek kim bilandir qasam ichmoqchiligimni aytdim. Men qasam qanday bo‘lishini tushuntirdim. Ammo onam rozi bo‘lmadi: «Men bunday bema’nilikni xohlamayman. Jinnilik qilma», deya meni ogohlantirdi. Lekin quloq solmadim. Men qasam ichmoqlikni ahd qildim. Lekin kim bilan? Tasodif, kutilmagan voqea esa meni qon qardoshimni aniqlab berdi.
Juma kunlari qo‘shnilarning barcha bolalari bizning hovlimizdagi bog‘ga yig‘ilishardi. Biz kechgacha birga o‘ynar edik. Bizning orqamizdagi uylarga egalik qiluvchi Hoji Budakning men tengi o‘g‘illlari bor edi, uning menga eng ko‘p yoqqan narsasi bu uning ismi edi: Mistik… Men bu so‘zni aytarkanman, so‘zdan rohatlanib, takror va takror qaytarardim. Bu ism shu qadar ohangdor, jozibali ediki… Qizlar bu go‘zal ismga to‘qigan qofiyalarni Mistikni bog‘da, ko‘cha-ko‘yda ko‘rishlari bilan birdaniga kuylashlari hali hamon yodimda.
«Mustafo Mistik,
Mashinaga qisdik.
Uchta sham yoqdik,
Sayriga boqdik!» deya baqirishar, qo‘llarini musht qilib unga qarshi turishar edi. Mistik hech qachon g‘azablanmasdi. Aksincha, nuqul kulib yuborardi. Biz ham ba’zida ushbu to‘rtlikni takrorlab, zavqlanar edik.‌‌ Ushbu kichik she’r hatto mening xayollarimga ham ta’sir qilgandi. Tushimda ko‘pgina orsiz qizlarning Mistikni katta immigrantlar mashinasiga siqishtirib olib, atrofida uchta sham yoqqandan keyin, uni tomosha qilib turganliklarini ko‘rdim. Nega Mistik o‘zini bu qadar yaxshi tutadi? Nega u sakrab chiqib, bu qizlarni biror marotaba urmas, mashina ichidan chiqayotgan qatron hididan qochmasdi?
Sababi u hammamizdan kuchliroq edi. Xuddi ismi singari, har tarafi yumaloq edi: boshi, qo‘llari, oyoqlari va butun tanasi… Hatto qo‘llari… U barcha bolalarni kurashda yengardi. Yozning har juma kuni ertalab bir quchoq tol shoxi novdalarini olib kelardi. Biz o‘zimiz uchun ushbu novdalardan otlar, nayzalar yasab, poyga o‘ynardik. U musobaqalarda ham barchamizni yengar, uni hech birimiz tutolmasdik. Mana shunday juma kunlarining birida Mistik tol novdalari bilan keldi. Eng uzunini o‘zimga olib, boshqalarini bolalarga tarqatdim. Biz bu novdalarning uchlarini pichoq bilan kesib tashlar, xuddi otning boshi singari qobig‘idan ikkita quloq va burun yasardik. Bu ishning eng a’losini men qilardim.
Men odatdagidek, o‘z otimni yasarkanman, Mistik bilan bolalar o‘z navbatlarini kutishardi. Qanday sodir bo‘lganini sezmay qoldim, novdaning yoqa qobig‘i to‘satdan yorilib ketdi. Pichoq uning orasidan o‘tib, chap qo‘limning ko‘rsatkich barmog‘ini tilib yubordi. Birdan suvli, qizil qon oqishni boshladi. Shu payt xayolimga bir fikr keldi: qasam ichmoq… Men barmog‘imning og‘rig‘ini unutib, Mistikka shunday dedim:
-Qara, mening qo‘lim kesildi. Qani, kel, qondosh jigarlar bo‘lamiz. Sen ham kes…
U ikkilanib, qora ko‘zlarini yerga tikdi, katta va yumaloq boshini silkitdi:
-Shunday qilsa bo‘ladimi… Qasam uchun qo‘l kesish…
-Buning hech qanday zarari yo‘q-ku, — men shunday deb turib oldim, — Bu qon emasmi? Hammasi bir-ku. Qo‘ldan ham, barmoqdan ham… Qani-qani, bo‘laqol!
Rozi bo‘ldi. U mening qo‘limdan olgan pichoq bilan qo‘lini biroz chuqurroq kesdi. Uning qoni shu qadar quyuq ediki, hatto oqmadi, bir tomchidan so‘ng shishib, kattalashib ketdi: barmog‘imning qoni bilan uning barmoq qonini aralashtirdik. Eng avval men uning qonini shimdim. Tuzli va qandaydir issiq edi. Keyin u ham mening barmog‘imdagi qonni simirdi.
Bilmadim, oradan qancha vaqt o‘tdi. Balki olti oy… Balki bir yil… Negadir men Mistik bilan qondosh-jigarlar ekanligimizni unutib qo‘ygandim. Biz yana birga o‘ynar, birga maktabdan uyga qaytardik. Bir kuni ob-havo juda issiq edi. Katta muallima bizga yarim kunlik ta’til berdi. Xuddi payshanba singari…
Biz Mistik bilan birga ko‘chaning changli yo‘llarida sekin-asta yurib borardik. Men fesimning ichiga ro‘molchamni qo‘ygandim… Terimni artolmaganim uchun yuzim terga botgandi. Biz keng, katta yo‘ldan o‘tayotgandik. Chetroqda yiqilgan devorning qoldiqlari bor edi.
To‘satdan qarshimizdan ulkan, qora it chiqdi. U biz tomon yugurib kelayotgan edi. Bir necha kishi qalin tayoqlar bilan uning orqasidan quvishardi. Ular bizga:
-Qochinglar, qochinglar! Tishlaydi! — deb baqirishdi. Biz qo‘rqdik, hayron qoldik. Natijada shundayligimizcha qotib qoldik. Eng birinchi men o‘zimga keldim-da:
-Qani, qochdik… — dedim. Ko‘zlari olovday yonib turgan it bizga yetib oldi.
Shu payt Mistik baqirdi:
-Sen mening orqamga yashirin!
It unga hujum qildi. Avvaliga ular tezda bir-birlariga qorishib ketishdi. Keyin ular xo‘rozlarga o‘xshab, tikkama-tikka kelishdi. It ham orqa oyog‘ida turardi. Biroz shu tariqa kurash olib borgach, ikkisi ham yerga yiqilishdi. Mistikning kichkina fesi, moviy ro‘molchasi yerga tushdi. Bu urush menga juda uzun tuyildi. Titrardim. Shu payt o‘tinchi amakilar yetib kelishdi. Ular bor kuchlari bilan qo‘llaridagi tayoqlarning bir nechtasi bilan itning boshiga tushirishdi. Mistik qutulib qoldi. Uning qo‘llaridan va burnidan qon oqardi. It dumini oyoqlari orasiga qisib, og‘zi xalloslab, chopib ketdi. Mistik esa:
-Hech narsa qilmadi… Zarari yo‘q. Biroz tirnaldi xolos, — derdi. Uni uyiga olib borishdi. Men ham darhol uyimizga yugurdim. Bizga nimalar bo‘lganini onamga aytib berdim. Abil Ona meni darhol yerga yotqizib, uzoq vaqt qorin bo‘shlig‘imdagi, tomirlarimdagi «qo‘rquv»ni bosdi. U allaqanday duo o‘qib, yuzimga shunday pufladiki, natijada men sarsoqning qo‘lansa hididan aksirib yubordim. Ertasi kuni Mistik maktabga kelmadi. Undan keyingi kun ham kelmadi…
Men onamga Hoji Budaknikiga borib, Mistikni ko‘rib kelishimizni iltimos qildim.
-Uning tobi yo‘q emish, bolam, — dedi, -Xudo xohlasa, tuzalib ketsa, yana birgalikda o‘ynaysizlar, hozir esa uni bezovta qilsak uyat bo‘ladi.
Shundan so‘ng, men doim Mistikni tuzalib ketgan holda uchratarman degan umid bilan maktabga borardim. Afsuski, u boshqa hech qachon kelmadi… It quturgan ekan. Mistikni yaxshiroq qaratish uchun uni Bandirmaga olib borishibdi. U yerdan Istanbulga jo‘natishlari kerak edi.
Ammo afsuski, kunlarning birida biz Mistikning vafot etganini eshitdik… Doim erta tong mahali uyg‘onganimda, ochiq, bulutsiz havolar, boshqalarda bo‘lgani singari, mening ham bolaligimni eslatadi. Yodimda mangu va sarg‘ish tongning qizg‘ish mamlakatiday qolgan tug‘ilib, o‘sgan joylarimni aniqroq tasavvur qilgim keladi. Va men hamisha chap qo‘limning ko‘rsatkich barmog‘iga ongsiz ravishda tikilaman. Barmog‘imning birinchi bo‘g‘imida hali ham oq chiziq shaklida qolgan kichik chandiq izi men uchun juda muqaddasdir. Qasami uchun halok bo‘lgan, hayotini qurbon qilgan qahramon qondosh-jigarimning iliq lablarini barmoqlarimning uchida his qilar, meni qutqarish uchun o‘zidan-da ulkan, quturgan, cho‘pon iti bilan urushayotgan dovyurak, arslonni endi faqat xayollarimdagina ko‘rganday bo‘laman.
Biz o‘z millatimizdan, xususan turkchiligimizdan uzoqlashgan paytimiz chirigan chuqurliklarga sho‘ng‘igan jarlikning, axloqsiz va buzuqilik, vafosizlik va xudbinlik, pastkashlik va miskinlik jahannamining eng tubida g‘amgin va shartlangan, pok nurdan paydo bo‘lgan tarix, yo‘qolib borayotgan chinakam jannatning o‘zi qarshimda tobora ochilib borar va bu ochilish meni tobora baxtli qilardi. Mistikni soatlab yod etarkanman, eskirgan va unutilgan sari qadri oshib borayotgan bu aziz va ezgu motamning shirin qayg‘usini yana-da yaxshiroq his qilib, undan huzurlanaman.

Turk tilidan Javohir OSMON tarjimasi.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting