Alifbodagi “G” harfi

0
170
ko'rishlar soni

esse

O‘ylab ko‘rsam yigirmanchi asrning qora sahifalaridan biriga aylangan Ikkinchi jahon urushi paytidagi aksariyat mutaassiblik ruhidagi, “buyuklik sindromi”ga chalingan, uchiga chiqqan ashaddiy fashistlarning shariflari  “G” harfi bilan boshlangan ekan. Gitler, Gering, Gimmler, Gebbels, Gesslar shular jumlasidan.

Men ularning jamoatchilik diqqat markazida turgan yetakchilarini, buzg‘unchi fashizm mafkurasini shakllanishida ko‘proq zahmat chekkan va faollik ko‘rsatgan, kunni kun, tunni tun demagan, mashaqqatlarni va to‘siqlarni pisand qilmagan rahnamolarini sanab o‘tdim, xolos. Tarixchilar, tarix ixlosmandlari yoki unga qiziquvchilar tarix zarvaraqlarini titkilab ko‘rib, arxivlarda yana o‘nlab, balki yuzlab alifboning bu harfi bilan boshlanadigan fashistlar shariflariga duch kelishlari yoki ularni kashf qilishlari, omadlari kelsa tarix fani bo‘yicha magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini yoqlashlari mumkin.

Ikkinchi jahon urushi hamda undagi fashizm mafkurasi insoniyat boshiga chinakam baloni, dolg‘ali yillarni, cheksiz azob-uqubatni, tuganmas-bitmas qalb jarohatlarini solgani isbot talab qilmas aksiomaligi bor gap. Uning hayoti bu urushgacha va undan keyinga ajralgani, bu urush va fashizm asoratlari sabab millionlab ham jismonan, ham ruhan mayib-majruh insonlar Yer yuzi bo‘ylab sochib tashlanganini ham ta’kidlash o‘rinli.

Gitler-bor yo‘g‘i o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan, bo‘yi past, oriqqina, “tashrif qog‘ozi”ga aylangan kichkina mo‘ylabcha egasi, la’nati mafkuraning asoschisi, fyurer deb so‘qir nemis xalqi e’zozlagan “payg‘ambar”. Agarda u o‘z vaqtida Venadagi rassomchilik bilim yurtiga qabul qilinganida insoniyat boshiga bunchalik zalvorli kulfatlarni solmasdi, deyishni ko‘pchilik takrorlashni xush ko‘radi. Hatto, hozirgacha.  Baxtga qarshi uni o‘shanda bilim yurtiga qabul qilishmagan, undagi tasviriy san’atga bo‘lgan muhabbat va iste’dod munosib qarshi olinmagandi.

Undagi fashizm — bu og‘ir kasallik, ruhiy zo‘riqish edi. Shuningdek, ehtimol alamzadalikka ham daxldor bo‘lib, odatda ulkan jinoyatlarni insoniyatning shu alamzada qavmi-qatlami amalga oshiradi. Nazarimda, alamzadalik bu yerda bosh mezon, desak to‘g‘ri bo‘lar. Zero, alamzada qalb atrofidagilarga nimanidir isbotlash taraddudida bo‘ladi doim va bu global darajaga ko‘tarilgudek bo‘lsa insoniyat uchun bartaraf etilishi dushvor bo‘lgan og‘riqli ijtimoiy muammolarni ortidan yetaklab keladi.

Gering-Gitlerning merosxo‘ri, Uchinchi reyxda undan keyingi ikkinchi odam va o‘z navbatida kulguli fashist. U ko‘pincha katta qorni, mechkayligi, ayollarga suyagi yo‘qligi, kaltafahmligi bilan o‘zining atrofidagilarda hurmatdan ko‘ra mazax va nafrat uyg‘otgan bo‘lsa-da, fashizm g‘oyalariga itdek sodiqligi hayrat uyg‘otmay iloji yo‘q edi. Menimcha, u Gitlerdan so‘ng nemis xalqini- oriylar, boshqa xalqlar ustidan hukmronlik qilishga to‘la haq-huquqli xalq deb eng ko‘p ishongan imperiyaning chirigan ustuni edi.

Gimmler-fashizmning novator amaliyotchisi, uning dushmanlarini bitta qo‘ymay qirib tashlashni reja qilgan SS (maxfiy politsiya) tashkiloti asoschisi. Bu g‘oyaga zid bo‘lgan barcha g‘oyalarni nemis xalqi kundalik turmushidan sidirib tashlagan, unga qarshi bosh ko‘targan jon borki, barchasini yo‘q qilgan, nemis ziyolilarini vatanni tashlab chiqib ketishlariga majbur qilgan,  aholisi bu mafkurani xazm qila olmagan son-sanoqsiz shahar va qishloqlarni  vayron qilib, kulini ko‘kka sovurgan “Janob reyxsfyurer”. U fashizm mafkurasi yo‘lidagi sobitligini ko‘rsatish uchun SS ni tashkil qilishdan tashqari, Osvensim, Buxenvald, Danau kabi konslagerlarni qurish takliflarini fyurerga bildirgan edi. Bu konslagerlar keyinchalik  fashizmning millionlab dushmanlarini yostig‘ini quritganini dunyo hali hanuz unutmagan.

Gebbels -fashizm mafkurasining bosh tashviqotchisi, umri qisqa bo‘lgan imperiyadagi eng ideal fashist. U bu g‘oyaga shunchalar qattiq ko‘ngil qo‘yganidan va uning mag‘lubiyatiga chiday olmaganligidan 1945 yili may oyida Ruslar Berlinga kirib ulgurishgach, o‘z farzandlarini birma-bir zaharlab o‘ldirgan, so‘ng xotini bilan birga o‘z joniga qasd qilgandi. U ko‘zlarida yosh bilan, alamdan ho‘ngrab yig‘lab bu ishni qilgan deyishadi guvoh bo‘lganlar. U bu la’nati mafkurani sevganidan, unga mehri baland bo‘lganidan va yorqin kelajagiga chin dildan ishonganidan, orzulari chippakka chiqqanini qabul qila olmay  bu ishni qilgan deyishadi uni yaqindan tanigan-bilganlar.

Gess-aqldan ozgan fyurerning aqldan ozishda undan kam bo‘lmagan safdoshi va o‘ng qo‘li. Angliyaga uchib borish uchun butun boshli La Mansh bo‘g‘ozini aeroplanda oshib o‘tgan. Bu o‘sha paytlari tasavvur qilib bo‘lmas, ming chandon qiyin yumush edi. Ammo u o‘zi e’tiqod qilgan mafkura yashab qolishi va bu yo‘lda Angliya bilan sulhga erishish uchun shu tavakkalchilikka qo‘l urgandi. Ko‘rinib turibdiki, undagi fashizm ham mutaasiblik darajasida bo‘lib, normal aqlga ega bo‘lgan inson sira ham bunday yo‘l tutmagan bo‘lardi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida Germaniyadan tashqarida yana bir fashist yashardi. U nemis emasdi, nemis millatiga mansublik joyi ham yo‘q edi. Hatto, Germaniya bilan aloqador bo‘lgan tarix yoki genetik bog‘liqlikka ega emasdi. Qizig‘i, uning ham sharifi “G” harfi bilan boshlanardi. U yuqoridagi to‘rtta va Germaniya hududi bo‘ylab yoyilgan, soch tolasidan tortib tirnog‘igacha o‘zini oriy deb bilib, fashizm mafkurasiga sig‘inishni, topinishni, uni ulug‘lashni boshlagan millionlab fashistlardan bitta jihati bilan farq qilardi: u yarim gumanist, yarim fashist edi. Yuqoridagilarda na turmush tarzida, na minbardagi nutqlarida, na o‘zaro davralarida, na gapirgan gaplari-yu yozgan maqola yoki axborotlarida, na tushlarida-yu o‘nglarida gumanizm ko‘zga tashlansa-da, unda bu fazilat hayratlanarli tarzda  fashizm kabi illat bilan yonma-yon nafas olardi. Agar ta’bir joiz bo‘lsa, shunday.

Gamsun-prozadagi Yevropa modernizmi asoschilaridan biri. Jeyms Joys bilan bap-baravar bu yo‘nalishga asos solgan adib. Asosan portlari, baliqchilik va kemasozlik sanoati bilan mashhur bo‘lgan kichkinagina Norvegiyani  o‘z so‘z san’ati bilan dunyoga tanitgan, dunyoni  bu vikinglar yurti adabiyoti bilan hisoblashishga ko‘ndirgan adib. Asarlari bilan millionlab qalblarga kirib borgan, millionlab mudroqdagi qalblarni uyg‘otgan, ularga kerak bo‘lsa taskin-tasalli bergan, ularni matonatga chorlagan,  orzu qilishdan tinmaslikka, kurashishga, muhabbatga ishonishga, tabiatni sevishga o‘rgatgan adib. Yana nima deyish mumkin u haqida? “Nobel mukofoti laureati bo‘lgan adib” deyishdan o‘zimni to‘xtatib turibman. Siyqasi chiqib ketadi aks holda esseni. Mayli o‘sha mukofot bilan bog‘liq bir jihatni keltiraman. Gamsun- Nobel surati tushirilgan medalni fashizmga xayrihoxligini ko‘rsatish uchun  Gebbelsga sovg‘a tariqasida qo‘sh qo‘llab topshirgan adib.

Negadir Knut Gamsunni har gal ko‘z oldimga keltirsam, ro‘paramda ikki xil ko‘rinishda gavdalanadi. Birida qizil qayrag‘och daraxtidan yasalgan yozuv stoli oldida boshini ko‘tarmay, enkayganicha yozish bilan mashg‘ul bir qiyofada namoyon bo‘ladi (ehtimol “Edvarda” asarini bitayotgandir, deb taxmin qilaman). Uning chog‘roqqina xonasida sokinlik hukm suradi, yarim ochiq turgan derazadan shabada epkini ichkariga ohista suqilib kirib, deraza pardalarini hilpiratganicha  yozuv stoli ustidagi turli-tuman qog‘ozlarni mayingina qitiqlaydi. Gohida Gamsun ishidan boshini ko‘tarib, o‘ttiz besh yoshidayoq horg‘inlashib, salqigan va ichiga botib ketgan ko‘zlarini xonadagi kitob javoniga talmovsirab tikadi. U yerdagi o‘zidan oldin yorug‘ olamda yashab o‘tgan, shuningdek o‘zi bilan zamondosh bo‘lgan adiblar asarlarini xayolan birma-bir yo‘qlab chiqadi, muqovalarini to‘xtalib-to‘xtalib ko‘zdan kechiradi. Ozg‘in jussasi bir tomonga egilgan ko‘yi, ko‘zoynagini qo‘liga omonatgina olib, yelkalari va barmoqlari titraganicha xayol surib, bir muddat haykaldek qotib qoladi. U “Edvarda” asari haqida o‘y surayotgani kundek ravshan. Bu asarini tamomlagach, u bilan oliynasab gumanizmni dunyoga ko‘z-ko‘z qiladi. Hozircha esa mana shu xonasida goh odamovi, kishilik jamiyatini xushlamaydigan, tabiat bilan bir tanu bir jonlik va yolg‘izlikdagina insoniylikning butun qadru-qimmatini teran his qilgan ovchi Glan qiyofasiga kiradi. Gohida esa mag‘rur, bir oz takabburroq, ammo qalbi behad go‘zal Edvardani tasvirlashni boshlab yuboradi. Bu ikki qahramonining ulug‘vor muhabbatlariga o‘zi istagan gumanizmni singdiradi. Odamlar qaranglar, muhabbat insonni poklaydi, uni xudbinlikdan, mag‘rurlikdan qutqaradi, yolg‘izligiga malham bo‘ladi, yashashga, hayotni sevishga, tabiatning bir bo‘lagi bo‘lishga chaqiradi, demoqchi bo‘ladi. Uning bu istaklariga asar bitgach, millionlab o‘quvchilari ham peshvoz chiqishadi. Ular norveg bo‘lishadimi yo ingliz, fransuz, nemismi, dunyoqarashlaridagi o‘zgarishlar va qalblarida barham topgan kemtikliklarsiz bu asardagi gumanizm lazzatidan bahramand bo‘lishadi, qattiq ta’sirlanishadi va yozuvchi mahoratiga qoyil qolish bilan birga mazkur gumanzimning sarhadsizligiga yuraklari tubida iymon keltirishadi.

“Edvarda” (asliyatda “Pan”) asari o‘z paytida Chexovni ham tan berishga majbur qilgandi. Chexov uni “g‘aroyib va hayratomuz asar” deb atagandi. Unda adib faoliyatidagi insonni muhabbat orqali insoniyligini sayqallashtirishga bo‘lgan omadli urinish ko‘zga tashlanadi. Asar bosh qaxramoni  Glan oxiri shu darajada gumanistga aylanadiki, o‘zini jamiyat taraqqiyotidan uzilib qolgan kishi ekanligini, tabiatdan ayro bo‘la olmasligini, bu turishda esa amaliyotni oqlab, nazariyot bilan chiqisha olmaydigan kishilik jamiyatida risoladagidek odam bo‘lolmasligini anglab yetadi va shu sabab o‘z xudbinligidan voz kechadi va shu bilan birga o‘sha jamiyatning bir muhtaram a’zosi bo‘lgan Edvardaga  qalbini ravo ko‘rishga xijolat bo‘ladi.

Gamsunning gumanizmiga yo‘l muhabbat bilan boshlanadi. O‘zi azaldan Odam ato va Momo havodan meros bo‘lgan bu tuyg‘u hamma zamonlarda gumanizm asosini tashkil qilgan. Inson sevsagina chinakam insonga aylanadi. Unda xudbinlik, kibru havo, g‘urur kabi qusurlar chekinib, o‘rnini mehr-oqibat, fidokorlik, jonkuyarlik kabi xislatlar egallaydi. “Edvarda” da ham muhabbat Glanni o‘z qobig‘idan bir lahza chiqishiga, Edvardani esa kibru-havosidan xalos bo‘lishiga zamin hozirlaydi. Bu bilan ular o‘zlari uzoqlashib ketgan va gurkirayotgan tamaddun ta’sirida insoniyat ham uzoqlashib borayotgan insoniylikka yaqin borishadi.

Ro‘paramdagi bu sahna ko‘rinishi yo‘qolib ulgurmay, darhol ikkinchisi gavdalanadi. Unda Gamsun ancha keksayib qolgan, jussasi yanayam cho‘kkan, sochlariga oq oralab, belidan quvvat ketgan bir mo‘ysafid qiyofasida kimsan Gebbelsning qarorgohida paydo bo‘ladi. U tantanali ravishda, lablarida tabassum bilan, xursandchilikdan og‘zini yig‘ishtirolmay Gebbels bilan uchrashadi. Yovuz doktor, fashizm tashviqoti liderining  mehmonxonasida dasturxon ustida, boshqa o‘nlab fashistlar hamrohligida davra qurib o‘tirarkan, unga va fyurer shaxsiga maqtovlar yog‘diradi. Fyurerni daho va “ajoyib yo‘lboshchi” deb ataydi. Konyakka liq to‘lgan ryumkasini fashistlar bilan urushtirib, bu mafkurani ulug‘lovchi shonli qadah so‘zlarini tik turganicha hayajonlanib, bisotidagi bor pafosli so‘z san’atini ishga solib improvizatsiya qiladi.

Gamsun va Gitler uchrashuvi

 Gamsunning hayotidagi bu bosqich uning latofatli gumanizmiga soya soladi. Bu aniq, ikki karra ikki to‘rtdek gap. “Edvarda”, “Ochlik”, “Zamin sharbatlari” kabi durdona asarlarni yozgan, insoniyatni insoniylik tantanasiga ishontirgan buyuk gumanist o‘rnini favqulodda maddohlikni kasb qilgan qip-qizil fashist egallaydi.

Gohida shu o‘rinda undan nafratlansam-da, ma’lum aspektlarni nazarda tutgan holda uni tushunishga harakat qilaman. U Gebbelsning qabulida bo‘lganida yoshi o‘tib, munkillab qolgan, umriga namozshom cho‘kkan bir ojiz qariya edi. Balki, miyasi aynigan chol deyish to‘g‘riga o‘xshar. Har holda keksalarga xos bo‘lgan yosh bolalarcha hatti –harakatlar va qaror chiqarishlar unga ham begona emasdi. Qolaversa, o‘sha yillari Norvegiya ham boshqa Yevropa mamlakatlari qatori nemislar tomonidan bosib olingan, u yerda ham xavotirli va dilni xufton qiluvchi kunlar davom etar, SS yoki Gestapo malaylari istalgan paytda istalgan xonadonga kirib o‘zlari istagan jonni qora mashinalariga tiqib, noma’lum yerlarga olib borib gumdon qilishlari odatiy holga aylangan va bu hol mahalliy aholini yuragiga g‘ulg‘ula solib, quyonyurak qilib ulgurgandi.

Ehtimol shularni o‘ylab, Gamsun o‘z tinchi haqida bosh qotirgan, Gestaponing qorong‘u va zax yerto‘lalaridagi  vandalizmning noyob topilmasi bo‘lgan, ta’riflashga til ojiz turfa xil qiynoqlardan yoki Osvensimga o‘xshagan “o‘lim lagerlari”da hissiz, shafqat nimaligi xayolidan ko‘tarilgan nemis zobitlarining to‘pponchalaridagi o‘qlardan o‘lib ketishni hoxlamay bunday sharmandali murosa yo‘lini tanlagandir. Ehtimol Berlin ko‘chalarida navbatma-navbat, tog‘dek uyum qilinib yoqila boshlangan  kitoblar va ularning Gyote, Geyne, Lessing, Shiller kabi mualliflari qismatini o‘zi va kitoblarida ham takrorlanishini istamagandir. Ehtimol, Germaniyani tashlab ketishga majbur bo‘lishib, endilikda atrofda sarson-sargardon bo‘lib yurgan Tomas Mann, Stefan Sveyg, Anna Zegers kabi o‘ziga zamondosh bo‘lgan adiblar qismati haqida eshitgan va qarigan chog‘ida yo Tomas Mannga o‘xshab okean ortiga,  yo Sveygga o‘xshab Lotin Amerikasiga ketishni ixtiyor etishni istamagandir.

Albatta, taxmin qilinsa o‘nlab, balki yuzlab taxminlar bo‘y ko‘rsatadi. Ularning har biri asosli va har birini kifoya bo‘ladigan,  tosh bosadigan argument sifatida qabul qilsa bo‘ladi. Ammo tarixda  ma’lum qarorlarimizga sabab qilib ko‘rsatilgan argumentlar emas, ularni harakatga keltirgan faktlar va kuchlar qoladi. Ming taassufki, shunday.

Ulug‘ gumanist bo‘lgan Gamsunning umri shomida nogahon fashistga aylangani haqidagi kitoblar, arxiv materiallari, maqolalar, pafmletlar endilikda hozirgi avlodga meros bo‘lib qolgan va ular mag‘ribdan mashriqqacha tarqalgan arxiv uylarida, davlat tashkilotlari va jamoat muassasalari omborlarida chang bosib yotibdi. Bu ikki xil qismatni bo‘yniga olishga uni majbur qilgan jihatlar haqida esa sinchkov bo‘lgan, uni sevib o‘qigan, unga simpatiya bildirgan insoniyatning ozchilik qismidan bo‘lak hech qaysi jon fikr qilmaydi. Ehtimol, shuning uchundir kelajakda ham Ikkinchi jahon urushi va fashistlar haqida gap ketganida to qiyomatgacha uning sharifi ham yo‘l-yo‘lakay tilga olinadi va istaymizmi yo‘qmi, alifbodagi “G” harfi bilan boshlanadigan fashistlar ro‘yxatini to‘ldirib turaveradi. Zero, o‘n to‘qqizinchi asrda yashagan va uning ham sharifi “G” harfi bilan boshlangan ingliz adibi Tomas Gardi aytganidek, inson bu dunyodagi hayotini shon-shuhratga burkangan holda emas, sharmandai sharmisorliklarsiz intiho topishi haqida ko‘proq qayg‘urishi lozim. Boisi, aksariyat odam bolalarining qo‘lidan odatda bu ish kelmaydi.   

2021 yil, aprel

Sherzod Ortiqov

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting