Quddus Asad. She’rlar

0
221
ko'rishlar soni

KECh

Mendan kech, azizam, mendan kech,

Qalbimiz bo‘lsada tanosib.

Men seni sevaman telbadek

Lek sira emasman munosib.

Bilmaysan, kimligim, o, dildor,

Yozig‘i o‘qilmas bitikman.

Sevgingga arzimam, men — g‘addor,      

Qo‘l siltab ketaver… entikma(!)

Sen axir bokira, men esa…

Shaytonga qo‘l tutgan malayman.

Gar iblis bir avrab “suf“ desa,

Vijdonim it kabi talayman.

Osiyman,

             osiyman,

                          osiyman…

Yukim bor yelkamga yopishgan.

Yo‘q endi yoningga yo‘latma,

Azaldan teng-tengin topishgan.

Kech mendan….

APREL

Qish bizning sevgiga bo‘lgandi doya,

Falakda bor edi, na yulduz, na oy.

Fasllar baxtimga solganda soya,

Qish bizga bag‘ridan ajratardi joy.

Odamlar o‘t yoqib qish pallasida,

Jon saqlab chiqishsa qish-la olishib.

Ayozning qahraton qoq chillasida

Bizlar yonar edik ishqqa qorishib.

Yashardik kundan kun visolga tashna,

Sevgiga farahli izhorlar aytib.

Nogahon ketdi qish bizlarni tashlab,

Bir necha yil aro kelmadi qaytib.

Go‘yo ustimizdan kulardi yillar,

Biz qishni kutardik har yil intizor.

Sog‘inib charchadi o‘ksigan dillar,

Qish yo‘qlab kelmadi bizlarni bir bor.

Bu yillar ortida yig‘dik qancha g‘am,

Bizning sevgimizga ko‘z tegdi chog‘i.

Seni tortib oldi yaratgan egam,

Xazonga aylandi muhabbat bog‘i…

Seni qorsizlikdan izlab charchadim,

To‘kilib bormoqda vujudim bir-bir.

Nahot endi bizning sevgimiz — qadim,

O‘tinaman, jonim, tushlarimga kir..!

Aprel…

Va nihoyat… tushimga kirding!

Seni sog‘ingandim juda intizor…

O‘yg‘onib dalaga boqdim: Yo Olloh…

«Tashqarida qordir… tashqarida qor.»*

*Usmon Asim misrasi

***

Shamollar o‘ynagan tuproq zarrasi

Yoki yonib bitgan daraxt kuliman.

Qadamim yetgan joy — gunoh darasi

Iblisdan rang olgan zulmat quliman.

Hech bo‘yin egmadim ko‘ngil amriga,

Garchi qalbim aql o‘rgatgani rost.

Gohi qo‘l siltadim ba’ri-bariga

Ko‘ksimda vulqondek to‘lg‘onar qasos.

Oyoq bossam maysa tikondek botar,

Bo‘g‘zimga tiqilar olgan nafasim.

Tunlari qo‘ynimda ilonlar yotar

Qo‘rquvdan hayqirsam, chiqmaydi sasim.

Quyosh neligini unutib qo‘ydim

Tirikjon achinmas mening qadrimga.

Onamning bag‘riga armonlar uydim

Dunyoga keltirib qoldi jabrimga.

Padarim qadrini tuydim juda kech,

Taskin beraolmas menga hech mujda.

Farzandlik burchimni oqlamadim hech,

Otam haligacha yurar xorijda.

Hayotdan topganim faqat pushaymon,

Farzimning hech birin etmadim ado.

Doim shayton aytgan yumushga shayman,

Mening yashamoqqa haqqim yo‘q, Xudo!

Taqdir nayranglarin bir bor ko‘rmayin,

Qabrimga kirib jim yotgim kelyapti.

Bir kuni abadiy botmog‘im tayin,

Bir bora TONG bo‘lib otgim kelyapti.

***

Umrimni xarjladim qilmasdan sajda,

Bir kuni keladi muqarrar hashr*

Ne deyman, gunohim million terajda,

Qiyomat kunida qilinsa nashr.

Barcha qilmishimni o‘qir birma-bir,

Bunda bosib o‘tdim, men ne-ne dovon.

Savob ishlarimga beraru ajir,

Ammo… gunohimga to‘layman tovon.

Barcha gunohimga to‘layman tovon…

Afsuslar ashkimni ichar yutoqib,

Ko‘ksimda ulg‘aydi, kar, basir pushmon.

Sirot oyog‘imni kuydirar, yoqib

Ucholmam… panohsiz, qanotsiz qushman.

*hashr — qiyomat

* * *

Visol og‘ushiga talpinib har kun,

Yo‘lning qomatini egiblar qo‘ydim.

Yurakka sanchilgan muhabbat aro,

Tentirab o‘zimni telbaga yo‘ydim.

Kim ko‘rsa qiladi qo‘llarin bigiz:

U-telba, u-majnun, aqli noqis, kam.

Baxt-orzu, aslida men g‘amga egiz,

Dardim tinglab xunob bo‘ldiku oy ham.

Ayting kim biladi, ko‘ngil shevasin?

Kimlar o‘z qalbiga bo‘lolgan qozi?

Bilganimda edi, balki ishq mendan,

Men ishqdan, ehtimol, bo‘lardik rozi?!

Armon to‘ldirajak mening kamimni,

Hijron dardlarimga hamdarddir go‘yo,

Mushtdek qalb orqalab olgan g‘amimni,

Ko‘tara olmaydi bahaybat dunyo!

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting