Xonzodabegim Jamalova. She’rlar

0
482
ko'rishlar soni

1999-2021

«Ramazondagi bitiklar» turkumidan

Olov yoqiladi,
Choy ham qaynaydi.
Va keng yozig‘liq oppoq dasturxon.
Xurmo donalari stol ustida,
keltirib qo‘yilgan ikki bo‘lak non.
Tun uxlamagan!
Qiya ochilgan deraza orti-
sokin hilpiraydi darparda
Dunyo sarmast
Haqning poyida,
tebranib qiroat qiladi shabboda…
Ko‘kda nasheed kuylar
hijoblangan oy,
Shabnamdan tahorat oladi
maysa
Tun bo‘yi uhlamay yalangoyoqda,
Jannat ko‘chasini kezib kelar tong.
Ramazon aytadi qushchalar,
Sukunat o‘qiydi
eng go‘zal sura.
Tinglang!
Nurga cho‘milgan Somonning yo‘li-
Malaklar tizilib tushar
ma’sumaaaaa…
Hovlini quchoqlar mushk-anbar isi
gullar uyaladi gul ekanidan.
Bunda
tushlarida jannatni ko‘rib,
bir munis,
bir go‘zal,
bir nurli,
(yolg‘iz)
saharlik qiladi bitta muslima.

Qarshisida Xudo jilmayiiib turar…

***

Oy yor-yorlarni aytib chiqadi,
Osmon gumbaziga tutash xotira.
Yulduzlar ko‘zida yonar muhabbat,
Siz mening ko‘zimdan ketmaysiz sira.

Qorong‘ulik yutar xayollarimni,
Savol bo‘lib yog‘ar shivir yomg‘irlar.
Faqat siz o‘rtagan mitti yurakni,
Tim qora bulutlar battar g‘ijimlar.

Bilmadim, haliyam nadir qismatim
Taqdirning toshlari boshimni yorar.
Sha’bon yomg‘irida yuvilsin dilim,
Chang bosgan tuyg‘ular zora tozalar.

Sizni o‘ylamoqlik eng og‘ir xato
Sizni unutmoqliq eng og‘ir gunoh.
Siz kanizaklarini ko‘nglini hushlab,
O‘zin malikasin sevolmagan shox.

Osmonim hayqirgin yig‘lang bulutlar
Bir hayqiriq bo‘lib to‘lgin dilimga.
Momqaldiroqqa aylangin sevgim,
Gumburla eshitil yetti iqlimga.

Bechora dilimga endi yupanch yo‘q,
Sinmagan chidamni sog‘inch bukadi.
Hali zamon yana ko‘nglim yoritib,
Oymomo yor-yorni aytib chiqadi.

Sochimni taraydi gul taqar shamol,
Farishtalar kular eng go‘zal o‘lan.
Yulduzlar guvohlik beradi shu kech,
Sirli tuyg‘ularga nikohlanaman.

***

Dod dedim, shu kecha dod dedim
Tushuning odamizot dedim,
Isyonkor shamollar elchidek
U endi hijrondan shod dedi!
Avvalim……
oxirim,
oxirim,
Ko‘ksimga muhabbat o‘qlarin,
Bexato qadagan mohirim.
Bu dardlar ichinda tentisam,
Sen izlab, sensizlik faryod dedim.
Yursamu, yo‘llardan gul unsa.
Men boqsam ko‘zlaring nur bo‘lsa,
Va senga eltuvchi yo‘l bo‘lsa,
Xudo deb O‘ziga yolvorsam
Baxtlarga to‘lsaydi xotirim.
Avvalim…
oxirim
oxirim…
Ko‘klamlar ko‘z ochar ko‘nglimda
Bodomzor ochadi ishq sirin
Ko‘ksimda she’r hidi gupillar.
Ichimda yashagan shoirim…
Yuz boshli ayriliq kelyotir,
baringa «o‘liiiim»deb
baqirdim!
Qanchalar kuchlisan sog‘inchdan
shart tortib olsangchi botirim…
Dod dedim,
shu kecha dod dedim.
Tushunar odami zot dedim.
Tushimga kirasan jilmayib,

Men seni…

Umrbod…
Umrbod…
Umrbod dedim…

***

Jimligi buzilgan havo
Nafas yetishmaydi,
Ishonch quladi
Alvido deyolgan
tiling qotildir,
Ko‘ksimda bir qabr
nomsiz,
qazilar.
Hur bo‘lib bokira,
tuyg‘u o‘ladi.
Xo‘rsinib qo‘yadi
keksa majnuntol,
Bu yo‘llar hech biri
senga
eltmaydi,
chaqirsam shu tog‘lar
uyg‘onganida,
Ismingni aytmoqqa
ovoz yetmaydi.
Isyonga undaydi,
bo‘g‘zimdagi ishq,
yutsam mangu uyqu
ketaman badar.
keyin o‘sha
ertakdagidek,
shahzodam
xayotga qaytar.
Yashab ketay!
Men qayga
yuzimni
bursam ham
O‘zingni ko‘ryapman,
o‘zimdan ketib
Bir kema
uzoqlar
ichimda,
Qirg‘oqda
mensizlik turibdi
kutib.
Subhni xo‘plagan
tong otar,
Soy ko‘zgu tutadi
quyoshga.
Hijroning
gul ochmish
yetti rang,
Sochlaring ivitib
ko‘zyoshga.
Nur tomchi,
hur tomchi,
dur tomchi,
Yog‘adi sevgimiz
yig‘lashib,
Visolning barmog‘i
yuzingda,
tushadi sirg‘alib,
sirg‘alib.
Sen siltab
tashlaysan,
bilaman.
Sochingni, yuzingni
artibon!
Azizim, ko‘zingda
yodimni,
Birovlar ko‘rmasin
artib ol!

Qirg‘oqda mensizlik,
Bir kema uzoqlar ichimda…

***

Pushkinga

Ko‘zingiz shotutdek to‘kilgan umid
Yuzimga urildi bir xovuch nigoh
Shamollar boshiga solib yopinchig‘
Mening qismatimni kuylar tiyramoh!

Siz bu tun nenidur o‘ylaysiz jimib
Ruhimni bo‘g‘izlab borar sukunat,
Lahzalik visolning barmoqlaridan
To‘kilib boryapti ishqim-omonat.

Ming yillar qaridan shoshdim baxt bo‘lib
Hovliqib, talpinib, turtinib uchdim,
Horib qo‘nim topgan she’r stolingizda
Uchib ketmoqlikka yetmadi kuchim.

***

Sendan olislarda
Yomg‘irga boqib,
Tinglamoq bo‘laman
Tomchilar kuyini.

Yomg‘ir ham nenidir uqtirmoqchiday
Ezilib yog‘adi tinmay kun bo‘yi.

Beparvo bo‘lmoqqa tirishib yana
Ishga oshiqaman: “bo‘lma savdoyi”.

…Mendan olislarda
Qaynoq hayotda
Sen-da yomg‘irga boqib
O‘yga olar ekansan neni?

Ming-minglab tashvishu ishingdan ortib
Sezarmikansan ezgin yomg‘irni?..

Sen jimsan…
Men jimman…
Faqat yomg‘ir
Kuyinib “so‘zlaydi”
Eski sevgini…

***

Ko‘ngilsizim

Judayam olisda, tonglari oppoq,
Bo‘lgan osmonlarda yashar u yigit.
Meni-chi dilimda poyonsiz qiynoq
Ko‘ziga yosh olar ko‘ngli g‘ash bulut.

Sen eslamaysan, yo‘q biror sabab,
Men esa sog‘inib yashayman har kun.
Ko‘ngilsizim, yashaysan ko‘nglingga qarab,
Sen faqat o‘zingni sevganing uchun.

Bizda araz, kimlar qilar tantana,
Bu yog‘i ne bo‘lar bizga noma’lum,
Tan olging kelmagan o‘sha gap yana,
Sen sevgisiz, men sensiz yashashga mahkum!

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting