KUTILMAGAN TASHRIF

    0
    197
    ko'rishlar soni

    Bayram ALI

    hikoya

    Ayol mehmonni eri yoniga boshlab kirdi. Haytovur Berdiyor Ismat uni ko‘rib g‘ashlanmadi yoki g‘ashlansa ham, buni do‘stiga sezdirmadi.

    −Tumanga yetgan oyoqlaring Chimsaroyga yetmay qoladi-ya, − go‘yo gina qildi xotini chiqib ketgach. – Hech kelmaysanlar! Yo burunlaring ko‘tarilib qolganmi?

    −Shunaqa asarlar yaratib turmasangiz esdan chiqib ketasiz-da, — hazil aralash piching qildi O‘tkirjon Xidir ham. – Qishlog‘ida tinch yotgandir desak, xo‘p ajoyib qissa yozib tashladim, de?

    «Tishlashgani kelibdilar-da!» – do‘stining soxta tabassum balqqan ko‘zlariga qarab xayolidan shu fikr kechgan Berdiyor Ismatning, labidan boshqa so‘z uchib chiqdi:

    − Tadbirlarda ko‘rinmaysan?

    −Biz shundayin tadbirsiz odammiz, jo‘ra!

    −Balli! Boqsa odam bo‘lasan!

    Shu payt ayol patnis ko‘tarib kirdi-yu, ikkalalarining ham joniga aro kirdi.

    −Nega dugonamni, bolalarni op kelmaysiz, O‘tkirjon aka? — deb qoldi suhbat o‘zanidan bexabar ayol.

    O‘tkirjon Xidirning hurpaygan basharasi birdan yorishdi.

    −E, kelish fikri to‘satdan tug‘ilib qoldi-da, kelin, − tushuntirish berishga urindi, anchayin xijolatlanib. – Nechukdir yuragim siqaverdi… Keyin, ham borib do‘stimni ko‘ray, ham asari bosilgan jurnal sonlarini berib tabriklab kelay, dedimu lo‘killab jo‘nayverdim.

    −Lo‘killab, deysanmi? Obbo sen O‘tkir tuya-yey!.. – Berdiyor Ismat do‘stining yelkasiga qoqdi. «Bilamiz, yuraklari nega siqqanini…» – o‘yladi ichida.

    Ayolning farishtasi bor ekanmi, harqalay u chiqib ketgach, suhbat mavzusi, kayfiyat ancha o‘zgarib ketdi. Tahririyatdagi ishlar, do‘st-yorlar haqida, adabiyot olamidagi yangiliklar borasida gap boshlandi. Do‘stining betayin va hardamxayol fe’li har qancha kulgusini qistamasin, Berdiyor Ismat bu «sokinlik»dan mamnun edi.

    Ayol qovurdoq keltirib qo‘ydi.

    −Qanday bo‘larkin… − do‘sti quyib uzatgan ichkilikka suqlanib termularkan, talmovsiradi O‘tkirjon Xidir. – Bilasan, bizning yurak sal…

    −Qantday bo‘ladi! – zo‘r berib uning ko‘nglini olishga tirishayotgan, bu bilan ko‘ngilsizlikdan saqlanishni o‘ylayotgan Berdiyor Ismat ko‘zini qisib qo‘ydi. – O‘ng tarafga egilibro-oq ichib yuborasan, yurakka tegmay o‘tib ketadi!

    −Ha, to‘g‘ri… – kutilganidek O‘tkirjon Xidir ham tezgina murosaga kela qoldi. –Chin, lekin shunday qilsa bo‘ladi.

    −Ay, bu boshqa gap.

    −Yaqinda bir fizik olim bilan gaplashdim, — O‘tkirjon Xidir gap boshladi og‘ziga ovqatdan sola-sola, – bilsangiz, biz olimlar har kashfiyot qilganimizda tabiat tilsimlari oldida inson tafakkuri tamoman ojiz ekanini, bu bilan yana bir karra mag‘lub bo‘lganimizni anglaymiz, deydi.

    −Misol uchun?

    −Aytdi, misol! Masalan, biror gaz tarkibidagi arzimas bir qator «atom» molekulalari o‘zgarishi evaziga gazdan metal hosil bo‘lishi mumkin yoki shunday bir qator molekulalar o‘zgarishi bilan mutlaqo boshqa jins elementdan bo‘lak bir modda hosil bo‘ladi, dedi… Bilasanmi, nima? Bu bir qator «atom»larning o‘zgarishi esa moddaning trillion foizdan bir foizi o‘zgarmog‘i degani ekan… Tushunayapsanmi, dunyodagi eng kichik zarra “atom” ning trilliondan bir foizi o‘zgarganiga ikkita jinsdan, shu ikki jinsni ham tamomila rad etadigan deyarli butunlay boshqa modda vujudga kelayapti! Dunyo olimlar yaqinda shuni kashf etishibdi-yu, bu bilan tabiatning jumboqlaridan birini yechganlariga emas, aksincha, jumboq tug‘dirganlariga amin bo‘lishibdi.

    −Ey, fizik bilan lirikning mashmashasi ming yillik! – qo‘l siltadi Berdiyor Ismat. – O‘sha olimlaringning xatosi shundaki, tabiatga hukmini o‘tkazishga urinishadi. Hatto tabiat qonunlarini o‘zgartirishga harakat qilishadi! Ammo tabiat hodisalari – taqdiri ilohiy! Buni anglash uchun esa filolog bo‘lish ham, manglayi yerni teshib yuborgan mulla bo‘lish ham shart emas. Insonga qalb kerak!

    −Ha… Taqdiri ilohiy… – O‘tkirjon Xidir bir dam harakatdan to‘xtab dasturxonga tikilib qoldi. – Taqdir… Taqdir rostdan ham tabiatning o‘zgartirib bo‘lmas qonuni… − so‘ng yozuvchi do‘stining yuzlariga shiddat bilan termuldi, − ammo… Hayotimizdagi ayyorlarchi?! Tullak, dog‘ulilar-chi?! Ular hatto tabiatdagi ayrim nimarsalarni o‘zgartirib yubormoqqa qodir emasmilar?!

    Berdiyor Ismat qovun tushirganini tushundi. Biroq do‘sti tilga olgan achchiq-tiziq gaplardan asbiylashdi, o‘rligi tutdi:

    −Yo‘q, qodir emaslar! – dedi boshqa gapni aylantirishni lozim topmay. – Tabiatda nimadir sodir bo‘ldimi, demak shunday bo‘lmog‘i kerak!

    −Hali… Tabiat ham adolatni bilmaydi, degin?..

    O‘tkirjon Xidir bir lahza do‘stidan ko‘zlarini olmay tikilib turgach, indamay dasturxonga qo‘l cho‘zdi-yu shishada qolgan ichimlikni quyib, dast ko‘tardi.

    −Bu safar o‘nginga egilmading? – kesatdi Berdiyor Ismat.

    −Qo‘yaver, do‘stim,  − alamangiz iljaydi u. – Kuyib kul bo‘lsin yurak!

    Nafsilamrini aytganda, Berdiyor Ismat haliyam vaziyatni yumshatib murosa yo‘lini tanlashga urinar, ichkilik ta’siriga tushib qolgan O‘tkirjon Xidir esa  endi unga tosh otishni boshlab yuborgandi. Kinoyalardan charchagan Berdiyor Ismat ichida do‘stining go‘riga g‘isht qalay-qalay, ikkinchi shishaning og‘zini ochganini bilmay qoldi…

    −Darvoqe, haligi asaringdagi mantiqiy xatolik… – so‘z o‘yinlarida do‘stiga tishi o‘tmasligini anglab, nihoyat indalloga o‘tdi O‘tkirjon Xidir. – Bu albatta mening fikrim, taqdir, tabiat va hokazolarga zig‘ircha dahli yo‘q!.. Hammasi-ku, mayli… Demoqchimanki, asar yakunida chiqargan xulosang o‘ta bachkana… Ya’ni Farruxni «U nafratga loyiq edi!» deya noxolislikka yo‘l qo‘ygansan… Axir, sog‘lom fikr bilan o‘yla… Yigit aldangan… Aldanib-xo‘rlangan!.. Bu oyday ravshan-ku! Endi u bechora qanday nafratga…

    −Shuday, loyiq bo‘ladi! – ustma-ust ichilgan ichimlikdan o‘zi ham «ayniy» boshlagan Berdiyor Ismat do‘stining bu galgi ochiq hujumini ochiq kutib oldi. – Shu xulosa aynan mantiqdan edi! Bilmasang gapirma!

    −Nim-ma? V-voy sen bilimdon… – inkordan ko‘ra ko‘proq qo‘pol muomiladan rangi gezardi O‘tkirjon Xidirning. – Yo‘o‘q!.. Aksincha, mantiq buning aksini taqozo qilardi-ku!.. Hozir… Hozir senga guvoh chaqiraman… Shu qilganinga!.. Hozir…

    −Keli-i-in! – u o‘tirgan joida derazaga qarab baqira boshladi. – Malika?..

    −Tinch qo‘y uni! – Berdiyor Ismat achchiqlanib do‘stining elkasidan bosdi. – Bas qil, o‘kirma!

    −Yo‘q, hozir aytadi… O‘zing eshitasan… Ishonch hosil qilamiz…

    Ichkarida boshlangan shovqindan xavotirlangan ayol yugurib kelib eshikni ochdi-yu, ikkovga sarosimalanganicha qarab qoldi.

    −Kelin… – unga ko‘zi tushib endi biroz past, ammo hamon g‘azabga to‘la xirillagan ovoz bilan buyirdi O‘tkirjon Xidir. –Jurnalni olib keling… Hali keltirib qo‘lingizga bergan jurnallarimni…

    Eridan biror sas chiqmagach, ayol guyo shu bilan janjal to‘xtab qoladiganday tez borib aytilgan jurnallarni ko‘tarib keldi.

    −Bering… Bering menga… O‘zingiz esa o‘tiring… – allanechuk taraddud bilan shoshib uning qo‘llaridan jurnalni olarkan, O‘tkirjon Xidir ayolning o‘ziga ham o‘tirishni iltimos qildi. – Hozir topaman… Qaniydi… Topaman hozir… Iltimos, o‘tiraturing… Siz guvoh! Xolis… hakamsiz!

    −Mana! Mana shu yer… − O‘tkirjon Xidir jurnalning kerakli sahifasini topib o‘qiy boshladi: «...Kelin-kuyov uchun bezatilgan stolda o‘tirgan Kamol Farruxni ko‘rib o‘rnidan turib ketdi. Farrux kela solib uni bag‘riga bosdi: “Kamol! Tabriklayman, do‘stim! Tabriklayman!”. Kamol esa negadir hech narsa demasdi. Shunda Farruxning ko‘zi to‘satdan uning yonidagi kelinga tushdi. Jiqqa yosh, cheksiz og‘rinish, alam zohir bo‘lgan ko‘zlarga, Sizdan shuni kutmagandim”, deyayotganga o‘xshash o‘sha jodu ko‘zlarga tushdi…»

    −Yo‘q, bu joyi emas… Bular bari to‘g‘ri… Hozir topamiz… – shu yeriga kelganda bir pasga to‘xtab, u jurnalning quyiroq qismini yanayam hayajon bilan o‘qishga tutindi:

    «…Hammasini tushungan Kamol boshini aybdorona egdi-yu, uni qayta bag‘riga bosdi. Sekingina quloqlariga pichirladi: “-Kechir meni, do‘stim! O‘shanda… Axir men ham uni sevardim… Kechir…» Yo‘q, bu yeri ham emas ekan… Yo‘q-q… Mana!!! Mana bu yerini o‘qiylik! «…Do‘stini bag‘ridan bo‘shatdi-yu, bir-bir bosib davrani tark etishga urindi. Ko‘zlaridan yosh tirqirar, qo‘llari musht bo‘lib tugilgan, g‘azab o‘ti suyak-suyagini yoqib yuborayotgandi. Yo‘q-yo‘q, u Kamoldan xafa emasdi. Bor nafrati, bor g‘azabi o‘ziga qaratilgan edi.

    …U nafratga loyiq edi!

    O‘z-o‘ziga bo‘lgan nafratiga chiday olmay to‘yxonadagi stollardan birini to‘ntarib tashlamoqchi bo‘lganida, uni mast xayol qilgan kuyovning qarindoshlaridan biri g‘ippa bug‘ib, tashqariga sudraklay boshladi…»

    Jurnalni o‘qib tugatgach, O‘tkirjon Xidir taqqa to‘xtab ayolga tikilib qoldi. Ayolga nedir ilinju umidlar ila intiq-ilhaq tikilarkan, bamisoli olamshumul bir sirni aytayotganday pichirladi:

    −O‘zingiz, ayting… Kelin… Qanday qilib… u nafratga loyiq bo‘ladi?! Qanday… Axir u bechora aldangan… Boplab aldangan… Dog‘uli do‘sti qizni unga sharmisol gaplar bilan yomonlab…  U shu xoinning gaplariga ishonib suyuklisidan yuz burgandi-ku… Endi u bechora… Qanday, nafratga..?

     −Loyiq edi, tamom! – shu dam xotini o‘rniga Berdiyor Ismatning qat’iy aytgan javobi xonani jaranglatib yubordi. – Gap faqat sevishda emas, inson avvalo muhabbatga munosib bo‘lmog‘i kerak! Kamol jilla qursa sevgisi uchun kurashdi, yurakdagi sevgisini asrab qolishga urindi… Yolg‘on aytib bo‘lsa ham! Ammo Farrux-chi?! Agar u xudbin chindan sevganida, o‘sha sevgiga loyiq bo‘lganida birovning gaplariga qarab xulosa chiqarmasdan, qizni himoyalashga urinmasmidi?! Yo‘q, unaqalar qachon bo‘lsa o‘zini oqlashni, qanday bo‘lmasin vijdonini poklashni o‘ylaydilar, xolos! Unaqalar ixtiyoriy ravishda visolni emas, ajrni tanlaydi! Chunki, unaqalarga har qanday halovatdan iztirob avzal!  Unday toifa yaramas odamlar uchun jabrdiyda bo‘lishdan ortiqroq lazzat yo‘q!

    −Anaaa! Xax-xax-xa… – do‘stini tilidan ilgani uchun O‘tkirjon Xidir g‘olibona, huzurlanib kuldi. – «Ablah» dedi! «Ablah» deb aytdi! Ana endi qusirlaringizni namoyon qilayapsiz, o‘rtoq Ismatov! Ko‘rayapsanmi, gap nimada? Gap shundaki, sen uni – Farruxni yomon ko‘rasan! O‘z qahramoninga adovating, hasading bo‘lgan! Xa-xa-xax..! Mana endi sirlar ochilayapti!

    Berdiyor Ismat o‘rnidan sapchib turib ketdi.

    −Yo‘o‘qol uyimdan, g‘alamis!

    −Ketaman… Quvmasang ham ketaman… –shoshib qo‘zg‘aldi O‘tkirjon Xidir. O‘rnidan turayotib esa boshini eggancha miq etmay turgan ayolga qaradi. Ayolning sovuq va loqayd yonib turgan nigohlariga noxos ko‘zi tushib, qattiq og‘rindi: «Nahotki, erining og‘zini yopishga urinmasa?..»

    O‘tkirjon Xidir toyinib-surinib uydan chiqdi. Darvozadan o‘tgach, do‘stining hovlisiga yana bir bor alam bilan qaradi: u bu xonadonga ko‘p kelgan, lekin, mana, ikkinchi bor haydalayapti…

    O‘tkirjon Xidir qishloq bekati tomon gandiraklagancha borarkan, Berdiyor Ismatning asar qahramoni Farrux to‘g‘risida aytgan beshafqat gaplariyu, ayolning ko‘zlaridagi o‘ziga nisbatan sovuq ifodani eslamaslikka tirishardi.

    Darvoqe, ayolning ko‘zlari hali ham jodu edi, o‘shandagi − to‘y oqshomidagi kabi.

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting