Rahmat Bobojon. Yangi she’rlar.

0
197
ko'rishlar soni

SAROB

Na sen borsan,

Na g‘amzada dil,

Na dorul Ishq, na dorul Baqo.

Menkim, ko‘ngli umrbod zalil,

Darding qayta ichganim-ichgan.

Yetti olam jam bo‘lguncha to —

Kim ruhimga ruhingni bichgan?

Kim Layliga ohdan bergan dars,

Kim Majnunga qayg‘udan ta’lim.

Kim joniga yashab qasdma-qasd,

Kim vujudin asragan salim.

Kimni asir etgan mangu his,

Kimni yo‘qlik qo‘llari quchgan.

Kim o‘ziga kelmagan ilkis,

Kim o‘zidan butunlay kechgan?

Uning ko‘ngli ishq ahliga xos,

G‘ami — telba, g‘ussasi — raso.

Bir darvesh bor, Atodan meros,

Qo‘llarida qaqshagan aso.

Bormi kelar yo‘lingdan belgi,

Bormi ketar yo‘lingdan bir iz.

Qaylardasan, so‘yla, ey sevgi,

Qaylardasan, so‘yla, Havvo qiz?

Lablaringda qon talashar lab,

Ko‘zlaringda jon talashar ko‘z.

Va joningga jonimni xatlab

Qarshing uzra tursam, ayt, beso‘z, —

Qanday tutqun jonimda joning,

Kim ruhingga ruhimni bichgan?

Yolvorsammi sen deb, Xudoning

Men yodidan o‘chganim-o‘chgan.

Na sen borsan,

Na g‘amzada dil…

URGANCHGA SAFAR

1

Qarib boraverar asrim yilma-yil,

Milodiy muhabbat,

hijriy muhabbat, —

Urganchda kun ko‘rgan intizor ko‘ngil,

Bir seni izlagan, bir seni, faqat, —

Faqat, og‘ir kelgan g‘amda pishmoq ham,

O‘zini har kimga atab erta-kech,

Birdayin qulamoq, birday uchmoq ham.

Bir shaharda yashab uchrashmaslik hech,

Bir shaharda yashab ayro tushmoq ham.

Ruhidan qayg‘usin aylab badarg‘a,

Masrurlik qidirgan, so‘ngra topgan ranj

Bir yo‘l ko‘rsatmagan Yorga ketarga,

Eskirgan bo‘lsa ham es kirmas Urganch.

Nasib qilolmagan shodlik vaslini,

Minglagan lahzadan yop-yolg‘iz palla.

Ismimga qo‘shmagan Yorning ismini,

Na Dishon qal’ayu,

Na Ichon qal’a.

Men seni kashf etdim.

Yo‘q, undan avval,

Betoqat kunlarning sochi oqardi.

Umrimdan kunlarim uchdi — darbadar.

Endi anglayapman, balki, u mahal,

Hislarimni o‘qiy olmasdi shahar,

O‘g‘uz lahjasida yomg‘ir yog‘ardi.

Sen unda bedoru men bunda bedor,

Sen unda sokinsan va men bunda jim.

Bu yolg‘on umrida bir haqiqat bor —

Men seni izladim,

men seni topdim…

2

Huzuringga chorla,

ayni subhidam,

Ikkimiz kezaylik bu yerlarni to, —

Ko‘nglimga ko‘nglingdan yetti olam jam,

Ruhimdan ruhingga yo‘llar sallamno.

Ko‘ksingda zarracha qolgaymi hasrat,

Axir ketaversak ishqqa sari biz.

Doston qilar edi,

bu shahar — hazrat,

She’rga aylanardi yuraklarimiz.

Hayotiga kirib bamisli oftob,

Qalamidan to‘kib, bir nurni — sahiy.

Bizning ishqimizga axir bobma-bob,

Bag‘ishlov yozardi Munis, Ogahiy.

Qismat birlashtirgan u go‘zal damlar,

Qattiq bo‘lajakdir orzuying, axding.

Qirq kun shodiyona qilar odamlar,

Qirq kun tantansi tugamas baxtning.

Bu yolg‘on umrimda bir haqiqat bor —

Men seni izladim,

men seni topdim…

* * *

Sharifim: G‘amo‘g‘li…

Borligim meros,

Jannatdan bir sakrab tushgan Atodan.

Oshiq-ma’shuqlarning qismatiga xos,

Sen ham xatodirsan, men ham xatoman.

Hayotim: Qorishiq…

Tubsiz xavf-xatar,

Ruhimga teginma — ta’qiq mevasi.

Yashayman sog‘inching iskanjasida.

Mungrayman ismingni aytib har sahar,

Izlayman yaldoli kechalar aro,

Anduhing anglami dard lahjasida,

Ko‘zlaring — men bilmas, qayg‘u shevasi.

O‘zini topolmas Bahorlar bu payt,

O‘zini unutar bechora Kuz ham.

Senga xayolimni yetkazarmi, ayt,

Turkona ohanglar so‘ylagan g‘ussam.

Menga berma, berma meni balog‘a,

Ko‘ksim to‘yib ketar bo‘lsa jonidan.

Sensiz yolg‘izlikka og‘aman, og‘a,

Sensiz tuyg‘ularning sargardoniman.

Osiyman, yuragim baxt istagan kun,

Jannatdan quvildim…

Ishq — jannatma’vo.

Meni qabul ayla, ey dunyoyu dun,

Meni qabul ayla, ey Momo Havvo.

* * *

Brodvey.

Eng ulkan fonus ostida,

Shoshib borarkanman, bildim, shu safar:

She’r bu — sog‘inch asli,

she’r bu — bir sitam,

Uzoqqa cho‘zilmas baxtning talqini.

Oq-qora suratlar — tomoshabinlar,

Bunda jim kuzatar, ikki ko‘zi lo‘q.

Telba daraxtlar tevaragimda

Gitara chalarkan erkalanib, sho‘x.

Ipak yomg‘irlarga o‘rangan shahar,

Yallo aytayotgan ko‘chalar bo‘ylab,

Sen qaydan

       bilarding

              kezmoq zavqini…

Sen buni bilasan, sen bilasan, yo‘q…

Xayoling do‘nganda ahvolim o‘ylab —

Barcha shodliklarni yig‘ib kelasan,

Iztirob yo‘qotar ranggin ko‘zlardan.

Yugurib kelasan yo‘lkalar bo‘ylab,

Metrolardan shoshib chiqib kelasan,

Tushib kelasan huv avtobuslardan.

Bag‘rimda uyg‘onar sochlaring hidi,

Birma-bir ohista kaftlar qovushar,

Birma-bir ohista lablar qovushar,

Birma-bir ohista taftlar qovushar…

Jim yursang, bu baxtmas, xato bo‘ladi,

Sen gapir.

Bu vaqtda shodlik bolalab.

Qo‘linga tegmoq-chun fido bo‘ladi,

O‘zini bandidan kesgan lolalar.

Men she’rlar o‘qiyman yoningda masrur:

“Bag‘rimda uyg‘onar sochlaring hidi…

Bag‘rimda uyg‘onar sochlaring…

Bag‘rimda uyg‘onar…

Bag‘rimda…”

TUPROQ MONOLOGI

Go‘zal qayg‘ularda anglangan shahar

Oralab ko‘zimdan yosh olib ketding.

Ozod qushcha eding,

mangu darbadar —

Ko‘ngil olib ketding, bosh olib ketding.

Sharafim osiylik,

Bor gunohim — ishq,

Jazoyim — g‘ariblik, qatlim — har kunlik.

Senga muborakdir biridan kechib,

Boshqa bir osmonga go‘zal tutqunlik.

Na Kuz dosh beroldi,

Na chidam Bahor,

Bag‘rim yaraladi guldurak, chaqin.

Sen yaxshi bilarding — men abadiy xor,

Sen yaxshi bilarding — qiyomat yaqin.

Dardmanu, darddan ham ortiqroq bo‘ldim,

Buyuk hasratingni yashirib kelding.

Arsh ostonasida bir tuproq bo‘ldim —

Sen esa poyimga bosh urib kelding.

* * *

Yomg‘irlar yog‘adi

sen bor shaharga,

Yoriqlardan bir-bir sakrab o‘tar tun.

Umringni tilaysan daqiqalarga,

Umring — taloshmi, ayt,

qismat — talotum?

Men esa umringda oniy yildirim,

Gumburlab-sumburlab, chaqnab o‘tarman.

Boru yo‘q ishqimni senga bildirib,

Faqat anglamog‘ing xohlab o‘tarman.

Yomg‘irlar yog‘adi

sen bor shaharga, —

Ikkimiz boramiz yomg‘irlarga do‘st.

Sevgilim, barisi ro‘yo, ichikma,

Jonim, unutilar bari saharda.

Yomg‘irga qo‘shilib maydalanar so‘z:

“Ijara uyingga, borgin, kechikma…”

Panaga gizlanib jon saqlaydi, jon,

Yelkasi ivigan minglab halovat.

Odamlar o‘zini urar bekatga,

Sen esa,

ketmaysan, sen esa faqat,

Ko‘kka qo‘ndirasan moviy ko‘zingni, —

Va ko‘zimga boqib to‘ymaysan mening.

Zaminga oqlikni tilanar osmon,

Yomg‘irlar tinmaydi, tomchilar ming-ming,

Yig‘ib ololmayman faqat o‘zimni,

Yomg‘irlar yog‘adi

sen bor shaharga…

Seskanib qo‘yadi mushtoq bag‘irlar,

Yomg‘irlar mavsumi…

Yanvar, fevral, mart.

Axir, sen bilmaysan, balki yomg‘irlar —

Ko‘chada unutib qoldirilgan dard.

Yomg‘ir — baxt.

Baxt bizning yanoqdan o‘pdi,

Yomg‘irpo‘sh ostida qiynalmas joning.

Sen bor shaharlarning yomg‘iri ko‘pmi,

Yomg‘irlari ko‘pmi

sen bor dunyoning?

* * *

Bu shaharning munis kechalarida,

Ming qismat yozig‘i bo‘lar ekan hal, —

Izg‘irin izg‘igan ko‘chalarida,

Bir bor Kuz istadim,

bahordan avval…

Fevral oxirlamay o‘rik gullari,

Ayozda qaltirar betinim dir-dir.

Qorlar yog‘ayotir va yog‘gan sari,

Bahor olislashar bizlardan, axir.

Taqqa to‘xtaymanu, deyman shu yerda:

Masrurlik bormisan, omonmisan-ay.

Men sening ismingni kuyladim she’rda,

Dardim chalsin rubob, sog‘inchimni nay, —

Baxtimni kuylagan

dutordan avval.

Sovuq derazaga bosgancha yuzim,

O‘ylayman.

Yonimda sovigan qahva.

O‘rgatardi tirik qolish sirlarin,

Ishxona.

Mendan talant izlagan og‘a,

Bir dasta qog‘ozdek o‘z tashvishlarin,

Uyidan ko‘chaga, ko‘chadan uyga,

Tashiyotgan odam — bu men, ha, o‘zim.

Bir mahal qo‘ng‘iroq qiladi onam:

— O‘g‘lim, yaxshimisan, siz taraf sovuq.

Qalin kiyindingmi, havotirdaman.

Suratingni ko‘rdim.

Ohista kuldi.

— Kelinim to‘lishgan, ko‘z tegmasin, ko‘z.

Deyman: — U ovqatni yeydi zavq bilan,

Shunga kam yesa ham darrov bo‘lar yuq.

Hazillashar: — Bizni emasa bo‘ldi,

To‘yingdan oldinroq,

yor-yordan avval.

To‘kilib ketmadim bu qish ham, shukr.

Yuragim gunohi, ko‘ksimning aybi, —

Ishq uchun o‘tlarga kirdim har mahal.

Seni o‘ylayapman, ha, ayni hozir,

Ko‘zingga boqsaydim, qo‘ling tutsaydim, —

Seni uchratsaydim,

bu qordan avval.

Seni uchratsaydim bu qordan avval…

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting