Emin Piri. She’rlar

0
318
ko'rishlar soni

Emin Piri – 1986 yilda Ozarboyjonning Jalilobod tumanida tug‘ilgan. Ozarboyjon Yozuvchilar Uyushmasi hamda Yosh Turk Yozarlar Birlgining a’zosi. Ozarboyjon Madaniyat va Turizm birlamshasida kotib vazifasida ishlaydi. Ozarboyjon Yozuvchilar Uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan “Eng yaxshi she’r” va “Nasimiy” tanlovlarining g‘olibi.

QOR BOLA

Shaharga qor yog‘ar,

Injadan-inja,

Do‘konda topilar ko‘rilsa izlab –

Qorbolaning burni, qo‘li, ko‘zlari…

Kichkina odamman qorboladayin,

Jismimdan istasang qor yulib abas.

Qo‘llaring isitmas…

Yumaloq qilib,

Otgin,

ot kushlarga qarab basma-bas…

Siz yaxshi taniysiz u qorbolani,

Bobosining ichgan sharob shishasin,

Do‘konga topshirib olgan non, yemak.

Ko‘zlariga boqdim –

Bir g‘ussa zohir,

U eng iztirobli baxt bo‘lsa kerak…

Siz yaxshi taniysiz u qorbolani,

Otasin maktabga bergan pulidan,

O‘lib qolmasin, deb –

Axir har qalay,

Yig‘ib-yig‘ib yurib oxirda yana,

Bobosiga olib keltirgandir may…

Siz yaxshi taniysiz u qorbolani,

Ko‘zguga qaraydi –

Yashil qo‘llari,

ko‘zlari olchadan, sabzidan burni.

G‘amgin turishidan tuydim bir savol:

“Qo‘llarga muz tutib o‘tarmi umrim —

Bahorga eltmasmi qismat yo‘llari?..”

*  *  *

Kel endi,

eshikni bir bor chertaqol,

Bilaman,

yo‘limdan yo‘llaring olis.

Qalbingda kulgan dam iztiroblaring –

Ayt axir,

Senga hech kelmasmi malol –

Yuraging titroqda entikib borish…

Uzoq yashadimu,

Senga aytarli,

Tabassumlar hadya etmadimmi yo?

Bas,

axir yo‘lingga ko‘z tikib mudom,

O‘lim kutgan kabi yashadim go‘yo…

Yolg‘onchi ataldim Xudo qoshida,

Qaytara olmadim bir omonatin.

Sen uchun jon taslim qilmadim, endi

Nasiya daftarga yozib qo‘y nomim…

*  *  *

Kaftlaring kaftimda,

Unda – bir dunyo,

U dunyoda yashar ikki ko‘ngil bor.

Ikki ko‘ngil ichra hamisha –

qo‘llaringdan

qo‘llarimga urilib tirilmoqdir sevgi…

Dolg‘alangan sochlaring aro

Baliq misol suzar barmoqlarim yor.

Ko‘ksingdan to ochiq dengizga qadar

Ko‘zlaringdan qaldirg‘ochlar uchishin,

Unsiz kuzatmoq,

Ikki dengiz ichra bo‘g‘ilib o‘lmoqdir sevgi…

*  *  *

Yon-verimda hamon ko‘klam nafasi,

Qor parchalar yasab

“ayriliq” so‘zin,

Sochlaringga qo‘nadi bir-bir…

Bir bahona topib,

Dedim: “Ketamiz…”

Bir o‘yin o‘ynaymiz, berkinmachoqmi…

Yashiringan sensan,

Topolmagan men.

Zilziladay qulab xotiralarim,

Yomg‘irga to‘lganday dil oyoq osti.

Ko‘zlaringni yum va

Qochib ket,

Sen uchun yaratgan labirintimdan.

Tamom,

aylan so‘ngra boshqa bir qizga –

tamom,

ko‘zlaringni endi hech qachon

(Och…ma!)

*  *  *

Bo‘yim yetmas bo‘yingga,

Lek, qalbingga yetar qalb.

O‘psam quloqlaringdan –

So‘ngra ko‘nglimni ochib,

Desam:

“Seni sevaman!”

Sekingina shivirlab…

Har oqshomda yolg‘izlikning boshini,

Qo‘ydim Tangri tizzasi uzra…

Oyoqlaring ostiga boq, zolim qiz,

Ezib qo‘yajaksan Maltani…

Menga qarshi jang ochgan nigohlaring,

Damoqlning hanjariga aylanar,

Bo‘g‘zimga tiralgan

yohud yurakka…

Men kafkazlik Spartak,

Ozodlikka emas,

Orqaga –

Rim tomon qochaman,

Bo‘lmoqqa asir…

Sening ozodlikka ochiq qo‘llaring…

G‘oyib bo‘lmoq – yo‘q bo‘lmoq istayman mudom,

Qo‘llaringdan – ishq chormixidan…

Suratingga qaraganim on,

Uy shiftiga in qurib olgan

Bolasiga yemak keltirgan qoronqush –

Tinglar mening ko‘nglimni…

Sayrayverar:

“Nega bitmas bu yurak,

Bilib qo‘yki, ko‘ksim uzra yurakmas

Tosh yashaydi, ulkan bir tosh, zolim qiz!”

Yelkalarim o‘yilib toki

Tashirman Xudoning tobutin.

Kimsa yo‘q biron-bir ko‘mak bermoqqa

tobutlarning ostiga kirib,

mening ila yelkalamoqqa…

Shayton urgan yo‘ldan daf bo‘lgan hamma,

yolg‘izlikning boshi qolib tizzasiz,

Tangrining tizlari chiriy boshlar yelkam ustida…

Salovat aytaman tasbeh o‘girib,

Shivirlayman Ollohning

99 nomini:

Sen,

         Sen,

                   Sen…

Ozarboyjon tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting