Atag‘ulla Satbayev. She’rlar

0
329
ko'rishlar soni

***

Osmonni o‘lchadim qarichim bilan

qo‘llarim tolsa‑da

to‘xtamadim hisoblashdan.

Oxiriga yetay deguncha

yo‘q sonlarni yaratdim

hech kim bilmas.

Mening qarichlarim

tugab qoladiganday

bilmasdan bu hisobning yechimin.

Axir,

umrim osmon singari

o‘lchovsiz emas… 

***

Boshimni bursam ham qay tarafga,

ko‘z oldimda ―

so‘roq belgisi.

Qayg‘u tomir otdi yurakka,

javoblarni kelar bilgisi.

Yo‘l yo‘q!

Qilinmagan havola. 

Izlashga vaqt oz, yetmaydi fursat. 

Umrning tili lol,

sassiz, nachora.  

Sukut osondir, faqat.

Taqdir jigarimni ketgan maydalab,

urvoqqa aynalar so‘nggi umid.

javobin topmoqlik ―

tiriklik talab,

badar ketmaslik‑chun bemavrid.

So‘roq belgilari eltar sen tomon, 

Sen tomon tutashdir so‘qmoqlar, yo‘llar.

Javob neligini bilib yashagan

Osonmi?

Qiyinmi?

Bergil bir xabar… 

Barcha savollarning javobi senda,

Biroq sen meniki emassan…

Attang!..

Savolga mos javoblar yasayman

urvoqqa aylangan umiddan…

Boshimni bursam ham qay tarafga,

So‘roq belgisi ―

ko‘z oldimda…

***

Ichimdan qushlar uchib chiqadi ―

buzib ko‘ksimdagi qafasni.

Yurakkinam yig‘ladi:

“Qaytar!” deya bir to‘da qushni.

Taqdir chorlab qochqinni,

Men sho‘rlikdan yashirar.

Sirlarimni fosh qildi

asrandi qushlar…

Aybimni izlayman o‘zimning,

bo‘shab qolgan to‘rga qo‘yib bosh.

Changin qoqqanim bilan ko‘ksimning,

yurak yupanmas…

Bas kela olmayman taqdir kuchiga…

Qaytadan qush saqlayman,

uchib ketmas!

Yasayman endi qafas ichiga

yana bir qafas…

***

Muhabbat ―

qirmizi ko‘ylagi hilpirab,

bir tovoni teshib yurakni,

insonni behush qilar qiz.

Sog‘inch ―

so‘qmoqlarda tentirab

yakunlay olmay yurgan eski ertakni,

parvoyi falak tentak.

Yaxshilik ―

yupun chakmonini yopib egniga,

o‘zidan o‘zgani ko‘radigan ortiq,

hassali bir chol.

Adolat,

seni qanday ta’rif etayin,

umrimda biror marta ko‘rmagan bo‘lsam?

***

Ko‘zimni yondirib

qaynatar yoshni

nur joylashib qorachig‘imga.

Nurlanib ketib oyog‘im osti

menga buyurgan

yog‘du sinig‘i tushar

(ko‘z ilmas).

Bir chetidan tortayin deganimda

barmog‘im uchida yo‘qoldi elas…

Baxt ―

ko‘z o‘ngimdagi nurdir bir qatim.

Kelar o‘sha nurga yetmay yashagim…

Qo‘rqaman…

…baxtli bo‘lishdan…!  

Rafiq O‘zturk tarjimasi

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting