Daniela Sanches. She’rlar

0
272
ko'rishlar soni

Daniela Sanches – Meksikalik shoira. 1998 yilda Meksika poytaxti Mexiko shahrida tug‘ilgan. Ayni paytda Meksikadagi Sor-Xuana monastiri universtitetida tahsil oladi. Meksikaning “Sardenal” adabiyot jurnalining tarjima va nazm bo‘limi muharriri.

1.

Quyosh o‘z qo‘nalg‘asi tomon

Ko‘rinar yo‘l olgandek 

Ammo taassufki

U o‘zining keng boshpanasidan

Bir qo‘lini chiqaradi

Keyin boshqasini.

Balki uni senga ko‘zi tushgandir

Yo ro‘y bergandir unda

Oniy lahzalik ishonchsizlik.

Lekin u qo‘zg‘aldi o‘rnidan

Chopgancha ketdi tepaga, o‘ngga

Qurbi etgan tomonga qarab.

Endi ikkimizga qo‘shilib

U hosil qiladi ishonch

Chekinishiga bizdan intiho 

Bo‘lmasligini hech

Biror marta quyosh botishi

Olam yaralganini

Uning yorqin nur sochishidan

Va binafsha rang bilan

So‘zlar bo‘yab- bejalmasligin.

2.

Menga so‘zla yolg‘on

Oh, Omad so‘zla menga

Qachon bu foniy dunyoni

Komiga tortadi muvaffaqiyatsizlik

Va qachon aylanadi ajal

Barcha uchun ochiq bo‘lgan

Kechki ziyofat taklifnomasiga.

Mumkin kimga suyanmoqligim

Yo qo‘lini tutmog‘im kimni?

Soqoli kabi oppoq ridodagi

Insonning qo‘lidan tuta olmayman

Balki mujassamdir javob

Qartalarda undan ziyod.

Tuta olmayman

Jiyanining qo‘lidan ham 

Uni qonga bo‘yalgan soqoli

Gulchambar o‘rniga-chi 

Bo‘yniga osilgan tikan.

Balki yulduzlarni so‘roqlab ko‘rarman

Qalbim sharpasiga aylanishgan

Ular allaqachonlab

Ilgarilab ketishgan

Qismlarda meni ortda qoldirib.

Ehtimol biror kun

Ular menga ayta olishar

Kelajakda ham mendan

Ilgarilab ketish asrorlarini.

Tuta olganimda edi otam qo‘lidan…

Ammo uning olami egri

Xuddi mening olamim yanglig‘

Va uni o‘zgartirish yo‘lida ojiz

U ham  mendek chora topolmay.

Omad, qachonlardir

Biz elimni izlab ko‘ramiz

Darz ketishin bilsak-da uni ertaga

Yordamida bo‘laklari bilan

Yamardik bir qancha nazariyalarni

Aytgin Omad menga

Boshimni baland ko‘tarsam agar

Asrab qola olamanmi

Keyinchalik o‘zim puflab o‘chiradigan shamni

Seni sindirsam-chi

Azobingni ezsam oyoq ostimda

Bir kuni meniki bo‘ladigan inson

Bo‘ladimi doim meniki

Ayta olasanmi shuning sirini

Evaziga kelajakni qilib bashorat?!

3.

Men shunchaki harfman alifbodagi

Bir necha marta yozib ko‘rilgan

Aslida esa

Istardim  bo‘lmoqni maktub

Istardim yo‘nalishga ega bo‘lmoqni

Qulayroq hamda foydaliroq.

Ammo bunday emas

Men maktubman e’lon qilinmagan

Sukunatli va noqulay uchta nuqta

O‘rtasiga ixcham joylashgan.

Balki aybimdir bu mening

O‘tkazdim ko‘p vaqtimni

Yulduzlarga termulib

Sarflandi ko‘plab fursatim

Bo‘m-bo‘sh sahifalardan

Izlash uchun kelasi zamon fe’lini.  

Endi adashdim

Hadisini olmadim hecham

Boshqalar ketidan ergashmoqlikni

Buyog‘iga alifbo harfiman jajji

Mumkin bo‘lgan o‘chirilmog‘i

Rezinali o‘chirg‘ich yo jilvir qog‘ozda.

Meni o‘zgartirish mumkin

Mumkin noto‘g‘ri yozmoq

Ammo to‘ldiradi alifboni

Hatto harflarning eng kichigi ham.

Ingliz tilidan Sherzod  Ortiqov tarjimalari

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting