Mashhurlarning so‘nggi onlari

0
114
ko'rishlar soni

Iste’dodga to‘la insonlarning tug‘ilishi bir mo‘jiza. Ammo… ularning ba’zilarini vafot etishi ham sir-sinoatga to‘la ekan. Quyida ayrim shoir va yozuvchilarning so‘nggi kunlari haqida so‘z ochdik.

Mixail Bulgakov (1891-1940) umrining so‘nggi onlarini oldindan ko‘ra olgan va bashorat qilgan. Ruslarning atoqli yozuvchisiga 1939 yili shifokorlar tezlashayotgan yuqori qon bosimi va skleroz degan tashxis qo‘yishdi. Shundan so‘ng to‘shakka mixlanib o‘rnidan turmadi. Uning yaqin do‘sti shunday degandi: “Dardga chalinganini eshitib yoniga kirdim. U menga umri qancha qolganini, hatto qaysi kuni o‘lishigacha aytib berdi. U romani “Usta va Margarita” haqida qayg‘urardi. Juda ozib ketganiga qaramay, hazil huzulni qo‘ymasdi. Roman ustida esa tinmay ishlardi…” 1940 yil 10 mart kuni Bulgakov vafot etdi. Yozuvchi V.Kantayev hayratlangancha shunday degandi: “Mixail umrining so‘nggi kunlarida “meni tobutda olib chiqib ketishayotganda, Romashovning eshigiga urilib ketaman, degandi. Haqiqatanam ta’ziya kuni zina torligi uchun tobut pastki qavatdagi dramaturg Romashovning eshigiga urilib ketdi!”

Mashhur rus yozuvchisi Gogol (1809-1852)ning o‘limiga bir yil qolganida u vasvasaga tushgan. O‘limiga o‘n kun qolganida esa “O‘lik jonlar” asarini qo‘lyozmasini yoqib yuborgan. Va “men o‘limga tayyorman” deb aytgan. U ruhiy davolanishni istamasdi va tinmay kimnidir chaqirardi. Momo Havo ikonasiga tikilib hayot bilan vidolashardi. 1852 yil 21 fevralda uning yuragi urishdan to‘xtadi. Marhumni avvaliga Danilov monastiriga ko‘mishadi. Keyinroq tobutni boshqa yerga ko‘chirayotganlarida ko‘rishadiki, tobut ichki qoplamalari titilib, tirnalib ketgan edi! Demak, yozuvchi letargik uyqu holatida bo‘lgan, ya’ni tiriklayin ko‘milgan. O‘limidan avval Gogol uni dafn etishda shoshmaslikni takrorlagan ekan…

Rus shoiri Beliy Andrey (1860-1934) umrining ko‘p qismini xorijda o‘tkazdi. 1923 yil Berlindan Rossiyada qaytdi va do‘stlar davrasida she’r o‘qidi:

“Oltin yog‘dusiga ishonar edim,

Lekin o‘ldim quyosh yoyidan…”

Buni qarangki, uni Qrimda quyoshda toblanib dam olayotganda oftob urdi. Afsuski, davolanishlar samara bermay, u “quyosh yoyidan” vafot etdi. Andrey o‘lim to‘shagida yotgan payt o‘sha she’rini o‘qib berishlarini so‘ragan…

Sergey Yesenin (1895-1925), rus shoiri o‘limidan oldin shunday yozgandi:

Xayr, do‘stim alvido,

Sen mening qalbimdasan…

Shoir ushbu maktubni do‘stiga tutqazib, Ustinovga berib qo‘yishini so‘radi. Ammo do‘sti o‘sha kuni maktubni bera olmadi va ertasi kuni, Yesenin o‘lgach, maktubni olib o‘qishdi. 1925 yil 28 dekabrda mehmonxonadagi nomer shiftiga osilgan jasadni topishdi. Bu mehmonxonada shoirning do‘sti Ustinov yashardi. Sergey uning yoniga boradi, ammo uni topolmaydi. Agar shoir do‘sti bilan uchrashganda o‘zini osmasmidi? Aytishlaricha, Yesenin 1923 yildan boshlab “hayotga tufurdim” deydigan odat chiqargan ekan. 1990 yillarga kelib shoir o‘limi sabablari o‘rganildi. Ayniqlanishicha, uning peshonasida o‘sha kuni qattiq urilgan zabrning izi bor ekan…

Mixail Lermontov (1814-1841) yunkerlar maktabida birga o‘qigan do‘sti Martinov bilan bir bazmda shunchaki aytishib qoladi. Martinov bundan g‘azablanadi va ular duelga chiqishga qaror qilishadi. Mashuk tog‘i boraverishida joy tanlanadi. O‘ttiz qadam o‘lchanib, so‘nggi marra o‘n qadam deb belgilanadi. «Bir-biringizga yaqinlashinglar» deb buyruq beriladi. Ammo Mixail joyidan jilmaydi va osmonga qarab o‘q uzadi. Martinov esa marraga shosha-pisha keladi-da, shoirga qarab o‘q uzadi. O‘q Lermontovning yuragini teshib o‘tadi. Shu zahoti jala quyadi, yomg‘ir ertasiga ham tinmaydi. Go‘yo tabiat ham shoirga aza ochgandek edi. Martinov esa dueldan 34 yil keyin vafot etgan.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting