O‘ZIM HAQDAGI BIRINCHI LATIFA

0
123
ko'rishlar soni

Arkadiy AVERCHYeNKO

Hikoya

Bir necha kunlar avval men ikki mashhur inson haqida juda hayratomuz latifa o‘qib qoldim va qo‘rquvga tusha boshladim. Bu latifalarning birinchisi taniqli general Dragomirov haqida bo‘lib, shunday mazmunda edi:

“Hammamizga ma’lumki, taniqli va jonkuyar general Dragomirov o‘zining topqirligi, donoligi bilan boshqa generallardan ajralib turardi. Bir safar bir odam undan:

— Agar erta yo indin turklar chegarani kesib o‘tgani, yog‘iy qo‘shinlari Kiyev yaqinida ekanidan xabar topsangiz nima qilgan bo‘lardingiz? — deya so‘raydi.

Dragomirov biroz sukunatga cho‘mganidan keyin barmog‘idagi katta olmosko‘z uzugini chiqaradi va do‘stiga uzatadi:

— Mana shu uzukni oyog‘ingizning biror barmog‘iga taqing!

— Axir buning iloji yo‘qku, o‘rtoq general… — deydi nima qilarini bilmay qolgan haligi odam.

— Ana, ko‘rdingizmi, turklarning Rossiyaga hujum qilolmasligining sababi ham xuddi shunday. Har kimning o‘z o‘rni bor, to‘g‘rimi? — deya javob qaytardi dono general.

Bu javob turklar orasida uni yoqtirmas qatlamning, dushmanlarining ortishiga sabab bo‘ladi. Uning dushmanlarini ismma-ism sanasak, ko‘zingiz chanog‘idan chiqib ketsa ajabmas.”

Ikkinchi latifa esa bunday mazmunda:

“Marhum shoir Minayev o‘zining ajoyib she’r o‘qish qobiliyati, iste’dodi hamda o‘ziga to‘q yashashi bilan boshqa shoirlardan ajralib turardi.

— Mana uning bizga sahovat ila qilgan ishlaridan biri, — dedi bir odam taniqli temir yo‘l quruvchisi M.ning dafn marosimida, — u nochor oilalarga hamisha yordam bergan, bugungi ma’rakaning harajatlarini ham shoir ko‘targan.

Yana bir safar esa hazilni yaxshi ko‘radigan va zamon bilan hamnafas yashaydigan Dostoyevskiyning do‘sti aktyor B.ga shunday she’r yozgan ekan:

Oh, odamizot!

Sen naqadar shunchalar ahmoq,

Jasading qarshimizda turar bugun, oh.

Endi, dam ol! Do‘stim, toki u sahar,

Ichingni mehribon qurtlar

Yeb-bitirgunga qadar.

Mashhur shoirning bu she’ri unga dushmanlik qiluvchi muxlislarning ortishiga sabab bo‘lgandi.”

*  *  *

  Yuqorida shu ikki latifani qo‘rquv ichida o‘qiganimni qayd etdim. Chindan ham, bu latifalarning birontasi haqiqatga yaqinmasligi, yolg‘onligini bir o‘ylab ko‘ring-a. Gapim to‘g‘rimi, to‘g‘ri albatta. Bundan manfaat nima: “taniqli marhumlar” borasidagi hangomalar kitobining qo‘lma-qo‘l o‘qilishi uchunmi?

Men bu ma’no-matrasi yo‘q latifalarni o‘qirkanman, o‘zimning, o‘limimdan keyingi taqdirim haqida lahzaga bo‘lsa-da o‘y surdim. Chunki, yaqindagina chop qilingan gazetalardan birida ilk marta, men hech yoqtirmaydigan bir so‘zning ismimga qo‘shib yozilganini ko‘rdim: “Mashhur Arkadiy…”.

Juda g‘alati so‘z va juda yoqimsiz ham. Odamning g‘ashi keladi ochig‘ini aytsam. Ammo, nima qilay, nima bo‘lganida ham men “mashhurman”, boshqa manzilim yo‘q. Men aslida tabiatan juda kamtarin, kamsuqum odamman, bu haqida esa shu paytgacha biron marta bosh qotirmagandim. Biroq, aniq bilaman, yuqoridagi ikki odamning salohiyati ham, odamiyligi ham mendan kam emasdi. Biroq, olamdan o‘tishganidan so‘ng boshiga qanday qismat tushdi. Hammasi ayonku sizlarga, do‘stlarim.

  Shundan keyin bu so‘zning odam yelkasiga ortadigan mas’uliyati haqida anglab yetdim.

Keling, men haqimda nima istasangiz yozing. Istagan paytingiz nashr qiling, qarshiligim yo‘q. Yo‘q, undan avval, yaxshisi, hamma odamday ovqatlaning, suv iching, uxlang, yo‘lda sayr qiling, kimnidir itarib yuboring, turli mojarolarga aralashing. Sizning fikringizcha, yo‘lda ketayotganingizda shunday mojarolardan biriga duch kelib qolsangiz, albatta hal qila olasiz. Sizningcha, unda qatnashmoq va ojiz tarafni himoya qilmoq sizning vazifangiz. So‘ngra mashhurlikka erishasiz.

Endichi? Endi esa “taniqli” bir odam sifatida tepadagi ishlarni bir bajarib ko‘ringchi. Ovqatlanayotganingizda hamma og‘zingizga qaraydi, katta tishlab yegingiz keladiyu lekin tishlolmaysiz, kichik bir tishlam sizning nasibangiz, chunki katta tishlab yesangiz hunuk ko‘rinadi. Hattoki suyaklarni butkul yutishga ham majbur bo‘lasiz haftalab ovqatlanmagan ko‘cha daydisi kabi, bo‘g‘ilib-bo‘g‘ilib bo‘lsa-da bu ishni uddalaysiz, har doimgidek taryolka chetiga suyak qoldiqlarini tupurib yuborolmaysiz. Chunki yoningizda sizni maroq bilan kuzatayotganlar darrov gap-so‘z qiladi: “Anavi taniqli palonchiyev palonchi (madaniyatsiz) ekan, (ochko‘z) ekan”.

Endilikda ko‘chadagi biror urushga aralasholmaysiz. Aralashdingizmi, tamom. Nomingiz odamlar xotiriga muhrlanadi: janjalkash, urushvoz… (Ehtimol, mashhur palonchiyev palonchi o‘sha payt mast bo‘lgandir… Mana sizga madaniyatli odamning ishi… Axir taniqlilarning birortasi urushmagan, Dobrolyubov, Belinskiy va Pisarevlar janjallashishmagan”).

Shuning uchun ham ehtimol hozir aslida “kaltaklanishi” kerak bo‘lgan odamlar bejazo qolmoqda, hayot qonunlari buzilib, oramizda yaramas odamlar safi urchib bormoqda.

Qismatimning eng katta fojeasi, bu — asfalasofinga jo‘naganimdan keyingi aql-idrokim, topqirligim haqidagi gazetalar yoritadigan latifalardan biri, mana. Tasavvur qiling, u tahminan shunday bo‘ladi:

“Taniqli (boshqalarda qo‘llanilgan ekan, demak men ham qo‘shsam bo‘ladi) yozuvchi Arkadiy Averchenko o‘zining donoligi va talanti bilan boshqa yozuvchilardan ajralib turardi. Bir safar bir tanishi undan:

— Sizningcha, kim baland — Shekspirmi yoki Gyote? — deya so‘raydi.

— Mening shaxsiy tikuvchim Kubakin, — deb javob qaytaradi ziyrak yozuvchi.

— Iya, nima uchun? — so‘raydi haligi odam.

— Chunki, — jilmayadi yozuvchi, — uning bo‘yi uch metrdan oshiq.

Bu javobi bilan yozuvchi ko‘plab adabiyot buyuklari orasida o‘ziga dushman topdi.”

*  *  *

Tabiiyki, hech birimiz bunday “latifa”lardan holi emasmiz, ammo ularni iloji boricha kamaytirishga urindim va men haqimda kelajakda yozilishi kerak bo‘lgan barcha latifalarni o‘zim yozishga qaror qildim.

Birinchi navbatda, shundan boshlasam. Bu voqea tahminimcha bir oylar oldin sodir bo‘lgandi.

Marhum yozuvchi Arkadiy Averchenkoning xotira daftaridan

“Marhum yozuvchi Averchenko, ko‘pchiligimizga ma’lumki, begona odamlar bilan hazillashishga moyil bo‘lgan. Bu odat uni ko‘pchilik yoqtirmasligiga olib kelgan. Biz quyida aytmoqchi bo‘lgan voqeaning rost ekanini adibning ko‘plab do‘stlari tasdiqlashlari mumkin.

Kunlarning birida, qor ko‘chkilari poyezdning oldini to‘sib qo‘yganligi sababli ko‘plab odamlar va yozuvchi Arkadiy ketayotgan poyezd yarim yo‘lda qoladi. Yozuvchi tezroq bu muammoni hal qilish kerakligini, agar tezroq bu erdan ketish taraddudini ko‘rishmasa yana bir kundan keyin och qolishlari haqida shikoyat qiladi. Shu payt ayni xonada o‘tirgan odamlardan biri Averchenkoni mas’hara qiladi:

— Kelinglar yaxshisi, ertaga hammamiz qur’a tashlaymiz, kim yutqazsa, o‘sha odamni yeymiz… Siz shu fikrga nima deysiz Arkadiy Timofeevich, mabodo siz yutqazsangizu, biz sizni yeb qo‘ysak nima qilasiz?

— Nimayam qilardim, mayli deyman. Qolganlarniku bilmadim,      lekin sizning mening go‘shtimga tishingiz o‘tmasa keragov… — javob qaytaradi marhum yozuvchi.” 

Aytmoqchi bo‘lganim shuki, bu vaziyatda boshqacha javobimdan men ahmoqqa o‘xshab ko‘rinib qolishim ehtimoli katta edi. Balki, o‘sha paytda bu javobning ostidagi gapni hech kim tushunmagandir, ammo mana yillar o‘tib, uni sharhlovchilar topildi.

Aziz o‘quvchim! Bu ayni paytgacha bo‘lgan men haqimdagi yagona latifadir. Sizga hazil yoqadimi yoki yo‘q, bilmayman. Biroq bu latifa yuz foiz haqiqatligiga kafolat beraman. Axir taniqli general Dagomirov va mashhur shoir Minayev singari donishmand odamlarga qaraganda sal ehtiyotkorroq bo‘lmoq foydali deb o‘ylayman.

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting