Mirzohid Botirov. She’rlar

0
775

TELBA SUKUNAT

Sukunat!
Telba sukunat!
Telba sukunatga,
Qolmadi bardosh,
Maddoh dunyo mendan,
Kechib boradir.
Ortga qadam yo‘qdir,
Ortda qaram yo‘q,
Umrimni har fasl,
Yechib boradir!
Ko‘zim xira tortar,
Uchar uchqunlar,
Chirsillab uzilar,
Sabr iplari.
Egilib boradi,
Lahzama lahza,
Gunohim ko‘targan,
Iymon kiftlari.
Men xazin qo‘shiqman,
Nolavaxsh nido,
Jonimni qabariq,
Anduhlar tilar.
Ko‘nglimda nima bor,
Shohidsan Xudo?!
Ko‘ksimda qanotsiz,
Burgutlar uxlar.
Bir kun uchajakman,
Beun, beta’ma,
To‘shimni qoyaga,
Naqsh etmoq uchun.
Telba sukunatni,
Hayqirib, yorib,
O‘zimni,
O‘zingga baxsh etmoq uchun!

U TUSHIDA…

U tushida,
Kuyga aylanib qolganmish,
Va bir no‘noq mashshoq chalarmish uni.
Daraxtlarga urilarmish, parcha-parcha bo‘lib,
Mashshoq horg‘in odimlar, jarlik labida,
Tubida vishshillar ilon chayonlar.
Kuy qulab boradi,
Jismsiz,
Nomsiz,
Jar tubiga toshlarga urila-urila.
Har bir toshdan bir jarang,
Qo‘shilar kuyga.
La ilahaa illalloh,
La ilahaa illalloh,
Muhammadur Rasullulloh!
Kuy xazinlasha borar,
Jarning tubiga yoyilganicha,
O‘rala boshladi,
Dunyoning oyoqlariga.
Hamma yoqda sukut,
Hamma yoq jimlik.
Faqat,
Toshlar orasiga singiyotgan kuyni,
Tinglardi borliq.
So‘ng bir nur,
Kesib o‘tdi jarlik tubini.
Ko‘kka ko‘tarilib ketdi,
Xazin kuy.
Lablarini sezdi oppoq toshlarning,
Imkoniyat berilgandi no‘noq mashshoqqa.
U tushida kuyga aylanib,
Qolgan emish…

ISHQ YODI

Ko‘ngil shahid ketdi,
Ishq vodiysida,
Ayriliq,
Intiqlik o‘ldirdi uni.
Oqlanmagan ishonch,
Benaf va’dalar,
Xayrsiz qayg‘ular,
Ko‘nglimda xuni.
Juda ham charchadim,
Bari, baridan,
So‘niq nigoh bilan,
Ketaman mahzun,
Ko‘ngilsiz yashadim,
Qanchadir yillar?!
Qotil qismat turar,
Zimdan kulgancha,
Xazonrez hislarga to‘ladi yo‘llar.
Balki, bari baxtdir?!
Sevmoq, ayrilmoq,
Qovrilmoq,
Ishqning oq alangasida.
Va yo orzu otli shu tutqun qushni,
Umidsiz o‘ldirmoq,
Dil qafasida.
Balki, shu ham baxtdir?!
Yillar ortida,
Go‘zal ishq yodining izi qolmog‘i.
Sen uchun so‘ralgan duolarimning,
Haqning dargohiga yetib bormog‘i.
Unsiz pichirlayman,
Tongdan tonggacha,
Unga baxt ato et!
Kamlik ko‘rmasin!
Ko‘nglim shahid ketgan,
Ishq vodiysiga,
Kuygan izlarimni izlab kelmasin.
Men esa,
Baxtliman,
Shu ko‘ngilsiz ham…

YOQIB KETGIM KELAR

Eski to‘ndek,
Yechib uloqtirsam!
Yurakni yeguvchi,
Jahl,
G‘am, barini.
Johil ko‘zlar,
Ko‘rmay qolar ekan,
Jahl chiqqanida,
Ayog‘ing ostidan narini.
Jaholatda yumilgan ko‘zlar,
Nashtarga aylanib chaqquvchi so‘zlar,
Oyog‘ing ostini ko‘rmay qulasang,
Ko‘ksingga uyulgan nadomat muzlar.
Zaringga oshino bo‘lsa,
Vodarig‘,
Xeshu aqrabo-yu, kasu nokaslar.
Zoringda,
Qadringni o‘lchovi nahot,
Toptalgan xaslar.
Hayot zahmin totib,
Hasratga botib,
Malol kelgan chog‘da,
Hatto nafaslar.
Yoqib ketgim kelar,
Barcha xotira,
Yurakda to‘ng‘igan,
Bariy alamni.
Anduhzorga aylanib,
Ustimdan kulgan,
Shayton uyasiday,
To‘zg‘igan,
G‘amvash olamni!!!

KO‘NGILSIZ QOTIL

Meni qotilga,
Aylantirgan-Sen!
Men,
Ishqni o‘ldirdim.
Yurakni,
Tuyg‘ularni,
Baxtni o‘ldirdim.
So‘ng,
Jimgina yig‘ladim,
To‘yib-to‘yib,
Tunning yelkasiga boshimni qo‘yib.
Qotilman-ki,
Qurbonlarimni,
Yuragimni tubiga ko‘mdim.
Bilarmiding?!
Bu qanday og‘riq?!
Sassiz ingroq,
Ko‘z yoshsiz faryod,
Mozorni ko‘tarib yashash g‘urbatin.
Bilarmiding?!
Tonglar otaverar,
Jonimni to‘rg‘aydi,
Oppoq oqshomlar.
Shunday kechar sensiz,
Qanchalardir yil?!
Jimgina yashaydi,
Va jim yig‘laydi,
Hech kim tanimagan,
Ko‘ngilsiz qotil!

KO‘NGILNI SOG‘INDIM

Baxtning yonida turib,
Baxtni sog‘indim,
Iztirobni qo‘msab,
Ko‘ngilda yashab,
Ko‘ngilni izlab,
Ko‘ngilni sog‘indim.
Hammasi boshqacha,
Yomg‘ir va tuproq,
Derazaga qadalgan juft ko‘z,
Sog‘inilgan baxt,
Va kutib charchalgan kun.
Xo‘rsiniq,
Afsus aralash orzu,
Tuyg‘ular qorishgan,
Quvilgan jimlik.
Hammasidan alamlisi,
Xayolga mahkumlik.
Ko‘zlaring,
Nigohing,
Va qimtilgan lablar.
Olislashib borar,
Ko‘zim oldida.
Mahkam quchoqlayman,
Telba g‘ururni.
Charchayman juda,
Va tushunib bo‘lmas,
Misralarga aylanib,
Yomg‘irga termulib,
Jim yig‘layman,
Dunyo,
Osuda.
Tashqarida esa,
Izg‘iydi xayol,
Eski xotiralar,
Changini qoqib,
Yomg‘ir yog‘ayapti maydalab…

GO‘ZAL IZTIROBLAR

Telefonga tabrik,
SMS keldi,
Eski so‘z,
Ko‘chirilaverib,
Bari siyqasi chiqqan.
Xatolarga to‘la,
G‘aliz,
Noshud,
Hayf,
Topilmalar yo‘q,
Iztiroblar,
Uzviy sustlikni tuqqan.
Eh, shunchalar,
Hissiz odamlar.
Sevgi izhor qilar,
Shablondan.
Akasini,
Otasini,
Onasini tabriklaydi,
Shablondan.
Yig‘latadi,
Yupatadi,
O‘ynatadi,
Shablondan.
Boqimanda odamlar,
Ikki og‘zim ilinch,
To‘kilmaydi ko‘ngildan.
O‘qiganda,
Tirilmasdan,
Hislar o‘lar,
Bir tomchi yosh,
To‘kilmaydiyam dildan…
Nimadir izlayman,
Baliqlarning,
Ochiq ko‘ziga qarab,
So‘z aytsam,
Yig‘layotgan go‘zal,
Parilar qani?!
Tomirini qurt yeb,
Chirigan daraxt,
Suyab turar nahot,
So‘nggi nuqtani.
Ruhingni yanchiydi,
Allof xayollar,
Bulutlar boshidan,
Quyular olov.
Atirgul ekanin,
Unutgan gullar,
Sarg‘aygan barglarin,
Qiladi yalov.
Xayollarim yig‘ib,
O‘qiyman qayta,
SMSning ta’mi,
Mazasi qayda?
Bir so‘qir so‘z yig‘lar,
Telefonimda,
Qolgan bari siyqa,
Qolgani abas.
Ko‘lmakka sho‘ng‘igan,
Yarimta oyday,
Yarimta xayollar,
Iztirob emas.
SMS yozamiz,
Robot odamlar,
Shablondan,
Oxiriga imzomiz chekib,
Ikki so‘z,
Qofiya,
Keltirsak basdir.
Ilohiy o‘rtanish,
Biz uchun og‘ir.
Go‘zal iztiroblar,
Biznikimasdir!

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting