Boshqacha hikoyalar

0
998

mulohaza

Har qanday asar, xoh u tasviriy san’at asari bo‘lsin, xoh badiiy, o‘z ixlosmandi yuragiga yetib borishi, uning ko‘ngil torlariga hamohang sado berishi kerak. Shundagina asar muallifi o‘z maqsadiga erishadi, missiyasini ado etgan bo‘ladi.

Shu jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, yozuvchi Sherzod Ortiqovni baxti kulgan mualliflardan, deb hisoblashga yetarlicha asoslarimiz mavjud.

O‘qiguvchilar Sherzod Ortiqov bilan tanisha boshlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ammo yozuvchining o‘quvchilari va uning ishtiyoqmandlari ancha ko‘paydi, deyish mumkin. Sherzod Ortiqov tezda og‘izga tushdi. Hikoyalari chaqmoq kabi tezlikda o‘qildi va e’tirof etildi hamda hanuzgacha dunyoning turli tillariga tarjima qilinayapti. Bu orada yozuvchining birinchi kitobi ham olam yuzini ko‘rdi. “Kuz simfoniyasi” — yozuvchining kitobxonlariga taqdim etgan ilk to‘plamidir.

To‘plamdagi “Tushkun she’rlar”, “Tango raqqosasi”, “Kuz simfoniyasi”, “Yomg‘ir valsi”, “Otamning kabutarlari”, “Qora noutbuk”, “Markesning kitobi”, “Bahor yakshanbasi” kabi hikoyalarning barchasi diqqatga sazovor va qayta-qayta o‘qishga arzigulik asarlardir.

Yozuvchi hikoyalari mavzusi va mazmunini to‘qib chiqarmaydi. Shoir yozganidek, odamlarning o‘zidan olib, o‘ziga qaytaradi. Kitob qachon ommalashadi, qo‘lma-qo‘l bo‘lib, tildan-tilga ko‘chadi? Qachonki, kitobxonlar uni qo‘lga olganlarida xuddiki ko‘zguni ko‘ngillariga tutgandek his qilsalar o‘zlarini. Ko‘ngil siyratiga chizgidir Sherzod Ortiqovning hikoyalari.

Masalan, uning “Tushkun she’rlar” hikoyasini olsak. Menga ushbuning qahramonlari, undagi voqea-hodisalar begona emas. Aynan shunday bo‘lmasa-da, bugun jamiyatimizda Malik Samaddek kimsalar, afsuski, uchrab turgani rost. Umida ichidagi dardi, iztiroblari bois tushkun she’rlar yozmasligi hikoya adog‘ida tobora oydinlashib boradi. Uning she’rlarida butun jamiyat muammolari kun tartibiga chiqarilishi, Umidaning dardi jamiyatdagi kamchiliklar bilan bevosita bog‘liqligi hikoyaning so‘ngiga borib ayon bo‘ladi.

“Kuz simfoniyasi” hikoyasida esa ayol kechinmalariga ko‘zgu tuta oladi Sherzod Ortiqov. Maftuna timsoli orqali o‘zbek ayolining bedigir muhabbati uning qalbi tubida hamisha pinhon saqlanishi, kamdan-kam hollardagina u oshkor bo‘lishi mumkinligi haqida uqtirmoqchi bo‘ladi yozuvchi ushbu hikoyasi orqali.

Hikoyadagi voqealar ishq shahri sifatida e’tirof etiluvchi Parijda ro‘y berayotganida ham ramziy ma’no bordek, go‘yo. Bu shaharda har qanday hislar ham sirligicha qolmasligi, qola olmasligiga ishoradir “Kuz simfoniyasi”. Va ushbu hikoya bu shahar farang vinolaridan shirakayf bo‘lgan oshiq-ma’shuqlarning emas, asl ishqdan sarmast bo‘lgan chinakam muhabbatparvarlar kenti ekanligini isbotlovchi bir dalil bo‘lib xizmat qiladi.

“Markesning kitobi” hikoyasini ham ishqning betakror tarannumi sifatida e’tirof etish o‘rinli.

To‘plamdagi “Otamning kabutarlari” hikoyasi, ayniqsa, diqqatga sazovordir. “Vatan” so‘zini ishlatmay jonajon Vatan to‘g‘risida asar yozish, tan olish kerakki, hammaning ham qo‘lidan kelavermaydigan vazifadir. “Otamning kabutarlari” hikoyasi orqali aytishim mumkinki, Sherzod Ortiqov bu vazifasini to‘laqonli ado eta olgan.

Chikagoning ne-ne osmono‘par binolariyu hashamatli shifoxonalari Marg‘ilondagi birgina chillaxonachalik insonga orom baxsh etolmasligi hikoya qilinadi “Otamning kabutarlari”da. Ushbu orqali boshqa o‘lkalardagi ming-minglab vatandoshlarimiz qismati ham aks ettiriladi. Va kitobxonda “So‘nggi makon hamma uchun ham o‘z Vatani bo‘lsin ekan”, degan o‘y kechishi tabiiy.

To‘plamdagi har bir hikoya to‘g‘risida uzoq so‘z aytish, fikr bildirish, tahlil qilish mumkin. Ammo bu kabi yengil tahlillardan ko‘ra hikoyalarning o‘zi bilan tanishgan siz, aziz kitobxonlar uchun muhimroq va qimmatli vaqtingizni tejashda ahamiyatliroqdir.

Shu o‘rinda, katta mamnuniyat bilan aytishim kerak, Sherzod Ortiqovning borligi – o‘zbeklarning, o‘zbek adabiyotining baxti, garchand ayrimlarning baxtsizligi bo‘lsa-da. Zotan, mevali daraxtga (hosili uchun) tosh otiladi, degan gaplar bekorga aytilmagan.

Sherzod Ortiqovning o‘zbek tilida ijod qilishi esa o‘zbeklarning, o‘zbek adabiyotining ikki karra baxtidir. Inchunun, biz yozuvchining asarlarini ona tilida – birinchi tilda o‘qish saodatiga musharraf bo‘layapmiz.

Yaqin kunlarda yozuvchi o‘zining ikkinchi kitobi “Dunyoni qutqarmagan go‘zallik” to‘plami taqdimotini o‘tkazish tadorigida turibdi. Unda boshqacha esselar o‘rin olgan. Sherzod Ortiqov boshqacha hikoyalar, boshqacha esselar, boshqacha asarlar yaratishda davom etaversin! Yozuvchining baxti sanalmish kitobxonlar hamisha omon bo‘lsin!

Otabek ISROILOV

26 mart 2021 yil.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting