Jahon adabiyoti tarixida karantin davrida yozilgan eng mashhur asarlarni ro‘yxatini keltirib o‘tamiz. Darvoqe, o‘tgan yili karantin davrida bizda ham qator asarlar yozildi. Ehtimol, kelajakda ular ham tarixga muhrlanar.
Aleksandr Pushkin, “Yevgeniy Onegin”
Bu asar asosida, xabaringiz borki, ko‘plab filmlar suratga olingan, hattoki opera ham yozilgan. Lekin 1830 yilning kuzida Moskvada vabo epidemiyasi boshlanganidan, bu holat Pushkinni qishloqdagi oila a’zolari yoniga ketishiga majbur qilganidan kamchilikning bexabar bo‘lsa kerak. Adib ham mumtoz adabiyotga, ham dunyoning eng yaxshi asarlari sirasiga kiruvchi bu romanini karantin davrida yozgan.
Lukian, “Aleksandr va soxta payg‘ambar”
Lukian hozirgi Turkiyaning chekkasida joylashgan Samosata shahrida tavallud topgan. U mashhur dramaturg va satirik edi. Uning asarlaridan biri hisoblangan “Aleksandr va soxta payg‘ambar”da hayotning qarama-qarshiliklariga sehrli izoh axtargan rimliklar tasvirlangan. Aleksandr O‘rta Osiyodan kelgan real shaxsning ismidir. U haqida juda kam ma’lumot saqlanib qolgan. Lekin uning o‘zi qo‘lidan sehrli ishlar kelishini va istalgan kasallikka davo topa olishi iddao qilardi. Unga 165 yilda boshlangan taun epidemiyasi zamonida ishonishgan. Bu vaqtda, Antonin nomini olgan bu vabo rim imperiyasini batamom egallab olgandi. Rimliklar o‘zlarini karantinga olishga, bir-biridan uzoq bo‘lishga urinadilar. Shunday paytda Lukianning shifokor Aleksandr haqida satirik asari qalamga olingan.
Tomas Mann, “Afsunkor tog‘”
Bu asar olmon adabiyotining eng go‘zal namunalaridan biri sanaladi. Tomas Manning “Afsunkor tog‘” asari 1924 yilda chop qilingan. Kitobda Ishvechraning Alp tog‘laridagi silni davolovchi shifoxonada muolaja olgan do‘sti haqida so‘z boradi. Muallifning o‘ziga bu mavzu yaqin edi, chunki turmush o‘rtog‘i ham sil hastaligidan aziyat chekardi. 1912 yilda Man Ishvechra sanatoriyasiga ayolini olib boradi. Bu ishi orqali u o‘z “Afsunkor tog‘”ini yaratadi.
Anton Chexov, “Oltinchi raqamli palata”
Chexov eng yaxshi asarlarini vabo hukm surayotgan vaqtlarda yozgan taniqli rus yozuvchisidir. Ayni shunday paytlarda, ya’ni 1892-1899 yillarda “Oltinchi raqamli palata” va “Qora rohib” kabi mashhur romanlarini yozadi. Chexov u paytlari qishlog‘idagi o‘z sevgan yolg‘izligida yashardi. U bu yerda vabo va boshqa turli kasalliklardan qiynalayotgan odamlarga davo bo‘lardi. Yozuvchining asl kasbi shifokorlik edi. Chexov sil kasalligidan aziyat chekkan va shu kasallik uni 1904 yilda bu dunyodan olib ketgan.
Jon Milton, “Yo‘qotilgan jannat”
Ingliz yozuvchisi Jon Milton “Yo‘qotilgan jannat” asari bilan shuhrat qozongan. Milton asarni yozayotganida ikki ko‘zi ham ko‘rmasdi. 1652 yildan 1667 yilga qadar u o‘z asarini oila a’zolari va do‘stlariga aytib turib oqqa ko‘chirtirgan. 1665-1666 yillarda Londonda yuzaga kelgan vabodan saqlanmoq uchun yozuvchining oilasi yangi uyga ko‘chib ketishadi. U ayni shu vaqtda o‘zining “Yo‘qotilgan jannat”ni yozib bitkazadi.
Jovanni Bokachcho, “Dekameron”
“Dekameron” italiyalik yozuvchi Jovanni Bokachcho tomonidan taxminan 1352-1354 yillarda yozilgan yuzdan oshiq novellalar to‘plamidir. Kitobdagi hodisalar 1348 yildagi taun epidemiyasi vaqtida yuz bergan. Bokkachcho bu asarini Florensiyada hukm surgan taun epidemiyasi vaqtida yozgan. Muallifning o‘zi ham, qahramonlari kabi vabodan qochmoq va Italiya shaharlariga sayohat qilmoq uchun Florensiyani tark qilgan.
Uilyam Shekspir, “Romeo va Julyetta”
Uilyam Shekspir butun umri davomida taun epidemiyasi bilan yashagan. Hatto bolaligida Shekspir 1564 yilda yuz bergan taun epidemiyasi vaqtida omon qolganlardan biri bo‘lgan. Taun nomi yozuvchining ko‘plab asarlarida, shu jumladan mashhur “Romeo va Julyetta” pyesasida ham aytib o‘tilgan. 1605-1606 yillar Shekspirning ayni ijodi gullagan davr hisoblanadi. Bu paytda “Qirol Lir”, “Makbet” va “Antoniy va Kleopatra” asarlari dunyoga kelgan. Ekspertlarning aytishiga ko‘ra, uning mahsuldorligi bu davrda Ingiltarada taun epidemiyasining yoyilgani bilan bog‘liqdir.
Tarjimon va to‘plovchi: Rahmat Bobojon