KEKSA ChINOR

    0
    149
    ko'rishlar soni

    hikoya

    Tushga yaqin kasalxona ichida odam birmuncha siyraklashdi. Torgina yo‘lakda joylashgan eshik yonida o‘ndan ziyod bemorlar tish doktori qabuliga navbat kutib o‘tirishar, o‘sha yerga o‘rnatilgan ustida oq matodan g‘ilofi bor to‘rt dona yog‘och kursida xotin-xalaj intiq bo‘lib payt poylardi. 

      G‘ala-g‘ovur yetmagandek, allaqanday yoqimsiz dori isi anqir, hamma yoqni tutib ketgan yig‘i-sig‘i, ingrashlardan hech narsani anglab bo‘lmasdi.

      Sobir avval yaltiroq linolium yo‘lakdan asta yurib borib, peshtoqiga «Stomotolog Ilhomjon Mansurov» deb yozilgan eshik tagiga kelib to‘xtadi. 

      – Oxiri kim? – deb so‘radi hammaga bir-bir ko‘z tikib.

      – Anavi yigit, – dedi boshiga eskiroq do‘ppi kiyib olgan ozg‘in kishi. Aftidan tish og‘rig‘i azob beryapti shekilli, og‘zi to‘liq ochilmagani uchun gaplari g‘uldirab eshitildi.

      Picha narida devorga suyangancha telefon titkilayotgan o‘rta yoshlardagi yigit yarq etib shu tomonga qaradi. Biroz alanglab turdi-da, Sobirga yuzlandi:

      – Menman oxiri.

      Chaqaloq yig‘ladi. Hamma o‘sha tomonga qaradi. Bola ko‘tarib turgan ayol ovutishga tushdi. Kimdir yosh onaga achinganidan, yana kimdir o‘zi shundoq ham tarang bo‘lib turgan asabi dosh bermaganidan maslahat berdi.

      – Bechora qiynaldi, yosh bolasi bor ekan, shu ayol kirib chiqsin, – dedi kimdir rahmi kelib.

      – Biz ham qiynalyapmiz!

      – Ochiriti bilan-da!

      – Ertalabdan beri kutyapmiz!

      – Bizniyam yosh bolamiz bor uyda, hoynahoy injiqlanayotgandir.

      Eshik yonida tik turganlar yanada jipslashib oldilar.

      Sobir atrofdagilarga qarab xayolan hisob-kitob qilgandek bo‘ldi. Keyin chuqur nafas oldi-da, navbati hali-beri yetib kelmasligini sezib, nimqorong‘i yo‘lak bo‘ylab to‘g‘ridagi yorug‘lik tushib turgan yaxlit deraza tomon yurib ketdi.

      Qiziq, biz o‘zbeklarda shunaqa: qachonki sog‘ligi yomonlashib, bir yeri og‘rib qolmaguncha kasalxonaga qadam ham bosmaydi. Yevropada-chi? Ularda kasalni davolagandan ko‘ra unga yo‘liqmaslikni afzal ko‘rishadi. Nega shunday ekan-a?

      U bir muddat o‘y xayollarga berilib turdi. So‘ng tashqariga chiqib, sigaret tutatib keldi.

      Eshik tagida esa hamon navbat kutayotgan odamlar qorayishib ko‘rinar, aftidan buning chegarasi yo‘qdek edi. 

      Yarim soat deganda eshik ochilib, ichkaridan boyagi yigit chiqib keldi. Sobir besabrlik bilan o‘sha tomon yo‘naldi.

      Torgina xona o‘rtasida bemorlar tekshiruvi uchun mo‘ljallangan kattakon uskuna turar, ro‘paradagi shkaf oldida hamshira allaqanday dorilarni tartibga keltirardi.

      Shundoqqina deraza yonidagi stolga bag‘rini bergancha burni uchiga qora gardishli ixcham ko‘zoynak qo‘ndirib olgan vrach nimalarnidir yozib o‘tirardi. Xonaga kim kirgani esa parvoyiga ham kelmasdi. Uning doktorlarga xos oppoq silindrsimon bosh kiyimi ostidan oqargan sochlari ko‘rinib turar, do‘mboq panjalari vazminlik bilan bir tekisda allanimalarni yozardi.

      – Keling, – dedi nihoyat ro‘parasidagi stulga imlagancha yozayotgan narsasidan ko‘z uzmay, – o‘tiring.

      Sobir uning qo‘llari ostidagi bir varaq qog‘ozga e’tiborini qaratdi. Ammo aji-buji qilib yozilgan matndan hech narsani anglay olmadi. Qiziq, hamma doktorlar nega shunday tushunarsiz yozishar ekan-a? Bu shoshilish tufaylimikin, yoki atayinmi? Har holda buning nima keragi borligiga uning sira aqli yetmasdi.

      – Nima bezovta qilyapti? – dedi doktor nihoyat qog‘ozni hamshiraga uzatib, hamon beparvolik bilan. So‘ng o‘rnidan turib, tekshiruv uskunasi yoniga bordi. – Keling bu yerga. Chalqancha yoting.

      U ochiq og‘izdagi tishlarni obdon ko‘zdan kechib, qo‘lidagi kichkina kapgirsimon oynagi bilan tishning orqa tomonlariga ham nazar tashladi.

      – Shamollatibsiz, – dedi qo‘llaridagini o‘sha yerga qo‘yar ekan beparvolik bilan. – Tepa tomonlarda ozgina shishish bor. Milkingiz lat yegan. Biror narsani qattiqroq tishlab yubormaganmisiz?

      – Yo‘q, – dedi Sobir o‘ychan ohangda.

      – Tez-tez qonab turadimi?

      – Ha, faqat tish yuvganda.

      – Yaxshi. Aytarli xavotirlanadigan joyi yo‘q. Bir hafta ukol olsangiz joyiga tushib ketadi.

      Sobir sekin qaddini rostlab, o‘tirib oldi. Doktor esa tag‘in boyagi joyiga borib, hafsala bilan allanarsalarni yoza ketdi.

    Negadir har gal sovuq tushsa, tishini muzdek suv bilan yuvsa, yoki salqin ichimliklar ichsa milki shishib ketadi. Tish doktori qabuliga ham birinchi kelishi emas. Har safar bir enlik dorilar yozib berishadi-yu, foydasi bilinay demaydi. Yoki o‘zi sog‘ligiga yaxshi e’tibor qaratmaydi. Ishqilib ikki-uch oy o‘tar-o‘tmas yana eski tos – eski hammom bo‘ladi-qoladi.

      Ukol haqida eshitgach, uning xayoliga eng avval buvisi keldi. «Chinor po‘stlog‘ini qaynatib chayib tursang, ko‘rmagandek bo‘pketasan bolam, – degandi o‘shanda yetmish yoshni qoralagan kampir. – Hozirgi dorilar bir yeringni davolasa, boshqa joyingga zarar qiladi. Undan ko‘ra ajdodlarimiz qo‘llab kelgan xalq tabobati afzalroq.»

      Balki uning gaplarida ham jon bordir. Ammo yoshi bir joyga borib qolgan kampir hozirgi tibbiyotni qayerdan ham tushunsin? Ukol yaxshi-da, foydali moddalar igna orqali jo‘natiladi-yu, kerakli joyga boradi-qo‘yadi!

      Ammo bizda tibbiyot yaxshi rivojlanmagan deyishadi. Shuning sababi nimada? Malakali kadrlar yo‘qmi? Dunyo tan olgan, qo‘lyozmalaridan haligacha butun insoniyat foydalanib keladigan Ibn Sino ham bizdan chiqmaganmidi? Yoki dori-darmon yetishmaydimi? Nega endi jiddiyroq og‘rigan bemorlar najot istab chet ellardagi shifoxonalarga bosh urib borishi kerak?

      U har qancha urinmasin, o‘y-xayollar chegarasiga yetolmadi. Aksincha, savol ketidan savollar quyulib kelaverdi. 

      Doktor hamon qog‘ozni to‘ldirish bilan ovora. Sobir esa bir nuqtaga ko‘z tikkancha yuzida o‘ychan ifoda balqib, peshonasini tirishtirib turar, shunchalik berilib ketganidan balki hozir kimdir uni chaqirgudek bo‘lsa ham eshitmagan bo‘lardi.

      – Mana shularni olib kelasiz, – dedi nihoyat doktor bir parcha qog‘oz tutgan qo‘llarini Sobir tomon cho‘zib.

      U ro‘yxatni qo‘liga olgach, tag‘in o‘qishga harakat qilib ko‘rdi. Ammo bosh harflardan boshqasini tushunishga aqli yetmadi.

      – O‘zlari bilishadi, – dedi doktor qo‘shimcha qilib. – darvozadan chiqqaningizda shundoqqina chap qo‘ldagi aptekaga uchraysiz.

      – Boshqasi bo‘lmaydimi?

    Yana nimalarnidir yozishga kirishgan doktor birdan to‘xtab, ko‘zoynagi ustidan quvlik bilan tikildi.

      – Siz aytganni qilavering, bu yerda shifokor menman. Siz – bemorsiz!

      Sobir istar-istamas o‘rnidan turdi. Doktor esa tag‘in qo‘shimcha qilib qo‘ydi:

      – Bu yerda o‘n kunlikni yozganman. Ta’siriga qarab yana cho‘zilishi mumkin. Ikkinchidagi mazni har kuni bir mahal milkingizga surtasiz.

      U xo‘p dedi-yu, bir-bir bosib tashqariga chiqib ketdi.

      Havo bulutli. Kasalxona hovlisida hamma har tomonga shoshar, yaqin atrofda joylashgan oshxonadan goh-goh shashlig-u kaboblar hidi chalinib qolardi.

      Sobir darvozadan chiqishi bilan negadir to‘xtab qoldi. Shu damda unga doktor dorilarni nima uchun aynan o‘sha dorixonadan sotib olishni taklif qilgani qiziq tuyulardi.

      U bir zum shu alpozda serrayib turdi-da, doktor aytganidek qilish o‘rniga, tanishi ishlaydigan dorixona tomon yo‘l oldi. 

      Jamshid bilan ular bolalikdan birga katta bo‘lishgan. Keyinchalik u farmatsevtika universitetiga o‘qishga kirib ketdi. Sobirdan esa omad yuz o‘girdi. O‘qishga kirishdek baxt unga nasib etmadi. Bir necha bor yiqilganidan so‘ng hammasiga qo‘l siltab qo‘ya qoldi. Endi esa har gal do‘stini ko‘rganda ichidan bir narsa uzilgandek bo‘laveradi. Bu allaqanday anglab bo‘lmas tuyg‘u nomini Sobir havas deb atar, negadir Jamshidga chin qalbidan ishonardi. U shuning uchun ham hozir aynan shu yerga keldi.

      – E-e, Sobir-ku! – dedi Jamshid ilgarigidek samimiylik bilan. – Nima shamol uchirdi biz tomonlarga?

      – Yo‘qlab keldim-da!

      – Ha do‘stim, shunday bo‘lsin. Hecham bizga ishing tushmasin!

      – Aytganing kelsin.

      – Sirayam quruq kelmagandirsan? – dedi u obdon nazar solarkan.

      Sobir qo‘lidagi qog‘ozni unga uzatdi.

      Jamshid ro‘yxatga bir zum qarab turdi-da, undan ko‘z uzmay so‘roqqa tuta boshladi.

      – Bu deyman, soppa-sog‘lom milkniyam shamollatibsiz-da, birodar! Yoshlikdagi muzqaymoqxo‘rliklar tugamaganmi deyman? 

      – Muzqaymoqqa yo‘l bo‘lsin. Hazil ham hazil o‘rnida-ku, lekin bir necha yildan beri shu ahvol. Kasal o‘lgur bir boshlansa, tuzalib ketishi qiyin bo‘larkan.

      – Judayam aloqasi bo‘lmagan dorilarni iste’mol qilib yuravergandan keyin shunday bo‘ladi-da!

      – Nima?!

      Jamshid ko‘rsatkich barmog‘i bilan qog‘ozdagi dorilarga ishora qildi.

    – Masalan mana bu vitamin xolos. Bunisiyam boyagisidan deyarli farq qilmaydi. Bu esa shamollashga qarshi. Qolganlari ko‘pam zarur bo‘lmagan dorilar. Kim yozib berdi buni?

      – Ilhomjon Mansurov degani.

      – Ha, tushunarli. Unday bo‘lsa nega u aytgan dorixonaga kirmading?

      – Sen qayerdan bilding buni?

      – Chiqaverishda chap tomondagi dorixona bilan hamkor-ku ular.

      – Hamkor?!

      – Ha-da! U bemorlarni o‘sha yerga jo‘natadi. Evaziga esa, sotilgan dorilardan tushgan pullarning ma’lum bir qismini oladi.

      Sobirning qalbida g‘azabmi, yoki alamga o‘xshash allaqanday tuyg‘u uyg‘ondi. Ko‘z oldiga navbat poylab turgan bemorlar keldi. Yig‘layotgan bolasini ko‘tarib turgan ayol esa xomush tikilib turgandek bo‘ldi.

      – Keraksiz dorilar ham shunga ekan-da?..

      Jamshid yelkasini qisdi.

      – Hayf bundaylarga! O‘z jig‘ildonini o‘ylab yashaydiganlar hali ham borligidan afsusdaman. Gippokrat qasami emish, bundaylarni qasam ham urmaydi! Jin ursin hammasini! Asl bemor biz emas, rivojlanishga to‘siq bo‘layotgan shu kabi cho‘ntakfurushlar – haqiqiy bemorlar!

      U bu yerdan qanday chiqib ketganini bilmay qoldi. Do‘sti bilan xayrlashdimi, yo‘qmi, bunisi ham esida yo‘q. Birinchi uchragan taksiga qo‘l silkidi-yu, qishloq tomon jo‘nab ketdi.

      Tor ko‘chalardan xayolga cho‘mgancha yurib borarkan, uzoqdan oqarib uyi ko‘rindi. Darvoza yonidagi keksa chinor esa go‘yo unga sirli termilib turar, agar tili bo‘lganda nimalardir deyishga shaydek edi…

    Shahzod ERGASHALIYEV

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting