Streche Nikolay Florentin — Rumin shoiri va publitsisti. 1982 yilda Buxarest shahrida tug‘ilgan. 2002-2006 yillarda Buxarest universtitetida tahsil olgan va bakalavr diplomini, so‘ng 2011-2013 yillarda magistr diplomini olgan. She’rlari turli tillarga tarjima qilingan, bir nechta xalqaro adabiyot festivallari ishtirokchisi.
Men (emas)
I am (not)
Bu yerga kelganman
Sukunat deb atalmish
Ne’mat ilinjida uning ortidan.
Tavalludim ro‘y bergan ochig‘i
Ufq tomonga butkul nigoh qaratib
Erkalashni boshlab quyosh nurlarini
Sanoqni o‘rgangach barmoqlarim bilan.
Men bilaman
Ulkan koinot sahrosidagi
Mayda qum zarrasi ekanligimni
Bor gap menda mavjudligi ham
Hayot siyratini ko‘rish xislati.
Ammo emasman so‘qir
O‘zgalarning yuzini
Inkor qiladigan darajadagi.
Kechir
(Forgive!)
Dastlabki fursatda hayot
Odam Ato va Momo Havoni
Bog‘lagan muhabbat rishtasidan
Chetdagi inson ko‘yiga soladi seni.
Kelganda-chi galdagi fursat
Ifori taraladi
Tanangdan yap-yangi ishqning
Va aylanasan Odam Atoga
Izlay boshlaysan Momo Havoni
Yoki ehtimol Momo havo
Yuguradi Odam ato ketidan
Tutganicha daraxtdan uzilgan olmani.
Va nihoyat keladi uchinchi fursat
Uchinchi fursat…
Atrofga cho‘kadi tun qaytadan
Jufting sen tomonga yotar cho‘zilib
Boisi sen boy bergan bo‘lasan
Daraxtlar, otlar, toshlar, qushlar
Xususida orzu qilmoq fursatin qo‘ldan
Boisi sen unutgan bo‘lasan
Ko‘klam kunlarining birida
Aytmoqni unga kechir meni deb
Bo‘lganing uchun sevmoqqa qurbsiz.
Faqat sen
(Only you)
Kunlar o‘tar bir navi
Ko‘z o‘ngimda zamin larzaga keladi
Bilgum na ibtidoni, na intihoni
Atrofdagi barcha narsa
Yonadi qobig‘ida qisirlab.
O, Farishta taraddudlanib
Yo‘l olding sen qay yer tomon?
Ko‘rmaysan nahot
Olislarda ekaning bilgach
Seni deb to‘kmog‘imni ko‘z yosh
Muhabbatga muhtojligim payt?
Barchaning bisotidagi
Eng muqaddas narsa sifatida
Har erdasan faqatgina sen
Va men ham tiz cho‘kkanimcha
O‘yga tolaman xushfe’llik ila
O‘zimni so‘roqlab ro‘yomi u deb
Yo qilgandimmi yo‘l-yo‘lakay orzu.
Bo‘linish
(Separation)
Ko‘kragimni qoplagandek muz
Shamolni his qilaman
Esishini tanam bo‘ylab
Yodga solib Tavrotdagi toshqinni
Tashqarida chelaklab quyadi yomg‘ir.
Hoy suluv qiz
Ayt-chi etib borarmi senga
Ishqingda to‘kilgan yoshlarim sizib?
Birga o‘tkazgan lahzalarni qo‘msab
Ikki yorti bir bo‘lganidek
Tutib turganimizda bir-birimizni
Tushganida Haqning nazari
Bular barini o‘tgancha hatlab
Yaramaydi burchakda muloyim turmoq.
Onam so‘z qotar:
“Bolam, nima seni qilar bezovta
Kim ulkan ishqdan etdi mosuvo?”
Shunda men tin olaman bir oz
Va ko‘raman taraddud
Dafn qilmoq uchun
Hech kim inonmagan yolg‘izlikni
Ont ichishni boshlasak-chi sevmoqqa
Hozir bo‘laman surat ko‘tarib
Yetib kelaman
Iforingni eslatuvchi gul bilan
Ikki yorti bir bo‘lganidek
Birga bo‘lgan paytlarimizni qo‘msab.
Ingliz tilidan Sherzod Ortiqov tarjimalari