Singan olcha daraxti

1
164
ko'rishlar soni

Jessi Styuart, amerika yozuvchisi

hikoya

— Darsdan so‘ng qolaveraman-u, lekin uning o‘rniga xivich bilan savalab, uyga ertaroq ketishimga ijozat bersangiz yaxshiroq bo‘lardi. Uyga ikki soat kech borsam ham baribir otamdan kaltak yeyman, — dedim o‘qituvchimiz professor Gerbertga.

— Savalashgaku endi kattalik qilasan, biroq baribir o‘sha olchaga tirmashib chiqqaning uchun mendan jazo olasan. Buning yaxshi ish emasligini bilib turib qilgansizlar. Qolgan beshalovi bir dollardan berib qutuldi. Faqat sen qolding daraxtga pul to‘lamagan. Birovdan qarz olib tursang bo‘lmaydimi?

— Yo‘q, ololmayman. Jazo olishdan boshqa ilojim yo‘q. Nima bo‘lsa ham ishqilib tezroq tugaydigan jazo bo‘lsin-da.

Professor Gerbert o‘rnidan turdi va menga tik qaradi. U oq oralagan sochiga monand kulrang kostyum kiyib olgan basavlat kishi edi.

— Siz otamni bilmaysiz. Biroz eskicharoq qarashlarra ega odam, u bizni to yigirma bir yoshimizgacha tarbiya berarkan, o‘zi aytdi.  Uning ta’kidlashicha, «Agar qamchi bo‘sh qolsa bola taltayib ketadi». Otamga olcha daraxti voqeasini hech qachon tushuntirib berolmayman. Oilamizda o‘rta maktabga qatnayotgan birinchi farzandman.

— Sen jazo olishing shart, — dedi professor Gerbert. —Bugun va ertaga darsdan keyin ikki soat qolasan va har bir soat uchun yigirma besh sentdan kechaman. Bu o‘rta maktab talabasi uchun ancha yaxshi pul. Maktabning polini yuvib, sinf taxtalarini, derazalarini chinniday tozalaysan. Qarzingni o‘zim to‘lab yuboraman.

Professor Gerbertdan hech qachon qarz so‘ray olmasdim u ham shu paytgacha biron marotaba qarz berib turishni taklif etmagandi. Noiloj maktabda qolib farroshga yordamlashish orqali soatiga yigirma besh sentdan jarima pulini ishlab topishga majbur bo‘ldim.

Polni yuvayotib miyamda quyidagi o‘ylar tug‘yon uraverdi: «Otam indamasmikan?  Uyga qaytganimda qanaqa yolg‘on to‘qiyman?  Negayam o‘sha la’nati olcha daraxtiga tirmashib chiqib sindirib qo‘ydik-a? Nimaga tog‘da guruhimizdan ajralib jinnilik qildik-a? Nega bunday bo‘ldi? Bittagina mitti kaltakesak ortidan nozik daraxtga olti bola bo‘lib chiqdik-a!  Nima uchun daraxt sinib biz bilan yerga quladi? Axir, baquvvat daraxt ediku! Daraxtni egasi If Krabtri kelib-kelib o‘sha payti yer chopadimi? Bitta daraxtga naq olti dollar to‘latadigan qanaqa odam u o‘zi?»

Maktabdan chiqqanimda allaqachon soat olti bo‘lgan edi. Uygacha hali olti milya bor. Soat yettidan o‘tganda uyga yetsam kerak. Uyda otam ikkimizga ancha-muncha ish qalashib yotibdi: yettita sigirni sog‘ish, o‘n to‘qqiz bosh qoramol, to‘rtta hachir, yigirma besh cho‘chqaga yem berish, o‘choqqa o‘tin chopib, quduqdan suv tashish kerak. Uyga kirib borganimda kelavermaganimdan jahli chiqqan otam bu ishlarni o‘zi qilayotgan bo‘ladi.

Tund, qip-yalang‘och daraxtlar ostidan jadal uyga chopdim, tepaliklardan yugurib tushdim. Yer ham muz qotgan, lekin shoshilishim, yugurishim shart. Pichanzorimizga eltuvchi qirdan ham chopib o‘tib ketdim. Shamol ta’sirida ter bosgan yuzim quruqshab ketdi. Pichanzorni kesib o‘tib uyga kirdim, kitoblarimni irg‘itib, qoramollarga yem berish uchun to‘g‘ri somonxonaga chopdim. Toza maktab kiyimimni eski uy kiyimimga almashtirishga ham vaqtimni qizg‘ondim. Ombordan chiqib qarasam otam allaqachon chorvaga yem berayotgan ekan. Bu ish shu kungacha mening zimmamda edi. Panjaradan oshib tushib «Ota, menga bering, o‘zim qilaman. Sal kechikib qoldim, kechiring», dedim. Otam o‘girilib menga qaradi va «Ko‘rib turibman» dedi, uning  ko‘zlarida g‘azab olovlangandi.

— Nimaga buncha qolib ketding? Vaqtida kelib yordamlashsang bo‘lmaydimi? O‘zi bittang maktabga qatnaysan, u ham bo‘lsa bu ahvol!

 Indamay turaverdim, kech qolishim sababini aytgim kelmadi. Otam yem berishdan to‘xtab nigohini menga tikdi:

— Nega shu paytgacha qolib ketding deyapman! Aytasanmi yoki sh’u yerni o‘zida qamchimning mazasini totib ko‘rasanmi?

Axiyri «Darsdan keyin  olib qolishdi» dedim, otamga yolg‘on gapirolmadim, chunki maktabga borib haqiqatni baribir bilib oladi. Aldaganimni bilib qolsa o‘zimga juda yomon bo‘ladi.

— Xo‘sh, nega olib qolishdi maktabingda? — so‘radi otam. 

— Bugun biologiya darsida tabiat bag‘riga ekskursiya uyushtirgandik. Men va na beshta bola olcha daraxtiga tirmashib chiqib uni sindirib qo‘ydik. Daraxt uchun tovon to‘lab har birimiz bir dollardan berishimiz kerak ekan. Yonimda pulim yo‘qligi tufayli professor Gerbert uni ishlab topishimni taklif qildi. Tushdan keyin qolsam soatiga yigirma besh sentdan berishini aytdi, shuning uchun qoldim. Ertaga ham qolishim zarur.

— Sen rost gapiryapsanmi? — so‘radi otam.

— Gaplarimning hammasi rost. Ishonmasangiz borib uning o‘zidan so‘rang.

— Ertaga tongda boraman ham! Kimning daraxtini sindirib qo‘ydinglar?

— If Krabtirinikini.

— Iya, uning bog‘ida balo bormidi senlarga? Axir u maktablaringdan to‘rt milya narida yashaydiku. O‘qituvchilaring tashqariga olib chiqib, tog‘da izg‘itguncha maktabda tinchgina kitob o‘qitsa bo‘lmaydimi senlarga? Agar o‘qish shunaqa ahvolda bo‘lsa endi maktabga bormaysan, Deyv. O‘zim senga ish topib beraman.

— Otajon, hademay bahor keladi. Hozir maktabda hasharotlar, ilonlar. gullar, kaltakesaklar, qurbaqa va o‘simliklarni o‘rganuvchi biologiya degan fan o‘tyapmiz. Bugun havo yaxshi bo‘lganligi uchun ularni o‘zimiz topib tuzilishini, yashash muhitini o‘rganmoqchi bo‘ldik. Tasodifan olcha daraxtida kaltakesakni ko‘rib qolib, barchamiz uni tutish uchun daraxtga chiqdik va u oltita bolani ko‘tarolmay sinib ketdi.  If pastda yer haydayotgan ekan, yugurib kelib kimligimizni so‘rab bilib oldi. Boshqa bolalar chekiga tushgan pulni berishdi, menikini esa professor Gerbert to‘laydigan bo‘ldi. Maktabda ishlab shu pulni qaytarishim kerakku endi.

— Kambag‘alning bolasi deb o‘ylab o‘zicha mehribonlik ko‘rsatmoqchi bo‘lgan-da…Tongda borib o‘zim unga ko‘rsatib qo‘yaman. U bu erlik emasga o‘xshaydi. Kitob o‘qitmay tog‘ma-tog‘ izg‘itib yuradigan qanday maktab bo‘ldi u? Men o‘qigan payt unaqa emasdi-da, o‘g‘lim!

— Ota, bormay qo‘ya qoling, menga ellik sent bering, jarimamning qolganini to‘layman. U yerga borib professor bilan bir balo boshlashingizni istamayman!

— Keksa otangdan uyalyapsanmi, Deyv? Seni katta qilish uchun tinmay ishladim, mendan yaxshiroq yashasin deb maktabga berdim. Bi ishni o‘zim to‘g‘rilayman hali. O‘sha o‘qituvchingning boshqalarni uylariga jo‘natib seni puling yo‘qligi uchun olib qolishga umuman haqqi yo‘q! Men boy emasman va bundan uyalmayman. Miltig‘imdagi o‘q bilan  boy va kambag‘alni ajratish qaydan bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman o‘sha Gerbertga. Qani bo‘l, nasibangni berib qolmasimdan burun qimirla tez-tez!

 Bir lahza yem saqlanadigan omborxona uzra yastangan o‘rmonlar bo‘ylab chopib  uyni, ham maktabni ham tashlab otam tuta olmaydigan uzoq-uzoqlarga ketgim keldi. Qochish to‘g‘ri yo‘lmi? Otam bilan birga maktabga borolmasdim, chunki  uning miltig‘i bor, mabodo o‘qituvchimni otib qo‘ysa-chi? Uning qo‘lidan nimalar kelishini aytmay qo‘yaqolay. Otamga tog‘dagi maktab uning yoshligidagi maktabdan tamomila o‘zgarib ketganini, qurbaqalar, qushlar, ilonlar, kaltakesaklar, gullar va hasharotlarni o‘rganishimizni yotig‘i bilan tushuntirsam ham u baribir tushunmasdi. Uydan qochib ketsam ham parvo qilmay, ilojini qilib o‘qituvchimiz Gerbert bilan uchrashadi, mening qochishimda maktabimni va o‘qituvchim Gerbertni ayblaydi. Shu bois ham qochishimdan na yo‘q, undan ko‘ra uyda  qolib chorvani to‘ydiraman va ertaga ertalab otam bilan maktabga boraman. Shu qarorga kelgach, siqimlab yem olib qoramollar oldiga tashladim…

Sovuq mart osmonida to‘lin oy nur sochardi. Uning nuri ostida ishimni tugatib qo‘ydim. Professor Gerbert uyda bir dunyo ishim borligini qaydanam bilsin, agar bilganida pulni o‘zi to‘lab yuborib, meni maktabda ushlab o‘tirmagan bo‘larmidi. U tog‘da yashab ko‘rmagan, tog‘ bolalari maktabga borish uchun ishlashlari kerakligini bilmaydi. Lekin hozir uning o‘zi ham o‘rta maktabda barchasi tog‘dagi fermalardan qatnaydigan bolalarga dars beryaptiku.

     Ishlarimni tugatib uyga kirib soviy boshlagan ovqatimni yeb oldim. Otam  va onam allaqachon ovqatlanishgan ekan, ularning narigi xonada men haqimda gaplashayotganlarini eshitib qoldim.

      — Bugun hamma sutni o‘zim sog‘dim, o‘tinniyam o‘zim chopdim. Kuni bo‘yi dalada ishlab charchab ketdim, axir. Ertaga ishga bormay o‘sha maktabga o‘taman. Balki anavi o‘qituvchidek aqlli emasdirman, lekin unga yaxshilab saboq berib kelish qo‘limdan keladi.

— Qo‘ysangiz-chi, Lyuster. Aralashib yana bir muammo orttirib yurmang tag‘in. Sizni qamab qo‘ysalar nima qilasiz? Maktabda janjal qilib Deyvni sinfdoshlari oldida uyatga qo‘ymoqchimisiz?

—Uyatmi, boshqami, men unga bitta o‘quvchisini olib qolib, qolganlarini qo‘yib yuborish nohaqlik ekanligini ko‘rsatib qo‘yaman. Axir, o‘g‘limning ulardan kam joyi yo‘qku. O‘sha o‘qituvchining peshonasidan darcha ochaman, o‘zini uyaltiraman. Ertaga borib hammasini to‘g‘rilayman. Hasharot-u ilonlar, kaltakesak va qurbaqalarni quvib olcha bog‘larida izg‘ish, kaltakesak ketidan chiqib daraxtni sindirish ham dars bo‘ldimi?

Ovqatimni yeb, sekin yuqoriga chiqib chiroqni yoqdim. Hammasini unutishga urindim, geometriya va biologiyadan uyna berilgan topshiriqlarni bajargan  bo‘ldim. Lekin otamni o‘ylab baribir yaxshi o‘qiy olmadim. U tongda men bilan boradi. Yonida to‘pponcha olib boradi. O‘qituvchimiz shundan keyin men haqimda nima deb o‘ylarkan-a? Otam ketgach, balki unga vaziyatni tushuntirarman. Otam uni otib qo‘ysa-chi? U bilan ketgim kelmayapti. Ehtimol, yertagacha hovuridan tushib qaroridan qaytar.

Otam tongda soat to‘rtda uyg‘onib, o‘choqqa o‘t kaladi, uyni isitdi, keyin onamni uyg‘otib, nonushta tayyorlashni buyurdi. Shundan so‘ng ikkalamiz nonushtagacha chorvaga yem berib sutni sog‘ib keldik. Nonushta qilib bo‘lgunimizcha kun yoyilib, usti oppoq qirov bilan qoplangan emanlarni yoritdi. Tepaliklar ham oppoq qirovga burkangan, salqin shamol esayotgandi. Saldan keyin musaffo osmon bag‘ridan kuyosh chiqib qirovni, yer ustidagi muzlarni bir zumda eritib tashlaydi, nuri bilan isitadi. Hamma yoq loy bilan qoplanib tepalikdagi mitti jilg‘alardan loyli suv oqa boshlaydi.

— Xo‘sh, Deyv, maktabga otlan. Sen bilan borib hayvonlar va  hasharotlarni o‘rganishingiz-u daraxt sindirishlaringni o‘zim bir ko‘rib kelay. Bunaqa tarzda o‘qish g‘irt jinnilikdan boshqa narsa emas.

Demak, otam kechagi qarorini unutmabdi. Endi maktabga birga otlanamiz. Lekin erta ketayotganimiz bir jihatdan yaxshi, chunki otam o‘qituvchimning peshonasiga to‘pponchasini tirab qolsa, hech qaysi sinfdoshim ko‘rmaydi. Otam egniga nimcha, moviy ko‘ylak va qo‘y terisidan tikilgan paltosini, oyog‘iga kattakon etik va boshiga qora shlyapasini qo‘ndirdi. To‘pponasini beliga qistirdi. Tepalik osha maktabga qarab ketdik.

Maktabna  ancha barvaqt kelibmiz. O‘qituvchimiz Gerbert ham yaqinda kelgan ekan. Zinadan ko‘tarilar ekanman, miyamda turfa o‘ylar g‘ujg‘on o‘ynardi: Ehtimol, otam o‘qituvchimizning yaxshi odam ekanligini bilib qolar. Hali bir-birini tanimaydilarku. Men ham boshida o‘zlari bilan ko‘rishib gaplashmaguncha anavi Lambertlarni umuman yoqtirmasdimku. Ular bilan maktabga birga qatnab gaplashib ko‘rgach, do‘stlashib qoldik. O‘zgalar bilan yaqindan tanishishda gap ko‘p.

— Siz o‘g‘limning o‘qituvchisi bo‘lasizmi? — so‘radi otam o‘qituvchimizning xonasiga kirganimizdan so‘ng.

— Ha. Siz Deyvning otasi bo‘lsangiz kerak, — javob qaytardi o‘qituvchimiz. — Shunday, — dedi sovuqqina qilib otam va to‘pponchasini chiqarib o‘rindiqqa qo‘ydi. To‘pponchani ko‘rib professor Gerbertning chekkalari qora ko‘zoynagi ostidagi ko‘z qorachiqlari kengayib zaxil yuziga qizillik yugurdi. Otam gapni aylantirmay maqsadga ko‘chib qo‘yaqoldi:

— Maktablaring haqida bir-ikkita narsani aniqlashtirib olmoqchi edim. Deyvni o‘qitib olim qilish niyatim bor edi. O‘n bitta farzandim ichidan faqat u maktabga qatnayapti. Kecha uning uyga kech kelishi oqibatida hamma ish o‘zimga qoldi. O‘g‘limning aytishicha, o‘quvchilarni hasharot va hayvon oviga olib boribsiz va bular behosdan olcha daraxtini sindirib qo‘yishibdi. Darsdan so‘ng olib qolib, singan daraxtning pulini chiqarib olibsiz. To‘g‘rimi?

— Hmmm, shunaqa shekilli, — g‘o‘ldiradi o‘kituvchimiz. Uning ikki ko‘zi to‘pponchada edi.

— Unda bu yer umuman maktab degan nomga loyiq emas ekan! Bu yer qandalayu kaltakesak va ilonlar maktabi ekan. Bu joy hech qanaqasiga maktab emas! — jazavasi tutdi otamning.

— Nima uchun bu yerga to‘pponcha olib keldingiz? — dabdurustdan so‘radi professor. 

—Mana bu kichkina teshikni ko‘ryapsizmi? — otam moviy rangli qirq to‘rtinchi kalibrli miltig‘ini olib, uzunchoq quvur uchiga qo‘lini nuqdi. —O‘q shu yerdan chiqib, boy-kambag‘alga ajratmay nishondagi odamni o‘ldiradi, agar u o‘qituvchi bo‘lsa ham. Biroq, bu yerga kelib sizni ko‘rgach, to‘pponchaga hojat yo‘qligini tushundim. Atigi bir necha soniya ichida qo‘lim bilan majaqlab tashlasam ham bo‘larkan.

Qorachadan kelgan otam o‘qituvchining qarshisida anchayin gavdali va ulug‘vor ko‘rinardi. Otamning haybatini oldin sezmagan ekanman, uning oldida men uchun doim basavlat ko‘ringan o‘qituvchimiz miqtigina bo‘lib qoldi.

— Men davlat tomonidan  belgilangan mashg‘ulotlar  doirasida o‘z vazifamni ado etdim, janob Sekston!

 — Mashg‘ulot? Qanaqa mashg‘ulot? Qandalalarni o‘rganish mashg‘ulotmi? Dars vaqtida o‘quvchilarni qandaydir o‘rmonga olib borasiz, bu yoqda esa bechora keksa ota-onalar ularning o‘qishi uchun uyda quldek ishlaydi. Shuncha o‘g‘il-qizni birga olib yurish noto‘g‘ri ekanligini yaxshi bilasizku!

Maktabga o‘quvchilar kela boshlashdi.

— Deyv, eshikni yop. O‘quvchilar eshitib qolishmasin, — buyurdi o‘qituvchim. Borib eshikni yopib keldim. Ahvolim shamolda titrayotgan barg singari edi. Otam har daqiqada o‘kituvchimga tashlanib qoladigandek edi, chunki uning oftobda qoraygan yuzi jahldan qizara boshlagandi.

— O‘quvchilarga hech qanaqa yomonlik qilganim yo‘q. Ularning har qadamini kuzatib yurdim. Ular bilan boshqa o‘qituvchi emas, shaxsan o‘zim bordim. Xo‘sh, o‘g‘il va qiz bolalarni birga olib yursam nima bo‘pti?

— Bu ishingiz va bir to‘p yoshlarni butun tuman bo‘ylab olib yurishingiz, daraxtning singaniyu o‘quvchini darsdan so‘ng majburan olib qolishingiz menga yoqmadi.

— Janob Sekston, Deyvga boshqa qanday chora ko‘rishim mumkin edi? Bitta kaltakesak izidan hammasining daraxtga tirmashishiga balo bormidi? Bittasi chiqib, olib tushaversin edi. Fermerga naq olti dollar to‘ladik. To‘g‘ri, sal qimmatroq, lekin baribir to‘lashimiz kerakku. Sizning o‘g‘lingizga indamay, qolgan beshtasiga to‘lattirishim kerakmidi? O‘zi pulim yo‘q deganidan so‘ng o‘sha pulni ishlab topishga rozi bo‘ldi. U men uchun emas, maktabi uchun ishlayapti.

— Unga qanday chora ko‘rishingizni o‘zingizga havola, masalan, xivich bilan savalasangiz ham bo‘lardi.

—O‘g‘lingiz endi savalash uchun kattalik qiladi, bo‘y-bastiga bir qarang, — dedi o‘qituvchimiz menga qo‘lini bigiz qilib.

—Men uchun Deyv hech ham katta yigit emas. Umuman, bolalar yigirma bir yoshigacha katta sanalmaydi. Bittasini maktabda ishlatib, qolganiga ruxsat berib yuborganingiz adolatdan emas. O‘rta maktabda qandalani o‘rganishning nima keragi bor?

Otamning to‘pponchani olib g‘ilofiga solib qo‘yishi o‘qituvchining yuzidagi qizillikni aritdi. U sal hovuridan tushgan otamga yana tushuntira ketdi. Otamni maktabimizga ilk marotaba kelishi bo‘lganligi uchun uni bu yerda ko‘rish kulguli edi.

— Biz faqat ilon, itbaliq, gul, kapalak va kaltakesak tutmadik, janob Sekston, balki inkubatorga solib protoza olish uchun quruq timot o‘tlaridan ham terib keldik.

— Uning qanaqa o‘tligini bilmaymanu, ammo inkubator tovuqlarni aldab jo‘ja ochtirishning yangicha usuli. Siz aytgan jo‘ja turini esa birinchi eshitishim.

— Mikrob nimaligini bilasiz, to‘g‘rimi, janob Sekston?

— Menga Lyuster deb murojaat qilavering

—Xo‘p, Lyuster, mikroblar haqida bilasizmi?

— Albatta, lekin ularning mavjudligiga ishonmayman. Oltmish besh yoshdaman va shu paytgacha birortasini ko‘zim bilan ko‘rib, qulim bilan tutmaganman.

— Ularni oddiy ko‘z bilan ko‘rishning iloji yo‘q. To‘pponchani g‘ilofiga yaxshilab joylab qo‘ying va bugun maktabda men bilan ozroq qoling. Sizga ko‘rsatadigan bir necha narsalarim bor. Lyuster, tishingiz yuzasida mikroblar bo‘lishi mumkinligini hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

—Nima, tishimda mikroblar bormi? — hayratlandi otam.

— Ha, bor. Xuddi o‘sha mikrob tirik chipor ilonni yorib ko‘rsak, undan ham chiqadi.

— Gapingizni inkor qilmoqchi emasman, lekin tishimda mikrob borligiga ishonmayman.

— Men bilan qolsangiz, sizga uning isbotini va maktabimizni ko‘rsataman. Siz o‘kigan davrlardan beri maktab ancha o‘zgardi. Menimcha, u paytlar tumanda o‘rta maktablar umuman bo‘lmagan.

— Yo‘q edi, borlarida ham faqat o‘qish, yozish va shifrlash o‘rgatilardi. Biz hech qanaqa qandala, qurbaqalarni o‘rganmaganmiz, tish va chipor ilondan mikrob ham topmaganmiz. Dunyo o‘zgarib ketibdi shekilli.

— Ha, umid qilamanki, yaxshi tomonga o‘zgarmoqda. Sizning o‘g‘lingiz singari bolalar shunday o‘zgarishlarga hissa qo‘shishadi. O‘g‘lingiz sizga hozir aytib bermoqchi bo‘lgan hamma ma’lumotlarni yaxshi biladi. Men bilan picha qoling.

— Albatta qolaman, tishimdagi mikrobni ko‘rishni istayman.

Otam doim «Ko‘rish – bu ishonish» deb aytardi, hozir ham shu shioriga sodiq kolmoqchi edi.

Otam o‘qituvchimiz bilan xonadan chiqdi. Ishqilib, o‘qituvchimiz otamni to‘pponcha o‘qtalgani ustidan biron joyga arz qilmasaydi. Otam doim janjalli vaziyatlarda to‘pponchasini birga olib yuradi.

Qo‘ng‘iroq chalindi va darsimiz boshlanishiga oz qoldi. Sinfdoshlarim otamga ajabsinib qarab, bir-biriga imlab, ko‘z urishtirib o‘tishardi. Otam esa ularni jimgina eshik oldida kuzatib turardi. O‘quvchilar ikkita uzun saf hosil qilib, sinfga kirishdi. Qizlar ham, o‘g‘il bolalar ham orasta kiyingan edilar. Otam qip-yalang‘och eman ostida qo‘y terisidan tikilgan paltosi va katta og‘ir etiklarida turardi. Ko‘ylagi yoqasidan moviy rangli ish kiyimi ko‘rinib turar, qora shlyapasi ostidan oqargan sochi chiqib turar, yuz terisi dag‘al va pishgan pichan rangidek qorayib ketgan edi. Qo‘llari katta va yonidagi eman daraxti ildizidek yo‘g‘on edi.

Birinchi soatdagi darsga kirar chog‘imda otam va o‘qituvchimizning maktabni aylanib yurganiga ko‘zim tushdi. Ular sinfga kirib kelishganida geometriya fanidan sinf taxtasida o‘z yechimlarimizni tushuntirib berayotgandik. Ular jimgina kirib biroz o‘tirishdi. Fred Vutsning Glen Armstrongga shivirlab «Bu qariya kim bo‘ldi? Ey Xudo, namuncha qo‘pol ko‘rinmasa bu nus’ha» deganini va Glenning unga javoban «Menimcha, bu odam Deyvning otasi bo‘lsa kerak» deganlarini eshitib qoldim. Otamning maktabda nima ishi borligiga qiziqqan o‘quvchilar o‘girilib unga qarashdi. Ular dars tugamasdanoq chiqib ketishdi, keyin o‘yin maydonchasida ko‘rdim, o‘qituvchim Gerbert unga nimanidir tushuntirayotgandi. Otam yurganida paltosi tagidan to‘pponchasi xiyol ko‘zga tashlanardi.

Tush payti ular maktab oshxonasidagi o‘qituvchimiz doim yolg‘iz o‘zi o‘tirib ovqatlanadigan kichik stolda birga tushlik qilishdi. Otamning ovqatni sanchqi o‘rniga pichoqda yeyishini ko‘rgan bolalar baqrayib qolishdi. Uning mening otam ekanligini bilishgach, menga achinish nazari bilan qaradilar, biroq aslo achinish’lari shart emasdi. Otamning o‘qituvchimizni otish niyati yo‘qligini bilgach, undan sirayam uyalmadim, qaytanga ikkalasi do‘stlashib qolganliklaridan sevindim. Otam xuddi men Lambertlarni yaxshi bilib olganimdek maktabni aylanib, o‘qish tarzimizi bilib oldi. Tushdan so‘ng biologiya darsiga kirsak, otam ham shu yerda, mikroskop yonidagi katta kursida o‘tirgan ekan. Uning borligini sezmagandek darsimizni boshlab yubordik. Otam pichog‘i bilan o‘zining tish emalidan ozgina qirib olib o‘qituvchimizga berdi. O‘qituvchimiz uni mikroskop oynasiga qo‘yib, shtativni otamga to‘g‘rilab qo‘ydi-da, «Mana, Lyuster, qarang! Bir ko‘zingizni yorug‘likka to‘g‘rilab, ikkinchisini biroz yuming» dedi.

Otam boshini egib o‘qituvchimiz aytgandek qilib qaradi

— Voy, rostdan ham uni ko‘ryapman, Kim o‘ylabdi deysiz tishda ham mikrob borligini? Ishqilib, bu matohingiz xato ko‘rsatmayaptimi?

— Yo‘q, aslo. Bu chindan ham mikrob. Ular hamma yerda, hamma narsada mavjud, lekin oddiy ko‘z bilan ilg‘ashning iloji yo‘q. Faqat mikroskop orqali ko‘rish mumkin. Tanamizda millionlab mikroblar mavjud bo‘lib, shulardan ba’zilari zararli va ba’zilari bezarardir.

Otam boshini xiyol egib yana mikroskopga qaradi. Biz ham darsdan chalg‘ib uni tomosha qildik. Otam baland stulga o‘tirib olgan, oyoqlari uzunligidan tizzalari stol qirrasiga tegib turardi. Egilganida ustidani paltosi surilib, to‘pponchasining dastasi ko‘ringach, o‘qituvchimiz tezda uning paltosini to‘g‘irlab qo‘ydi.

Otam nima bo‘lganini sezib o‘rnidan turdi va paltosini pastga tushirdi. Uning yuzi sal-pal qizarinqiragan edi. Maktabga qurol olib kelish mumkin emasligini u yaxshi bilardi.

—Anavi burchakda kecha biz tutib olgan katta chipor ilon yotibdi, — dedi professor Gerbert. — Istasangiz, uni xloroform bilan zararsizlantirib, zaxarini ajratib olamiz va ilonning tanasida ham mikroblar borligini sizga ko‘rsatamiz.

—Unaqa qilishingiz shart emas, — dedi otam. — Sizga ishonaman. Meni deb ilonni o‘ldirmang. Men hech qachon ilonlarni o‘ldirmayman. Ular sichqonlarni tutib, fermada bizga katta yordam berishadi. Men qora ilonlarni yaxshi ko‘raman. Odamlarning ularni o‘ldirishlariga chidab turolmayman. Mening hududimdagi ilonlarni o‘ldirishlariga hech ham yo‘l qo‘ymayman.

O‘quvchilar otamga qarab qolishdi. So‘nggi gapidan keyin otamning cho‘ntagida qurol bo‘lishiga qaramasdan ilonlar haqida qayg‘urishi o‘quvchilarga ijobiy ta’sir qilib, uni yoqtira boshlashgandi. Otam uydagi xachirni, qoramollarni hech qachon qamchi bilan umagan.

        — Inson o‘zini o‘zi himoya qilishi mumkin. Ammo mollar va xachirlar bunaqa qila olmaydi, — derdi otam. — Faqat yuraksiz odamgina mehnatkash xachirni kaltaklaydi.

Professor Gerbert otamni butun laboratoriya bo‘ylab aylantirib chiqdi, biz bajarayotgan turli xil tajribalar bilan tanishtirdi, jihozlarni ko‘rsatdi. Bizning boshimizda turib biroz suhbatlashishdi-da, keyin birgalikda xonadan chiqib ketishdi. Ular zalga chiqqandan keyin ovozlari balandroq kela boshladi. Biologiya darsimiz tugagach, sinfdan chiqdim. Bu so‘nggi darsimiz edi. Singan olcha daraxtining pulini to‘lash uchun supurgi bilan ikki soat maktabning atrofini supurishim kerak edi. Otam bu jazodan qutqarib qolmasmikan degan ilinjda uni qidira boshladim. U yo‘lakda turgancha o‘quvchilarning tashqariga chiqishini kuzatardi. Otam xuddi nish urib kelayotgan barglar bilan qoplangan daraxtdagi yagona sarg‘aygan bargga o‘xshardi.

Men supurgini olib ishga kirishdim. Professor Gerbert oldimga kelib «Boshqa safar qolib qilaqol, mayli. Hozir otang bilan uyingga ketaver. Tashqarida seni kutib turibdi» — dedi. Shundan so‘ng supurgini joyiga qo‘yib, kitoblarimni oldim va zinadan pastga tushdim. Otam meni ko‘rib «Sen hali ikki soat maktabni supurib chiqishing kerak emasmidi?» deb ajablandi. Men «Professor Gerbert boshqa safar tozalashim mumkinligini aytib, siz bilan uyga ketishimga ruxsat berdi» deb javob berdim.

— Yo‘q. U nima ish buyurgan bo‘lsa bajar. Gerbert yaxshi odam ekan. Maktab ham biz o‘qigan davrdan beri ancha o‘zgarib ketibdi. Men o‘lik bargman, Deyv. Men zamondan ancha ortda qolib ketgan ekanman. Agar u ruxsat bersa, men ham qo‘limga supurgi olaman, ikkalamiz bir soat ichida hamma yoqni yog‘ tushsa yalagudek qilib supurib qo‘yamiz, shunday qilib qarzingdan qutulamiz. Undan so‘rab ko‘raychi, senga yordamlashishimga ruxsat berarmikan».

— Men qarzni bekor qilaman, — dedi professor Gerbert shu mahal bizna yaqinlashib. — Shunchaki o‘g‘lingiz o‘z aybini tushunishini xohlagandim, Lyuster.

        — Buni yaxshi tushunaman, — dedi otam. — Tushunganim uchun ham u daraxtni sindirgani uchun to‘lov qilishi kerak. Men esa unga biroz ko‘maklashmoqchiman.

—Buning hech ham hojati yo‘q. Hammasini o‘zim joy-joyiga qo‘yaman.

—Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Biz adolatli va halol odamlarmiz. Bajarilmagan ish uchun mukofot ololmaymiz. Professor Gerbert, siz hozir yanglishyapsiz, men esa haqman. Shuning uchun menga quloq soling.  Bugun sizdan ko‘p narsani o‘rgandim, o‘g‘lim esa o‘rganishda davom etishi kerak. Men oilamni boqish uchun tog‘larda poda haydab yurganimda butun dunyo o‘zgarib ketibdi. Men halol odamman, bo‘ynimda qarz bilan yurishni aslo istamayman. Maktabda yaxshi bilim olmagan bo‘lsam ham yaxshi va yomonni ajrata olaman.

Professor Gerbert xayrlashib uyiga ketdi. Otam va men yana bir soat maktabda qolib binoni supurib chiqdik. Otamning supurgi ushlayotganini ko‘rib kulgim qistadi. U shu paytgacha biron marta ham qo‘liga supurgi olib ko‘rmagandi. Uyni onam supurar, otam esa dalada mehnat qilardi. Otam biroz ishlaganidan keyin oxiri chidamay «Supura olmayapman. Shuncha supursam ham izimda yana axlat qolyaptiku! Lekin qo‘limdan kelganicha harakat qilaman. Bunaqa ish mendaylarga emas shekilli. Supurgi juda yengil narsa bo‘larkan. Mayli, Deyv, qiynalib bo‘lsa ham supurib senga yordamlashaman. Bilasanmi, men bu maktab haqida yanglish fikrlagan ekanman.

— Professor Gerbert maktabga qurol olib kelib, hammaning ko‘z oldida namoyish qilganingiz uchun shikoyat qilib, suddan order olishi, hatto sizni sudsiz aybdor deb topishlari mumkin! — dedim xavotir bilan.

— Men xato ish qilmadim, — beparvo gapirdi otam. — Aksincha, to‘g‘ri ish qildim. Professor Gerbertning sudga murojaat qilish niyati yo‘q. Unga yoqib koldim, menga ham o‘qituvching ma’qul bo‘ldi. Bu yog‘ini o‘zimiz kelishvoldik. Sen bundan zig‘ircha tashvishlanma.                                                                                                            Bironta ham darsingni qoldirmay o‘qishga kelasan endi. Tog‘lar orasida yuraverib shuncha yillardan beri og‘ir mehnat qilib kelsam-da, jismonan juda kuchli odam bo‘lsam-da, dunyodan va rivojlanishdan ancha ortda qolgan ekanman, Deyv. Men kichkina odamman. Sen yaxshi o‘qib, ilm olsang, qo‘llaring menikidek qavarmaydi, qadoq bosmaydi. Egning ham bus-butun bo‘ladi, gard yuqmaydi. Qari va isqirt otangdan ming marta tozaroq yurasan. Faqat, Deyv, qarzlaringni vaqtida to‘lash va halol yashash kerakligini doimo esingda tut. Hayvonlarga ozor berma, ilonlarni bezovta qilma. Men maktabda yaxshi o‘qimaganman, lekin senda hali imkoniyat bor.

Ishimizni tugatib tashqariga chiqqanimizda endi qorong‘i tusha boshlagan ekan, to uyga yetgunimizcha osmonga oy va yulduzlar chiqib atrof zim-ziyo bo‘lib qoldi. Yer ham yaxlab qolgandi. Otam yo‘lda asta yurib kelganligi uchun uni tashlab kechagidek chopib keta olmadim. Fermadagi qolib ketgan ishlarimizni tugatgunimizcha soat o‘nga yaqinlashdi. Kechki ovqat uchun dasturxon atrofida yig‘ilganimizda otam onamga uni ham vaqt topib mikrobni ko‘rsatishga olib borishini aytib, maktabimiz va o‘qituvchimiz Gerbert haqida, o‘zi o‘kigan davrdan beri maktabda yuz bergan o‘zgarishlar gapirib berdi. Onam ham umrida biron marta mikroblarni ko‘rmagan ekan.

Sojida Samandarova tarjimasi

1 ta izoh

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting