“ANNA KARENINA”ni o‘qigan qizga uylanaman!

    0
    248
    ko'rishlar soni

    — Bas, qil!— dedi Mardon mushtini kaftiga urib.— Ertaging ja cho‘zilib ketdi-ku, odamni ezvording. “Anna Karenina” ni o‘qigan qizga uylanarmishlar?! Voy, o‘lib qolaman. Oldin aft-angoringga bir qara, kimsan o‘zi? Cho‘ntagida bir tiyini yo‘q omadsiz bir shoirbachcha bo‘lsang! Senga kimam tegaman deb ko‘zi uchib turibdi?!
    — Yo‘q, gapimni oxirigacha eshit.— dedim og‘aynimning jo‘rttalaki jahliga e’tibor qilmay.— Gapim, jiddiy, rostdan ham “Anna Karenina” ni o‘qigan qizga uylanaman! Men bu gapni baxtli oila qurmoqchi bo‘lganlar — uylanish arafasida turgan bo‘ydoqlar tilidan, chimildiqda va chimildiqdan keyingi hayotida ham orzusidagi go‘zalni topolmagan bag‘riqonlar, sharbat deb o‘ylagani sho‘rsuv chiqib yuragi muzga aylangan, nur deb talpingani sarob chiqib bir martasiga yuragi kuygan bevalar dilidan gapirmoqchiman. Ular ham fikrimga qo‘shiladi.
    — Qanchadan-qancha oilalar bor: nainki, “Anna Karenina” romanini, hatto, kitob nimaligini bilmaydi. Lekin o‘shalar sendan, mendan ko‘ra baxtliroq yashaydi.
    — Senga shunday ko‘rinishi mumkin. Aslida ularning ildiziga ko‘z tashlasang, tayanchi mo‘rtligini, xalqob-xalqob ko‘z yoshni, hech qayerda yozilmagan, hech yerda gapirilmagan manqurtlikni, ha, manqurtlikni ko‘rasan. Men bularni gapirib birov bilan bahslashgim, ayniqsa, senga o‘xshaganlar bilan tortishgim yo‘q. Chunki bu yerda mutlaq g‘olibman. Men shunchaki, ko‘nglimdagi gapni aytmoqchiman. Hammaning fikri o‘ziga to‘g‘ri. Shu yigirma besh yoshimgacha ko‘p qizlar bilan gaplashdim, ko‘pi bilan tanishdim. Ularning hammasi o‘zini tilla deb o‘ylaydi. Har qanday yigitni faqat mengina baxtli qilolaman, qolgan bari yolg‘on, soxta baxtiborlik, degan fikrda.
    Lekin erni tushunish, uning hislarini to‘la anglay olish, uning ruhiyatiga kirish haqida hech vaqoni bilishmaydi. “Anna Karenina” da Lev Tolstoy inson ruhiyatini, ruhiy holatlarini, undagi kechinmalar, ziddiyatlarni shunchalik ustomonlik bilan tasvirlaydi-ki, shu paytgacha hech bir yozuvchi bu ishni eplay olgan emas! Eplayolmasa ham kerak!
    — Agar, deylik, sen yoqtirgan qiz o‘sha kitobni o‘qimagan bo‘lsa, sen uni yaxshi ko‘rsang, unga uylanayotgan bo‘lsang… Tasavvur, qil: ertaga to‘ying.
    — E, kallang joyidami? “Anna Karenina” ni o‘qiganmisan, o‘qimaganmisan deb so‘raganimdan keyin uni yaxshi ko‘rib qolishim mumkin. Agar sen o‘ylaganchalik bo‘lgan taqdirda ham, o‘sha qizga “Anna Karenina” kitobini sovg‘a qilib, shu kitobni o‘qib tugatganingizdan keyin to‘yimiz bo‘ladi, deyman.
    — Nima uchrashuvga chiqqan qizingdan shunday deb so‘raysanmi?!
    — Bo‘lmasamchi…
    — Unaqada, bir umr bo‘ydoq o‘tib ketasan. G‘alatisan-ey…
    — Balki men “ikkinchi yarmimga” katta talab qo‘ygandirman. Lekin xotining seni tushunsin, uni qo‘rqitib olib o‘tirmasang, seni jonidan ortiq ko‘rib hurmatingni joyiga qo‘ysin, deyman… Agar u seni tushunmasa, aniq aytaman, hayoting qorong‘ilikda o‘tadi. Bu haqda romanda shunday satrlar bor: “agar u meni sevmasa-yu erlik burchini bajo keltirish uchun mehribonlik qilsa, ardoqlasa, men xohlagan narsa bo‘lmasa, bu qahru g‘azabdan ming chandon battar-ku! Bu
    do‘zax!” Mana bu fikrlardan o‘zing xulosa chiqarib olaver.
    — Nima, shu kitobni o‘qimasa, seni hech kim tushunmaydimi?
    — Men ko‘ngil deb yashaydiganlardan biriman. Men shu hurmatsizlikdan, dildagi hislarga nisbatan qilingan hurmatsizlikdan qo‘rqaman. Garchi, dindor bo‘lmasam ham, dasturxon boshidan qo‘zg‘alayotganimda faqat bir narsani so‘rab duo qilaman: “menga ko‘ngli toza turmush o‘rtoqni yo‘ldosh qil, ijodimni, ishimni o‘zim eplayman”! Bu kitob ko‘ngilni anglashda eng birinchi qo‘llanma. “Anna Karenina” ni o‘qiganlarning qarashlari boshqacha: dilingni xira qilmaydigan muloyim bo‘ladi. Romandagi er-xotin munosabatlaridan bir manzarani keltirmoqchiman.
    Konstantin Levin va Katerina yangi turmush qurishgan, ularnikiga shahardan mehmonlar keladi. Mehmonlar orasidagi bir ovchi yigitning homilador Kiti bilan qilgan hazil-huzulini yangi
    kuyov boshqacha tushunib, rafiqasini rashk qiladi. Bu unga og‘ir botadi. Chidolmaydi. Jahl qiladi. Bundan ham ko‘ngli taskin topmagach, u ovchi yigitni uydan quvib yuboradi. Keyin xotiniga
    ko‘nglidagi hislarni gapirib beradi. Ana o‘shanda kuyov o‘zini haqoratlangandek sezadi.
    Haqiqiy er-yigitning ko‘nglidagi gaplarni topib aytish mana shu yerda yaqqol ko‘rinadi. Keyin o‘sha kelinchak o‘g‘illi bo‘lganda, o‘g‘lini emizayotganda erining siyrati va suratini ko‘z oldiga keltirib shunday deydi: “ha, sen ham otangdan ibrat olgin! Faqat otangga o‘xshagan odam bo‘lgin”. Bu gap har qanday ota uchun qanday faxr?! Mana shu joyini qayta-qayta o‘qib to‘yib-to‘yib yig‘laganman.
    Tushunishimcha, oiladagi kelishmovchilik er va xotin bir-birlarining fikrlarini tushunmaslikdan, boshqacha qilib aytganda, bir-birining hislarini hurmat qilmaslikdan kelib
    chiqadi. Bu roman esa qizlarga yigitning ko‘nglidagi, yigitlarga qizning dilidagi gaplarni topib aytadi. Men ko‘p kitob o‘qiganlar, ayniqsa, “Anna Karenina” ni o‘qigan yigitlar tilidan
    gapirmoqchiman: “Men-ku, ularning istagini, intilishlarini seza olarman. Lekin ularchi?! Agar seza olishmasa, o‘sha yerdan do‘zax degan joy boshlanadi. Bu sening do‘zaxing bo‘ladi. Dardingni birov eshitmaydi”. Yana bir gap: bu gapni hech kimga aytmaysan! Romanda ko‘z ilg‘amas, bir xatolik bor. Bu jun ro‘mol bilan bog‘liq. Konstantin Levin xizmatkoridan olgan o‘sha jun ro‘mol qayoqqadir izsiz yo‘qolgan. Mayli, buni keyinroq gapirib beraman… Buyog‘ini eshit: romanimiz bosh qahramoni Anna Karenina ikki o‘t orasida kuyib ado bo‘ladi. Uning fikrlari ham tahsinga loyiq. U ko‘chada ketayotib shunday deb o‘ylaydi: “Bu odam meni taniyman deb o‘yladi. Lekin u ham dunyoda meni taniydigan har qanday odamdan kam taniydi. Men o‘zim ham o‘zimni taniyolmayman, bilmayman”. Bu fikrlarni bekorga keltirmadim. Gapim shunchaki safsata emasligini endi tushungandirsan?!
    — Ha, balki butun shahar bo‘ylab “Anna Karenina” ni o‘qigan qizga uylanaman deb e’lonnoma tarqatib chiqarsan!?
    — Nima qipti, arzimaptimi?! Gapimning oxirida “Anna Karenina”ga bitta qo‘shimcha qilmoqchiman. Romanda shirinlik haqida ham gap boradi: “hammamizning ham ko‘nglimiz shirin
    narsani tusaydi. Konfet bo‘lmasa, (ya’ni topolmasak) bemaza, iflos muzqaymoqni totib ko‘ramiz”.
    Men konfet topolmaganidan totsiz muzqaymoq yegan odamning ahvoliga tushmoqchi emasman. Bu dunyoga bir marta kelamiz, xotin olishda konfet topolmagan, lekin albatta eng shirin shokoladni
    topib yegan odamning izidan boraman! Lev Nikolayevich Tolstoy bu fikrni ham aytib o‘tib ketgan bo‘lardi, agar uning zamonida ham shokolad hozirgi kungidek keng tarqalganda!!!
    Biz dasturxonga omin qilib o‘rnimizdan turdik. Choyxonadan ishxonamizgacha ancha yo‘l, ikki hamkasb tengdosh jimgina ketib borardik.

    O‘zbektosh Qilich

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting