«Jahon madaniyati musiqa sa’nati tarixida juda ko‘p ulug‘ baxshilar, shoirlar o‘tgan. Lekin butun umr – muttasil bir xalqning achchiq taqdirini, quvonchu alamini Dadaxon Hasanchalik kuylagan shoir – hofiz yo‘qdir dunyoda», – degan edi xalq shoiri Rauf Parfi. Darhaqiqat, Dadaxon Hasanov so‘zga ipak kiydirdi, ajoyib qo‘shiqlar yaratdi. San’atkor yaratgan o‘nlab qo‘shiqlar ko‘p asrlik musiqiy merosimiz xazanisidan munosib joy oldi.
Dadaxon Hasan 1993 yilda Ahmad Yassaviy nomli xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgan. U yaratgan she’r va qo‘shiqlar XX asrning, Turkiston xalqining ovoziga, dardiga aylandi. Hofizning o‘ziga xos adabiy merosi mavjud. Aslida, mingdan ortiq she’rlari «Shaydo ko‘nglim», «Shohimardon soylari», «Chamanimdan ayirma», «Bahor kelar bog‘larga» kitoblarida jamlangan.
Sizga yod bo‘lib ketgan, deyarli har kuni xirgoyi qiladigan qo‘shiqlaringiz ko‘pi aslida Dadaxon Hasan yaratgan ashulalar ekanini bilmasligingiz ham mumkin ehtimol. Yoshu keksa san’atkorlar birdek ijro etadigan «Mehmoning bo‘lay», «Laylo», «Andijon tomonlarda», «Lablaring», «Oq qayin», «Mening otamni ko‘rmadingizmi», «Yordan shikoyat aylamang», «Humor ko‘zlar», «Meni sevgan yorimning oy jamoli bor» kabi o‘nlab qo‘shiqlarning ilk ijrochisi Dadaxon Hasanov bo‘ladi.
Keling, yaxshisi hammasini hofizning o‘zidan eshitaylik.
San’atga ilk qadam yoxud yo‘qotilgan bolalik
— Tug‘ilganim to‘g‘risidagi guvohnomada yozilishicha, men 1940 yil 15 mart kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi Arabtepa qishlog‘ida tug‘ilgan ekanman. Oradan o‘n to‘rt oy o‘tgach urush boshlangan. Dadam Shokirjon Hasanov qariyb qirq yoshga yaqinlashganiga qaramasdan 1942 yil may oyida urushga olib ketilgan va… 1943 yil 15 mart kuni Rusiyaning Velikiy Novgorod viloyati Zaluchi tumanidagi Shotova qishlog‘ida, fashist bosqinchilariga qarshi janglarda halok bo‘lgan.
Onamga «Otam qani?», deb ko‘p xarxasha qilaverganim uchun, «Dadangni urushga raykom Shodiyev jo‘natib yuborgan», deb javob berganlari esimda. O‘sha-o‘sha raykomning «Villis» mashinasi ko‘chamizdan o‘tganida unga qarata tosh otadigan bo‘lganman.
Urush yillarida och-nochor, g‘arib bir ahvolda kun kechirganimiz hanuz esimda. 1947 yil qishida men, yetti yashar bola kolxoz dalasida ko‘sak terar edim. Kun bo‘yi tergan ko‘sagim puliga o‘sha kuni kechroq tuman markaziga borib bir dona qora bo‘lka non olib kelardim va muzlab qolgan qora nonni sandalga qo‘yib isitib, tanovul qilardik. Men o‘sha qora buxanka nonni olib kelgunimcha uyimdagilar och-nochor, tuz totmay kutib o‘tirishardi. Jo‘xori unining xamiri yoyilmas, uni dumaloq holida tandirga yopardik. 1950 yillarga qadar umuman bug‘doy non bo‘lmagan, faqat makka unidan qilingan non va muzlagan bo‘lka yeganmiz… Qishlog‘imizdagi o‘rta maktabni 1959 yil bitirib, poytaxtga universitetga o‘qishga topshirdim. Ammo o‘zbek tili va adabiyoti fanidan inshoni to‘g‘ri yoza bilmaganim bois hujjatlarimni qaytarib oldim. O‘shanda adabiyotdan inshoni keyinchalik shoir bo‘lib tanilgan Omon Muxtor bilan bir partada o‘tirib yozgan edim. Kelgusi yil ham yuqoridagi noxush holat takrorlandi. Bu safar men birinchi kirish imtihoni bo‘lgan adabiyotdan inshoni Egamnazar Xudaynazar ismli yigit bilan bir partada o‘tirib yozganman. O‘sha kuni bizdan Saida opa Narzullayeva imtihon olgan edi. Opa oldimda o‘tirib, mening yonimdagi Egamnazar inshosini o‘qituvchilarga eng yaxshi yozilgan, deb maqtagani esimda. Yana «yiqilganimdan» so‘ng men ham shunday insho yozaman, deya ahd qildim. 1961 yilda qattiq tayyorgarlik ko‘rganim evaziga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyat bilan o‘tib attestatsiya ko‘rigida dekanimiz Laziz Qayumovning tavsiyasi bilan jurnalistika fakultetining kunduzgi bo‘limida o‘qish sharafiga muyassar bo‘ldim. Talabalik davrimda Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Erkin Vohidov, Abdulla Orif va Rauf Parfilarni tanidim. Shoir do‘stlarimning o‘zimga yoqqan she’rlarini qo‘shiq qilib kuylay boshladim. Abdulla Oripovning «To‘lg‘anib gul ochilur bog‘larni gulzor etgali», Rauf Parfining «Laylo» she’rini qo‘shiq qildim.
Poyezdni to‘xtatgan «Laylo»
Bir kuni vokzalda bir muxlisim kelib, «Aka, «Laylo» qo‘shig‘ingizni bir marta jonli aytib bering. Bir maza qilib eshitaylik», – deb iltimos qilib turib oldi. Endi-endi tanilayotgan san’atkor uchun muxlisning iltimosi katta gap, shu bois men ham torni oldimda, baland ovozda qo‘shiqni boshladim. Ayni o‘sha payt poyezd kelib qolsa deng. Bir payt poyezddagi yo‘lovchilarning hammasi tushib, qo‘shiqni maroq bilan tinglay boshlashdi. «Ayting, ayting…» deyishardi. Poyezd ketishi kerak, lekin yo‘lovchilar yo‘q, hammasi pastda! Hatto mashinistlar ham shu yerda qo‘shiq tinglashardi. «Laylo»ni o‘sha yerda kamida o‘n marta ayttirishgan. Poyezd esa 30-40 daqiqa to‘xtab turgan… Mana shu «Laylo» qo‘shig‘i 30 yilga yaqin radio-televideniyedan tushmadi.
Shu kabi qiziq voqealar ko‘p. Bir kuni navoiylik muxlisim xat yozibdi. Mana o‘sha xat: «Safar Kenja degan tog‘amiz bor. U kishining ayollari, ya’ni rahmatli yangamiz Dadaxon Hasanning mahorat bilan ijro etgan «Mening otamni ko‘rmadingizmi?» qo‘shig‘ini eshitsa yum-yum yig‘lardi. O‘zlari qo‘shni qishloqda turishsa ham ataylab shu qo‘shiq yozilgan plastinkani eshitgani biznikiga kelardi. Qo‘shiq yangrashi bilan piqillab yig‘lashga tushar edi. Yangamning ham otalari urushga ketib qaytmagan ekan. Shu qo‘shiq bahona bedarak ketgan otasini xotirlab, yuragini bo‘shatib olar ekan. Xonandani g‘oyibona duo qilib, bir kuni otasining ana shu qo‘shiq tufayli qaytib kelishiga ishonib yashadi, bechora yangam…» Menda dastlab she’riyatga mehr uyg‘ongan. Elliginchi yillar oxiri edi. Bir kuni tasodifan qo‘limga o‘zbek adabiyoti xrestomatiyasi tushib qoldi. Unda Alisher Navoiy, Atoyi, Sakkokiy, Boborahim Mashrab kabi shoirlar ijodidan namunalar berilgan. Dastlab shu kitobni o‘qib adabiyotga, she’riyatga ishqim tushdi. Shundan so‘ng Sa’diy Sheroziy, Rudakiy asarlarini o‘qidim. Buni qarangki ulardan ilhomlanib o‘zim ham she’r yoza boshladim. Birinchi she’rimni 1959 yilda yozganman. Bu she’r «Onamga» deb nomlanib, o‘sha paytda tuman gazetasida bosilib chiqdi. Oradan to‘rt yil o‘tib, markaziy nashrlardan biri «Sevgilim» degan mashqimni e’lon qildi. Bu she’r qanday yozilgan bo‘lsa, shunday bosilgan, biror joyiga qalam tekkizilmagan.
Talabalik davrim mening…
Shunday qilib, 1961-1966 yillarda Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil oldim. Biz o‘qiyotgan paytga kelib, filologiya fakultetidan jurnalistika ajralib chiqqan edi va biz shu yangi fakultetga o‘tkazildik.
Universitet men uchun haqiqiy hayot maktabi bo‘ldi. Bu yerda go‘yoki qayta tug‘ilgandek edim. Katta-katta yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar bo‘lardi, gazeta va jurnallar tahririyatiga borardik. Bu jarayonda adabiyot, badiiyat dunyosiga qanday kirib qolganingni o‘zing ham bilmay qolar ekansan kishi. Men o‘sha paytda O‘zbekistonda taniqli bo‘lgan Abdulla Oripov, Rauf Parfi kabi shoirlar bilan birga o‘qiganman. Safar Barnoyev, Omon Muxtor, Shukur Xolmirzayev kabi yozuvchilar bilan bir paytda tahsil olganmiz. Yodimda, o‘sha yillarda Shukur Xolmirzayevning «Oq otli» qissasi e’lon qilingan va ancha mashhur bo‘lib ketgan edi.
Erkin Vohidovning «Oq yo‘l»i
O‘qishga kiraman deb kelib, kirolmay yurgan kezlarimda Oltiariqdagi Hamdam Yusupov degan shifokor akamiz «Erkin aka Vohidov bizning qarindosh bo‘ladi. Shu kishining uyiga boring», – deb Erkin akaning uy manzilini beruvdi. «Qaydasan, Toshkent», deya Erkin Vohidovni izlab, uylariga borganman. Xuddi eski tanishlardek yaxshi kutib olgandilar. Arzimni aytganman. Shundan keyin Erkin aka menga ko‘p yordam bergan. O‘qishga kirishimda ham qo‘llab yuborganlar. She’rlarimni bir necha bor ko‘rib, o‘sha vaqtdagi «Yosh leninchi» gazetasida menga oq yo‘l tilaganlar. 1969 yilda «Shaydo ko‘nglim» she’riy to‘plamim chiqqan. Gapning indallosini aytganda Erkin Vohidov oq fotihasini olgan, Rauf Parfi va Abdulla Oripov bilan do‘stlashgan Dadaxon Hasan shoir bo‘lmasligi sira ham mumkin emas edi-da! (kulib)
«Qo‘shiq kuylagan kishi hech qachon qarimaydi»
Yolg‘izlik bir jihatdan erkinligi bilan maroqli, ya’ni o‘zing o‘zingga bek, o‘zing o‘zingga xon. Istaganingcha xayol surasan dunyoning narisidan kirib, berisidan chiqasan. Lekin yomon tomoni ham bor. Tanholikda odam qo‘rqib, ich-ichidan cho‘chishi mumkin. Asabiylashsam qo‘shiq aytaman va shu orqali dardlarimni yozaman. Ba’zan qo‘shiqlarimni eshitganlar rahmatlar aytishadi. Menga shuning o‘zi kifoya. Goho muxlislarim telefon qilishib «Qo‘shiq aytishni to‘xtatmang!» deyishadi, yangi albomlar so‘rashadi. Qaridim, desam ko‘nglimni ko‘tarib, «Qo‘shiq kuylagan kishi hech qachon qarimaydi», deyishadi. Shu gapga ishongim keladi.
Meni yaxshi ko‘ruvchi muxlislarimni ulardan ko‘proq men yaxshi ko‘raman. Xalqimni yaxshi ko‘raman. Kamtarona san’atimni e’tirof qilib, ovozimni xushlagan bo‘lsalar, mendan baxtli odam yo‘q. Shu kungacha meni qo‘llab turgan xalqimning, muxlislarimning boriga shukr.
Azizbek ABDUMALIK yozib oldi.
Laylo
Balki o‘chgan edim yodingdan,
Shirin xayolingni buzdimmi?
Laylo, Laylo, sening yoningda
Yaproq kabi ko‘rdim o‘zimni,
Shirin xayolingni buzdimmi?
Seni o‘ylab kelmaydir uyqu —
Qora tunning o‘zga sehri bor.
Tushlarimda topay deb gulro‘
Man uxlarman mangu ehtimol.
Go‘zal tushlar tilayman, Laylo…
Yana paydo bo‘lding yo‘limda,
Yana yo‘llaringda bo‘zladim.
Bechora qalb sening qo‘lingda,
Ko‘zlaringda mening ko‘zlarim.
Nechun paydo bo‘lding yo‘limda?..
Rauf Parfi