«Xo‘p-xo‘pnoma» devonidan she’rlar

0
175
ko'rishlar soni

Muallif: Mirzo Aliakbar SOBIR.

Jadidlar – o‘z xalqlari uchun dunyo xalqlariga integratsiyalashish barobarida milliylikni saqlab qolish, jahon xalqlari kabi taraqqiyotga erishish, bedanani sayratib, choyxonada osh yeb o‘tirish barobarida kosmosga uchayotgan xalqlardan ham ilm o‘rganish, milliy qobiqda qolib ketmaslik, diniy va dunyoviylikni yaxlit anglash tarafdori sifatida o‘z zamonlarida ham, olamdan o‘tib ketganlaridan so‘ng ham, xususan O‘zbekistonda ham mustaqillikning 27 yili mobaynida ta’qibda bo‘ldilar. Mutaassiblar dunyoviy bilim istaganlari uchun kofirga chiqardilar, dunyoviylik tarafdorlari taqvolari uchun fanatizmda aybladilar, kosmopolitlar ularni millatchiga chiqardi, millatchilar esa bu millatparvarlarni millat taraqqiysi uchun dunyo bilan hamkorlik qilish talablari tufayli sotqinlikda aybladilar, “bosmachi” ham, “panturkist” ham, “vatan xoini” ham shular bo‘ldilar, otildilar, osildilar, unutildilar va yana bugunning jadidlari ham bosim ostidalar. Holbuki, ular Turkiston, Kavkaz, Qrim, Oltoy, Tuva, Bulg‘oriston, Majoristongacha bir-birlarini tanirdilar, bir-birlariga madadkor edilar. O‘zbek qo‘rboshilari va jadidlarini yoritishni rahmatli Begali Qosimov izdoshlariga, xususan birodarimiz Qahramon Rajabovga ishonaman. Jarayondan chetda qolmaslik va millat oldidagi qarzdorlik hissi bilan Ozarboyjon jadidlaridan Mirzo Aliakbar Sobirning ikki tomlik hajviy devonini o‘zbekchaga o‘girishni boshladim.

Mirzo Aliakbar Sobir Ozarboyjonning ming yillik adabiyot tarixi dolg‘ali osmonini bezagan, abadiy nur sochadigan noyob yulduzdir. Uning “Hophopnama”si boshidan oxirigacha zulmga, adolatsizlikka e’tiroz, inson haqlariga va shaxsiyatiga qarshi qilinadigan har qanday tajovuzga isyon va faryodnomadir. Bizning boshimizga “Xo‘p!” deb har bosqinchi va har mansabdorga egilaverishimiz yetishini anglagan shoir “Xo‘p-Xo‘pnoma” satirik she’rlari va marshlarini yozgan. U johil va zolimni chetdan qoralamaydi, ko‘pincha ilmsiz, dangasa, molparastning o‘z tilidan yozadi.

Fitratiga ko‘ra millat va xalq shoiri bo‘lgan Sobir elning ijtimoiy va ruhiy dardlarini eng yuksak darajadagi daqiqlik va qalb ingrog‘i bilan sezgan, faryodida kulgan va kulgusida faryod qilgan san’atkordir. Qudratli so‘z egasi bo‘lgan shoir o‘z o‘quvchisini ham bu darlarning oloviga duchor qiladi va uni ham o‘zi singari olovlantiradi.

Sobirning kulguni bu qadar dardga qorishtirgan, yuraklarni larzaga solgan she’riyati bugun ham dolzarbdir.

Karim BAHRIYEV,

21 mart, 2021 yil

MILLAT QANCHA TOR-MOR BO‘LSIN, NE ISHIM BOR?!

Millat qancha talosh bo‘lsin, ne ishim bor?!

Dushmanlarga muhtoj bo‘lsin, ne ishim bor?!

Qo‘y, men to‘q bo‘lay, o‘zgalar-la ishim yo‘qdir,

Dunyo-yu jahon och bo‘lsin, ne ishim bor?!

Sas berma, yotganlar bidatda, qo‘y yana yotsin,

Yotganiga rozi bo‘lmasa, kimsa uyg‘otsin,

Bitta-bitta botsa-da, haq dodimga yetsin,

Man omon bo‘lay, jumla jahon botsa-da botsin;

Millat qancha tor-mor bo‘lsin, ne ishim bor?!

Dushmanlarga muhtoj bo‘lsin, ne ishim bor?!

Solma yodimga suhbati tarixi jahonni,

Ayyomi salafdin dema so‘z bir-da falonni,

Bor bo‘lsa, keltir, olayin do‘lmani, nonni,

Istiqbolni ko‘rmoq ne kerak, umr, axir, foniy;

Millat qancha tor-mor bo‘lsin, ne ishim bor?!

Dushmanlarga muhtoj bo‘lsin, ne ishim bor?!

Vatanu avlodni qo‘y  holiga, ovora to‘lg‘onsin,

Chirkin razolatda qo‘li, boshi bulg‘onsin,

Til avrat bo‘lsa, badtar bo‘lsin, o‘tda yonsin,

Faqat mening ovoza-yu shonim yuksalsin;

Millat qancha tor-mor bo‘lsin, ne ishim bor?!

Dushmanlarga muhtoj bo‘lsin, ne ishim bor?!

Har millat etar dunyo sahnida taraqqiy,

Aylar har bir manzilu ma’voda taraqqiy,

Yurgan-yotganimda tushar yodga taraqqiy,

Biz ham etaylik olami ro‘yoda taraqqiy;

Millat qancha tor-mor bo‘lsin, ne ishim bor?!

Dushmanlarga muhtoj bo‘lsin, ne ishim bor?!

1906

BIR MAJLISDA O‘N IKKI KISHINING SUHBATI

V a k i l

Haqsizga haqlisan deb, ko‘p gunohga botganman.

H a k i m

Dardga tashhis qo‘ymasdan, xesh-aqraboni yig‘latganman.

T o j i r

Men halolu haromni bilmasdan ishlatganman.

R o v z a x o n

Ummatning pulin olib, ko‘zini yoshlatganman.

D a r v i sh

Qayda bo‘lsam “suf-suf”lab, yolg‘on so‘zlar sotganman.

S o‘ f i

Tunu-kun haq-haq deb, hammani o‘ynatganman.

M u l l a

Har kun bir fatvo berib, maxluqni aldaganman.

O l i m

Qat’iy umid etganman, qavmim dardin otganman.

J o h i l

Doimo kayf ustida – men ham maromga yetganman.

Sh o i r

Bulbul, ishqu gul debon yolg‘on satrlarni bitganman.

A v o m

Yig‘lamayman, garchand jaholat ostida yerga botganman.

G a z ye t a ch i

Men gazetam to‘ldiray deb, matlabimni unutganman.

1906

BILMAM NE KO‘RIBDUR BIZNING O‘G‘LON O‘QIMOQDAN?!

Bilmam ne ko‘ribdur bizning o‘g‘lon o‘qimoqdan?!

Ding bo‘ldi qulog‘im!

Jurnal, gazeta, har neni hayron o‘qimoqdan

Qiynaldi ushog‘im!

Aqlini ishlatmoq bas ki, boqsin bir olamga,

Yo rab, ne hamoqat!

So‘z etmas asar, chora qoldi faqat duodan,

Tadbir ayla, o‘rgat!

La’nat senga, ey iblis, seningdir bu jaholat,

Etding  ne xiyonat!

Sendan tarqalibdir bizning uyda bid’at,

Ey moyai hiylat!

Tutsin, ko‘rayin, ko‘zlaringning oqu qarosin,

Ey hamsari badxoh!

Suvda cho‘kmas, o‘tda yonmas balosan,

Yoqsin seni Alloh!

Bu bola o‘qitmoqqa etding meni targ‘ib,

Xo‘p aylading ig‘vo.

Endi nedir fikring? Ishimiz bo‘ldi bu tartib,

Yo‘q chorasi aslo.

Hayhot ki, tadbir shu bo‘ldi holi xarobga,

Zoil bo‘ldi aqli.

Darsga, gazetga, maktabga, jurnalga, kitobga

Moyil bo‘ldi aqli.

Yiqding o‘yimni, aylading avlodimni zoye,

Ish o‘tdi mahaldan.

Men anglamadim ilm nadir yoki sanoye,

Kechdim bu amaldan!

Istadimki u ham men kabi bir hurmatga yetsin,

Dunyoga2 belansin;

To qo‘l kuchiga molik bo‘lib shuhratga yetsin,

Ozodga3 aylansin;

Bir vaqtidir bugun, bo‘lsin Rustami davron,

Bir ot qozonsin;

G‘oratlar etib toki topsin saru somon,

Bir neni-da topsin.

Puch  aylading, iblis, bu go‘zal, sodda javonni!

Tilbilmas o‘g‘il, voy!

Rangi sarg‘aydi, qolmadi aslo yarim joni,

Bir kulmas o‘g‘il, voy!

Oh, noqobil o‘g‘lim, ne og‘ir4 mashqqa tushibsan,

Koshki, kechsayding!

Foydasi yo‘q, olma talab ishqqa tushibsan,

Bu g‘amni ichsayding!

Ey, ikki ko‘zim nuri, o‘qimoqdan hazar etgin,

Solih valad bo‘l, kel!

Ot uni, hunar o‘rgan, sen meni baxtiyor etgin,

Ishda po‘lot bo‘l, kel!

Basdir, o‘qiding, oz qoldiki joning ado bo‘ldi,

Bu ishdan qo‘l tort!

Yozmoq, o‘qimoq boshingga badtar balo bo‘ldi,

Yozishdan qo‘l tort!

Ming ilm o‘qirsan, so‘z bilarsan – hurmating bo‘lmas

Bu dorul jahonda;

So‘z bahrida gavhar bo‘larsan – kimmating bo‘lmas

Bul xasta zamonda.

Yo‘q, yo‘q, boqdim fikringga, sendan o‘g‘il chiqmas,

Joyingmi jahannam!

Milt-milt o‘qimoqdan, inson, bir tanga pul chiqmas!

Ming‘irla damodam,

Ilm olgin har dam,

Bo‘l qissaga hamdam;

Umring bo‘ladir kam,

Dushman senga olam!..

1906

UL KUNKI, SENGA XOLIQ ETAR LUTF BIR AVLOD

Ul kunki, senga xoliq etar lutf bir avlod,

Bo‘lsin yuraging shod!

Folbinga olib borki uni, aylasin imdod,

Ko‘z tegmasin, hayhot;

Sog‘dan so‘lga, so‘ldan sog‘ga sol bo‘yniga xantal,

Qo‘y shinni maattal;

Isiriq tutatib ming bor ayla muqaffal,

Qizdir uni ol-ol;

Gar tegsa sovuq, isitmada bo‘lsa-da bemor,

Dorisiga o‘tu o‘lan bor;

Ko‘rsatma tabibga u jigargo‘shangni zinhor,

Ketsin u murdor;

Yig‘lasa go‘dak dardiga axtarma davosin,

Chaqirgin onasin;

Qo‘qitsin u ham qarg‘ab bola-chaqasin,

Bo‘g‘sin sadosin;

O‘rgat unga, albatta, o‘zing bir necha mavhum,

Maxdud ila ma’sum;

Shu holda yashab o‘tar dunyoda u mazlum,

Har holati mazmum;

Bir-bir til ochganda unga ta’lim ayla ravon,

Hech bo‘lma pushaymon;

Bildir unga ming turli qabhatlarni har on,

Olsin shunday unvon;

O‘n yoshga yetguncha o‘g‘loning aylama g‘aflat,

Yo‘lla necha bid’at;

To o‘n beshga etguncha topar ishda mahorat,

Ham aylayur odat;

Yuborma uni maktabga, qotirmagil boshin,

Oqizma ko‘z yoshin;

Pandu nasihat birlar kasb etar maoshin1,

Saqlar o‘zi boshin;

Rohat neligin o‘rgat, u qilsin-da maishat,

Kazzoblikni o‘rgat;

Vatan avlodini qo‘ygil, ovora to‘lg‘onsin,

Chirkin safolat-la, mudom boshi bulg‘onsin,

Millat qancha tor-mor bo‘lsin, ne ishim bor?!

Dushmanlarga muhtoj bo‘lsin, ne ishim bor?!

Ul kunki, senga xoliq etar lutf bir avlod,

Bo‘lsin yuraging shod!

Isiriq tutatib ming bor ayla muqaffal,

Qizdir uni ol-ol;

Sen unga qimor o‘rgat, qatl etmoqqa qarat,

Xushdir bundoq san’at;

Mol-dunyo sevib aylasin har kun seni xursand,

Sog‘ bo‘l, aziz farzand!

Uyda topilur endi, axir, choy, palov, qand,

Kimdir senga monand?

Nogoh  hibsga olinsa, tutsa seni vahshat,

Qoziga ber pora-yu rishvat;

Sot bor-yo‘g‘ingni, pullaringni olsin advokat,

Bechora oqibat;

Oxirda qolursan hasratda,tansiq jamoli,

Cho‘ntak ham puldan xoli;

Qoldingda o‘g‘ilsiz, endi bir boshla savolni,

Nasihat senga havola;

Top rizqning halolin,

Ey, boshi baloli,

Yig‘ kechmishni, qolni,

Mahol o‘qimoqdan

Topmoq bu jalolni!..2

1906

XASISNING HAYFI – VORISINING KAYFI

Ey pul! Ey dilning zavqi, tanning ruhi, quvvati jon!

Mening va ummatning qoni, senga jonim qurbon!

Olam ahli tinimsiz axtarar, ey jon, seni,

Bir yo‘lin topib, aylar dardiga darmon seni,

Biri pora qilib, aylar moyai ehson seni.

Qadringni bilmas etar millatga qurbon seni;

Oshiqman senga, pul, shundoq bo‘larsan munisi jon,

Mening va ummatning qoni, senga jonim qurbon!

Moyilman, barcha bilar, davlatu puldoringga men

Ki, boqdim subhu shom shavq ila diydoringga men,

Dinimni, mazhabimni sarf etdim uzoringga men,

To‘ymasman to‘lsa jahon, dirhamu dinoringga men,

Mustahaqlar turar sandig‘iga yaksar nigoron,

Mening va ummatning qoni, senga jonim qurbon!

Istarman – seni har kunda ziyorat aylasam,

Aqcham, amring vojib, shundoq senga toat aylasam,

Nozingga chidarman, taqsiringga xizmat aylasam,

Sho‘r tuzu nonu patir bilan qanoat aylasam,

Boshimga go‘yo tosh tushar, agar cho‘ntakka bo‘lsa ziyon,

Mening va ummatning qoni, senga jonim qurbon!

Saqlarman jon kabi, ey sevgili sarmoya, seni,

Sarf etmasman abas masjidu mulloga seni,

Qarz ola bilmas kimsa bir-ikki oyga seni,

Bermasman och-yalang‘och ahli tamannoga meni,

Ko‘ra bilmas yuzingni aslo, gar qussa ham qon,

Mening va ummatning qoni, senga jonim qurbon!

Pul, topmay bir kunim o‘tsa, ming afg‘on aylarman,

Sendan boshqa butun avlodimni giryon aylarman,

G‘ayratu sha’nimni hifzingda nigohbon aylarman,

Pul, bir kun jonimni senga qurbon aylarman,

Shod bo‘lur vorisim, ammo ketarman nigoron,

Mening va ummatning qoni, senga jonim qurbon!

Oh, yuz oh, ketar ruhu ravonim ko‘kka,

Mullolar hozir bo‘lar dafnimni qilmakka,

Pulimni vorislarga aylarlar sadaqa,

Eshitgan bo‘lsa, ko‘rar kim, chiqar ohim falakka,

Boqarman qabrimga hasrat-la, alm-la, voy-omon!

Mening va ummatning qoni, senga jonim qurbon!

Menga rahmat aytmas-u, pulimni hayf qilar,

Seni taqsim qilarkan, har biri bir ayb qilar,

Unda-bunda, ne bilay, rohat etib etib, sarf qilar,

Necha bir Annani, Sonyani tutib, kayf qilar,

Deydi: ey sarv qad-u lola ruhu g‘uncha dahon,

Mening va ummatning qoni, senga jonim qurbon!..

1907

SAVOL

Ayb ekan kasga ko‘ra nafsini qo‘ymoq, ajabo,

Shayxulislom o‘zga buncha davlatni taqdir aylagay?

JAVOB

Mullodir chunki, u o‘z ko‘rgani ro‘yolarin

Boshqadan so‘rmas sira, o‘ziga takbir aylagay.

1911

LA’NAT SENGA, EY JOHIL, NEGA BEDOD ETARSAN!

La’nat senga, ey johil, nega bedod etarsan!

Har kun yana ming bora la’nat ijod etarsan!

Sarmashq etding Qobilu Hobilning harakatin,

Qardoshlarni qardoshlarga qayrab, jallod etarsan!

Nokaslarga imdodu kaslarga etding bedod –

Bir ko‘r, kimga yordamu kimga bedod etarsan?!

1911

G‘OFIL YASHAMOQDAN ZO‘R KORDIR O‘LMOQ

G‘ofil yashamoqdan zo‘r kordir o‘lmoq,

Harchandki, g‘aflat-la bir ordir o‘lmoq;

Jaholat zanjirida olchoqday yashamoqdan,

Johil, senga dor uzra sazovordir o‘lmoq!

1911

OVRO‘PODA MAMDALINING ISHQBOZLIGI

Mamdali

Rahm et menga, jon madmuazel!

Ko‘nglim bo‘ldi qon, madmuazel!

Birbosh Adasdan kelganman

Oldinga, jonon madmuazell!

Ko‘r holi beoromimni,

Til besukundir, kel menga!

Ishqim fuzundir, kel menga!

Madmuazel

Yo‘qol, ey zolim Mamdali!

Shohi serzulum Mamdali!

Sen hayosizni ko‘rmoqqa

Yo‘qdir majolim, Mamdali!

Ket, ket ki, zulmingdan vatan

Bir daryo qondir, kelmasman!

Bo‘yning yo‘g‘ondir, kelmasman!

Mamdali

Men o‘z yerimda shoh edim,

Shohi falak dargoh edim,

Shonim, jalolim bor edi,

Axir, ne zilulloh edim;

Eron ko‘p yerda yana

Shonim mahzundir, kel menga!

Ishqim fuzundir, kel menga!

Madmuazel

Senki, bir dona mardudsan,

Har shondan matrudsan,

Bir mustabid Shaddodsan1,

Bir mustaqil Namro‘dsan2,

Ming marta ulardan yana

Zulming yomondir, kelmasman!

Bo‘yning yo‘g‘ondir, kelmasman!

Mamdali

Noz etma, Eron sarbasar

Bo‘lmish manim-la shu qadar;

Axir, Eronda bor yana

Navkarlarim ming-ming nafar;

Ular butun qirg‘in-ajal,

Millat qo‘ydaydir, kel menga!

Ishqim fuzundir, kel menga!

Madmuazel

Bu rostdir, lekin ahli kor,

Oz bo‘lsa-da, Eronda bor;

Taqdir bu xoin niyating

Etmas ijobat zinhor;

Chunki sening holu kuning,

Shaxsing zabundir, kelmasman!

Baxting nigundir, kelmasman!

Fikring bu dundir, kelmasman!

Ishing o‘yindir, kelmasman!

So‘z muxtasardir daf’atan:

Bo‘yining yo‘g‘ondir, kelmasman!..

1911

ZOHIDLARGA

Och tilingni, yum ko‘zingni, zohido,

Takror o‘qi, hech anglama ma’nosini!

Boqma bir ibrta-la butun olamga,

Ko‘rma Haqning nuri tajallisini!

Xushku ibodat-la, quruq zuhd ila

Anglama sen ishq muammosini.

Zuhd etib, aylama inkori ishq,

Shaxs bilur ishq-la o‘z mavlosini.

Qaysga man etma ishqning nomini, –

Ko‘rmas unda surati Laylosini1.

Xilvat go‘shalarda o‘tirma, inson,

Bilma Haqning go‘shada ma’vosini.

Qasding agar bor esa, kel, ko‘rsatay,

Ko‘zing bo‘lsa, ko‘rgin tomoshosini.

San’atga boq, kinoga bor, bir qara,

Tark ayla kayfiyati inshosini.

Lekin qani senda basirat ko‘zi, –

Tokim ko‘rsang vaji dilorosini?!

Yohu, debon oxir ocharsan qoboqni,

Tark etarsan zuhd musallasini2.

Kufrda taqlid etarsan shoirga,

Zikr etarsan she’ri muqaffosini.

1910

QURBON BAYRAMI

Bayram qilar shavkatlilar shonlilar,

Davlatlilar, pullilar, milyonlilar,

To‘qbo‘yinlar, shishqorinlar, jonlilar

Qurbon qilur Xalilulloq1 ishqi deb,

Fisqu  fujur qilar2 Alloh ishqi deb.

Ikki qo‘shni – birdir asli millati,

Har ikkisi bir payg‘ambar ummati,

Biri qurbon qilar, pishirar etni,

Bayram qilar Xilulloh ishqi deb,

Boshqasi ham boqar Alloh ishqi deb.

Bu qo‘shnining o‘g‘li g‘ayur, sollanar,

Bo‘yinbog‘in taqar, jim tannozlanar,

Ota-ona boqar-u  behollanar,

Faxr etarlar Xalilulloh ishqi deb,

Qo‘llarin uzatar Alloh ishqi deb.

Ko‘rarmisan yurtning Hoji Pirini,

Yeyolmaydir go‘shtning o‘ndan birini,

Qo‘shnisi och, so‘rar barmoq kirini,

Hoji yeydi Xalilulloh ishqi deb,

Yotar, turar, shishar Alloh ishqi deb,

Dedim, hoji, ko‘zla ishning birisin,

Diqqat ayla narisin va berisin,

Maktabga ber bolalaring barisin,

Ilm o‘qisin Xalilulloh ishqi deb,

Bolalarni shod et Alloh ishqi deb.

Dedi, bizda yo‘qdir bermoq firog‘i,

Bersam, xotin dodlab solar qiynog‘in,

Go‘shni yermiz xamir o‘rab tun chog‘i,

Barokatdir, Xalilulloh ishqi deb,

Uyda tursin, bu ham Alloh ishqi deb.

1910

NA’RA TORTIB, ShOD BO‘LING, ERONLILAR!

Na’ra tortib, shod bo‘ling, eronlilar!

G‘ussadan ozod bo‘ling, eronlilar!

Olamga ta’sir ayladi oh-vohingiz,

Tug‘di yana behojat ul mohingiz,

Yodga solur sizlarni o‘z shohingiz,

Kundan-kun obod bo‘ling, eronlilar!

G‘ussadan ozod bo‘ling, eronlilar!

Yor bo‘lur soyai sulton sizga,

Aylagay lutfu qarovon sizga,

Kelgaydir Mamdali mehmon sizga,

Endi siz irshod bo‘ling, eronlilar!

G‘ussadan ozod bo‘ling, eronlilar!

Dardu g‘amni, g‘ussani bir yon oting,

Istagan maqsadga yakdil yeting,

Endi yana tongga qadar g‘arq yoting,

Tushlar ko‘rib shod bo‘ling, eronlilar!

G‘ussadan ozod bo‘ling, eronlilar!..

1910

YOSHSAN, QASHShOQLIKDAN ShIKOYAT QILMA

Yoshsan, qashshoqlikdan shikoyat qilma,

Yoshlikdan-da buyuk bir sarvat bo‘lmas!

Keksaning to‘rt yoni to‘la pul bo‘lsa,

Belinda go‘dakcha  bir quvvat bo‘lmas!

1910

DER EDIK BIR ZAMONLAR BIZ KAMOLI FAXRU HIMMAT-LA…

Der edik bir zamonlar biz kamoli faxru himmat-la:

“Jahongirona bir turkiy davlat chiqarsak bu yurtdan!”

Bu kun-da iftixor etsak sazodir qayg‘u, hasrat-la:

Karamkorona besh davlat etishdi bir raiyatdan!

1910

ORIF KIMDIR? – DEYa SO‘RDIM, DEDILAR BUL ZAMONADA…

Orif kimdir? – deya so‘rdim, dedilar bul zamonada:

Orifning endi na dini va na ilm, iymoni bordir.

Buni bildim, tanidim men. “Zohid kim” deb so‘rdim. Derlar:

Zohidning ilmi yo‘qsa-da, xo‘p tubsiz jig‘ildoni bor.

1910

BIR DASTA GUL

Eronli derki, mudom adl ila tot bo‘lsin;

Usmonli derki, Alloh, millat ozod bo‘lsin;

Zohid ne deydi? – Deydiki, qornim to‘lsin,

Eronli ham, Usmonli ham barbod bo‘lsin!

Savdogar chopar – bir tijorat qilsin,

Omi chopar – shunga bir xizmat qilsin,

Ish mullolarniki – el chopsin, topsin,

Yotsin, tursin, qush go‘shtli ovqat qilsin.

Jurnal, gazeta chiqar ki, millat o‘qisin,

Har bir asarindan olsin ibrat, qo‘isin;

O‘rischa o‘qiganga bu ish malol kelar,

Derlar, buni qo‘y, qora jamoat o‘qisin.

Shoshgin zikru sajdaga bosh qo‘ymoq uchun,

Zohid yugurar masjidga ajr yulmoq uchun,

Dunyo berganini oldi-da yedi,

Endi yugurar mavlodan ham olmoq uchun.

1910

BOSHQA MILLATDIN HUQUQIN OLMOQ UCHUN HAR ZAMON…

Boshqa millatdin huquqin olmoq uchun har zamon

Inqilobiyun, salohiyun, rashodiyun chiqar!

Bizdan esa sotmoqqa nomusi orzui millatin

Sotqiniyun, xumoriyun, fasodiyun chiqar!

1910

ORIF YUGURAR KI, MILLAT OZOD BO‘LSIN

Zohid yugurar ki, masjid obod bo‘lsin.

Orif yugurar ki, millat ozod bo‘lsin,

So‘z bo‘yinbog‘i silliqlarga berildi:

Bir madmuazel bo‘lsin ki, parizod bo‘lsin!

1910

TINDIRAR ASR BIZNI – TINMAGAYMIZ…

Tindirar asr bizni – tinmagaymiz,

To‘kilgan el uchun o‘ksinmagaymiz;

Ajnabiy sayrga havo sharida chiqar,

Biz haligacha avtomobil minmagaymiz;

Qushday ko‘kda uchar ul yerlardagilar,

Bizni yerga ko‘mdi minbardagilar!

1910

AZROILNING ISTE’FOSI

Azroil arz etarkan, so‘yladi: “Ey, robbil olam…

Bir tabib bandang bu yil qullaringni qirdi tamom.

Men bir jonni olmoqqa halak erdim qanchalab,

Bu tabib jonni olar bemalol ming-mingtalab.

Sen bergan jonlarni ming-mingin bu zolim oladi,

Ko‘rdimki, quling deb, yohu, bu olamda kim qoladi?

Qo‘y, olay jonin uning, el kutsin mahsharini,

Yo‘qsa, billoh, bu qirar qullaringning barini.

Bu iltijoyimni qabul aylamas bo‘lsang biroq,  

Karam et, to amalimdan  ketkazganing ham yaxshiroq.

Boshqa bir xizmatni ber, ayla meni minnatdor,

Azroil bo‘lmoqni ber shu tabibingga zinhor”.

1911

EY PULLILARNING SAFOSI, NAVRO‘Z!

Ey pullilarning safosi, Navro‘z!

Tojirlarning oshinosi, Navro‘z!

Bir millatning bayramisan, nechun

Bo‘lding bechoraning qazosi, Navro‘z?!

BAYRAM TUHFASI

Ey, to‘ymas mullalaring og‘zida sharbat, Navro‘z!

Ag‘niyolar bir-la qurarsan majlisu ishrat, Navro‘z!

Sendan har kima sevinar, bas, nega qashshoq fuqaro

Bolalarin ko‘rgan zamon bo‘lar hijolat, Navro‘z?!

1911

TANGRI HAR YERDA PULNI BIR YURAGI SAXTGA BERAR

Tangri har yerda pulni bir yuragi saxtga berar,

Ma’rifat dardini bir kosibi badbaxtga berar.

Omi Hoji Rustamga yetti o‘g‘il beraru,

Lekin baqqol Jabiyga yetti qizni shartta berar.

Cho‘qqi soqol kimsaga yil bo‘yi kunda palov,

Lekin abdol Ko‘saga haftada bir luqma berar…

1911

SEN  PIRI  JAHONDIRSEN,  EY,  SAYYIDI  SARKOR…

Sen piri jahondirsen, ey, sayyidi sarkor,

Meni qo‘ygin, mayli, aylagin pir ila raftor!

Senga qismat bo‘lmas yana bu davlatu diydor,

Endi mening hajrimda jigari qon bo‘larsan!

Oshiq menga bir men kabi zebo kerak bo‘lsin,

Gulga moyil bir bulbuli shaydo kerak bo‘lsin,

Senda bu ishga sabru bedavo kerak bo‘lsin,

Ammo, bilarman, sabr o‘yi vayron bo‘larsan!

1911

SOBIRI ShAYDO KI, TARKI ShAHRI ShIRVON AYLADI

Sobiri shaydo ki, tarki shahri Shirvon ayladi,

Kim ki bulbulga o‘xshar, mayli guliston ayladi;

Ming uch yuz birda hijratdan keyin maymun yili,

Shavvolning so‘ngida azmi Xuroson ayladi…

1911

MILLAT NOLASI

Vo-hasrato!.. Barham bo‘ldi ittifoqi millat!

Milliyat ijtimiysin buzdi nifoqi millat!

Amnu rafahu rafot tabdil bo‘ldi fasodga,

Mehru vafo-yu ulfat qurbon bo‘ldi hasadga,

Qur’onimiz chaqirar bizni bir e’tiqodga,

Shar’i sharifga soldi ming bir nifoqi millat!

Tablig‘ga boshladi chun Payg‘ambar alayhissalom,

Amru rasolatiga shundoq keltirdi islom,

Bir dinni, bir Xudoni islomga qildi a’lam,

To bir ittifoqqa kelsin, bitsin nifoqing, millat!

As’hobu poklar bo‘ldi xizmatguzori islom,

Jahonni tutdi bugun zuliqtidori islom,

Chunki tamaddun edi asli shiori islom.

Talpindi garchi arshga toqi-ravoqing, millat!

Nashr etdilar islomning shiorin har diyorga,

Bilittifoq bo‘ldilar xizmatda intizorga,

Bilmam, kim etdi axir islomni pora-pora,

Xalq bo‘ldi firqa-firqa, bo‘lding mazoxi, millat!

Kim xizmat etar, ey dil, islomga, ittifoqqa?

Kim tikdi boshu jonin bu maslakka, saboqqa?

Mazlumi Karbaloni ko‘r, dashti Naynavoda

Xeshu taboring ketdi ming turli yoqqa, millat!

Sobir! Imomga payrov bo‘lmoq kerak va illo,

Men musulmon demoq-la, yetmas subutga davo,

Boq, ko‘r shavq ila bosh berdi azizi Zahro,

O‘lsa, ne bo‘lur yo‘lda gar ishtiyoqi millat!..

1911

TOHASSUR

Istaydilar ittifoq,

Ko‘rsaturlar innifoq.

Bo‘lsaydi safo zumrai irfon orasinda,

Qolsaydi vafodan asar a’yon orasinda,

Tursaydi sadoqat boy ila xon orasinda,

Qolmasdi azob zarracha inson orasindi!

Birlikka quvvat erur biz uchun Qur’on,

Amr aylar ekan birlikka Payg‘ambari shon,

Topmaysan nega ikkita pok do‘stni musulmon

Kavkazda bo‘lgan bir necha milyon orasinda?!

Ma’nosiga kirmas ajabo Qur’onni bilganlar,

Islomni bundoq tafriqaga xor qilganlar,

Ayo, o‘qimaslar nechun dinni bo‘lganlar,

Foyda-ziyon ramzini Qur’on orasinda!

Axir, bu ne tafriqi taxalluqdir, ey ummat?!

Qo‘ldan ketmoqda, anglamaysizmi, bu millat?!

To kay bu muxolif, bu tafarruq, bu adovat

Bir din, bir islomu bir iymon orasinda?!

Musulmonlarga vobastadir g‘ayrati islom,

Qilsin-da muslimlar bu kun xizmati islom,

Afsuski, behimmat o‘ldi millati islom

Dunyoda bo‘lgan muxtalif adyon orasinda!

Bir yildan buyon zulmat-da talosh  musulmon,

Boyu badavlatlar aro och musulmon,

Ayo, ne ravodir bundoq muhtoj musulmon

Ko‘n rizqingga derlar boy musulmon orasinda?!

Islomimizni etmaylik bundoq bir ihyo?!

Iymonimizni qilmaylik bundoq bir riyo?!

Islom bu emasmi, ki jigargo‘shai Zahro

Bosh berdi yo‘lida sassiz, ol qon ichinda!

Bizday millatga lozim emasmi bundoq tarbiyat?

Bizday  ummatga vojib emasmi g‘ayrati millat?

E vohki, jahon o‘qiydi bizlarga la’nat

Milliyatga xizmat etgan inson orasinda!

1911

Ozarboyjon tilidan Karim BAHRIYEV tarjimalari

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting