OLTIN ASR

0
142
ko'rishlar soni

Arkadiy AVERCHYeNKO

(1881-1925)

Hikoya

I

Peterburgga kelishimdan avval eski muxbir do‘stim Stramklavovni uchratib qoldim. Undan ham so‘nggi kunlarda meni allalayotgan fikr haqida so‘radim:

– Stramklavov! Og‘aynichalish, men ham mashhur bo‘lishni istayman. Nima maslahat berasan?

U bosh irg‘ab, cho‘ntagidan tamaki oldi va barmoqlari bilan ezib, maydalab qog‘ozga o‘radi, lablari bilan xo‘llab o‘radi. Popirisini bir tortdiyu baquvvat oyoqlarini yirib, bir qo‘lini beliga o‘tkazgancha ko‘zlarini bir nuqtaga tikib javob berdi:

– Bu zamonda ko‘plar mashhur bo‘lishni istaydi, do‘stim.

– Men “ko‘plar” qatorida turadigan odammasman, – deya gapini og‘zidan oldim, – Vasilyevning asl ismini bilmagan bir yozuvchining Maksimovichga aylanib, ayni paytda Kandibin kabi hayot kechirayotganiga, to‘g‘risini aytsam, odam har kuniyam duch kelavermaydi. Bu achchiq so‘zlar haqiqatligiga ikkalamiz ham aminmiz. O‘ylab ko‘r, bunday pastkashlik nimadan, turgan gap, yolg‘ondan…

– Sen ko‘pdan beri yozasanmi? – jiddiy ohangda so‘radi u popirisini o‘chirarkan.

– Nima yozarmishman?

– Ha, nima yozsang – o‘sha-da!

– Men hech narsa yozmayman.

– Ha, demak, boshqa kasbga o‘tgansan. Nima, Rubens bo‘lmoqchimisan?

– Mening qaysidir sozni chalishga yoki nimadir ijro qilishga qobiliyatim yo‘q, – dedim mahzunlanib.

– Nimaga qobiliyating yo‘q?

– Sen aytayotgan odam bo‘lish uchun, kim deding, ha, o‘sha, qo‘shiqchi…

– E, ha, og‘ayni, endi hammasi oydinlashdi. Rubens qo‘shiqchimas, rassom-ku, axir.

Suhbat qizib ketganidan o‘zimni dono ko‘rsatish uchun qancha urinmay rus rangtasvir ustalarining birontasini na ismini, na asarini eslay oldim. Unga hech kim bilmaydigan bir haqiqatni ochiqladim:

– Yozuvchi bo‘lish… Ammo men oddiy qog‘ozga ikkita so‘zniyam eplab yozolmayman.

– Mayli, bu muhimmas. O‘zingni qaysidir teatr tomoshasining qahramoniday hech tasavvur qilib ko‘rganmisan?

– Ha, xayolimdan o‘tgan. Qachonki o‘zimni sahnada tasavvur qilsam, asar qahramoni bo‘lgan aktrisaga sevgimni izhor qilayotgan bo‘laman, ovozimda shunday shiddat bo‘ladiki, bu uchun men undan teatr tugaganidan so‘ng go‘zal izhorim va kamiga pianino chalganim uchun bir shisha isqotining pulini undirardim. Innaykeyin, shu desang, teatr rahbari agar ko‘chada pianino chalsam, aytgan narsamni muhayyo qilishlarini, sahna – bu haqiqiy hayot ekanini to‘lqinlanib gapiradi va meni zaldan haydab chiqaradi.

– Demak sen nima qilib bo‘lsa-da shuhrat qozonish va maishat qilib kun kechirishni istaysan?

– Istayman albatta! Biroq, yodingdan chiqarma, men to‘g‘ri yozishni ham eplolmayman.

Stremklavov bo‘ynining orqasini qashladi va har doimgi g‘alati odatini boshlab yubordi: gugurt qutisdan bitta cho‘p oldi, belidan sindirdi va qog‘ozga o‘rab savatchaga irg‘itdi, cho‘ntagidan eski soatini chiqardi, so‘ngra  ko‘zlari bilan nimalarnidir chamalab, dedi:

– Xo‘p, seni mashhur qila olishning bir yo‘li bor. O‘zimga balli, axir bu juda zo‘r g‘oyaku, – u o‘zidan fahrlangancha yoqasini chertib qo‘ydi, – sen Rubens bilan Robinzon Kruzoni birlashtirasan o‘zingda va qarabsanki tayyor teatr qahramonisan – bir tarafdan bu seni juda samimiy va pokdil ko‘rsatadi hammaga.

U gapini tugatar ekan do‘stlarcha qo‘limni siqdi, o‘sha vaqtda uning dohiyona miyasida menga ko‘mak berish uchun yaralgan fikr yanada mukammalasha boshladi.

II

Ertasiga ertalab ikki gazetaning “Adabiyot yangiliklari” bo‘limidagi bir satrga ko‘zim tushdi: “Mashhur Kandibinning salomatligi yaxshilanmoqda”.

– Buni eshit Stremklavov, – yoniga yugurib borganimdan xalloslab gapirardim, – bu yerda nega yaxshilanmoqda deb yozishgan? Axir men kasal emasman-ku!

– Shunday qilish kerak, – u qatiyat bilan so‘z boshladi, – sen haqdagi ilk xabar shov-shuvli bo‘lmog‘i lozim. Kimdir haqidagi oddiy xabar olomonni qiziqtirmaydi.

– Ular bilishadimi Kandibin kimligini?

– Yo‘q. Lekin endi bundan keyin ular sen haqda ko‘proq qiziqishadi, hammasi bir-biriga xabar berishadi: “Mashhur Kandibinning ahvoli asta-sekin yaxshilanmoqda”.

– Agar ulardan birortasi so‘rab qolsachi: “Kandibin kim?” deya?

– Aslo yo‘q. So‘rashmaydi. Ular buni tabiiy holdek qabul qilishadi: “Bilmadim. Bilganim shuki uning ahvoli og‘ir”.

– Do‘stim, bu-ku yaxshi, ammo ular buni istagan payti unutishlari mumkinku.

– Unutishlari haqiqatda bor gap, biroq, ertasiga gazetada yana yangi bir gapdan boxabar bo‘lishadi: “Bizning buyukimiz…”. To‘xta, sen o‘zi kim bo‘lishni istaysan? Yozuvchimi yoki rassom?

– Yozuvchilik to‘g‘ri kelsa keragov.

“Bizning buyukimiz Kandibinning salomatligi bugun yanada og‘irlashdi. O‘tgan kuni u bor-yo‘g‘i bitta qotlet va ikkita qaynatilgan tuxum yegan xolos. Hozirda tana harorati 39.7.” – u men haqdagi keyingi yangilikni to‘lqinlanib, ovozini baland qilib o‘qirdi.

– Ha, tushundim shekilli, bu xabarga suratim kerakmi?

Stremklavov, – Hali erta. Meni ma’zur tutgaysan do‘stim, kotlet borasida yangi ma’lumotlar to‘plashim kerak, – dediyu bir soniyada ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

III

Men katta qiziqish bilan o‘zimga yangi hayot izlardim. Gazetalarning uzundan-uzun xabarlaridagi umrimda esa asta-sekinlik bilan, kundan-kunga tuzalib borardim. Haroratim tushishi bilan ko‘plab kotletlarni paqqos tushurganim, tuxumni homligicha yuta boshlaganim haqidagi yangiliklar  tarqalardi har soatda. Vanihoyat, ne ko‘z bilan ko‘ringki, men tuzaldim, tuzalishim bilan hatto bir mojaroga ham qo‘shilib qoldim.

“O‘tgan kuni, soat chamalar peshingi beshlar atrofida, – bir gazeta yozardi, – shahrimizning markaziy vokzalida duyelga sababchi bo‘lgan urush yuzaga kelgan. Mashhur Kandibin istefoda bo‘lgan generalning rus adabiyoti borasidagi haqoratomuz so‘zlari uchun jahl ustida duyelga chorlagan. Raqiblar bir-biriga yozma kelishuv va’dasini taqdim qilishgan.”

Bu maqola hamma joyda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Muhbirlarning biri “Rus adabiyotini asrash mening burchim dedi Kandibin”, – desa, yana biri hattoki, “Adabiyot uchun jonimdan ham kechishga tayyorman, dedi adib Kandibin”, – deya yozardi.

Bir gazeta esa bu voqelikka tasavvur qilib bo‘lmas darajada o‘zgacha yondoshdi: “Kelishmovchiliklar mo‘l o‘lkamizda Pushkin va Dantesning adabiy tarixi yangidan takrorlanajak. Yaqin kunlar ichida mashhur Kandibinning peshonasiga qaysidir general Ch.ning o‘qi joylanajak. Tabiiyki, ko‘pchiligimizda bir savol paydo bo‘ladi: – Bu adolatli  ishmi aslida? Bir tomonda buyuk adib Kandibin, bir tomonda esa hech kim tanimaydigan general Ch.”

“Ishonamizki, – yana bir gazeta yozardi, – Kandibinning adabiy davra do‘stlari uni bu duyeldan voz kechishga ko‘ndiradilar. Duyel baxtsiz tugaydigan taqdirda general Ch. bilan o‘zining duyelga chiqishiga ont ichgani to‘g‘risidagi Stremklavovning (yozuvchining yaqin do‘sti) bu xabari katta qiziqishlarga sabab bo‘lmoqda”. Mening yonimda esa oxiri ko‘rinmas muhbirlarning karvoni paydo bo‘lgandi:

– Javob bersangiz, – tinmay savol yog‘dirishardi, – generalni duyelga chorlashingizga nima sabab bo‘ldi?

– Axir, yangiliklarni kuzatmaysizmi, u ulug‘ rus adabiyoti haqida yomon so‘zlar aytgan. Rus adabiyoti hayosiz, Ayvazovskiy esa iste’dodsiz bir qoralamachi ekan uning aytishicha.

– Axir Ayvazovskiy rassomku! – muhbir hayratdan chaqchaygan ko‘zlari bilan gapimni kesdi.

– Farqi yo‘q. Buyuklarning hammasi bir biriga o‘xshash, – past ovozda javob qaytardim.

IV

Bugungi yangiliklarga ko‘ra, general Ch. orsizlarcha duyeldan bosh tortgan, men esa uzoq olishuvlardan keyin dam olish uchun Yaltaga ketibman. Stermklavov ila uchrashar ekanman bu g‘ayritabiiy yangilik haqida so‘radim:

– Joningga tegdim shekilli, meni bu yerlardan quvib yuboribsan so‘nggi xabarda?

– Bu bo‘lishi kerak bo‘lgan ish, do‘stim. Endi xalq sen haqdagi yangiliklarni bir muddat bilmagani yaxshi. Bu xabar ham ajoyibku, qara: –Kandibin yaqinda boshlagan yangi asarini janubning g‘ayrioddiy tabiyati qo‘ynida yakunlamoq uchun Yaltaga ketmoqda.”

– Tushundim shekilli. U yoqda qaysi asarni yozar ekanman?

– P’yesa yozasan. Nomi: “O‘lim ostonasida”.

– Aniq bilaman, teatrdagilar bu asarni sahnalashtirish uchun mendan so‘rab kelmaydilar.

– Shu yerida adashding, albatta so‘rab kelishadi. Sen esa aytasanki, asaring seni qoniqtirmagan, uning uch qismini yoqib yuborgansan. Bu ularga salbiy ta’sir ko‘rsatadi albatta.

Bir haftadan so‘ng esa eshitishimcha Yaltada boshimga yomon bir tashvish tushgan: palma daraxtiga chiqaman deb, oyog‘imni sindiribman.

Tovuq go‘shtidan pishirilgan kotlet va tuxum ila tutgan parhez borasidagi uzun va zerikarli tarix qaytadan boshlandi. So‘ngra esa yana tuzaldim, bu safar esa Rimga yo‘l oldim… Oxirgi paytlardagi xatti-harakatlarimda ma’no va mantiq yo‘qligidan aziyat chekardim.

Venetsiyada villa olsam ham u yerda yashamasdan “Kambag‘al hayot” komediyasini bitkazish uchun Britaniyaga yo‘l oldim. Britaniyadagi uyimda chiqqan yong‘in sababli barcha qo‘lyozmalarim kulga aylandi va shu sababdan Nyurnberkka ko‘chib ketib, yolg‘iz yashay boshladim. Chekkan ma’nisiz iztiroblarim va samarasiz pul sarflari meni shunchalik bezdirib yubordiki, Stremklavovning yoniga qaytib g‘azab bilan so‘z ochdim:

– Charchadim sayohatlardan. Yubileyim bo‘lishini istayman!

– Yana qanaqa yubiley?

– Ijodimning yigirma besh yillik yubileyi!

– Yigirma besh yil juda ko‘p. Sen axir bor-yo‘g‘i uch oydan buyon Peterburgdasan. O‘n yillik yubiley qilishimiz mumkin, rozimisan?

– Roziman, – dedim. Ichimdan “To‘g‘ri, tadqiq qilingan 10 yil ma’nosiz yashalgan 25 yildan ancha qadrli” degan o‘y kechardi.

– Sen xuddi Tolstoydek o‘ylaysan! – stoldan bosh ko‘tararkan g‘ayrati jo‘shib ketdi Stremklavovning.

Men esa undan ham g‘ayratim oshib gapira ketdim:

– Hattoki, undan ham a’lo o‘ylayman! Sabab men Tolstoy haqida biron narsa bilmayman, u esa men haqda hamma narsadan xabardor!

V

O‘sha kecha adabiy va ilmiy-ma’rifiy faoliyatimning 10 yilligini nishonlardim. Tantanali marosim vaqtida bir ustoz adib (ismini ham, familiyasini ham bilmayman to‘g‘risi) men haqda nutq so‘zladi:

– Siz yoshlarning yuksak g‘oyalari asoschisi, tug‘ma talant va oliy adabiyot vakili sifatida hammamizning hurmatimizga loyiqsiz, men esa shunchaki ikki og‘iz so‘z aytmoq istayman xolos, u ikki so‘z yuraklarimizning eng tubidan otilib chiqqan va biz eshitmoqni istagan so‘zlardir.

– Salom, Kandibin!

– Salom, – mamnun alfozda samimiyat ila javob berdim. — Yaxshimisiz, janob?

Hamma meni topganidan sevinchi ichiga sig‘may goh bu yuzimdan, goh u yuzimdan tinmay o‘pardi.

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting