Elyor Murod. She’rlar

0
209
ko'rishlar soni

Men keldim…

Men keldim. O‘ttiz yil qaridan oshib,
O‘ttiz bor zaminni qopladi bahor.
O‘ttiz bor zaminga isitma  toshib,
O‘ttiz qish borliqni qoplab oldi qor.

Men keldim. Tongdan to kechgacha
Odamlar qo‘lida hali ham ketmon.
Changlari samoga o‘rlagan ko‘cha
Dalaga mol haydab ketmoqda hamon.

Men keldim. Bobolar o‘tib ketibdi,
Momolar urchug‘i hamon aylanar.
Meni taniganlar bir-bir o‘tibdi,
Notanish nigohlar ko‘zga joylanar.

Men keldim. Cho‘kibdi uyimning qaddi,
Bir cheti qarovsiz, bir cheti ovloq.
Menku choponimga o‘radim qaddim,
Har qishda dirdirab chiqadi qishloq.

Men keldim. Shaharlik qizlardan kechib,
Mensiz aytilibdi qishloqda yor-yor.
Siz shoir bo‘lasiz degan parining
Endi etak to‘la bolalari bor.

Men keldim…

Rassom

Devorlar siqdimi, zerikdi biroz.
Rassom nimadir chizmoqchi bo‘ldi.
So‘mkaga joyladi bir o‘ram qog‘oz,
Qo‘lda bo‘yoq bilan shahar yo‘loldi.

Baland binolarning qovog‘ida qor,
G‘amgin kafelarning eshiklari berk.    
Shaharni bag‘riga bossa ham bahor,
Vagonga osilib ketib qolgan erk.

Rassom to‘lg‘onadi yuzida niqob,
Qanday rasm chizar jur’ati bilan.
U nochor qaytardi qo‘llaridagi
Bo‘m-bo‘sh ko‘chalarning surati bilan.

***

Urush – onalarning mag‘lubiyati

Uch yilda uch dona xat keldi undan,
Sog‘inch tasvirlangan uch qog‘oz noma.
Ona qizlarini uzatayotib,
O‘g‘liga jo‘natdi uch taklifnoma.

Urush ham tugadi, tindi suronlar,
Kim xafa, kim shodon, kimdir arosat.
O‘zi kelmagani yetmaganidek,
O‘g‘lidan kelmadi hatto qoraxat.

Pochtaning aybimi, yo tirik qolgan,
Ona yuragida yashar bir savol.
Urushda bolasi izsiz yo‘qolgan,
Barcha onalarning ko‘nglida zavol.

Yillarni yemirgan yillarni ko‘rdim,
Sabr – tiriklarning g‘olibiyati.
Bir parcha umrimda anglaganim shu,
Urush – onalarning mag‘lubiyati!

***

Ilhom samosidan tim-tim quyilib,
Chamanlar she’r bo‘lar, tog‘lar she’r bo‘lar.
Bir shoir och-nahor uydan quvilib,
Sharaflar yer bo‘lar, shonlar yer bo‘lar.

Tuyg‘ularni qorir so‘zlarga qo‘shib,
Umrga aylanar yozilajak she’r.
Yangi she’rlarini o‘qiydi jo‘shib,
Muxlisga aylanar samo bilan yer.

Ijara… ijara… ijara uylar,
G‘amgin she’rlariga bo‘ladi guvoh.
Orzular haqida tinmasdan kuylar,
Dunyodan topgani bir osmon gunoh.

Qishda yupin yurar, yoz boshpanasiz,
Noshirlar bosmagan she’rlari bilan.
ishqiy dostonlarin yod olar shaksiz,
U sevgan qizlar o‘z erlari bilan.

Yolg‘iz omonatin topshirdi bir kun,
Birov bilib, birov bilmay ham qoldi.
She’rlar vazifasi bo‘lmasdan yakun,
Bir shoir dunyodan izsiz yo‘qoldi.

Yo‘q, yo‘q… yo‘qolmadi ko‘ngillardagi
Shoirning she’rlari tillarga ko‘chdi.
Bilmayman ne sabab xotiradagi
Barcha gunohlari g‘uborday o‘chdi.

Saroylar mahliyo ovozasiga,
She’rlarning tiklandi sharaf va shoni.
Baland koshonalar darvozasiga
Yozilib qo‘yildi shoirning nomi.

***

Tog‘ay Murodga

Momosi..i..i

              Bobosi..i..i

Biz baxtiyor yashadik.
Sovg‘asini yo‘qotgan
Bolalarga o‘xshadik.

Momosi..i..i

               Bobosi..i..i

Do‘mbira jilab yotir.
Ikkimizga bir butun
Hayotni tilab yotir.

Momosi..i..i

               Bobosi..i..i

Sog‘intirdi bolamiz.
Tangriga yetib borar
Qachon bizning nolamiz.

Momosi..i..i

               Bobosi..i..i

Kelmayapti Hushvaqtim.
Otni quchib yig‘layman,
Buncha kemtikdir baxtim.

Momosi..i..i

               Bobosi..i..i

Vaqtim berdim dalaga.
Sabr dushmanlik qildi,
Ulgurmadik bolaga.

Momosi..i..i

               Bobosi..i..i

Yetdimikan nolamiz.
Zov oralab kelayotgan
Daryo bizning bolamiz.

Momosi..i..i

               Bobosi..i..i

Dunyoda ham qolamiz.
Ko‘kni to‘ldirib uchgan
Qushlar bizning bolamiz.

Momosi..i..i

               Bobosi..i..i

Tushlar bizning bolamiz.
Hushvaqtimiz kelmasdan
Qanday qilib o‘lamiz.

Momosi..i..i

               Bobosi..i..i

 ***

     Yana Tog‘ay Murodga

Momosi, men Tarlonni
Osmonlarga berkitdim.
Yulduzlarning qo‘ynida
Kishnab-kishnab yuribdi.
Momosi, men Tarlonni
Armonlarga berkitdim.
Orzularning bo‘ynida
Nishlab-nishlab yuribdi.
Momosi, men Tarlonni
Muzliklarga berkitdim.
Sovuqlarning bo‘yida
Qishlab-qishlab yuribdi.
Momosi, men Tarlonni
So‘zligimga berkitdim.
Xoinlarning o‘yiga
Mushtlab-mushtlab yuribdi.
Momosi, men Tarlonni
O‘zligimga berkitdim.
G‘animlarim burnini
Tishlab-tishlab yuribdi.

Modilyani

Ketib borar tunda tramvay,
Yo‘lovchilar shoshar bekatga.
Hech kimsadan izn so‘ramay,
Qamaganman vaqtni soatga.

Qahvaxona. Tamaki hidi,
Mast-alasga qorishiq olam.
Bir burchakda dunyoning didi,
Va borliqni unutgan odam.

Qahvaxona ustunlariga
Suyangan bu ishqlardan bezdim.
Tamakining tutunlariga
Muhtojlikning suratin chizdim.

O‘zgarmadi dunyoyi a’mol,
Nima yutdim jur’atlarimdan.
Topganim shu bir umr zavol,
Ko‘nglim qolgan suratlarimdan.

Qahvaxona. Rassomlar bahsi,
Kim g‘olib, kim mag‘lub o‘yinda.
Suratlarda bo‘rtadi shahsi,
Do‘stlarimdan qolgan o‘rinda.

Dunyonimas, huv, xayolimning
Ranglarini birma-bir tizdim.
Musabaqa. Men ayolimning
Kutayotgan ko‘zlarin chizdim.

***

Yurakni yurakka tirkalab o‘tdim,
Bir ishqni bir umr erkalab o‘tdim,
Dil yongan gulxanga o‘t qalab o‘tdim,
Yongina, yona-yon, yongina, yon-yon.

Toblangan hanjarni ko‘ksimga tirab,
O‘zimga hijronu, senga baxt tilab,
Qara, ko‘nglim mening faqat ishq talab,
Kelgina, kela-kel, kelgina, kel-kel.

Men qishloqda tug‘ilganman!

Men qishloqda tug‘ilganman!
Qushdan olganman shashtni,
Shamol bo‘lib yugurganman,
«To‘ldirib dala-dashtni».

Adirlardan oshaverib,
Ko‘chmanchi bo‘lgan bobom.
G‘amlarini yutaverib,
Kayvoni bo‘lgan momom.

Qo‘y boqqanman, ot minganman,
Yer poyimda aylangan.
Og‘alarim saylab, saylab,
Suluvlarga uylangan.

Yulduzlarni tuni bilan,
Terib chiqqan ko‘zlarim.
Necha qizning yuragida
Qolib ketdi so‘zlarim.

Taqdir ekan, buni qarang!
Shaharda o‘tar kunim.
Shamol bo‘lib yugurmayman,
Ichimga cho‘kar unim.

Uyg‘onaman, “sut bor” degan,
Ovoz kelar quloqqa.
Uf..f tortaman, shahardaman,
Ketgim kelar qishloqqa.

Men qishloqda tug‘ilganman!
Qushdan olganman shashtni.
Shamol bo‘lib yugurganman,
«To‘ldirib dala-dashtni».

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting