Sen bahorni sog‘inmadingmu?

0
125
ko'rishlar soni

(Yo‘qotgan dunyosini izlagan shoir haqida esse)

Parchagina bulut,       
Cheksiz osmon,
Adir ortidagi yolg‘iz oyoq yo‘l.         
Barcha tashvishlarni unutib,  shodon,
Qayta olsam edi qoshingga butkul.

Abdulla Oripov

Qadim o‘tgan zamonlarda Qo‘ng‘irtovda bahor ajib bir tarovat bilan boshlanardi. Ba’zi yerlar yomg‘ir tufayli qatqaloqqa aylanadi. Uzoqlardagi baland-past tepaliklar, yam-yashil bo‘lib yasharayotgan adirlar aro mol-qo‘y o‘tlab yuradi. Tabiatga ham tushunish qiyin. Goh guldurak solib chaqmoq chaqadi, biroz o‘tgach quyosh yelkangizni qizdira boshlaydi. Kim bilsin, suvidishlarning shiqillashi ichra qatqaloqlardan ketib borarkan, shoir bola ko‘zi bilan o‘z taqdirini ham shunday keskin burilishlarga boy, goh zafarli, goh armonlari tasavvur etganmikan?

Eshak bir me’yorda qadam tashlab boradi. Goh-goh yigitcha jonivorning yelkasiga xalacho‘pda niqtab qo‘yadi. Diqqatini esa bahoriy kayfiyat tortgandi. Chunki, aynan shu fasldagina Qo‘ng‘irtovga turnalar uchib kelardi. Qo‘ng‘irtov bahorda ajib o‘n sakkiz yashar qizday yashnab turganigamikan, yoki odam atalmish kasallikning bu atrofda kamligi uchunmi noyob jonzotlar ko‘p bo‘lardi. Turnalar bemalol suruvlar, podalar orasiga tushib kelar, qurt-qumursqa, bahoriy xushnudlik tuhfa etadigan fasliy o‘t-o‘lanlar, boringki rizq-nasibini terishardi-da. Aksar kiyiklarga duch kelish mumkin. Ular aprelning o‘rtalarida, bel bo‘yi o‘tlar ichidan birdan sakrab chiqishi mumkin. Abdullaning ham necha marta yo‘lini kesib o‘tgan ekanlar, qiziq…

Neko‘zda suv taqchil edi. Qazilgan quduqlardan sho‘r suv chiqardi, mol-xol, hayvonlar ichib yurishaverardi-yu, ammo odamlar suv uchun juda uzoqqa borishlari (bola nazarida, aslida to‘rt chaqirim naridagi Eshonariqdan) kerak edi. Ko‘p hollarda Orif aka bu ish uchun o‘zining erkatoyini-Abdullani jo‘natardi. Eshakka to‘rtta suvidishni har yoniga ikkitadan qilib bog‘lab, ustiga Abdullani o‘tqazib qo‘yardi. Arqonlar bilan mahkamlangan suvidishlar yo‘l bo‘yi shiqqilab, bir-biriga urilib bolaning zavqini keltirardi. Aslida, idishlar har urilganda o‘rtada o‘tirgan bolaning oyog‘iga tegib, og‘ritar edi. O‘z tili bilan aytganda, juda olisdan suv olib kelardi. Bu safarlar umr yo‘llari kabi shukuhli va uzoq edi.

Olis manzil tomon ketarkan bola-da, radio yo‘q, kitob o‘qiy olmaydi, zerikib ketardi va nima qilishni bilmay oxiri bir o‘yin topgandi. So‘zlarni bir-biriga urishtirardi… Buni akasidan o‘rgangan. Filologiyada o‘qiydigan  kichik akasi she’r mashq qilib, tuman gazetasiga yuborar, ammo javob ko‘ngildagiday bo‘lmasdi. Shunda Abdulla quvlik bilan akasidan ilgari xatni o‘qib olar va qanday javob keldi, deb tegish qilardi akasiga… Xullas, shu akasi so‘zlarni qanday chog‘ishtirishni o‘rgatgandi. Masalan, «Terak» deysan, va shunga ohangdosh so‘z qidirasan, deylik, «kerak». Qara, qanday ajoyib. Haqiqatan, qiziq edi. Abdullaga o‘yin shunchalar yoqdiki, alaloqibat xayolida deyarli har bir so‘zni ohangdosh qilib tizib oldi. Endi oldinlari oddiygina bo‘lib tuyilgan so‘zlar qandaydir sehrli joziba kashf etar, g‘alati bir ohangiga ega edi. Shuni tushungan ilk kezlaridanoq birinchi she’rlarini yoza boshladi. O‘zida tushunib bo‘lmas mayl sezardi yozishga. Yozish bu — ehtiyoj, o‘ylardi u poyezdda qaydasan Toshkent, deya ketayotgan chog‘da. Rost-da, ba’zilar ijod-bu ko‘ngil mayli, xuddiki hobbiga o‘xshagan bir nimarsa, yozging kelganda yozasan, bo‘lmasa yo‘q, deyishadi. Aksincha, she’r bu ehtiyoj. Sening yozishing, bu yeb-ichishing, yo uxlashing kabi zaruriy talabdir. U kerak. Yozishdan qutulish mumkinmas. O‘zidan qiyos, otasi — Orif bobo qancha qarshilik qildi, o‘qishga yubormayman, deb oyoq tirab turib oldi. Chunki, katta o‘g‘illari Buxoro-Toshkentda universitetlarda o‘qir, Abdulla esa otasining o‘g‘li bo‘lib qolishi kerak edi. Ammo poytaxtga borish akalaridan ham ko‘ra Abdulla uchun zarur edi. Chunki, ko‘ngil ehtiyoji, yuzaga chiqishini kutayotgan is’tedod uchun kerak edi. Otasi esa Neko‘zda qolib, bog‘-rog‘ yaratishga, bir umr tabiat, daraxtlar ichra yashab, shu hayotga o‘z umrini baxshida qilishini xohlardi. Darvoqe, endi qishloq ahlining suv muammosi hal bo‘lgan, kattagina bir anhor bilan suv tortib kelishgandi. Neko‘zga har kuni bir dunyo suv kelardi!

Albatta, mirishkor insonlar Xudoning bunday saxovatidan unumli foydalanishga harakat qilishardi. Jumladan, Orif bobo ham. U kattagina bog‘ yaratishni, turli xil mevalardan ko‘chat olib kelib azim daraxtga aylantirishdek ulug‘ niyatni orzu qilardi. Buning uchun bolalaridan biri yordamchi bo‘lib qolishi kerak edi. Abdulla esa ko‘ngliga qarshi borolmadi. Bunday qilsa, orzulariga qarshi borsa bir umr o‘zini kechira olmasligini bilardi. Shuning uchun ham, ming to‘qqiz yuzinchi yilning ellik sakkizinchi yilida u Toshkent tomon yo‘lga tushdi. Qo‘lda «Oltin medal». U hammasini to‘g‘ri qilayotganiga, hammasi yaxshi bo‘lishiga bir jihatda imoni komil edi. Ammo biroz o‘tgach Qo‘ng‘irtov atroflariga harbiylar ko‘chib kelishdi. Ular ajib tabiatni, jonivorlarni boshiga yetib turli qurollarni sinay boshladilar. Oldinlari chamanzor bo‘lib, bolani o‘z bag‘rida ulg‘aytirgan tepaliklarda hozirda tank qoldiqlari, o‘q parchalari sochlib yotar, bolakay kirishga ham qo‘rqadigan changalzorlar qaqrab yotgan cho‘lga aylangandi. Endi Qo‘ng‘irtov oldingidek bahor kelganda yashnamas, kaltakdan beti qotgan kelindek bezrayib turaverardi. U o‘z sirini, iffatini yo‘qotgandi…

Jonivorlar taqdiri ham ayanch kechdi. Bunga qisman Abdullaning o‘zi ham guvoh bo‘ldi. Byurokratik tizimdan charchagan asablarni yozmoq uchun turli raislar Qo‘ng‘irtovga kelib ov qiladigan odat chiqarishdi. Umrida miltiq, mashina ko‘rmagan kiyiklar qocholmay, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ qaltirab, bir joyda turib qolishardi. Shunda ularni tutsa ham, otsa ham bo‘lardi. Bir kecha naq o‘n ikkitasini boshiga yetishdi. Va faqat bittasinigina yeyishdi!..

Shunday qilib tabiatning ajib ne’mati inson qo‘li ostida halok bo‘ldi. Endi shoir uchun turnalar, kiyiklar, eshakda to‘rt chaqirim nariga suvga borish va Qo‘ng‘irtov armonga aylangandi. U hayot yo‘qlikka yuz tutgandi. Shoirning esa shuhrati ortib borardi. Yo‘qotgan, ayrilgan tuyg‘u va xotiralari haqidagi she’rlari qo‘lma-qo‘liga o‘qilardi… Ammo Abdullaning o‘ziga shuhratdan ko‘ra Bahor kerak edi! Qalbda ochiladigan, so‘nmaydigan, yakson bo‘lmaydigan, umr yo‘llaringda hamroh bo‘ladigan Bahor kerak edi! Bahorni izlar edi shoir…

Sanjarbek Ikromov

2021-yil 14-mart

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting