BAHORLARDA QOLGAN BOLALIK

0
141
ko'rishlar soni

Kumush O‘SAROVA

(esse)

Qish fasli tugab, o‘t-o‘lanlar mudroq bosgan ko‘zlarini endi ochayotgan vaqtda, har doimgiday qishloqdagi buvijonim bizni ismaloq tergani chaqiradi.

Nazarimda dadam mashinani judayam sekin haydayotganga o‘xshaydi. Ukam ikkimiz atrofni tomosha qilib ketardik. Tog‘lar allaqachon yashil to‘nini kiyishga ulgurgan, qo‘y-qo‘zilarning marashi-yu, cho‘pon bolalarining varrak o‘ynashi dalaga husn berib turadi. Qani endi tezroq buvimnikiga yetsag-u, biz ham bolalar bilan o‘ynagani borsak. Nihoyat tomida qizg‘aldoqlar ungan buvimning uyi ko‘rindi. Har safar bizning kelishimizni eshitgan bo‘vim ko‘chasiga chinor daraxti yotqizilgan to‘nkaning ustida kutib o‘tirardi.

— Voy o‘zimning oppoqqina bolajonlarim-e, shaharlik bo‘lib ketibsizlarku!- deya ukam ikkimizni bag‘riga bosdi. Har doimgiday bo‘yniga qalampirmo‘nchoq, mushkambarlar sepib, chakkasiga rayhon taqadigan bo‘vimning bag‘ri judayam yoqimli edi. Ko‘zlariga sevinch yoshlarini olgan bo‘vim bizni uyi tomon boshladi. Devorlarga kashta ro‘mollar ilingan, va dadamlarning bolalikdagi suvratlari osilgan xonaga kirdik.

— Voy, bu nima buvi? — dedi xonani aylana boshlagan ukam.

— Sandal, — dedi buvim. Uyning o‘rtasiga xontaxta qo‘yilib, ustiga yopinchiq ko‘rpalar yopib qo‘yilgandi. Men sandalni avval ham ko‘rganman. Yer ozgina kovlanib, to‘rt burchak xontaxta qo‘yib qo‘yiladi. Amakimning xotini ertalabdan quritilgan o‘tinlarni yoqib, cho‘g‘ini solib qo‘yadi. Aytishicha quritilgan uzum novdalari tez yonuvchan va o‘chmydigan cho‘g‘ bo‘larkan. Atrofiga aylanib ko‘rpaning ichiga oyog‘imizni tiqib o‘tirardik.

— Sizlarni sovqatib qolmasin deb hali oldirmagandim,- dedi buvim. Va hardoimgiday uy burchagida turadigan sandig‘ini ocha boshladi. Ehhe, siz bu sandiqni bilmaysizda, unda hama narsa bor.

— Olinglar, o‘zimizning o‘rikning turshagi,- dedi bo‘vim. Ukam ikkimiz qo‘limizga siqqunicha oldik. Va ozgina qora mayiz, qaynatilgan, rayhonlar aralashtirgan qurtni olib, ko‘chaga o‘ynagani chiqib ketdik. 

— Olim, to‘pni oshir,-dedi ikkita xarsang toshdan darvoza yasab futbol o‘ynayotgan bolalarning biri. Ha, darvozabon amakimning o‘g‘li Olim ekan. Tezda kelib biz bilan salomlashib, bizni ham o‘yinga taklif etdi. Bu o‘g‘il bolalarning o‘yini, men qizlar yoniga tushaman deb soy bo‘yiga qarab yurdim. Sochlarini suvga solgancha kimnidir kutayotgan majnuntol bo‘yida men qatori o‘ynayotgan qizlar judayam ko‘p edi. Hammasi sochiga tolpopuk taqqan, kimlardir bezak uchun qoqigulni aralashtirib soch o‘rim qilishgan. Ular meni iliq kayfiyatda kutib olishdi. Va menga ham tolpopuk tayyorladik. Faqat bechora majnuntolning novdasi sindirib olinib, sekin tanasidan ajratilar ekan. Boshimga qoqiguldan gulchambar yasadik. Xayolimda menga juda yarashgan edi. Shu vaqtda uzoqdan buvimning ovozi eshitidi.

— Madina, kech bo‘ldi tezroq kelinglar, qizim! Yo‘ldagi qo‘ylarni ham haydab kelinglar,-dedi. Amakimning o‘g‘li, ukam uchchalamiz qo‘ylarni quvib haydab bordik. Ukam borgunicha yangi tug‘ilgan qo‘zichoqni ushlamoqchi bo‘ldi. Amakim qo‘raga qamagach, hamamiz dasturxon atrofiga yig‘ildik. Amakimning xotini judayam pazandada, ismaloqdan somsa yopibdi. Ukam ikkimiz naqt beshtadan paqqos tushirdik. 

— Bugun ertaroq yotinglar, ertalab ismaloq tergani boramiz. Keyin qishloqda Navro‘z boshlanadi. Bayram tugagach qaytaverasizlar, — dedi buvim.

— Sumalak ham qilinadimi? — shoshib so‘radi ukam.

— Albatta! Bug‘doyini undirib qo‘yganman. Ertalab qozonga solamiz, — dedi buvim. Sekingina ko‘zlarimizni yumib uyquga ketdik.

— Madina, turaqolinglar, qizim, dalaga boramiz, — har doimgiday yuzlarimizdan o‘pib uyg‘otgan buvimning qo‘llari biram yoqimli edi. Ko‘zimni ishqalagancha hovliga chiqdik. Allaqachon oshxonada kuymalanayotgan kelinoyim qo‘limizga huddi pichoqqa o‘xshab boshi qayrab qo‘yilgan va ozgina boshi egilib yasalgan temirni uzatdi.

— Bu ismaloq uzishga,- dedi buvim. Va sekingina dala tomon yo‘l oldik. Quyosh zarrin nurlarini endi sochayotgan vaqt edi. Erta turgan odamning uyida baraka bo‘ladi. Tongda qilingan ish unumlidir dedi buvim. Ehhe, qopimiz to‘lgunicha ismaloq terdik. 

— Endi tezroq qaytamiz, bayramga tayyorlanishimiz kerak dedi buvim. Ismaloqlarni orqalagancha uyga qaytdik. Hamma qo‘llarini yuvgach nonushtaga o‘tirdi. Pazanda kelinoyim biz uchun g‘ilmindi (orasiga sutdan atala qilib solinadi) tayyorlab qo‘yibdi. Va dasturxonning o‘rtasiga qulochday keladigan qozon patir qo‘yildi. Sutdan qilingan patir judayam mazali edi. Orasiga kulchaday sariyog‘ solib, patirning chetlarini sindirib yopinchiq qilib qo‘ydik. Mazza qilib nonushta qilindi. Dasturxonga duo o‘qilgach, buvijonim quyosh yuziga quritib qo‘yilgan o‘smalarni kaftlari bilan eza boshladi. 

— Madina, kel qizim, qoshlaringga o‘sma qo‘yib qo‘yaman,- dedi buvim. Va paxta o‘ralgan gugurt cho‘plari bilan qoshlarimga chiza boshladi. Kelinoyim tikkan atlas ko‘ylaklarimni kiyib bayramga yo‘l oldik. Qishloqda Navro‘z boshqacha bo‘lar ekan. Bir tarafda lapar-u, o‘lanlar, bir tarafda kelin salom qilayotgan qishloq kelinchaklari. Dosh qozonlarda sumalak-u, dasturxonlarni to‘ldirgan bahor taomlari. Tengdoshlarim bilan rosa o‘ynadik. Bayram deyarli kechgacha davom etdi. Dam olish kuni tugayotgani sababli uyga qaytishga majbur bo‘ldik. Pidinadan yopilgan nonlarni tugib qo‘limga uzatgan buvimning ko‘zlarida yana allaqanday sog‘inch yoshlarini ko‘rdim.

— Yozgi ta’tilda albatta kelamiz, -dedim buvimning bo‘ynidan mahkam quchib. Yo‘lingiz bexatar bo‘lsin deya, yuzlariga fotixa tortdi. Va olislab ketgunimizcha kuzatib qoldilar.

Mashina o‘t olib borar, qishloqdan uzoqlashganimiz sayin bolaligim ham qolib ketayotganini his qilardim.

Kumush O‘SAROVA

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting