BIR SURAT TARIXI

0
160
ko'rishlar soni

Go‘zal RO‘ZIYEVA

ocherk

Kecha rasm albomlarni ko‘rayotib, mana shu suratlarni topib oldim. Roppa-rosa bir muchal yoshini yashashibdi o‘ziyam. 2004 yilda Zominda, yosh ijodkorlarning VII-seminarida qatnashganimda tushgan ekanman. Ularni tomosha qilayotib, o‘sha kunlarning hayajonli xotiralari qalbimda uyg‘ondi.

Ko‘kka o‘rlagan tog‘lar bag‘ridan sharshara bo‘lib oqib tushuvchi zilol suv tog‘lar poyini zerzavq soyga aylanib yuvib o‘tar, bu kattagina soyni mahalliy xalq O‘riklisoy deb atasharkan. Atrof tabiat shunchalar maftunkor va uning go‘zalligini ko‘zlarimga shu qadar joylab olgan edimki, mana o‘n ikki yil o‘tib ham kecha ko‘rgandekman, go‘yo. Ammo, bu jozibani ifodalash uchun hozir ham munosib ta’rif topa olmayman.

Ana shu O‘riklisoyning ikki qirg‘og‘i bo‘ylab seminarda qatnashuvchilar uchun palatka shaklidagi uychalar tiklangan, hamxonam Mohidil opa ikkimiz joylashgan uychaning ro‘parasida – soyning narigi tomonida Abdulla Oripovning kattagina “palatka”si joylashgandi.

Tadbirning ikkinchi kuni kechga yaqin tog‘ sayridan qaytgach, Mohidil opa ikkovimiz derazadan shundoqqina ko‘rinib turgan shoirning qo‘noqgohiga bormoqchi, suhbatini olmoqchi bo‘ldik. Ammo, buyuk shoirning xayolan ham salobati shunchalar bosar ediki, bir muddat qanday boramiz, nima deymiz kabi savollar bilan taraddudlanib qolganimiz hali-hali esimda. So‘ng bir amallab jur’at yig‘ib oldikda, soyning narigi betiga o‘tdik.

Abdulla bobo bu paytda ikki o‘ng oyog‘i yarmigacha suvga kirib turgan so‘ri tirgagiga suyanib o‘tirgancha quyosh asta botib, olis cho‘qqilar uzra so‘nggi shu’lalar raqs tushayotgan manzaraga tikilib qolgan, xayol bilan bo‘lib bizning u tarafga o‘tganimizni ham payqamagan edi. “Shoirning o‘yini buzma, balki shu lahzada qalbi va ongining tutash bir yerida yangi bir shoh asarning tarhi chizilayotgandir!” (Oybek, “Navoiy” romani) degan o‘y miyamda chaqindek chaqnadi-yu, menimcha Mohidil opada ham shu o‘y kechdi, to‘xtab qoldik.

Bir lahza xayolimdan “ortga qaytsakchi” degan o‘y o‘tdi va shu o‘y ta’sirida harakatimni ham o‘zgartirgan bo‘lsam kerak, Mohidil opa biqinimdan chimchilab, “O‘zi bazo‘r shu yergacha keldik, endi qaytmaymiz!” deb shivirladi. So‘ng mendan najot yo‘qligini sezgach, o‘zi asta tomoq qirdi-yu, salom berdi. Mana shunda shoir biz tomonga o‘girildi-yu, xayolchan ancha tikilib qoldi. Keyin tadbirda ko‘rgani yodiga tushdimi, alik olgancha, bizni so‘riga taklif qildi.

-Kelinglar, o‘tiringlar. Men hozir yelkamga biror narsa ilib chiqay, sal salqin tushdi, nazarimda,- Abdulla bobo shunday derkan ichkariga kirib ketdi.

Ko‘p o‘tmay, egniga qalin jemfer kiyib chiqdi. So‘rida o‘tiribmiz, dam Mohidil opa menga, dam men unga, dam ikkimiz shoir boboga, dam o‘rtadagi noqulay jimlikka o‘z shovqini bilan xalal berishga urinayotgandek ko‘rinayotgan soyning asov to‘lqinlariga qarab qo‘yamiz.

Ustoz shoirning qarshisida so‘ridan oyog‘imni osiltirib o‘tirishga o‘zimda noqulaylik sezib, o‘rtaroq surilib o‘tirdim, ammo qaniki ruhimdagi diqqatpazlik tarqasa!

-Xo‘sh, qizlarim, qayerdansizlar?

– Buxorodan,-ikkimiz ham barobar javob beribmiz.

Shoirning boyagi biroz tunddek ko‘ringan xayolchan chehrasi yorishdi.

-Pirlar yurtidan ekansizlarda! Ikkovingiz ham nazm bo‘yichami?

-Ha,- yana birvarakayiga gapirdik.

– Xo‘sh, sen o‘qi-chi biror narsa,– boyagi xayolchanlik bilan menga qaradi. So‘ng boshidagi takyasini qo‘liga olib, qayta kiyarkan, yaxshi bir narsa eshitishga tayyorlangandek, ko‘zlarini yumib, so‘ri tirgagiga suyandi.

Men o‘zimcha Abdulla Oripovga she’rimdan o‘qib berish ilinjida she’r daftarimni qo‘ltiqlab, soydan o‘tgan bo‘lsamda, buni kutmagandek dovdirab qoldim. Qo‘lim titragancha, daftarimni varaqlarkanman, o‘zimning nazarimda zo‘r bo‘lgan she’rlarimdan emas, butunlay boshqa she’rni o‘qiy boshladim. To‘rt bandlik she’rni o‘qib bo‘lguncha, shu ko‘rinib turgan tog‘lardan birini ag‘darib, orqalab kelgandek qora terga botdim.

– Hm… She’r yozayotganda, umuman ijod qilayotganda nimani his qilasan? – She’rim tugab, orada biron daqiqalik jimlik hukmron bo‘lgach, ko‘zlarini ochmay, so‘radi.

Men hayron bo‘lib, Mohidil opaga qarab qo‘ydim. U ham tushunmagandek qarab turar, qiyin savolga javob izlagan talabadek qo‘lidagi qog‘ozlarni kovlashtirardi. (O‘shanda chindan ham Mohidil Po‘latova BuxDUda filologiya fakultetining ikkinchi kurs talabasi, men esa maktabni tugatish arafasidagi o‘smir qiz edim).

Harchand urinmay, she’r yozayotganimda nimani his qilishim shu tobda xotirimga kelaqolmas, miyamdagi xayollarim alg‘ov-dalg‘ov edi. Aksiga olgandek, kelganimdan beri meni maftun qilgan bu tiniq suvli soy betizgin shovullashi bilan shu damda umuman yoqmay qolgandi. Nima bo‘lsa-bo‘lar dedim-u, miyamga kelgan fikrni aytdim.

– Mana shu soy kabi to‘lganlikni, tizginsizlikni, gohida o‘zimni ham halok qilishga qodir po‘rtanani his qilaman.

Abdulla bobo shu damda ko‘zlarini ochdi, menga bir muddat tikilib qoldida, so‘ng uzoq qorli cho‘qqiga qaragancha, davom etdi.

-Ana o‘sha po‘rtananing nomi darddir. Ana o‘sha to‘lganlik ijodkorni qo‘liga qalam olishga undaydi. Ammo, sen o‘sha lahzada o‘zingdan o‘tib turgan dardni shunday tasvirlashing, shunday ifodalashing kerakki, sening o‘quvching yozganingni o‘qiyotib, o‘sha og‘riqni his qilsin. O‘shanda yozganlaring insonlar qalbiga yetib boradi.

Keyin sherigim o‘z she’rlaridan o‘qib berdi. Unga ham shu kabi maslahatlar bo‘ldi. So‘ng ustoz bugungi adabiy jarayon, jamiyat rivojida uning o‘rni haqida bir qancha fikrlarni aytdi. Bu paytda kech tushib qolgan, qayerlardandir uzoq-uzoqlardan yovvoyi qushlarning g‘alati sayrashlari eshitilardi. Soyning narigi tarafidagi uychalarning barchasining chiroqlari yongan, kechki hayot qaynashni boshlagandi. Qaysidir birida magnitofondan sho‘x bir qo‘shiqning sadosi eshitilardi.

So‘ng ustoz bilan xayrlashib, ortimizga qaytdik. Ha-ya, undan oldin bizni “chegara”ning narigi tarafiga yurishimizdan ruhlangan bir necha tengdosh qatnashchilar allaqachon bu yoqqa o‘tishib, so‘ri atrofini egallab olgan, biz boshlab bergan she’rxonlik o‘z-o‘zidan adabiy gurungga aylanib ketgandi. So‘ng ushbu lahzalarni tarixga muhrlash uchun rasmga tushgach, xonamizga qaytdik.

Abdulla Oripovning o‘sha so‘zlari tadbir yakunigacha, undan keyin to shu kungacha qulog‘imda hamon jaranglagan kabi tuyuladi. Gohida o‘zimni majburlab biror qator yozmoqchi bo‘lganimda yoki tuzgan qatorlarim o‘zim uchun g‘ayritabiiy, nosamimiy tuyulganida negadir soy bo‘yidagi o‘sha suhbat bot-bot yodimga tushaveradi…

Suratda o‘ngdan chapga Mohidil Po‘latova, Abdulla Oripov, Go‘zal Ro‘ziyeva. 2004, Zomin.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting