Ninachilar qarg‘ishi

    0
    274
    ko'rishlar soni

    Hikoya real voqealarga asoslangan

    Mart oyining erinchoq quyoshi ufqqa bosh qo‘ya boshladi. Kasalxona derazasidan unga tikilib yotgan Bashorat chuqur uh tortdi. “Hozirgina tong otgandi, endi botyapti. Yana tong otadi yana botadi. Yana va yana shu hol takror bo‘ladi,  ammo bir iliqliksiz, umidsiz” deya xayolidan o‘tkazdi u.  Oxirgi oylar Bashorat tundan juda qo‘rqadigan bo‘lib qolgan, yolg‘iz o‘tayotgan kechalar  faqat bir narsani o‘ylardi — o‘limni. U hech qachon o‘z joni uchun qayg‘urmasdi, bu xislat onasidan meros o‘tgan bo‘lsa ajab emas. Bashorat faqat qornida kunma-kun rivojlanayotgan, yer yuziga eson- omon kelishini necha yildan beri orziqib kutayotgan jigargo‘shasini o‘ylardi. Hech bo‘lmasa shunisi yashasin, boshqa farzand dog‘iga chidolmayman deb o‘ylardi u. Oxirgi oylar og‘ir o‘tayotgani uchun opasidan xavotirlangan Yorqinoy ro‘zg‘oridan qo‘li bo‘shashi bilan shifoxonaga yugurardi. U opasining yeyish-ichishiga, kiyim kechagidan tortib eng shaxsiy ehtiyojlarigacha ko‘mak berib turar, ammo hammasidan ham ko‘proq qiynayotgan narsa — og‘riqlari va ichki qo‘rquviga malham bo‘lolmayotgandi. Ota uyida uch kun urishib  bir kun yarashib katta bo‘lgan qizlarni “tashqaridagi dunyo” yaqinlashtirgandi. Ko‘plab opa- singillar qatori ular ham turmushga chiqqachgina qalinlashgan edilar. 

    — Ukollaringizni olish vaqti bo‘ldi,-  dedi hamshira kirib. Bashorat derazadan ko‘z uzib uning charchagan ko‘zlariga tikildi.

    — Yanami? – yuzini shu achchiq dorining og‘rig‘ini eslab bujmaytirgancha so‘radi u.

    — Yanami deganingiz nimasi? O‘zi endi boshladingiz- ku. Bundan to tug‘ruqqacha har kuni uch mahal olishingiz kerak.

    — Hmmm,- dedi yonboshiga bazo‘r ag‘darilarkan. -Mayli, nima bo‘lsa ham chidayman hammasiga. Bolamni eson- omon qo‘limga olsam bo‘ldi.

    — O‘ylamang, opajon, hammasi yaxshi bo‘ladi,- dedi hamshira bamaylixotir.

    — Ilohim shunday bo‘lsin,- deydi u ojizgina ovozda. Bashorat bu kabi taskin va maslahatlarni ko‘p eshitgan. Umid degan narsa ojiz qolganingda kelarkan-u ammo o‘zi juda kuchli va joni qattiq narsa bo‘larkan, xuddi yantoqqa o‘xshagan. Bashorat  hammasi yaxshi bo‘lishiga yana umid qildi.

    —  Singlingiz bugun ko‘rinmadi,- dedi hamshira shprits ignasidan dorini osmonga otib.

    — Kelib qolar, uni ham ro‘zg‘ori, yosh bolalari bor.

    Dori sekin-asta jo‘natilar, Bashorat bazo‘r boshini yostiqqa burkab, jim chidab turardi. “Bu og‘riqlar nima bo‘pti hali, Bashorat, bundan battari oldinda” deb xayolidan o‘tkazdi u tug‘ruq amaliyotini eslab…

    Tun cho‘ka boshladi, Yorqinoy shoshib- pishib kirib keldi, doimgidek hol-ahvol so‘radi, kayfiyatini ko‘tarishga harakat qildi. U yoq- bu yoqdan topib kelgan yangiliklarini aytdi. Singlisining ko‘ngli uchun Bashorat bir nechta savol va tabassum bilan gapirayotgan gaplari o‘zini qiziqtirgandek ko‘rsatdi.

    — Ko‘nglim g‘ash, singlim, tushimga ota- onamiz va akam kiribdi.

    — Nima bo‘ldi, nega g‘ash bo‘ladi? — degan bema’nidan bema’ni savol berdi Yorqinoy, hammasi oyday ravshan ko‘rinib turgan bo‘lsa ham.

    — Akamning ishlari yaxshimikan? Ancha bezovta ko‘rindilar. Bilmadim, yaqinda oldingga boraman deganlari uchunmi ko‘p tushlarimga kiryaptilar, — dedi Bashorat juda ma’yus ohangda.

    — Ha, kelmoqchi edi. Bilasan-ku, ishi ko‘p, yo‘l olis. Kelib qoladi.

    — Kelib qoladi… Ungacha men ketib qolmasam… — dedi Bashorat siniq ovozda.

    — Og‘zingdan bunaqa gaplar umuman chiqmasin. Eshityapsanmi?- qo‘rqib ketdi Yorqinoy.-  Mutlaqo. Hammasi yaxshi bo‘ladi, Xudo xohlasa, sen tuzalasan, bolangni ham eson-omon qo‘lingga olasan. Faqat, iltimos, meni qo‘rqitib bunaqa gaplarni gapirma.

    — Xudo xohlasa… — derazadan ko‘kka ko‘z tikdi Bashorat. – demak sen aytmoqchisanki, uch bolamning dunyo yuzini ko‘rmay nobud bo‘lishini xudo xohlagan ekan-da, a shunaqami ? Axir, U mehribon emasmi? Dunyodagi eng og‘ir dard- farzand dog‘i, nega menga bu ko‘rgilik bot- bot berilyapti?- Bashorat to‘lib- toshib gapirar bu kuch qayerdan kelganini ham bilmasdi. U o‘zini alam va og‘riqqa limmo- lim to‘lib turgan piyoladek his etardi. Har aytilgan foydasiz tasalli uni bir “chayqatib” yuborayotgandi.

    — Bashor, opajonim, bilaman juda charchading. Ammo, Xudoga shak keltirma, yana biroz chida, kuchli bo‘l…- nimalardir deb Yorqinoy uzoq gapirdi. Bashoratning qo‘lini kaftlariga oldi, ko‘z yosh ham qilgandir, ehtimol. Bashorat buni ko‘rib, sezib turdi, ammo, bir harakat bilan javob qaytarmadi. Ko‘zlari ko‘kka qadalgan, osmon esa qop- qora edi.

    — Yorqinoy, – dedi so‘ng yalingan ovozda – akamga ayt, bir kelsin. Juda ham ko‘rgim kelyapti. Bu ahvolda  ko‘rinishni istamasdim-u, — dedi qornini ehtiyotlik bilan silab, —  ammo xuddiki… — u davom ettirmadi gapini. Singlisining iltimosi bilan bu haqda og‘iz ochmadi.

    — Xo‘p, — qult etib yutindi Yorqinoy – aytaman.

    O‘sha kech Bashoratning ahvoli og‘irlashdi. Ammo hali bola tug‘ilishiga erta edi. Bashoratning ichini mushuk o‘tkir tirnoqlari bilan timdalagandek og‘rir, xuddi suyaklari ich- ichidan qars bo‘linib ketayotgandek edi. Opa og‘riqni jismida his etar, singil qalbida. Yorqinoyning ham joni og‘rir, faqat u opasi singari dod solmayotgandi. U unsiz yig‘layotgandi. Irimiga ko‘ra, ona ko‘zi yorishidan oldin erini bir ko‘rishi kerak, shunda oson qutiladi. Ammo buning iloji yo‘q, pochchasi chet elda edi. U yana akasiga telefon qildi. Akasi yo‘ldaligini eshitib ko‘ngli biroz bo‘lsa-da taskin topdi. Bashorat endi umuman og‘riqqa chiday olmay qoldi. Uni biroz tinchlanishi uchun dori berishdi, u shu dorini kuchi bilan Yorqinoyga so‘zladi.

    — Akam …

    — Kelyapti ekan, yo‘lda hozir.

    — Meni aldayapsan… yosh boladek.

    — Yo‘q, yo‘q rost! Biroz oldin gaplashdim, ertalab shu yerda bo‘ladilar.

    -Ertalabgacha yetolmaymanmi deb qo‘rqaman.

    Shu yerga yetganda Yorinoy ham o‘zini tutolmay yig‘lay boshladi.

    — Bashorjon, unday dema. Meni qo‘rqitma. Sendan boshqa suyanadigan kimim bor? Jonim opam, chida, kuchli bo‘l.

    — Akam bilan gaplashtir!

    Yorqinoy titroq qo‘llari bilan telefon raqamlarini terdi. Narigi tarafdan akasining ovozi eshitilgach Bashoratning quloqlariga tutib turdi.

    — Alo, aloo.

    — Aka!

    — Bashor, singlim, yaxshimisan ? Men yo‘ldaman, boryapman oldingga.

    — Aka, — hislari bir-biri bilan qorishib ketib so‘zlashga ham gap topolmasdi u.

    — Nima deysan, onajon?

    Akasini sog‘ingan Bashorat avval nima deyishini bilmay tutilib, ko‘zyoshini tiyib turgan bo‘lsa, bir og‘iz so‘zdan keyin hiqillab yig‘lab yubordi.

    — Hech narsa. Shunday deyishingizni eshitgim kelgandi juda- juda, —  Bashorat zo‘rg‘a gapirar, tez- tez va qisqa nafas olishi telefonda yaqqol eshitilib turardi. Sanjar Bashoratni kichkinaligidan erkalab “onajon” derdi.

    — Onajonim meni! Sen meni singlimsan-ku,  kuchli bo‘l. Hali bu kunlarni kulib eslaymiz,- ichi kuydi akaning.

    — Aka, yana sizni kichkina singilchangiz bo‘lib qolgim keladi. Bizni qanchalar avaylardingiz, asrardingiz.

    — Haliyam meni jajji singlimsan. Haliyam sizlarni har balodan asrab- avaylay olaman.

    — Esingizdami, bir marta… faqat bir martagina qattiq urishganingiz. Men ariq bo‘yida uchib yuradigan, har xil rangli ninachilarni tutishni yaxshi ko‘rardim. Siz esa…

    — Bashoraaat, — dedi Sanjar uning xayollari parishonligidan xavotir olib.

    — Siz esa, — davom etdi hansirab u go‘yo akasini eshitmayotgandek edi, — qo‘ymasdingiz. Ularni jonini qiynama derdingiz. Men esa… men esa aytganingiz sira qilmasdim. Aksincha, ko‘plab tutib, orqasiga ingichka cho‘p suqib qo‘yardim, ozod uchib yursin-u, ammo mendan uzoqqa ketolmasin deb. Aka, men ularning uchib yurishini tomosha qilishni yaxshi ko‘rardim. Ular xuddi nozik qanotlarini tinmay qoqib, raqs tushayotganga o‘xshashardi. Ninachilar raqsini tomosha qilaman deb, o‘z ko‘nglim mayliga ergashib, ularning joniga ozor berganimni o‘ylab ham ko‘rmasdim. O‘sha ninachilarning ham onasi bo‘lgan-ku, to‘g‘rimi?

    — Bashor!

    — Aka… Meni o‘sha ninachilarning qarg‘ishi tutdi.

     Bashorat nima deyotganini anglamayotgandi. U hozir aqli bilan emas his-tuyg‘ulari bilan gapirardi.

     — Onam, onajonim, bunaqa dema, — buni sezayotgan aka yupatish yo‘liga o‘tdi. 

     — Ayting, akajon, meni avvalgdek ‘‘onam‘‘ deb chaqiring, tushlarimga rahmatli ota- onamiz kiryapti. Qo‘llarida yangi qo‘g‘irchoq, xuddi men qizalog‘imga olib qo‘ygan qo‘g‘irchoqqa o‘xshaydi, imlab chaqirishyapti, “Kel, senga bu, kelaqol deydilar”.

    — Onashim, singiljonim, akangni qo‘rqitma. Men oldingga boraman. O‘zim jiyanimga eng zo‘r o‘yinchoqlardan olib beraman, faqat sen kuchli bo‘l!

    Bashorat kuchli bo‘ldi. Akasiga dard zo‘ri kelsa-da, baqirib yig‘lab bermadi. Ahvoli og‘irlashgach operatsiyaga olishdi. Vaqt yarim tundan og‘ganda, katta yo‘lda katta tezlikda ketayotgan akaga kichik singlisidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi.

    — Singlim.

    — Aka… — uvvos solib yig‘lab yubordi go‘shakning u tomonidan bir ovoz. Uning ovozi yo‘lakdami yo bo‘m-bo‘sh bir xonada turgandek aks- sado bilan eshitildi. Sanjarning yuragi shuv etdi. Mashinaning tormozini keskin bosdi. Mashina 10 metrlar chamasi asfalt yo‘lda iz qoldirib borib, baland ovoz bilan to‘xtadi. U savol berishga ham qo‘rqib jim turdi. Nima bo‘ldi deb so‘rash uchun u til qimirlatishga bor ichki kuchini sarflayotgandi, ammo berilishi mumkin javobdan yuragi orqaga tortib ketib jim turardi. Buni payqagandek Yorqinoy yig‘i aralash gapirdi.

    — Aka, qiz jiyanlik bo‘ldik. Soppa- sog‘, Xudoga shukur… lekin opamni ahvoli yaxshimas. Reanimatsiyaga olib kirib ketishdi, akaaa. Nima qilamiz, nima qilay ayting, aka? — yig‘lardi izillab Yorqinoy.

    “Nima qilish kerak?” miyasida shu savol charx urardi uning. Har doim hamma narsaning chorasini topib kelgan- ku. Singillariga faqat aka emas, ota- ona o‘rnida bo‘lib ham doim bir chorasini topib kelgan-ku  nega guldek singlisini yo‘qotishga tomoshabin bo‘lib turadi? Sanjar mashinasidan tushdi. Uchib  yetib borgani bilan hozir singlisi bexush uni eshitmaydi, so‘zlamaydi. Endi uni kutib tolgan ko‘zlarni ko‘rish unga armon bo‘lib qolishi mumkin. U alamli o‘ylar iskanjasida yonar, osmonga tikilardi. Havo sovuq, osmon bulutli edi. Osmonning har yer, har yeridan chaqmoq chaqib, bulutning bag‘rini tilib o‘tar, chaqmoq yilt etgan bir muddatda osmonning qanchalik qorong‘i ekanligini bir soniyaga ko‘rsatib yana yo‘qolardi. Sanjarning chorasiz qolganda oxirgi qiladigan ishi – Ollohga tavakkal qilish bo‘lardi. Shundan bir kuch, yo‘l, taskin topardi. Vaqt xuftondan o‘tgan, yo‘lda ketayotib qazo bo‘lgan namozini o‘qish uchun doim yonida olib yuradigan joynamozini yo‘l chetiga, endi nish urayotgan ajriq ustiga yozdi. Tuproq bilan tayammum qildi. So‘ng odatdagicha, ammo biroz ovozida qaltiroq bilan namoz o‘qiy boshladi. Duoga qo‘llarini ochganida esa bu qaltiroq yig‘iga aylandi.

    “Yo Allohim, Sen jami mulklar egasi – Malik al-Mulksan! Sen Hakimsan, Salomsan va albatta Musavvirsan. Bizning jismimizni, ruhimizni va qismatimizni shaksiz go‘zal qilasan!  Agar Sen bir ishni istasang va unga “bo‘l” desang, albatta bo‘ladi. Sening dargohing yonida bir mo‘minang yuribdi. Uning qolishi ham, ketishi ham sening ixtiyoringda! O‘zing risqi qolgan odamni risqini uzmaydigan Razzoqsan! O‘zingdan bir xayrli oqibat so‘rayman. Zero, sendan boshqa birov xayrli qadar bera olmaydi“…

    …Doktorlar to‘rt tomonga zir yugurib Bashoratni saqlab qolish uchun jon kuydirishdi. Yorqinoy tongga qadar yig‘idan ho‘l bo‘lgan ro‘molchasini qattiq siqqancha, reanimatsiya xonasi eshigi oldida o‘tirib chiqdi. U o‘tirgan joyida bir nimalar deb pichirlar, uning deganlari ham akasinikidan farq qilmasdi…

    Chiroyli bir tong otdi. Nihoyat, aka-singillar diydor ko‘rishgan, olislarda esa bir inson Ota bo‘lganidan quvonib, hamkasb sheriklariga yangilikni aytayotgan pallada, Bashorat mitti go‘dagini bag‘riga bosib hidlardi. Entikib ko‘zlarini deraza ortiga tikar, qalbiga ham nihoyat bahor kirib kelgandi. Hademay ninachilar paydo bo‘ladi. Uyi yaqinidagi soyda go‘zal raqs tusha boshlaydilar… Bashorat qizalog‘i bilan ularni kuzatib zavqlanib o‘tiradi hali. Lekin qo‘l tekkizmaydi, qanotlariga ozor bermaydi…

    Mohira Eshpo‘latova

    15.03.2021, Toshkent

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting